Koʻp qirrali Oʻzbekiston – Eron munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Fan, innovatsiya va texnologiyalar sohasida qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv avvalida Sorena Sattoriy davlatimiz rahbariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama muloqotlar va oʻzaro almashinuvlarning faollashuvi kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo koʻrsatkichlari va kooperatsiya loyihalari soni ham ortib bormoqda. Oʻtgan yili tovar ayirboshlash 73 foizga, joriy yil boshidan esa yana 22 foizga oshdi.
Qoʻshma ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish borasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, izlanish ishlari va venchur tashabbuslarini moliyalashtirishga xususiy sektorni jalb qilish, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi dasturlarni qoʻllab-quvvatlash, bio- va nanotexnologiyalar, IT sohalarida, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi.
Kelajakda, shu jumladan, boʻlajak Oʻzbekiston – Eron innovatsiya forumi va ishbilarmonlik tadbirlari doirasida qabul qilinadigan qoʻshma qarorlar va imzolanadigan bitimlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.