
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ekologiya, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirdi. Qo‘shma dasturlar, imzolangan bitimlar va ko‘p tomonlama tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish va tabiat oldidagi o‘zaro mas’uliyat tamoyillariga asoslangan yagona ekologik makonni yaratish uchun poydevor bo‘lmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ekologik hamkorlik uzoq tarixga ega bo‘lib, mustahkam huquqiy asosda rivojlanmoqda. 2024 yil noyabr oyida kuchga kirgan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi” Hukumatlararo bitim ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Hamkorlikni muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmi — Sirdaryo daryosi havzasida atrof-muhitni muhofaza qilish va suv sifatiga oid masalalar bo‘yicha O‘zbekiston–Qozog‘iston qo‘shma ishchi guruhi hisoblanadi. Guruh yig‘ilishlari har yili o‘tkazilib, daryo holatini monitoring qilish va ma’lumot almashish orqali ekologik xavflarga o‘z vaqtida javob berish imkonini yaratadi. Tomonlarning so‘nggi uchrashuvi 2024 yil dekabr oyida onlayn formatda bo‘lib o‘tgan.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri — biologik xilma-xillikni saqlash. 2024 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Ko‘chib yuruvchi turlar to‘g‘risidagi konventsiya (CMS COP14) doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston Ustyurt platosining yovvoyi tabiatini asrash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Keyinchalik bu tashabbusga Turkmaniston ham qo‘shildi. 2025 yil mart oyida tomonlar 2025–2030 yillar uchun “Harakatlar yo‘l xaritasi”ni tasdiqladilar.
Vazirlarning o‘zaro tashriflari hamda Samarqand iqlim konferensiyasi (2025 yil aprel) va Toshkentdagi Eco Expo Central Asia ko‘rgazmasi (2025 yil iyun) kabi mintaqaviy forumlarda ishtirok etishi eng yaxshi tajribalar almashinuvi va “yashil” texnologiyalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Qirg‘iz Respublikasi bilan hamkorlik 1996 yilda imzolangan bitim asosida olib borilib, biologik xilma-xillikni asrashdan tortib ekologiya sohasida kadrlar tayyorlashgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oladi.
2024 yil iyul oyida ikki davlat ekologiya vazirlari Qirg‘iziston talabalari uchun Toshkentdagi Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universitetida (Green University) grant asosida o‘qish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Mazkur universitet mintaqaviy tajriba va ilmiy bilimlarni uyg‘unlashtiruvchi mutaxassislar tayyorlash platformasiga aylandi.
Bundan tashqari, 2025 yil aprel oyida Bishkekda o‘tkazilgan “Barqaror rivojlanish yo‘lida global tog‘li muloqot” xalqaro konferensiyasi tog‘ ekotizimlarini va suv resurslarini saqlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamladi.
Ko‘p tomonlama formatda Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston YuNESKOning “G‘arbiy Tyanshan” transchegaraviy tabiiy meros obyekti boshqaruvida faol ishtirok etmoqda, shuningdek, qoplon va uning ekotizimlarini saqlash bo‘yicha memorandumni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi aloqalar 2022 yil iyun oyida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida faol rivojlanmoqda. Ustuvor yo‘nalishlardan biri — Zarafshon daryosi bo‘yida transchegaraviy qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarni yaratish loyihasidir.
Mutaxassislarning muntazam tashriflari, konferensiya va forumlarda ishtirok etishi kamyob turlarni saqlash, ekologik turizmni rivojlantirish va ekologik ekspertiza tizimini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi delegatsiyasi Tojikistonning 2025 yilni “Xalqaro muzliklarni saqlash yili” deb e’lon qilish tashabbusining davomi sifatida Dushanbe shahrida o‘tkazilgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik 2017 va 2021 yillarda imzolangan bitimlarga asoslanib, atrof-muhitni muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlashga yo‘naltirilgan. Har ikki davlat Amudaryo havzasida barqaror yer resurslaridan foydalanish va ekotizimlarni himoya qilishni ilgari suruvchi xalqaro loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
2023 yil sentyabr oyida “Mo‘tadil mintaqaning Turon cho‘llari” nomli transchegaraviy tabiiy obyektga YuNESKOning Jahon tabiiy merosi maqomi berilishi muhim voqea bo‘ldi. Hozirda O‘zbekistonning Surxon qo‘riqxonasi va Turkmanistonning Koytendag qo‘riqxonasi bo‘yicha Ko‘hitang hududini YuNESKO ro‘yxatiga kiritish uchun qo‘shma hujjat tayyorlanmoqda.
Ikki mamlakat ekologiya vazirlari muntazam ravishda xalqaro platformalarda — jumladan, Samarqand iqlim forumi va BMTning dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan davlatlar konferensiyasida (Avaza, 2025 yil avgust) uchrashib turishadi.
2025 yil iyun oyida O‘zbekiston Markaziy Osiyo sut emizuvchilarini saqlash tashabbusi (CAMI)ga rais etib, Turkmaniston esa rais o‘rinbosari etib saylandi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi ikki tomonlama loyihalar doirasidan chiqib, global tashabbuslarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Bu jarayon ko‘chib yuruvchi yirtqich qushlarni saqlash to‘g‘risidagi memorandumdan tortib BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyalarida mintaqaviy yagona pozitsiyani shakllantirishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universitetining tashkil etilishi, transchegaraviy qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar tarmog‘ining rivojlanishi hamda xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma loyihalarda ishtirok etish — bularning barchasi mintaqamiz mamlakatlarining “Markaziy Osiyoning yashil kelajagini” shakllantirish yo‘lidagi umumiy intilishlarini aks ettiradi.
Anvar Tursunaliev,
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi
Xalqaro hamkorlik va reytinglar boshqarmasi bosh mutaxassisi