Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikada matbaa va noshirlik sohasini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, bosma mahsulotlar bozorini rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, matbaa va noshirlik sohasida hozirgi kundagi ishlar ahvoli matbaa va noshirlik tashkilotlari oʻrtasida raqobat muhitini kuchaytirishni, mualliflik huquqi buzilishining oldini olish, sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqarilishini cheklash, darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni chop etish tartibini qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Noshirlik va matbaa sohasida davlat aralashuvini keskin kamaytirish, nashriyot va matbaa sohasida qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, shuningdek, taʼlim muassasalari uchun sifatli darsliklar va oʻquv-metodik majmualar yetkazilishini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining (keyingi oʻrinlarda – Agentlik):

2020-yil 1-oktyabrdan boshlab respublika byudjeti mablagʻlari va Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni nashr etishda (qayta nashr etishda) narxlarni davlat tomonidan tartibga solishni (rentabellikning cheklangan darajasini belgilash) bekor qilish;

2020-yil 1-iyuldan boshlab noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblarini bekor qilib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimini joriy qilish;

2021-yil 1-yanvardan boshlab noshirlik va matbaa korxonalarining bosma mahsulotlarini realizatsiya qilishdan, shuningdek, bosma mahsulotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan bogʻliq tahrir, matbaa va noshirlik xizmatlari koʻrsatishdan tushgan tushumdan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondiga ajratmalarni bekor qilish haqidagi takliflari maʼqullansin.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

noshirlik va matbaa korxonalari, shu jumladan, davlat buyurtmasini bajaruvchi korxonalar narxni shakllantirish siyosatini bozor mexanizmlari asosida erkin shakllantiradi;

2020-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat buyurtmasi asosida bosma mahsulotlar, shu jumladan, darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni nashrga tayyorlash va chop etish, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari ham qatnashishi mumkin boʻlgan, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda mazkur tartib korporativ buyurtmachilar uchun ham majburiy hisoblanadi;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan noshirlik va matbaa faoliyatini yuritishni boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Agentlik va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

Oʻzbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, “Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” va “Oʻqituvchi matbaa uyi” davlat korxonalarini oʻrnatilgan tartibda xususiylashtirish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazish;

Koʻzi ojizlar bosmaxonasi” davlat korxonasini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga samarali foydalanish uchun oʻtkazish;

Oʻqituvchi ilmiy-metodik nashriyot markazi” davlat korxonasi va Agentlik hududiy boʻlinmalari tizimidagi (Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tashqari) nashriyotlar faoliyatini tugatish;

Agentlik tizimida “Oʻzbekiston nashriyoti” davlat korxonasini tashkil etish, unga “Choʻlpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” va “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti” davlat korxonalarini qoʻshib olish hamda “Oʻzbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyi” davlat korxonasining noshirlik bazasini, shu jumladan, intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mutlaq huquqlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi (A.N.Aripov) ikki hafta muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan davlat korxonalarini baholash, qayta tashkil etish, savdoga qoʻyish va tugatish grafiklarini tasdiqlasin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

a) bir oy muddatda “Oʻzbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, “Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, “Oʻqituvchi matbaa uyi” va “Koʻzi ojizlar bosmaxonasi” davlat korxonalarini belgilangan tartibda qabul qilib olsin;

b) xalqaro audit va konsalting tashkilotlarini jalb qilgan holda

ikki oy muddatda:

davlat ishtirokidagi nashriyot-matbaa korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash va ularning jozibadorligini oshirish boʻyicha har bir tadbirni aniq amalga oshirish muddati va masʼul shaxslar koʻrsatilgan chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlasin;

belgilangan tartibda sotilmagan hamda tugatilgan nashriyot-matbaa korxonalarining mol-mulkidan samarali foydalanish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Belgilansinki:

Agentlikning tugatilayotgan nashriyot tashkilotlariga tegishli mutlaq mualliflik huquqlari (darsliklar va oʻquv-metodik majmualarga nisbatan huquqlar bundan mustasno) yangi tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston nashriyoti” davlat korxonasiga oʻtkaziladi;

Agentlikning nashriyot tashkilotlarining darsliklar va oʻquv-metodik majmualarga nisbatan mavjud mutlaq mualliflik (noshirlik) huquqlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga begʻaraz oʻtkaziladi;

taʼlim muassasalari uchun matbaa mahsulotlari texnik reglament talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi shart.

6. Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziriga umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarining barcha sinflari uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualarning foydalanish (yangi va qayta nashr etish davriyligi) muddatlarini belgilash, shuningdek, Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari barcha sinflari uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni qoʻshimcha chop etish yuzasidan qaror qabul qilish huquqi berilsin. Bunda, darsliklar va oʻquv-metodik majmualarning mazmuni asossiz oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) faoliyatini qayta koʻrib chiqib, tubdan takomillashtirish;

Markazga umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti va taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni yaratish boʻyicha muallif va tuzuvchilarni tanlash, yaratilgan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni ekspertiza qilish, sinovdan oʻtkazish, ularni taʼlim tizimida qoʻllash boʻyicha ilmiy xulosa berish vazifalarini yuklash;

taʼlim sohasidagi darsliklar va oʻquv-metodik majmualar tayyorlash, nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, shu jumladan, ularda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilishining oldini olish, davlat buyurtmasiga asosan tayyorlanadigan darsliklar va oʻquv-metodik majmualardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlarni Xalq taʼlimi vazirligiga oʻtkazish;

darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni yaratish bilan bogʻliq ilmiy-texnikaviy loyihalarni amalga oshirishga jalb etiladigan ilmiy xodimlarni bajaradigan ilmiy-texnikaviy ishlar hajmidan kelib chiqqan holda muayyan muddatga shartnoma asosida ishga qabul qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondini yana-da rivojlantirish va uni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Agentlik, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ijodiy koʻrik tanlovlarni tashkil etish, iqtidorli yosh mualliflarning birinchi kitoblarini nashr etish uchun moliyaviy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (B.Xodjayev) bir oy muddatda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi va “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda ishlab chiqarilayotgan matbaa mahsulotlarining tannarxini kamaytirish maqsadida import qilinayotgan xomashyolarni (qogʻoz, karton, boʻyoq va yelim) ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini shakllantirsin va tasdiqlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni nashr etish va qayta nashr etishga tender (tanlov) savdolarini oʻtkazishda raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

11. Agentlik va uning hududiy boshqarmalariga axborot, noshirlik

va matbaa sohasida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish

vakolati yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

12. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarida noshirlik faoliyati sohasidagi taʼlim yoʻnalishlarini takomillashtirish choralarini koʻrsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi ikki oy muddatda xorijiy davlatlar taʼlim tizimida foydalanilayotgan STEAM fanlari (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – sanʼat, Mathematics –matematika) boʻyicha zamonaviy darsliklarni respublika umumiy taʼlim muassasalarida tatbiq etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Agentlik ikki oy muddatda:

Adliya vazirligi bilan birgalikda noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

nashriyot va matbaa sohasidagi qonun hujjatlari va normativ-texnik hujjatlar talablarini qayta koʻrib chiqsin hamda zamon talablariga javob bermaydigan norma va normativlar, jumladan, ijodiy ishlarni nashrga tayyorlash va chop etish uchun Yozuvchilar uyushmasining xulosasini olish amaliyotini bekor qilish choralarini koʻrsin;

Adliya vazirligi bilan birgalikda noshirlik va matbaa sohasidagi

qonun hujjatlarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

“Oʻzstandart” agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda taʼlim muassasalari uchun poligrafiya mahsulotlarining xavfsizligi haqida umumiy texnik reglamentni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 16-mart

 



  ...