O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.
Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda. Bu borada fuqarolarga o‘z fikri va xohish-irodasini erkin bildirish uchun barcha demokratik sharoitlar yaratilgan. Lekin ayrim g‘arazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, vaziyatni izdan chiqarmoqchi bo‘ldi. 2022 yil 1 iyul kuni Nukus shahrida bir guruh shaxslar soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning fikrini chalg‘itib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.
Jamoat tartibini saqlash haqidagi talablarga quloq solmasdan, ular 2-iyul kuni ham buzg‘unchilik ishlarini davom ettirgan. Bu yurish mobaynida Nukusdagi infratuzilma ob’ektlariga sezilarli zarar yetkazilgan. Binolarning oynalari sindirilib, yong‘inlar sodir etilgan. Bir nechta guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga uringan. Son jihatidan ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilgan, ularni ayovsiz kaltaklab, og‘ir tan jarohatlari yetkazgan.
Afsuski, buning oqibatida tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar ham bo‘ldi.
Shu bois davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3-iyuldan 2-avgustgacha favqulodda holat joriy etildi.
3-iyul kuni Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining komendanti favqulodda holat bo‘yicha axborot berib, vaziyat to‘liq nazoratga olinganini ta’kidladi.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari barcha tumanlar mutasaddilari bilan muloqot qildi. Ular fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash bo‘yicha joylarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi. Prezidentning kechagi murojaatidan keyin vaziyat barqarorlashgani, hayot o‘z maromiga qaytayotganini aytishdi.
Davlatimiz rahbari Nukus shahridagi Jeketerak mahallasida bo‘lib, xalq bilan ham muloqot qildi.
Jeketeraklik yoshullilar kechagi ko‘ngilsiz voqealarda ba’zi yoshlar adashgani va qonunga zid harakatlar sodir etgani, tashqi g‘arazli kuchlar ta’siriga tushib, his-hayajonga berilganini afsus bilan qayd etishdi. O‘zbeklar va qoraqalpoqlar ikki tilli bir el ekanini, mamlakatimiz birligi va tinchligini qadriga yetish kerakligini ta’kidlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Vazirlar Kengashi rahbarlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi xalqimizning taklif va fikrlari asosida takomilga yetkazilishi yana bir ta’kidlandi. Hali bu loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi va fuqarolar erkin ovoz berish yo‘li bilan o‘z xohish-irodasini bildiradi.
Bunday yondashuv “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan prinsipga to‘la mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam”, deb g‘urur bilan ayta oladi.
Qoraqalpog‘iston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni inobatga olib, Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, o‘zgartirmasdan qoldirishni taklif etgan edi. Yaqin kunlarda bu masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqadi.
Uchrashuvda deputatlar, ziyolilar so‘zga chiqib, keyingi yillarda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va innovatsion jihatdan rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinayotganini aytishdi.
Oxirgi besh yilda hududning mahalliy budjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Birgina 2020-yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshgan.
So‘nggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta o‘sgan. O‘nlab yangi zavodlar, zamonaviy agroklasterlar, qo‘shma korxonalar ishga tushirilgan. Ko‘plab bolalar bog‘chalari, maktablar, oliygohlar, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari barpo etilgan.
Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish bo‘yicha muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “temir daftar”ga kiritilgan 65 mingga yaqin oilaga, bolalikdan nogiron a’zosi bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan 17 ming oilaga moddiy yordam ko‘rsatilgan. Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasi 2017-yildagi 32 foizdan 75 foizga yetgan.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning natijalarini hududda yashayotgan insonlar o‘z hayotida his etmoqda.
Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda. Xususan, bir paytlar nochor ahvolga tushib qolgan Mo‘ynoq bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tumanlardan biriga aylandi.
Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Ushbu hududning o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash bo‘yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda.
– Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar bundan buyon ham albatta davom ettiriladi. Chunki Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o‘zbek xalqining baxti va farovonligidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari yoshlarni aql-idrok bilan ish tutishga, turli xil g‘arazli chorlov va harakatlarga aldanmaslik, ularning qurboniga aylanmaslikka chaqirdi. Separatizmga, ommaviy tartibsizliklarga da’vat etadigan har qanday harakatlarga qonunchilikka muvofiq keskin chora ko‘rilishi, aybdorlar jazoga tortilishi aytib o‘tildi.
Sodir bo‘lgan voqealar xalqimizni yanada hushyor va sezgir bo‘lishga undaydi. Bugungi tahlikali dunyoda yurtdoshlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, mamlakatimizda barqaror va bardavom taraqqiyotni ta’minlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish juda muhim. Faqat mana shu yo‘l bilan bugungi tahdid va xavf-xatarlarga munosib javob berish, turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi jamiyatimizda, avvalo, yoshlarimiz qalbida mustahkam immunitet yaratish, demokratik islohotlar yo‘lidan ortga qaytmasdan yanada samarali natijalarga erishish mumkin.
– Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir. Barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni albatta barpo etamiz, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishdan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev Nukus tumanidagi “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘iniga borib, yoshullilar, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari bilan uchrashdi.
Prezidentimiz Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan tashvishli voqealarni butun xalqimiz chuqur dard va iztirob bilan qabul qilgani, bu sinovni og‘ir-bosiqlik, ahillik bilan ortda qoldirish kerakligini ta’kidladi.
Odamlar buni tasdiqlab, Qoraqalpog‘istonning donishmand eli bundan buyon ham o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining birligiga, og‘izbirchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab yashashiga ishonch bildirdi.