
11–13 noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz” majmuasida “Transport va logistika — TransLogistica Uzbekistan 2025” 21-xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Tadbir transport va logistika sohasining yetakchi mutaxassislari hamda ekspertlarini birlashtiradi.
“TransLogistica Uzbekistan” – bu transport va logistika xizmatlari yetkazib beruvchilari, ishlab chiqaruvchilari va buyurtmachilari uchun hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, yangi biznes imkoniyatlarini topish va so‘nggi yechimlar bilan tanishish imkonini beruvchi nufuzli ixtisoslashgan maydon hisoblanadi.
Ko‘rgazmada quyidagi yo‘nalishlar namoyish etiladi:
transportning barcha turlari – temir yo‘l, avtomobil, havo va dengiz sohasidagi yangi ishlanmalar va innovatsiyalar;
transport va ombor jarayonlarini optimallashtirishga qaratilgan zamonaviy logistika xizmatlari hamda raqamli yechimlar;
davlat infratuzilma loyihalari va xalqaro transport koridorlarining istiqbollari;
yetakchi kompaniyalarning temir yo‘l, dengiz portlari va logistika markazlarini barpo etish hamda harakatlanuvchi tarkib ishlab chiqarishdagi ilg‘or tajribalari.
Bu yilgi ko‘rgazmada 13 mamlakatdan — Belarus, Germaniya, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Latviya, BAA, Pokiston, Rossiya, AQSH, Turkiya va O‘zbekistondan — 60 dan ortiq kompaniya ishtirok etadi.
Ko‘rgazma doirasida:
11 noyabr kuni “Uzbekistan Airports, Aviation and Logistics Forum” xalqaro aviatsiya va logistika forumi,
12 noyabr kuni MDHga a’zo davlatlarning Transport bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi konferensiyasining (MDH KTS) 45-yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Forumlar O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tashkil etiladi. Ishbilarmonlik dasturi ko‘rgazma mavzusi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, sohadagi dolzarb masalalarni yoritadi.
Tashrif buyuruvchilar uchun ko‘rgazma eng so‘nggi texnologiyalar bilan tanishish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘ladi.
Ko‘rgazmaga tashrif buyurish uchun https://trans.uz/ru/visit-the-exhibition havolasi orqali ro‘yxatdan o‘tish va onlayn beydj olish zarur.
“Dunyo” axborot agentligi