
Bugungi kunda O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – strategik sheriklikni kengaytirish va zamonaviy bilim hamda ilmiy innovatsiyalar almashinuvini ta’minlashdir. Bu jarayonda AQSh bilan hamkorlik, ayniqsa oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari, inson kapitaliga yo‘naltirilgan davlat siyosati va “ilm–ta’lim–innovatsiya” uyg‘un tizimi mamlakatimizni xalqaro maydonda jozibali hamkor sifatida namoyon etdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasidagi C5+1 formati mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda. Ushbu format doirasida O‘zbekistonning Amerika oliygohlari bilan o‘zaro hamkorligi nafaqat ta’lim sohasi, balki fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida ham amaliy samara bera boshladi.
Inson kapitaliga sarmoya – ta’lim orqali taraqqiyot
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikning ilk yo‘nalishlaridan biri – ingliz tilini chuqur o‘rgatish va zamonaviy pedagogik tajribani joriy etishdir. Har yili AQSh universitetlaridan o‘nlab tajribali o‘qituvchilar mamlakatimiz oliygohlariga tashrif buyurib, “Fulbright”, “English Language Fellows Program”, “English Teaching Assistants” kabi dasturlar orqali mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, AQSh davlat departamenti qo‘llab-quvvatlayotgan “ACCESS” dasturi doirasida kam ta’minlangan oilalar farzandlariga ingliz tilini ikki yillik chuqur o‘rgatish imkoniyati yaratilgan. Hozirgi vaqtda ushbu markazlar 11 ta universitet qoshida samarali ishlamoqda. Dastur uchun har bir markazga
30–50 ming dollar atrofida grant ajratiladi, bu mablag‘lar o‘quv qo‘llanmalar, uqituvchi maoshi, o‘quvchilar uchun interaktiv ekskursiyalar va boshqa xarajatlarga yo‘naltiriladi.
“American Window” va “Summer Camp”: ilhom manbai bo‘lgan maydonchalar
Qoraqalpoq davlat universitetida tashkil etilgan “American Window” axborot markazi – ikki xalq o‘rtasidagi madaniyat va ta’lim sohalaridagi muloqotning yangi ramziga aylandi. Bu yerda 150 dan ziyod ingliz tilidagi kitob, jurnal va lug‘atlar, shuningdek, AQSh oliygohlariga qabul to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va yo‘llanmalar mavjud. Markaz nafaqat axborot manbai, balki “Speaking Club”lar, interaktiv darslar, madaniy tadbirlar uchun maydoncha vazifasini o‘tamoqda.
Yozgi ta’tillarda esa “Summer Camp” loyihasi orqali maktab o‘quvchilari uchun ingliz tilini o‘rgatish, interaktiv mashg‘ulotlar, o‘yin va ekskursiyalar tashkil etiladi. Samarqand davlat xorijiy tillar instituti qoshidagi yozgi lagerda 2022 yilda 150 nafar bola qatnashib, nafaqat til bilimini, balki xalqaro muloqot madaniyatini ham rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
EducationUSA va universitetlararo hamkorlik: yangi yo‘nalishlar eshigi
AQSh elchixonasi qoshidagi “EducationUSA” dasturi O‘zbekiston yoshlariga Amerika oliygohlarida ta’lim olish, grant va stipendiya dasturlariga qatnashish imkoniyatlarini ochib bermoqda. Elchixona xodimlari mamlakatimiz universitetlariga tashrif buyurib, talabalar uchun amaliy seminarlar o‘tkazmoqda.
Shu bilan birga, American Councils for International Education tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan UNICEN va Faculty Enrichment Program (FEP) loyihalari universitetlararo sheriklikni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Faqatgina so‘nggi ikki yil ichida 22 ta O‘zbekiston oliygohi
25 dan ziyod amerikalik universitetlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatdi. 2023–2024 o‘quv yilida 9 nafar professor va tadqiqotchi AQShda 4–5 oylik malaka oshirish kurslarida qatnashdi.
Webster universiteti va yangi qadamlar
Toshkentda faoliyat yuritayotgan Webster University – O‘zbekistondagi ilk amerikalik universitet filiali bo‘lib, bugungi kunda o‘quv dasturlarini kengaytirib, talabalar sonini yildan yilga oshirmoqda. Uning muvaffaqiyati boshqa amerikalik universitetlar uchun ham ilhom manbai bo‘ldi.
O‘zbekiston hukumati AQSh universitetlariga yangi filiallar ochish, ikki diplomli dasturlar yo‘lga qo‘yish va amerikalik professorlarni qisqa va uzoq muddatli dars berish dasturlariga jalb etish taklifini ilgari surmoqda. Ayniqsa, texnik, muhandislik, energetika, tibbiyot, arxitektura va IT yo‘nalishlari bugungi hamkorlikning ustuvor sohalari sifatida belgilangan.
Yuta shtati bilan yangi yo‘nalishlar va C5+1 doirasidagi imkoniyatlar
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSh hamkorligi yangi strategik mazmun kasb etmoqda. 2024 va 2025 yillarda Toshkent va Samarqandda AQShning Yuta shtati Senati prezidenti Styuart Adams boshchiligidagi delegatsiyalar bilan bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazildi. Ular davomida ikki tomonlama ilmiy-ta’lim loyihalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, innovatsiya va sun’iy intellekt sohasida hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Yuta shtati iqtisodiy jihatdan AQShning eng barqaror hududlaridan biri bo‘lib, injenerlik va tibbiyot sohalarida kadrlar yetishmovchiligini his etmoqda. Shu bois, mazkur sohalarda O‘zbekiston universitetlari bilan amaliy hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatlidir.
Shuningdek, C5+1 formati doirasida AQSh tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlarida ilm-fan va ta’lim sohasini rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan samarali foydalanish, energiya manbalari va innovatsion iqtisodiyot kabi mavzularda hamkorlikni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ilm va innovatsiya – umumiy manfaat yo‘lida
O‘zbekiston va AQShning o‘zaro hamkorligi faqat til o‘rgatish yoki talabalar almashinuvi bilan cheklanib qolmayapti. Ilmiy-tadqiqot faoliyatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, startaplar, innovatsion laboratoriyalar, sun’iy intellekt va “yashil texnologiyalar” bo‘yicha ilmiy forumlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Bugun mamlakatimizda 40 dan ziyod oliy ta’lim muassasasi 25 dan ortiq amerikalik universitetlar va ilmiy markazlar bilan memorandum asosida ishlamoqda. Ular doirasida professorlar malakasini oshirish kurslari, ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma konferensiyalar va tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston-AQSh oliy ta’lim hamkorligi, ayniqsa C5+1 formati doirasidagi tashabbuslar, kelgusida yangi bosqichga ko‘tarilishi tabiiy. Bu – ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchni mustahkamlaydigan, yoshlar salohiyatini ochib beradigan va innovatsion rivojlanishni jadallashtiradigan yo‘nalishdir.
Inson kapitaliga qo‘yilgan har bir sarmoya – kelajak taraqqiyotining asosi. Shu ma’noda, Amerika universitetlari bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun bilim, tajriba va ilmiy imkoniyatlar maydonini kengaytirishda muhim qadam bo‘lib qolmoqda.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri