Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi 80- sessiyasidagi ishtirokining ahamiyati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil sentyabr' oyida BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida ishtiroki nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqamiz uchun yuksak siyosiy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Dunyo davlatlari rahbarlari ishtirok etadigan ushbu nufuzli minbarda mamlakatimiz tomonidan barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslaridan samarali foydalanish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Prezidentimiz BMT kabi global tashkilot doirasida so‘zga chiqishi orqali O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va tashabbuskor davlat sifatidagi obro‘sini yanada mustahkamladi. Xususan, Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ekologik va innovasion tashabbuslarni jahon hamjamiyatiga tanitish orqali mamlakatimiz ekologik muammolarni yechishda global hamkorlikka ochiq ekanini namoyish etdi.
Bu ishtirokning yana bir muhim jihati — O‘zbekistonning xalqaro ekologik tashabbuslari global siyosiy kun tartibiga kiritilishi va Orolbo‘yini iqlim texnologiyalari uchun ochiq maydon sifatida namoyon etish imkoniyatidir.
Tashrif doirasida Orolbo‘yiga doir tashabbuslarning jahon hamjamiyati e'tiborida bo‘lishi
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasi doirasida so‘zga chiqar ekan, Orolbo‘yida yuz bergan ekologik fojia va uning oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida amalga oshirilayotgan tashabbuslarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu masala jahon hamjamiyatining diqqat markaziga chiqib, Orol dengizi muammosi nafaqat mintaqaviy, balki global ekologik muammo sifatida yana bir bor e'tirof etildi.
O‘zbekistonning Orolbo‘yini barqaror rivojlanish va innovasiya maydoniga aylantirish tashabbusi xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, yashil energiya, suv tejamkor texnologiyalar, ekoturizm va biologik xilma- xillikni tiklash kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keng imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi.
Shu tariqa, tashrif doirasida Orolbo‘yi masalasining BMT kabi nufuzli minbarda ko‘tarilishi global hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro donorlar va tashkilotlarning e'tiborini yanada jalb qilish uchun muhim siyosiy va amaliy poydevor bo‘lib xizmat qildi.
Orolbo‘yini global iqlim texnologiyalari maydoniga aylantirish
Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan muammolar butun dunyo uchun katta saboq bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bois, O‘zbekiston ushbu hududda yashil energiya, suv tejamkor texnologiyalar, biologik xilma-xillikni tiklash va iqlim o‘zgarishiga moslashuv sohasidagi ilg‘or tajribalarni tatbiq etish orqali Orolbo‘yini “global laboratoriya”ga aylantirishni maqsad qilgan.
Bunday yondashuv nafaqat mintaqaviy muammolarni xal etish, balki xalqaro hamjamiyat uchun samarali model ishlab chiqish imkonini beradi. Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan loyihalar keyinchalik iqlim o‘zgarishi oqibatlariga duch kelayotgan boshqa mintaqalarda ham tatbiq qilinishi mumkin.
Prezidentimiz 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orolbo‘yini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu taklif BMT va xalqaro jamoatchilik tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi va Assambleya yalpi majlisida barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi. Ushbu qaror O‘zbekistonning Orol muammosini hal etish va xavf-xatarlarni bartaraf etishda izchil va to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini namoyon etadi.
Orol fojiasi va uning insoniyat uchun saboqlari
Orol dengizi fojiasi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik halokatlardan biri sifatida butun dunyoga ma'lum. Bir paytlar maydoni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi katta ko‘l hisoblangan Orol dengizi yarim asr davomida deyarli to‘liq qurib ketdi. Bu holat mintaqa iqlimi, biologik xilma-xillik, aholi salomatligi va iqtisodiyotiga ulkan zarba berdi.
Orolning qurishi inson tomonidan tabiatga uyg‘unlashmagan tarzda aralashuvning yorqin namunasidir. Sug‘orishda suvdan ortiqcha va samarasiz foydalanish, irrigasiya tizimlarining nosamaradorligi va rejalashtirishdagi xatolar katta ekologik ofatga olib keldi.
Bu fojia insoniyatga tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish zarurligini, suv ta'minoti va qishloq xo‘jaligini faqat barqaror texnologiyalar asosida rivojlantirish muhimligini anglatdi. Shu bilan birga, ekologik xavfsizlikni ta'minlash butun dunyo hamjihatligi va yaqin hamkorligini talab etishi aniq namoyon bo‘ldi.
Mintaqada barqaror rivojlanish zaruriyati
Orolbo‘yi hududi bugungi kunda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo uchun ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlik nuqtai nazaridan eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Tabiiy resurslarning cheklanganligi, suv ta'minotidagi muammolar, cho‘llanish jarayonlari va aholi turmush darajasining pasayishi bu hududda barqaror rivojlanish strategiyasini amalga oshirishni dolzarb qilib qo‘ymoqda.
Barqaror rivojlanish zaruriyati bir qator omillar bilan asoslanadi. Avvalo, ekologik xavfsizlik masalasi dolzarbdir: chang bo‘ronlari, tuproqning degradasiyasi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi aholi salomatligi va turmush tarziga bevosita tahdid solmoqda. Shuningdek, iqtisodiy extiyojlar ham muhim o‘rin tutadi, zero aholining asosiy daromad manbai bo‘lgan qishloq xo‘jaligini suv tejamkor va innovasion texnologiyalar asosida modernizasiya qilish talab etiladi.
Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash uchun esa yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va ekologik migratsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar zarur. Bundan tashqari, Orolbo‘yidagi muammolar mintaqaviy chegaradan chiqib, global ahamiyat kasb etgani sababli ularni hal etishda xalqaro hamkorlik va sheriklikka tayanish shart.
Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi va hamkorlik maydoni sifatidagi imkoniyatlari
Ko‘pchilikka ma'lumki, O‘zbekistonda Orol dengizi qurishining atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy ta'siriga qarshi kurashish borasida milliy miqyosda ulkan ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Mustaqillikning dastlabki yillaridan oq Orolbo‘yi aholisi O‘zbekiston rahbariyatining katta yordamini his qilib kelmokda. O‘zbekiston hukumati Orolbo‘yi axolisining ijtimoiy ahvoliga doimiy e'tibor qaratib kelmoqda.
Shunday ijobiy ishlarning biri sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbus va takliflardan kelib chiqib, Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazinining tashkil etilganligini atab o‘tishimiz mumkin. Mazkur tashabbus Orolbo‘yida ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish masalasiga hukumatimiz tomonidan yuksak darajada e'tibor qaratilayotganini anglatadi.
Bugungi kunda Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi - ekologik inqirozdan jabr ko‘rgan mintaqada ilmiy, innovasion va amaliy loyixalar orqali barqaror taraqqiyotni ta'minlashda muhim tashkilot sifatida faoliyat yuritmoqda, jumladan, ekologiya, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, energetika, iqlimga moslashish, xalqaro hamkorlik kabi yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
Markaz faoliyatini takomillashtirish va Orolbo‘yida ekologik, innovasion texnologiyalarni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi
PQ-171-son qaroriga muvofiq Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining tasarrufiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 iyuldagi
PQ-5202-son Qaroriga muvofiq, markaz qoshida qiymati 12,4 mlrd. so‘mlik zamonaviy laboratoriya, biznes-akselerator o‘quv markazi va texnopark imorati 2024 yilda qurib bitkazildi hamda foydalanishga topshirildi. Laboratoriya o‘simliklar urug‘lari genbanki bilan jihozlangan bo‘lib, u mintaqadagi bioxilma-xillikni saqlash, mahalliy va introduksiya qilingan turlarni muhofaza qilish hamda qishloq xo‘jaligida yuqori samaradorlikka erishishda muhim ilmiy-innovasion platforma sifatida xizmat qiladi.
Bugungi kunda mazkur ob'ektda faoliyatni yo‘lga qo‘yish, genbankni urug‘lar kolleksiyasi bilan boyitish, ilmiy izlanishlarni tashkil etish hamda maxalliy mutaxassislar saloxiyatini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbus nafaqat mamlakatimizda, balki butun Markaziy Osiyo miqyosida qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘tgan davr mobaynida Markaz ilmiy tadqiqotlar olib borish va loyhalarni amalga oshirish jarayonida qator xalqaro va mahalliy tashkilotlar, shuningdek ilmiy-tadqiqot institutlari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Jumladan, 70 dan ortiq xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv va memorandumlar imzolanib, umumiy qiymati 23,9 mlrd. so‘mlik 20 ta ilmiy-amaliy va innovasion loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar muqobil yashil energiya, akvakul'tura, intensiv bog‘dorchilik, dorivor o‘simliklar yetishtirish, resurs tejamkor texnologiyalar va ijtimoiy dasturlarni o‘z ichiga qamrab olgan.
Markazning faoliyati asosan aholi turmush farovonligini oshirish, sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni yo‘lga qo‘yish, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Ayni paytda u ekotizimlarni tiklash, bioxilma-xillikni saqlash va aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan ilmiy-amaliy hamda innovasion tashabbuslarni yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda. Shular jumlasiga BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA, BAA), Sin'szyan Ekologiya va geografiya instituti (Xitoy), Germaniya xalqaro xamkorlik jamiyati (GIZ), Global yashil o‘sish instituta (GGGI), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va boshqa nufuzli tashkilotlar kiradi.
Nukus tumanidagi “Samanbay” (24,3 ga) va Mo‘ynoq tumanidagi “Mo‘ynoq” (106 ga) ilmiy-ishlab chiqarish uchastkalari Markazning asosiy tajriba-sinov bazasi hisoblanadi. Ushbu maydonlarda xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikda eksperimental tadqiqotlar hamda monitoring ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, Markaz qoshida xalqaro hamkorlar bilan tashkil etilgan qo‘shma laboratoriyalar, shuningdek, o‘zining in-vitro, tuproq, suv va o‘simliklar biotexnologiyasi laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda. Bu infratuzilmalar tajriba maydonlarida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirish va ularning samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Amalga oshirilayotgan loyihalarning har biri Orolbo‘yi uchun uzoq muddatli yechimlarni yaratashga qaratilgan. Innovasion yondashuv va xalqaro hamkorlik tufayli Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi bosqichma-bosqich Markaziy Osiyoda ilmiy tadqiqotlar, texnologik rivojlanish va barqaror rivojlanish uchun asosiy platformaga aylanib bormoqda.
Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi o‘zining kelgusi rejalarida ekologik barqarorlikni ta'minlash maqsadida innovasion ekotexnologiyalarni, jumladan cho‘llanishga qarshi vositalar va aqlli qishloq xo‘jaligi yechimlarini joriy etishni ko‘zda tutgan.
Shu bilan birga, ilmiy-tadqoqot faoliyatini kuchaytirish maqsadida zamonaviy laboratoriyalar, biznes akselerator, o‘quv markazi, texnopark, tajriba uchastkalari va ma'lumotlar taxlili markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Markaz xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish orqali yirik qo‘shma loyixalarni amalga oshirmoqchi. Shuninshek, fermerlar, tadbirkorlar, aholi, yoshlar va ayollar uchun innovasion g‘oyalarni rivojlantirish, startaplar yaratish va kasbiy ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan dasturlar markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Xulosa
Orolbo‘ynni global iqlim texnologiyalari maydoniga aylantirish tashabbusining strategik ahamiyati
Orolbo‘yini global iqlim texnologiyalari maydoniga aylantirish tashabbusi nafaqat mintaqaviy, balki jahon miqyosida ham strategik ahamiyat kasb etadi. Uning asosiy mohiyati — ekologik barqarorlikni ta'minlash, suv resurslarini tejash, cho‘llanish jarayonlarini kamaytirish va biologik xilma-xillikni tiklashdir.
Shu bilan birga, quyosh va shamol energetikasi, zamonaviy irrigasiya va innovasion texnologiyalarni joriy etish orqali mintaqada yashil iktisodiyotni rivojlantirishga keng yo‘l ochiladi. Bu tashabbus BMT va Global iqlim jamg‘armasi kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytiradi, maxalliy axoli uchun yangi ish o‘rinlari yaratib, farovonlikni oshiradi.
Eng muximi, Orolbo‘yi tajribasi kelajakda dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishi va suv resurslari bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda samarali model sifatida xizmat qiladi.
B.S.Xabibullaev,
O‘zbekistan Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi
Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi direktori