Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekistonning inklyuziv burilishi: har bir mahalla darajasidagi yechimlar



2026-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida bo‘lib o‘tdi. Mazmuni va masalalar qo‘yilishi jihatidan ushbu yig‘ilish mamlakat ijtimoiy siyosati evolyutsiyasida burilish nuqtasiga aylandi.

Boshqariladigan manzillilikning yangi modeliga o‘tishning dolzarbligi

O‘tkazilayotgan islohotlar natijalari ijtimoiy siyosatning keyingi bosqichiga o‘tilayotganini ko‘rsatmoqda. Ilk bor kambag‘allikka qarshi kurash aniq mahallalar darajasidagi natijalar bilan bevosita bog‘landi.

Mazkur siljish erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlarning mantiqiy natijasi bo‘ldi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sdi, bu prognoz qilingan ko‘rsatkichlardan (6,5 foiz) ancha yuqori. Yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard AQSh dollaridan oshib, jon boshiga qariyb 3,9 ming dollarni tashkil etdi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘sish sur’atlari 2024-yil ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘ldi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 43 milliard dollar, eksport esa 33,8 milliard dollarni tashkil etdi. 2025-yilda inflyatsiya darajasi 9,8 foizdan 7,3 foizgacha pasaydi.

Barqaror iqtisodiy o‘sish byudjet tushumlarining sezilarli oshishini ta’minlab, ular izchil ravishda ijtimoiy masalalarni hal etish, kambag‘allikka qarshi kurashish va mahallalarni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Natijada 2025-yilda 5,4 million kishi daromad manbalari bilan ta’minlandi, 330 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi. Ishsizlik darajasi 4,8 foizgacha, kambag‘allik darajasi esa 5,8 foizgacha kamaydi.

Kambag‘allikning umumiy ko‘rsatkichlari pasaygani sari uning hududiy tuzilmasi ham o‘zgarib bormoqda. U tobora mahalliy, jamlangan va notekis tus olmoqda. Kam ta’minlangan oilalarning qariyb uchdan bir qismi va ishsizlarning taxminan beshdan bir qismi cheklangan miqdordagi mahallalarda to‘plangan bo‘lib, bu yangi modelga o‘tishni taqozo etadi.

Shu sharoitda har bir mahalla darajasida erishilgan natija asosiy ko‘rsatkichga aylanmoqda. Kambag‘allik yoki ishsizlikning saqlanib qolishi ko‘rilayotgan choralar qo‘shimcha sozlashni talab etayotganini anglatadi.

Shu munosabat bilan ilk bor milliy darajada barcha hududlar kambag‘allik darajasi bo‘yicha tizimli tasnifdan o‘tkazildi. 20 ta mezon asosida 37 ta “murakkab” tuman va 903 ta “murakkab” mahalla aniqlandi. Ushbu hududlarda qariyb 120 ming kambag‘al oila va 155 mingga yaqin ishsiz fuqaro istiqomat qiladi. Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini shakllantirish ishlari yana 33 ta tuman va 330 ta “murakkab” mahallada boshlab yuborildi.

Yangi yondashuvning asosiy xususiyati shundaki, “murakkab” hududlar tarkibiy transformatsiya nuqtalari sifatida ko‘rilmoqda. Har bir mahalla va tuman bo‘yicha iqtisodiy, agrar, sanoat, logistika yoki servis salohiyatini o‘z ichiga olgan taqqoslama ustunliklar tahlil qilinadi.

Mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha individual dasturlar shakllantirilmoqda. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, hatto eng zaif hududlarda ham suv va elektr ta’minotining barqarorligi, minimal infratuzilma va bozorlar bilan kooperatsiya aholining daromadlarini bir necha baravar oshirishi mumkin.

Shu tariqa, joriy yilda hududiy manzilli rivojlanish belgilangan maqsadlarga erishishning asosiy vositasiga aylanmoqda. Bu holat Prezident tomonidan aniq belgilab berildi.

Infratuzilma – iqtisodiy aktiv sifatida

Yangi modelda hududiy siyosat ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Prezident ta’kidlaganidek, “murakkab” tuman va mahallalardagi aholi hamda tadbirkorlar, avvalo, yo‘llar, suv va elektr ta’minotining yaxshilanishini kutmoqda, soliq imtiyozlarining kengaytirilishini emas.

Muammoli hududlarning cheklangan soniga resurslarni jamlash infratuzilmaviy investitsiyalarni umumiy byudjet xarajatlaridan manzilli ijtimoiy-iqtisodiy ta’sir vositasiga aylantirish imkonini beradi. 2026-yilda hududiy infratuzilmani rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m ajratiladi, shundan 12 trillion so‘mi “murakkab” tuman va mahallalarga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga qaytariladigan mablag‘lar hajmi ikki baravarga oshiriladi.

Qo‘shimcha ravishda har bir “murakkab” tumanga 50 milliard so‘mdan, har bir “murakkab” mahallaga esa 2 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Natijada tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar muammoli hududlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha ravishda qariyb 4 trillion so‘m mablag‘ga ega bo‘ladi.

Mazkur modelning muhim elementi sifatida “murakkab” tuman va mahallalarni barqaror energiya ta’minoti bilan ta’minlash masalasi belgilandi.

2026-yilda 903 ta “murakkab” mahallaning har birida quvvati 300 kVt bo‘lgan kichik quyosh elektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati qariyb 110 million AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu stansiyalar mahallalarga bepul topshirilib, mahalliy energetik aktiv sifatida shakllantiriladi. “Yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish hisobiga har bir mahallada yiliga 400–500 million so‘m miqdorida barqaror qo‘shimcha daromad manbai yaratiladi.

Ushbu mablag‘lar uy-joy fondini energiya tejamkor modernizatsiya qilish, kommunal xarajatlarni kamaytirish va aholining turmush sifatini oshirishga yo‘naltiriladi. Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilish jarayoniga kam ta’minlangan oilalar a’zolari jalb etilib, bu bandlik va infratuzilma barqarorligini bir vaqtda ta’minlashga xizmat qiladi.

Eng zaif xonadonlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u berildi. Birinchi guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zolari yo‘q 6 700 ta oilani manzilli o‘rganish, ularning uy-joylarini energiya tejamkor modernizatsiya qilish ehtiyojlarini aniqlash va “yashil” ta’mirlash ishlarini boshlash topshirildi.

Mazkur choralar majmuasi hududiy va energetik barqarorlik modelini shakllantiradi. Joylardagi davlat organlari faoliyati samaradorligi jamoatchilik bahosiga chiqarilishi esa natijaga yo‘naltirilgan boshqaruvga o‘tishni mustahkamlaydi.

Mahallalarning taqqoslama ustunliklari

Prezident tomonidan 2026-yil uchun asosiy ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlar aniq belgilandi. Jumladan, qariyb 1 million kishini doimiy bandlik bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 baravarga oshirib 3,5 mingtaga yetkazish hamda ishsizlik darajasini 4,5 foizgacha pasaytirish vazifalari qo‘yildi.

Ushbu maqsadlarga erishish sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida tuman va mahallalarning aniq taqqoslama ustunliklariga tayanilgan holda amalga oshiriladi. Bu yondashuv resurslarni bandlik va daromadlar uchun eng yuqori ko‘paytiruvchi samarani beradigan yo‘nalishlarga jamlash imkonini beradi.

Mahallalarning joylashuvi va ixtisoslashuviga asoslangan taqqoslama ustunliklardan foydalanish misoli sifatida Prezident Furqat tumanini keltirdi. Ushbu tuman bir qator ustunliklarga ega: birinchidan, qo‘shni iqtisodiy faol markazlar bilan kooperatsiya; ikkinchidan, yaqin joylashgan mahallalarning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish va kompetensiyalarni birlashtirish; uchinchidan, qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shilgan qiymatni oshirish.

Muammoli hududlarni rivojlantirishda tabaqalashtirilgan yondashuv modelini shakllantirish doirasida keyingi chora-tadbirlar belgilandi.

Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish

Asosiy e’tibor mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga qaratiladi, chunki chuqur ixtisoslashgan mahallalarda farovonlik darajasi ancha yuqori bo‘ladi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, barqaror ixtisoslashuvga ega mahallalarda aholi farovonligi sezilarli darajada yuqori, ijtimoiy yordam oluvchilar soni esa ikki baravar kam bo‘lib, har 10 ming aholiga o‘rtacha 7 kishini tashkil etadi.

Hozirda 903 ta “murakkab” mahallada qariyb 90 ming gektar tomorqa va ijara yerlari mavjud. Ushbu resursni barqaror daromad manbaiga aylantirish maqsadida davlat va mahalla o‘rtasida “ijtimoiy shartnoma”ning yangi mexanizmi taklif etildi. Aholining ko‘nikmalariga tayangan holda va yer resurslaridan oqilona foydalanish orqali xonadonlar daromadini 3–4 baravarga oshira olgan mahallalar yo‘l, suv va irrigatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha ravishda 2 milliard so‘m mablag‘ oladi. Ushbu modelni joriy etish “murakkab” mahallalardan boshlanadi.

Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun banklar tomonidan jami 17 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratiladi. Mahsulot ishlab chiqarish loyihalari uchun kredit stavkasining 4 foizi, qayta ishlash loyihalari uchun esa 6 foizi kompensatsiya qilinadi.

Mahallalarning taqqoslama ustunliklari va kredit siyosati

2026-yilda mahallalarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m kredit resurslari ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu 2025-yildagi 130 trillion so‘mdan ko‘pdir. Shu bilan birga, banklarga tadbirkorlikni moliyalashtirishni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi: tashqi manbalardan jalb qilinishi rejalashtirilgan 6 milliard dollar bilan bir qatorda, mahalla loyihalariga yo‘naltiriladigan umumiy mablag‘ hajmi 8 milliard dollarga yetkaziladi.

Kreditlarni taqsimlash prinsipi ham mazmunan o‘zgarmoqda. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida barcha tuman va shaharlarga bir xil — 17,5 foiz stavkada kredit berish amaliyoti o‘rniga hududiy tabaqalashtirish joriy etiladi. Xususan, 37 ta “murakkab” tuman uchun kredit stavkasi 12 foizgacha tushiriladi. Bu kreditlashni muammoli hududlarni jadal rivojlantirish vositasiga aylantiradi.

Shuningdek, dastur doirasidagi limitlar va yo‘nalishlar kengaytirilmoqda. Barcha hududlarda imtiyozli kreditlarning maksimal miqdori 1,5 baravar oshirilib, 33 million so‘mdan 50 million so‘mgacha yetkaziladi. Ushbu qarorni moliyaviy ta’minlash uchun rejalashtirilgan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha ravishda yana 2 trillion so‘m ajratiladi.

Umuman olganda, 2026-yil kredit siyosati manzilli rivojlanish mexanizmi sifatida shakllanib, kreditni bandlik, daromad va mahalliy o‘sishga boshqariladigan tarzda aylantirishni ko‘zda tutadi.

Boshqaruv tizimidagi institutsional o‘zgarishlar

Mahallalarni rivojlantirish bilan bog‘liq boshqaruv bo‘g‘inlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida qator institutsional o‘zgarishlar ham nazarda tutilmoqda.

Mahallalardagi ishlar endi ma’muriy-vositalovchi tusdan chiqib, aniq loyihalar atrofida tashkil etiladi. Ushbu modelda hokim yordamchisi hududiy rivojlanish menejeri sifatida faoliyat yuritib, loyiha yechimlarining amalga oshirilishiga mas’ul bo‘ladi.

Loyihalarni boshqarishda yaxlitlikni ta’minlash uchun ko‘p bosqichli muvofiqlashtirish joriy etiladi. Hokim yordamchilari tashabbuslariga viloyat bankirlari biriktiriladi, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari tezkor hamrohlikni ta’minlaydi, “Islohotlar shtabi” esa idoralararo yechimlarni talab qiladigan masalalarni nazoratga oladi. Fevral oyidan boshlab, avvalo “murakkab” mahallalardan boshlab hokim yordamchilarini loyiha boshqaruvi bo‘yicha o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tumanda loyihalar portfeli shakllantirilib, keyinchalik ularning amaliy ijrosiga o‘tiladi.

Eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan — yangi ish o‘rinlari yaratish, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan 100 ta “murakkab” mahalla qo‘shimcha ravishda 1 milliard so‘mdan mablag‘ oladi. Ushbu mahallalarning hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya va Malayziyada malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu munosabat bilan mahallalar uchun master-rejalar ishlab chiqish ishlari kuchaytiriladi. Bunga xorijiy ekspertlar jalb etiladi, shuningdek, mahalliy oliy ta’lim muassasalari salohiyatidan foydalaniladi. Arxitektura yo‘nalishidagi bitiruvchi talabalar “murakkab” mahallalarni loyihalashda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi, eng yaxshi loyihalar davlat grantlari bilan rag‘batlantiriladi.

Umuman olganda, institutsional o‘zgarishlar universal yondashuvdan tabaqalashtirilgan hududiy siyosatga o‘tilganini mustahkamlaydi.

Resurslarni qayta taqsimlash iqtisodiyot tuzilmasi bilan asoslanadi. Jumladan, sanoat ishlab chiqarishining 62 foizi va xizmatlar sohasining 57 foizi tadbirkorlik salohiyati yuqori bo‘lgan 50 ta tuman va shaharda jamlangan. Ularning byudjet daromadlari o‘sishi davlat sa’y-harakatlarini muammoli hududlarga jamlash imkonini bermoqda.

Bu tushumlar dinamikasida yaqqol ko‘rinadi: uch yil avval ushbu 50 hududda mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha daromadi 875 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 8,5 baravar oshib, 7 trillion 400 milliard so‘mga yetishi kutilmoqda.

Natijada kambag‘allik va ishsizlik hududiy jihatdan jamlangan “murakkab” tuman va mahallalarga ko‘proq e’tibor qaratish imkoniyati yuzaga kelmoqda.

Xulosa

2026-yilga mo‘ljallangan qarorlar va vositalar O‘zbekiston ijtimoiy siyosati an’anaviy resurslarni qayta taqsimlash doirasidan chiqib, boshqariladigan hududiy rivojlanish modeliga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda. Yangi model uchta o‘zaro bog‘liq yo‘nalishga tayanadi.

Birinchisi, “murakkab” tuman va mahallalarda infratuzilma resurslarini jamlash, uzoq muddatli mahalliy aktivlarni shakllantirish, xonadonlar xarajatlarini kamaytirish va energetik barqarorlikni oshirish.

Ikkinchisi, hududlarning taqqoslama ustunliklari va ixtisoslashuvini chuqurlashtirish asosida bandlikni kengaytirish, buning uchun moliyaviy rag‘batlar, kreditlarga kirish va qo‘shilgan qiymat zanjirlari bo‘ylab yechimlar taqdim etiladi.

Uchinchisi, boshqaruvni institutsional qayta sozlash bo‘lib, bunda loyiha yondashuvi va turli darajadagi muvofiqlashtirish resurslar, mas’uliyat va o‘lchanadigan natijani o‘zaro bog‘laydi.

Mazkur bosqichdagi burilishning mohiyati shundaki, manzillilik “murakkab” hududlarga yo‘naltirilgan texnologiyaga aylanmoqda. Kambag‘allikdan chiqish xonadonning individual trayektoriyasi sifatida qaralib, bunda mahalliy sharoitlar, ko‘nikmalar va infratuzilma hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. “Mahalliy yettilik” va hokim yordamchilari instituti esa natijaga erishilgunga qadar muvofiqlashtirish va teskari aloqani ta’minlovchi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Xurshed Asadov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari



  ...