Joriy yilning 6-7-oktabr kunlari Ozarbayjonning Gabala shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdagi 12-sammiti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bir qator dolzarb masalalarga e'tibor qaratdi, hamkorlikni rivojlantirish uchun nihoyatda muhim bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Mazkur takliflar TDT doirasidagi barcha hamkorlik yo‘nalishlarini va muhokama markazidagi umumturkiy yirik loyihalarni qamrab oldi. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar O‘zbekistonning “Turkiy dunyo” bilan munosabatlarni faollashtiruvi taktik emas, balki uzoqni ko‘zlovchi – strategik maqsadlarga xizmat qilishini yana bir bor tasdiqladi.
Chunki Davlat rahbari o‘z nutqida bir qator yirik yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini ta'kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoevning ilgari surgan takliflari TDT formatida kuzatilayotgan ijobiy transformasion o‘zgarishlarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Bu, birinchi navbatda, turkiy davlatlar siyosiy birdamligi va jipsligining kuchayishida o‘z ifodasini topadi. Hususan, bo‘lib o‘tgan 12-sammit doirasida Davlat rahbari Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilish tarafdori ekanligini ta'kidladi.
Bu g‘oya ishtirokchi davlatlar rahbarlari tomonidan iliq kutib olindi. Sababi yuqoridagi bitim hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtirishi, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Qolaversa, yuqoridagi xujjatning kabul qilinishi O‘zbekistonning TDT doirasida shunchaki ishtirokchi davlat emas, balki turkiy makondagi davlatlararo munosabatlarning istiqboldagi yangi modelini shakllantirishdagi asosiy sub'ektlardan biri bo‘layotganligi haqidagi qarashlarni to‘laqonli tasdiqlaydi.
Chunki O‘zbekiston o‘tgan yilgi TDT 11-sammitida qabul qilingan “Turkiy dunyo xartiyasi”ning muallifi hisoblanadi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz ikkitomonlama hamkorlik formatida ham qardosh davlatlar bilan munosabatlarni shartnomaviy-huquqiy jihatdan boyitish yo‘lidan ketmoqda.
Jumladan, agar 2019 yil O‘zbekiston TDTga doimiy a'zo bo‘lib kirgan bo‘lsa, shu bugunga qadar bo‘lgan tarixan qisqa muddat mobaynida, mamlakatimiz tashkilot ishtirokchisi bo‘lgan barcha taraflar bilan munosabatlarga yangi maqom berishga ulgurdi.
Bu Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan aloqalarni ittifoqdoshlik, Turkiya va Qirg‘iziston bilan ko‘ptomonlama strategik hamkorlik, Turkmaniston va Vengriya bilan strategik sherikchilik darajasiga ko‘targanligimizda yaqqol aks etadi.
Shu o‘rinda, ta'kidlash lozimki, yuqoridagi xujjatlar amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi uchun davlatlararo munosabatlar ko‘ptomonlama manfaatli bo‘lgan yirik iqtisodiy loyihalar bilan boyitilishi lozim.
Shuning uchun O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida iqtisodiy masalalarga ustuvor yo‘nalish sifatida e'tibor qaratdi. U mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni asosiy yo‘nalish sifatida ko‘rishini bildirdi. Bu so‘zlar barcha ishtirokchi davlatlarga iqtisodiy kun tartibini kengaytirish muhimligi haqidagi qat'iy chorlov bo‘lib yangradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish muhimligini ta'kidladi. Ushbu taklif, birinchi navbatda, savdo, biznes va o‘zaro investisiyalar uchun eng qulay sharoitlarni, huquqiy baza va infratuzilmani yaratishni nazarda tutadi.
Mazkur g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha esa ishtirokchi davlatlarga aniq institusional mexanizmlarni yaratish lozimligi ta'kidlandi.
Jumladan, Davlat rahbari Bosh vazirlar o‘rinbosarlari tomonidan boshqariladigan Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Sanoat al'yansini tuzish va “Yashil transformasiya” konsorsiumini yaratish kabi takliflar ham bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti e'tibor qaratgan yana bir iqtisodiy yo‘nalish – transport sohasidir. Jumladan, Davlat rahbari TDT a'zolari tomonidan amalga oshirilayotgan O‘rta koridorda O‘zbekiston ishtiroki muhimligini tasdiqlab, mazkur transport yo‘lagini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan loyihalarga e'tibor qaratdi.
Shavkat Mirziyoev so‘zlariga ko‘ra, O‘rta koridor hozirda qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, keng mintaqamizda ko‘p tarmoqli, strategik magistrallar tizimini yaratishga erishiladi.
Qolaversa, maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, raqamlashtirilgan bojxona tartibotini joriy qilish va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirishda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish zarurligi ta'kidlandi.
Yuqoridagi barcha g‘oyalar O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlikning moddiy asoslarini yanada kuchaytirishning yirik tashabbuskorlaridan biri ekanligini ko‘rsatadi.
Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz tub manfaatlariga to‘liq javob beradi. Chunki bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiy farovonligi va ijtimoiy barqarorligini ta'minlashda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikning ahamiyati yuqori bo‘lib qolmoqda.
Bu bir qancha omillar bilan bog‘liq.
Birinchidan, a'zo davlatlarning O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar tizimidagi o‘rni ortib bormoqda. 2024 yilgi so‘nggi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, mamlakatimizning “Turkiy dunyo” davlatlari bilan savdo ulushi qariyb 10 milliard dollarga yaqinlashdi. Mazkur ko‘rsatkich O‘zbekiston umumiy tashqi savdosining 15%iga to‘g‘ri keladi. Bu esa, o‘z navbatida, TDTga a'zo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar guruhi birgalikda O‘zbekistonning Xitoy va Rossiyadan keyingi uchinchi muhim savdo sherigi ekanligini ko‘rsatmoqda.
Boz ustiga turkiy makon savdo sherigi sifatida boshqa hamkorlardan o‘z ustuvorliklariga ega.
Chunki O‘zbekistonning TDT bilan savdo aylanmasida eksport va import xajmi nisbatan muvozanatlashgan. Shuningdek, savdo strukturasi ham diversifikasiyalashgan. Ya'ni, O‘zbekiston eksportida qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulotlar segmenti ustunlik qiladi.
Qolaversa, turkiy mamlakatlar O‘zbekistondagi ichki iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim rol o‘ynamoqdalar. Masalan, mamlakatimizdagi TDT a'zolari kapitali ishtirokidagi korxonalar soni izchil o‘sish dinamikasini namoyon etmoqda.
2025 yilda ularning miqdori 4 mingga yaqinlashdi. Bu 2019 yilga nisbatan 60% o‘sishni anglatadi. Natijada endilikda O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar umumiy miqdorining 20% i TDTga to‘g‘ri kelmoqda.
Ikkinchidan, TDT a'zolari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning hali to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan yirik imkoniyatlari mavjud.
Jumladan, TDT davlatlari o‘zlarining katta inson kapitali,
xom ashyo resurslari va sanoat potensialiga ega ekanliklaridan unumli foydalangan holda ustuvorlikka ega sohalarda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishlari mumkin.
Mazkur jarayonlar umumturk brendining vujudga kelishiga olib kelishi mumkin. Natijada TDT makonida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligi bir necha barobar ortadi.
Shu o‘rinda bugungi kunda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash uchun barcha qulay sharoitlar mavjudligini ham alohida e'tiborga olish lozim.
Bu birinchi navbatda turkiy davlatlarning strategik muhim geografik joylashuvi bilan bog‘liq.
Turkiy makon mamlakatlari geografik afzalliklaridan samarali foydalanish orqali xalqaro savdo munosabatlari va global ta'minot zanjirlaridagi tarixiy yetakchi maqomlarini tiklashlari mumkin.
Shu bilan birga, TDT a'zolarining turli iqtisodiy birlashmalardagi ishtiroklari ularga uchinchi davlat bozorlariga chiqish imkonini yanada yengillashtiradi.
Masalan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi a'zolaridir. O‘zbekistonda Janubiy Osiyo bilan hamkorlik uchun infratuzilma mavjud. Ozarbayjonning Kaspiy dengizida portlari bor. Vengriya Yevropa Ittifoqining a'zosi. Turkiya, garchi Yevropa Ittifoqi a'zosi bo‘lmasada, 1995 yildan beri Yevropa bojxona ittifoqining bir qismidir.
Bundan tashqari, TDT mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasining muvaffaqiyatli namunalari allaqachon mavjud.
Masalan, UzAuto Motors, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjondagi hamkorlari bilan birgalikda bir qancha Chevrolet avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodlarni tashkil etdi. O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari LC Waikiki va DeFacto kabi turk brendlari uchun kiyim-kechak ishlab chiqaradi.
O‘zbekistonning Global Textile kompaniyasi hozirda Ozarbayjonda to‘qimachilik klasteri loyihasini faol rivojlantirmoqda. Loyiha paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha ishlab chiqarish siklini qamrab oladi.
O‘z navbatida, O‘zbekistonda Ozarbayjonning Matanat-A kompaniyasi ishtirokida umumiy byudjeti 100 million dollarga teng loyiha – qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferiga yana bir misol bo‘lmoqda. O‘zbekiston bunday hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan va kooperasion jarayonlarga tizimlilik berish manfaatdor.
Shuning uchun ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish va Sanoat al'yansini tuzish kabi bir-birini to‘ldiruvchi takliflarni ilgari surdi.
Shu orqali O‘zbekiston umumturk tizimlashgan sanoat kooperatsiyasini yaratishda tamal toshini qo‘ymoqda. Chunki yuqoridagi takliflar sanoat yo‘nalishidagi hamkorlikning institusional-tashkiliy asoslarini mustahkamlaydi: aniq vakolatlarga ega va hisobdor tuzilmalar vujudga keladi.
Mazkur omillardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonning iqtisodiyot sohasidagi tashabbuslari katta maqsadlardan tezkor harakatlarga o‘tish va aniq natijalarga erishishga qaratilgan.
Uchinchidan, O‘zbekiston TDT doirasida amalga oshirilayotgan transport yo‘laklaridan asosiy manfaatdor bo‘lgan davlatlardan biri sanaladi. Mamlakatning tashqi iqtisodiy strategiyasida dengiz portlariga chiqish va yangi bozorlarga kirib borish kabi maqsadlar ustuvorlik kasb etadi.
Shu orqali mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasini diversifikasiya qilishi, eksportni rag‘batlantirishi va ichki ishlab chiqarishni kuchaytirishi mumkin.
Mazkur maqsadlar ro‘yobi O‘zbekistonning hozirgi taraqqiyot boschiqida, shuningdek iqtisodiy o‘sishning yuqori ko‘rsatkichlari muntazamligiga erishish va aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini ta'minlashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Shuning uchun ham mamlakat TDT doirasida transport-kommunikasiyaviy bog‘liqlik kuchayishining faol tarafdorlaridan sanaladi. Boz ustiga
O‘rta koridorning o‘rni O‘zbekiston tashqi savdo aloqalarida allaqachon ortib bormoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Boku porti orqali amalga oshirilayotgan O‘zbekiston yuk aylanmasining xajmi 1 million tonnaga yetdi. Mazkur yo‘nalish O‘zbekistonni Ozarbayjon, Turkiya va Yevropa bozorlari bilan bog‘laydigan eng qisqa va samarali yo‘l bo‘lib qolmoqda.
Lekin O‘rta koridor rivoji faqatgina O‘zbekiston ichki kun tartibidagi maqsadlar bilangina cheklanmaydi. Mamlakat bir vaqtning o‘zida bir nechta transport yo‘laklarining faol ishtirokchisidir. Bu Transafg‘on va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘laklaridir.
Ularning O‘rta koridor bilan integratsiyaga kirishishi amalda tarixiy Buyuk ipak yo‘lining tiklanishi va yangilanayotgan global iqtisodiy modeldagi O‘zbekiston o‘rnining ortishini anglatadi.
Shunday qilib, Turkiy davlatlar tashkiloti O‘zbekiston uchun nafaqat siyosiy va madaniy muloqot platformasi, balki mamlakat strategik maqsadlari uyg‘un bo‘lgan davlatlar birlashmasi bilan natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim formatga aylandi. Shu ma'noda, O‘zbekiston TDT bilan hamkorlikni yanada mustahkamlab, umumiy farovonlik va taraqqiyotga hissa qo‘shishda davom etishi muhimdir.
Azizjon Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi