Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekistonning Belgiyaga yo‘naltirilgan vektori



Oktabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgiya Qirolligiga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi. Tashrif chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadigan muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. Xususan, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston geosiyosiy tanglik va iqtisodiy beqarorlik sharoitida Yevropa bilan yangi, barqarorlikni ta’minlovchi munosabatlar tizimini shakllantirmoqda. Har yili O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi aloqalar kengayib, hamkorlik yo‘nalishlari tobora ko‘payib bormoqda. Bu jarayonga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar kuchli turtki bermoqda.

Munosabatlarning yangi tarixini shakllantirish

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng Yevropa Ittifoqi (YeI) bilan aloqalar tez sur’atlarda rivojlandi. 1992-yilda O‘zbekiston hukumati va YeI komissiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, 1994-yilda esa diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. 1996-yil iyun oyida imzolangan “Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim” (SHHB) 1999-yilda kuchga kirib, hamkorlikning asosiy huquqiy negiziga aylandi. Biroq, bir muddat davomida O‘zbekistonning demokratik islohotlari sust kechgani sababli Yevropa bilan aloqalarda ma’lum to‘siqlar kuzatildi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangach, vaziyat tubdan o‘zgardi. 2017-yilda Toshkentga tashrif buyurgan Yevropa Komissiyasining xalqaro rivojlanish va hamkorlik bo‘yicha bosh direktori Stefano Manservizi “YeI O‘zbekistonga strategik hamkor sifatida qaraydi”, deb ta’kidlagan edi. Keng ko‘lamli demokratik va iqtisodiy islohotlar qisqa muddatda ilgari yechimi topilmagan ko‘plab muammolarni bartaraf etdi. Majburiy mehnat to‘liq tugatildi, paxta sohasidagi islohotlar esa xom paxta eksportidan butunlay voz kechish imkonini berdi.

Islohotlar bilan bir qatorda O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi huquqiy asoslar ham kengaydi. Agar ilgari SHHB doirasida o‘zaro eng qulay savdo rejimi amal qilgan bo‘lsa, 2021-yil aprel oyida YeI O‘zbekistonga “GSP+” umumiy imtiyozlar tizimi benefisiari maqomini berdi. 2022-yilda esa Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitim paraflandi.

Islohotlar nafaqat ichki siyosatda, balki tashqi aloqalar arxitekturasida ham sezilarli o‘zgarishlar keltirib chiqardi. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik ustuvor yo‘nalishga aylandi, shu bilan birga Yevropa davlatlari bilan aloqalar ham keng miqyosda rivojlandi.

Joriy yilda O‘zbekiston Fransiya, Italiya va Slovakiya bilan strategik sheriklik o‘rnatdi, Vengriya bilan esa uni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Prezident Sloveniya, Italiya Bosh vaziri va Bolgariya Prezidenti o‘zaro tashriflar bilan almashishdi.

Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda eng muhim voqea bu yilning aprel oyida Samarqandda o‘tgan birinchi “YeI — Markaziy Osiyo sammiti” bo‘ldi. Sammitda Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi mintaqaviy hamkorlik modelini shakllantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surildi.

Ular orasida:

  • Investitsiyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitim tuzish;

  • “Markaziy Osiyo — YeI” qo‘shma Savdo palatasini ishga tushirish;

  • Kichik va o‘rta biznes hamda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini qabul qilish;

  • “Yashil energetika”, innovatsiyalar, transport, infratuzilma va qishloq xo‘jaligi sohalarida investitsion platforma yaratish.

Sammit samarali yakunlandi. Ikkala mintaqa o‘rtasida savdo, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va suv resurslarini boshqarish sohalarida strategik sheriklikni o‘rnatishni nazarda tutuvchi Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen YeI Markaziy Osiyo davlatlari uchun “Global Gateway” dasturi doirasida 12 milliard yevrolik investitsiya paketini tayyorlaganini e’lon qildi.

Iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlari

So‘nggi yillardagi chuqur demokratik o‘zgarishlar O‘zbekistonning Yevropa davlatlari bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Shu bilan birga, iqtisodiy islohotlar O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirdi va bu Yevropa biznesining mamlakatga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirdi.

So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston YaIM ikki barobar oshib, 2024-yilda 115 milliard dollarga yetdi. 2017-yildan buyon asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 240 milliard dollardan oshdi, shundan 130 milliard dollari xorijiy sarmoyalardir. Oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 48 milliard dollardan oshdi. Eng e’tiborga molik natija — iqtisodiyot tuzilmasining o‘zgarishidir: 2017–2024-yillarda sanoat ulushi 20% dan 26% ga, xizmatlar sohasi esa 44% dan 47% ga ko‘tarildi, mehnat unumdorligi esa 45% ga oshdi.

2017–2024-yillarda O‘zbekiston va YeI davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 2,4 baravar oshib, 6,4 milliard dollarga yetdi. Eksport 3,6 baravar ko‘payib 1,7 milliard dollarga, import esa 4,7 milliard dollarga yetdi. 2024-yilda O‘zbekiston tashqi savdosining 9,7 foizi YeI hissasiga to‘g‘ri keldi.

Eksport tarkibida kimyo mahsulotlari (52,1%), to‘qimachilik, metall buyumlar, mineral va oziq-ovqat mahsulotlari ustunlik qiladi. YeI davlatlari ichida O‘zbekiston eksportida yetakchilar: Fransiya (47,2%), Litva (10%) va Latviya (6,9%). Import tarkibida mashina va uskunalar ulushi yuqori bo‘lib, bu iqtisodiyotning texnologik modernizatsiyasi ehtiyojlari bilan bog‘liq.

Investitsiya sohasida ham hamkorlik faollashmoqda: 2024-yilda YeI mamlakatlaridan kiritilgan sarmoyalar 77% ga oshib, 4,1 milliard dollarga yetdi. Eng faol investorlar: Germaniya — 1,37 mlrd, Niderlandiya — 1,05 mlrd, Kipr — 858,9 mln, Chexiya — 137,8 mln, Italiya — 99,8 mln, Shvetsiya — 97,5 mln dollar. Bugungi kunda O‘zbekistonda YeI kapitali ishtirokidagi mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda, umumiy investitsiya loyihalari hajmi 30 milliard yevroga teng.

Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) so‘nggi yillarda O‘zbekistonda eng faol investorlar qatoriga kirdi. Bankning mamlakat iqtisodiyotiga yo‘naltirgan jami sarmoyasi 5 milliard yevrodan oshgan, shundan 1 milliard yevrosi 2024-yilda ajratilgan. Asosiy mablag‘lar xususiy sektorga yo‘naltirilmoqda.

O‘zbekiston — Belgiya

1993-yilda Bryusselda O‘zbekiston elchixonasi ochilgach, ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan. 1996-yilda ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish to‘g‘risidagi, 1998-yilda esa investitsiyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. Bu hujjatlar investorlar uchun huquqiy kafolat yaratdi.

So‘nggi yillardagi islohotlar fonida O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasidagi biznes aloqalari jonlandi. 2019 va 2022-yillardagi tashriflar infratuzilma, energetika va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlik kun tartibini belgilab berdi. 2024-yilda savdo hajmi 62,3 million dollarni tashkil etdi (eksport — 7,3 mln, import — 55 mln dollar). Belgiyalik kompaniyalar ishtirokidagi o‘nlab korxonalar faoliyat yuritmoqda. Masalan, Jaga Climate Designers isitish va shamollatish tizimlari bo‘yicha qo‘shma korxona tuzmoqda, Picanol Group to‘qimachilik dastgohlarini yig‘ish loyihasini amalga oshirmoqda, Belcolade va Prefamac esa shokolad ishlab chiqarish yo‘lini o‘rganmoqda.

Belgiya farmatsevtika sohasida Yevropada yetakchi o‘rin tutadi. Shu sababli, O‘zbekistonning tez o‘sib borayotgan dori bozori sharoitida UCB va Janssen Pharmaceutica kabi kompaniyalar ishtirokida farmatsevtika klasterlarini yaratish istiqbollidir.

Shuningdek, O‘zbekistonda meva-sabzavotni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etish va ularni Belgiyaning logistika markazlari (Antverpen porti va ulgurji bozorlar) orqali YeIga eksportga yo‘naltirish mumkin. Potensial hamkorlar sifatida Greenyard yoki Puratos kompaniyalari ko‘rilmoqda.

Belgiya bilan savdo hajmini oshirish uchun asosiy to‘siq logistika va standartlardir. Antverpen Yevropaning yirik dengiz markazi bo‘lsa-da, O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘nalishlar hali cheklangan. Shuning uchun qisqa muddatli vazifa — sifat kafolati va kuzatuv tizimiga ega “pilot” logistika zanjirlarini yo‘lga qo‘yish, sovuq zanjir infratuzilmasini rivojlantirish, YeI texnik reglamentlariga muvofiq sertifikatlashdir. Yangi transport yo‘laklari (“O‘rta koridor”) ishga tushgach, yuqori qo‘shilgan qiymatli eksport hajmini oshirish imkoniyatlari yanada kengayadi.

Xulosa

O‘zbekiston bugungi rivojlanish bosqichida Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor. Mamlakatda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va raqamli transformatsiyada Yevropa investitsiyalari, texnologiyalari, ta’lim va ilmiy tajribasi muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston sanoat mahsulotlari sifatini oshirish orqali ularning eksportini kengaytirishga intilmoqda.

O‘zbekiston aholisi 38 millionga yetgan, 2017-yildan beri 18 foizga o‘sdi. Har yili 700 mingdan ortiq yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda — bu esa mamlakat va qo‘shma korxonalar uchun muhim mehnat resursidir. So‘nggi yillarda 7,5 million kishi qashshoqlikdan chiqarildi, 2024-yilda qashshoqlik darajasi 8,9 foizgacha tushdi, bu yil esa 6 foizga yetkazilishi kutilmoqda.

Shu boisdan, O‘zbekiston va Yevropa, jumladan Belgiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish o‘zaro manfaatli jarayondir. Shavkat Mirziyoyevning Belgiyaga bo‘lajak tashrifi aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi — barqaror energetika, infratuzilma va texnologik aloqalarni mustahkamlash orqali Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi ko‘priklar yaratishga yo‘naltirilgan.

Obid Xakimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori



  ...