Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Toshkent shahrida Adiblar xiyoboni ochildi


Toshkent shahrida Adiblar xiyoboni ochildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurdi.

Bu boradagi reja 2017-yil 3-fevral kuni mazkur boqqa tashrif chogʻida begilangan edi. Oʻsha yili 18-aprelda davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilinib, xiyobonning meʼmoriy-gʻoyaviy loyihasi ishlab chiqildi.

Oʻtgan vaqt mobaynida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, 8 gektardan ziyod maydonda Adiblar xiyobonining yaxlit meʼmoriy ansambli yaratildi.

Ilgari bu yerda sanoqli adiblarimizning haykallari bor edi. Goʻyoki, Alisher Navoiydan soʻng isteʼdodli shoirlar yetishib chiqmaganday taassurot paydo boʻlardi.

Shu bois Adiblar xiyobonini gʻoyaviy-badiiy jihatdan yana-da boyitish maqsadida Bobur, Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Avloniy, Choʻlpon, Qodiriy, Toʻlepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Aleksandr Faynberg singari atoqli namoyandalar xotirasiga bagʻishlangan yangi yodgorlik majmualari ham yaratildi.

Hazrat Navoiy bobomizning muhtasham haykali atrofida 20 dan ziyod atoqli shoir va adiblarning haykallari yaxlit meʼmoriy va badiiy kompozitsiyada, mantiqiy yechim asosida joylashtirildi. Shu yerda Yozuvchilar uyushmasi uchun bino barpo etilgani ham hamohanglik kasb etdi.

Davlatimiz rahbari bu yerga tashrif buyurib, Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻydi. Xiyobonda amalga oshirilgan ishlar va yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Yozuvchi va shoirlar, ziyolilar bilan uchrashuvda milliy adabiyotimizni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, galdagi muhim vazifalar haqida soʻz bordi.

– Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini koʻrsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yoʻl topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak. Ajdodlar merosini oʻrganish, buyuk madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yurtimizda ijodkorlarning asarlari doimiy ravishda chop etilyapti. Endi ularni dunyoga olib chiqish kerakligi taʼkidlandi.

Masalan, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon singari ijodkorlarning asarlari xorijiy tillarda nashr etilmoqda. Lekin bu ishlar tarjimonlarning oʻz tashabbusi va qiziqishi bilan boʻlyapti.

Bu borada Yozuvchilar uyushmasi tashabbuskor boʻlishi, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti bilan birgalikda oʻzbek adabiyotining eng sara namunalarini turli tillarga tarjima qilib, nashr etishi zarurligi qayd etildi.

Adiblar xiyobonini adabiyot, maʼrifat va madaniyat maskaniga aylantirish, har bir adib haykalini muayyan oliy oʻquv yurtiga biriktirib, bu yerda ochiq darslar, maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar berildi. Xiyobon bilangina cheklanib qolmasdan, adiblar ijodini chuqur oʻrganish, ularning ibratli umr yoʻllari haqida kitoblar va filmlar yaratish, yangi asarlar yozish muhimligi taʼkidlandi.

- Mana, “zamonamiz qahramonlari”, deb koʻp gapiramiz. Bugun bu qahramonlar koronavirusga qarshi kurashayotgan fidoyi shifokorlarimiz, mard harbiylarimiz, saxovatli tadbirkorlarimiz, vatanparvar yoshlarimiz. Ularning jasorati haqida oʻqishni hammamiz xohlaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi yoshlar internetdan, elektron adabiyotlardan koʻproq foydalanishi, lekin milliy adabiyotimiz xazinasini internetda targʻib etish yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois Prezidentimiz “Adiblar xiyoboni” deb nomlangan internet portali tashkil etish taklifini bildirdi.

Unda mumtoz va zamonaviy asarlarning elektron nusxalari, yozuvchi va adabiyotshunoslarning mahorat saboqlari jamlanadi. Portal oʻzbek, ingliz va rus tillarida faoliyat koʻrsatsa, undan xorijlik muxlis va mutaxassislar ham foydalanishi imkoniyati yaratiladi.

Shu yerda oliy taʼlim muassasalarining adiblar ijodini oʻrganish boʻyicha taqdimotlari oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari xiyobon yonida tashkil etilgan kutubxonani ham koʻzdan kechirdi.



  ...