Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Shavkat Mirziyoyev: suv toshqini biz uchun achchiq saboq bo‘ldi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan favqulodda hodisalarga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi: 

– Butun insoniyat koronavirus bilan birga, iqtisodiy inqirozga ham qarshi kurashayotganini hammamiz ko‘rib, kuzatib turibmiz.

Jahonda murakkab vaziyatdan chiqish uchun karantin choralarini asta-sekin yumshatayotgan davlatlar soni ko‘payib bormoqda.

Yaratganga shukur, bugun O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat tobora barqarorlashib boryapti. Kundan-kunga kasallikka chalinganlarga nisbatan sog‘aygan bemorlar soni ko‘paymoqda. Karantinga yangi olinganlarga nisbatan ancha ko‘p odam undan chiqarilmoqda. Natijada bugungi kunda koronavirus yuqtirgan 2 ming 204 nafar bemordan 1 ming 454 nafari yoki 66 foizi to‘la sog‘aydi.

Karantindagi aholining 83 foizi o‘z uyiga qaytdi. Ya’ni, ijobiy dinamika kuchayib bormoqda. Shifoxonalarda qolayotgan 740 nafar bemorni davolash, salomatligini tiklab, oilasi bag‘riga qaytarish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Bu ishlar osonlikcha bo‘layotgani yo‘q. Hozirga qadar bunga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 2 trillion 250 milliard so‘m sarfladik va 500 million dollar xalqaro moliya institutlaridan jalb qildik.

Bugungi kunda butun dunyoda hech kim pandemiya yana qancha davom etishini bilmayapti. Shu sababli, qanchalik qiyin bo‘lmasin, xalqimiz bilan birga pandemiya sharoitida, barcha talablarga amal qilgan holda, ishlash va yashashga o‘rganishimiz kerak.

Epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganidan foydalanib, biz iqtisodiyotimizda karantin rejimini asta-sekin yumshatmasak bo‘lmaydi. Chunki bu tartib iqtisodiyotimiz rivojiga va aholimiz hayotiga juda katta salbiy ta’sir qilmoqda.

Bu borada xalqimizga, ayniqsa, fermer va tadbirkorlarga qulaylik yaratish uchun karantin talablarini yumshatish bo‘yicha dastlabki qadamlarni qo‘ydik.

 

Hurmatli do‘stlar!

Bu yil insoniyat uchun, shu jumladan biz uchun juda og‘ir keldi. Keyingi bir haftaning o‘zida xalqimiz ketma-ket kutilmagan sinovlarga duch keldi.

27-aprel kechasi Buxoro viloyatida, ayniqsa, Olot va Qorako‘l tumanlarida yuz bergan og‘ir tabiiy ofatdan yaxshi xabardorsizlar.

Bu ofat viloyat bo‘yicha 38 mingdan ziyod aholi xonadonlari, 847 ta ijtimoiy soha ob’ektlariga, ekin maydonlariga zarar yetkazdi. Qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va infratuzilma sohalariga ham jiddiy talafot yetdi.

Biz tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘ryapmiz. Hukumat komissiyasi tunu kun ishlamoqda. Bugungacha 70 foiz ijtimoiy ob’ektlar, 20 foiz aholi xonadonlarining tomi yopildi. Shuningdek, 5 ming kilometr elektr tarmoqlari, 1 ming 100 ta transformator ta’mirlanib, 286 ming aholining elektr ta’minoti tiklandi. Yakka tartibdagi uy-joylar ham ta’mirlanmoqda.

Afsuski, boshimizga kelgan sinovlar shu bilan tugagani yo‘q.

Xabaringiz bor, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Ularning barchasiga birinchi darajali zarur sharoitlar yaratilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazilmoqda.

Suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi ishlamoqda. Zarar yetgan uy-joylarni tiklash va ta’mirlash, odamlarni o‘zining tiklangan uyiga qaytarish va ro‘zg‘origa yordam berish, infratuzilmani tiklash, aholi salomatligini himoya qilish bo‘yicha barcha masalalar hal qilinmaguncha Sirdaryoga biriktirilgan har bir rahbar kuchaytirilgan safarbarlik rejimida ishlaydi.

Bu hududlardagi odamlarning hayotini nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki uni yanada yaxshilash kerak. Ularga yangi uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar barpo etib, yangi ish o‘rinlari yaratib berishimiz shart, deb hisoblayman.

Bugungi kunda qator mahallalarda keng qamrovli tozalash-tiklash ishlari amalga oshirilyapti, natijada 53 mingdan ziyod aholi o‘z uylariga qaytishi yoki yaqin qarindoshlari uyiga ko‘chib o‘tishi ta’minlandi.

Takror aytaman, davlatimiz, jamiyatimiz hech kimni bunday kutilmagan falokatlar qarshisida yolg‘iz va e’tiborsiz qoldirmaydi.

Odamlarimiz hayotini saqlab qolish va evakuatsiya qilishda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari muhim rol o‘ynadi. Bugungi kunda ular avariya va tiklash ishlariga keng jalb etilgan.

Afsuski, hozirgacha 4 nafar fuqaromizning tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgani, 1 nafari bedarak yo‘qolgani aniqlandi. Jumladan, aholini xabardor qilish va qutqaruv ishlarini olib borish jarayonida Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimini kuchli suv oqimi olib ketgan. Ular o‘z jonini fido qilib, yuzlab, minglab insonlar hayotini saqlab qolishdi.

Halok bo‘lganlarning yaqinlari va oila a’zolariga o‘zimning chuqur hamdardligimni bildiraman.

Yigitlarimizning jasorati barcha kasbdoshlari va yoshlar uchun Vatanga, xalqimizga sodiqlik va fidokorona xizmat qilishning namunasi bo‘lib qoladi.

Albatta, Buxoro va Sirdaryodagi ofatlar Yaratganning bizga yuborgan sinovi. Bunga sabr qilishimiz, qattiq mehnat bilan, birgalikda yorug‘ yuz bilan o‘tishimiz kerak.

Ushbu qiyinchiliklarga qaramay, xalqimiz bu sinovlar oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaganini alohida ta’kidlamoqchiman. Mana, “oynai jahon” orqali ko‘ryapsizlar, xalqimiz yanada birlashib, o‘zining mehr-oqibati, bag‘rikengligi, buyuk saxovatini har kuni, har daqiqada namoyon etmoqda. Buni Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridan ko‘chirilgan fuqarolarning 81 foizini Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlari aholisi ixtiyoriy ravishda o‘z xonadonlariga joylashtirgani ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Boshqa viloyatlar, vazirlik, kompaniya va uyushmalar, aholimiz tomonidan qisqa vaqtda Buxoro va Sirdaryoga yordam berish uchun katta miqdordagi homiylik mablag‘lari o‘tkazildi, qurilish materiallari, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va ro‘zg‘or buyumlari yuborildi.

Fursatdan foydalanib, jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatayotgan bag‘rikeng, saxovatpesha va hamdard xalqimizga yana bir bor o‘zimning samimiy minnatdorchiligimni izhor etaman.

Xalqimiz bir narsadan ko‘ngli to‘q bo‘lishi kerak, hech qanday ortiqcha gap-so‘zlarga va mish-mishlarga o‘rin bo‘lmasligi lozim. Mening topshirig‘imga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan suv toshqini bilan bog‘liq voqea yuzasidan ob’ektiv, xolis va keng qamrovli tergov harakatlari boshlangan. Xalqimizni ishontirib aytaman, tergov yakunlari bo‘yicha barcha aybdorlar, kim bo‘lishi va egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, qonun oldida javob beradi.

Bu suv toshqini biz uchun achchiq saboq bo‘ldi. Shu sababli suv ombori masalasida biz xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda to‘g‘onning barcha dambalarini chuqur ekspertizadan o‘tkazamiz. Faqat shundan keyingina yakuniy xulosaga kelamiz.

Shuningdek, mening topshirig‘imga binoan hozirgi kunda tegishli davlat organlari tomonidan kuchli yog‘ingarchilik sababli eroziya yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha gidroinshootlar, to‘g‘onlar va GESlarda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Afsuski, Sardobadagi ofat natijasida biz bilan chegaradosh bo‘lgan yon qo‘shnimiz – Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati Maqtaral tumanining ayrim aholi punktlarini ham suv bosdi. Biz Qozog‘iston Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali bu masalani o‘zaro tushunish va ochiqlik ruhida atroflicha muhokama qilib oldik. Kuni kecha Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev boshchiligidagi delegatsiya voqea joyida bo‘lib, vaziyatni har tomonlama chuqur o‘rgandi.

Biz qardosh qozoq xalqi bilan azal-azaldan bir daryodan suv ichib, o‘zaro quda-anda bo‘lib, et bilan tirnoqdek yaqin bo‘lib yashaganmiz. Quvonchli kunlarda ham, sinovli damlarda ham hamisha bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, qo‘llab-quvvatlab kelganmiz.

Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qo‘shni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan judayam xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar ko‘rganidan, albatta, biz juda afsusdamiz.

Hukumatimiz, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi va mutaxassislar qozog‘istonlik hamkasblari bilan birgalikda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha, albatta, yaqindan hamkorlik qiladi.

Biz qozog‘istonlik birodarlarimizga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanimizni bildirdik.

Ishonchim komil, biz boshimizga tushgan bu og‘irliklarni ham xalqimiz bilan birgalikda, o‘zaro hamjihatlikda bir tanu bir jon bo‘lib, albatta, yengib o‘tamiz.



  ...