
Insonga berilgan eng buyuk ne’mat hayot bo‘lsa, insoniyat hamisha intilib kelgan eng ulug‘ maqsad bu, shubhasiz, tinchlik va totuvlikdir. Bir-birimizga doim tinchlik-xotirjamlik, sog‘lik-omonlik tilashimizning boisi shu.
O‘zbekiston azaldan bag‘rikenglik, hamjihatlik va ahil-inoqlik makoni bo‘lgan. Yeri, suvi, to‘yi-yu ma’rakasi bitta bo‘lgan turli millat va elat vakillari asrlar osha birdamlikda yashab kelgan. “Bag‘rikeng O‘zbekiston!”, “Bag‘rikeng o‘zbek xalqi” kabi iboralar bejiz paydo bo‘lmagan.
Ko‘p millatli va ko‘p dinli davlatda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlik – barqarorlik va taraqqiyotga mustahkam zamin yaratadigan, uning istiqbolini belgilab beruvchi muhim omil sanaladi.
Bugun yurtimiz jadal sur’atlarda rivojlanayotgani, olib borilayotgan islohotlar o‘z mevasini berayotgani, el-yurt farovonligi tobora ortayotganining asosiy sababi ham shu yurtda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari O‘zbekistonning yagona xalqi sifatida ahil-inoq bo‘lib yashab kelayotganidadir.
Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi mustahkamlab qo‘yilgani esa bu boradagi islohotlarning qomusiy asosi hisoblanadi.
Bugungi kunda maktablarda ta’lim 7 tilda olib borilayotgani yurtimizda turli millat vakillariga mansub o‘quvchilarning o‘z ona tilida ta’lim olishi uchun sharoit yaratmoqda. Milliy tele va radiokanallar 12 tilda efir olib borayotgani, gazeta va jurnallar 14 ta tilda chop etilayotgani barcha uchun teng sharoitlar yaratgan holda axborotni ona tilida olish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari O‘zbekistonning yagona xalqi sifatida o‘zlarining faol va fidokorona mehnatlari bilan yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda, birgina davlat fuqarolik xizmatida 5 mingga yaqin 35 dan ortiq millat vakillari mehnat qilmoqda.
Ayniqsa, mamlakatning siyosiy institutlari hisoblangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 12,7 foiz, mahalliy Kengashlarda 11,2 foiz deputatlarimiz turli millat va elatlar vakillari hisoblanadi. Bunday yutuqlarning chegarasi yo‘q, jamiyatning har bir jabhasida millatlararo totuvlik, hamjihatlik o‘z aksini topganligini kuzatmoqdamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz zamini qadimiy davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillikni noyob ijtimoiy hodisa sifatida baholab, millatlar va elatlar, konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlikni asrash, uni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Yurtboshimizning donishmandlik, insonparvarlik va adolatparvarlik tamoyillari asosida yuritayotgan oqilona siyosati natijasida mamlakatimizda umummilliy birdamlik yanada mustahkamlanmoqda, barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan Vatanimiz inson qadri va baxti ulug‘lanadigan tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 8-may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalari a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida alohida ta’kidlaganidek:
“Bizning eng katta boyligimiz – O‘zbekistonni o‘zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko‘p millatli buyuk xalqimizdir. Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo do‘stlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimizdir.”
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonda ajdodlar ma’naviy merosiga sodiqlik asosida millatlar va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar millatlararo va konfessiyalararo munosabatlar yo‘nalishida ham yangi marralar, tashabbuslarni belgilab berdi.
Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil mart oyida qabul qilingan “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Ushbu hujjatlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etildi.
Millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatda do‘stlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlash, yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirish, barcha millat va elatlarning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish, xorijdagi vatandoshlarning milliy o‘zligini saqlashga ko‘maklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etish, millatlararo totuvlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga ko‘maklashish Qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shuningdek, umummilliy birdamlikni ta’minlash sohasida va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash sohasida davlat siyosati konsepsiyalari loyihalarini ishlab chiqilishi belgilanganligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning izchil davom ettirilishidan dalolat beradi.
Avvalo umummilliy totuvlikni ta’minlashning muhim elementi sifatida O‘zbekistonda istiqomat qiladigan barcha millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, bu yo‘nalishda ishlarni tizimli amalga oshirishda milliy madaniy markazlarning o‘rni juda muhim. Bugungi kunda mamlakatimizda 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular faoliyati davlatimiz tomonidan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari asosida 2021-yildan boshlab ushbu markazlar faoliyat yuritishi, madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarini amalga oshirishi uchun davlat subsidiyalari ajratib kelinmoqda.
Hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Do‘stlik uylari”dan joy ajratilgan va ular bu joylardan mutlaqo bepul asosda foydalanib kelmoqdalar. Toshkent shahrining markazida joylashgan Millatlararo munosabatlar qo‘mitasining binosida ham respublika hamda Toshkent shahri darajasidagi 27 ta milliy madaniy markaz to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ayniqsa, joriy yil iyul oyida Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi joylashgan bino yaqinida umummilliy totuvlikning o‘ziga xos ramzi bo‘lgan Milliy madaniy markazlar pavilyonining barpo etilishi, u yerda 22 ta millatga xos bo‘lgan uylar bunyod etilgani milliy madaniy markazlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining katta sovg‘asi bo‘ldi. Ushbu pavilyonni hech ikkilanmasdan umummilliy totuvlik maskani deyishimiz mumkin.
30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan joriy yil 25–31 iyul kunlari yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilgan “Do‘stlik” festivali ushbu milliy madaniy markazlar pavilyonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy kabi davlatlardan mehmonlar, shuningdek, 30 ta davlat va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari ushbu pavilyonning barpo etilishini noyob hodisa sifatida baholab, u O‘zbekistonda yashab kelayotgan millatlar va elatlarning o‘z madaniyati va urf-odatlari, an’analarini saqlab qolish, ularni rivojlantirish uchun yana bir ulkan imkoniyat eshiklarini ochishini, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va umummilliy hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni o‘zida to‘la ifodalashini, o‘zaro madaniy almashinuv maydoni vazifasini bajarishini ta’kidlashdi.
Tadbirda ishtirok etgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fuji O‘zbekistonda turli millat va elat vakillariga nisbatan bo‘lgan hurmat va e’tiborni yuksak qadrlashini, milliy madaniy markazlar pavilyoni ochilishi haqiqiy insoniy va ilg‘or g‘oya deb hisoblashini aytib o‘tdi.
Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodalari tufayli xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan yaqindan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday loyihalardan biri “Uz Global Think” forumidir. Ushbu loyiha tadbirkorlik platformalarini yaratish, jamiyat hayotini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik barqarorlik, sifatli ta’lim kabi masalalarda o‘zaro fikr-mulohaza almashish maqsadida ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari hisoblangan xorijdagi vatandoshlarning doimiy muloqoti ko‘rinishida amalga oshiriladi.
Shuningdek, xorijdagi vatandoshlar orasida akademik doiradagi shaxslar, ularning hayot yo‘li, muvaffaqiyatlari, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladigan tavsiyalari to‘g‘risida fikr almashuvchi platforma yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari BMT Taraqqiyot dasturining “Xorijdagi vatandoshlar orqali bilimlarni transfer qilish” dasturi namunasida xorijdagi vatandoshlarning Yangi O‘zbekiston iqtisodiy qudratiga qo‘shayotgan hissasini yanada oshirish maqsadida innovatsion ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan inson kapitali transferini amalga oshirish ustida ishlar olib borilmoqda.
Xorijiy o‘quv yurtlarini bitirib, xorijiy davlat hududida yashab, ishlab kelayotgan vatandoshlarni birlashtiruvchi, ularni qo‘llab-quvvatlovchi “O‘zbekistonlik bitiruvchilar” dasturi ishlab chiqilmoqda.
Ushbu vazifalarning barchasi xorijdagi vatandoshlar ishtirokida O‘zbekistonni yanada taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.
Insonning eng muhim erkinliklaridan biri bu shak-shubhasiz vijdon erkinligidir. 2021-yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi yurtimizda vijdon erkinligini institutsional jihatdan mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qonun bag‘rikenglik tamoyillarini, barcha konfessiyalar faoliyati uchun barqaror huquqiy asosni yanada mustahkamladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2361 ta diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda. Ularning 2164 tasi islomiy, 197 tasi noislomiy, 180 ta xristian, 8 ta yahudiy, 7 ta bahoiy, shuningdek, buddaviylik ibodatxonasi, krishnaitlar markazi va konfessiyalararo Bibliya jamiyatidir. Birgina 2017–2024-yillarda 108 ta yangi diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Yangi masjid, xristian cherkovi va ibodatxonalari qurildi, mavjudlari ta’mirlandi. Bu esa barcha konfessiyalarga hurmat ko‘rsatishning amaldagi tasdig‘idir.
Shu bilan birga, joriy yil 25-fevralda “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” Qonun bilan qabul qilinishi jamiyat hayotida katta voqea bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Konsepsiya ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali O‘zbekiston xalqiga umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashashni ta’minlashga xizmat qiladi.
Maqolani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigidagi quyidagi so‘zlar bilan yakunlamoqchiman:
“Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o‘ta tahlikali sharoitda yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida eng katta boyligimiz – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsiy qadriyatlar, bilim-ma’rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz. O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barcha millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari asosida hamma joyda qat’iy himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.”
Qahramon Sariyev,
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi