Bugun, 26 yanvar O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.
Ushbu muhim sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishidani tabrikladi. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tomonidan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Hayashi nomiga tabrik yo‘llandi.
Bugun Elchi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari Taro Honda bilan onlayn muzokaralar o‘tkazdi va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar avvalida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari va tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari o‘rtasida tabrik maktubini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar o‘tgan davr mobaynida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuksak ta’kidladilar. Xususan, ikki tomonlama hamkorlik strategik sheriklik darajaga ko’tarildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi bugungi kundagi munosabatlarni yangi, yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qildi.
Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari Taro Honda O‘zbekiston-Yaponiya strategik sherikligini yanada rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.
Joriy yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.