Zamonaviy jahon iqtisodiyoti chuqur transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Bozorlar uchun global raqobat kuchayib bormoqda, logistika yo‘nalishlarida o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda, yangi o‘sish markazlari shakllanmoqda. Shu sharoitda xatarlar va noaniqliklar ortib borayotgani davlatlardan moslashuvchanlik va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etmoqda.
Bunday sharoitda mintaqaviy tashkilotlar ahamiyati yanada ortmoqda. Ular nafaqat siyosiy platformalar, balki beqarorlik sharoitida barqaror rivojlanishni ta’minlay oladigan muhim iqtisodiy tayanchlarga aylanmoqda.
Shunday birlashmalardan biri sifatida tez rivojlanayotgan tashkilot bu — Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) hisoblanadi. Dastlab madaniy-gumanitar hamkorlikka yo‘naltirilgan bo‘lgan TDT bugungi kunda to‘laqonli iqtisodiy hamjamiyatga aylanish yo‘lidan bormoqda.
Buni tashkilotning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari ham tasdiqlaydi. 2024 yilda TDTga a’zo davlatlarning jami yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2,1 trillion AQSh dollariga, ichki savdo aylanmasi esa 2022 yildagi 30,9 milliard dollardan 2024 yilda 45 milliard dollargacha oshgan. Ikki yil ichida 45 foizlik o‘sish dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori bo‘lib, iqtisodiy integratsiyaning ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyo, ayniqsa O‘zbekiston, bu o‘sishga sezilarli hissa qo‘shmoqda. Turkiya TDTning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston eng dinamik rivojlanish sur’atlarini namoyon qilmoqda. 2024 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 foizga o‘sdi, joriy yilning birinchi choragida esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 foiz o‘sish qayd etildi. Xizmatlar sohasi 7 foizga, qurilish 10,7 foizga, sanoat 6,5 foizga oshdi.
Bu raqamlar O‘zbekistonning TDT doirasida iqtisodiy o‘sish lokomotivi sifatidagi rolini tasdiqlab, mamlakatning nafaqat o‘z yutuqlarini namoyish etayotganini, balki butun turkiy dunyo uchun strategik rivojlanish yo‘nalishini belgilab berayotganini ko‘rsatadi.
2025 yil 21 may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tgan TDTning norasmiy sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yagona Investitsiya portalini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur raqamli platforma ustuvor tarmoqlar, investitsiya loyihalari va sarmoya imkoniyatlari haqida ma’lumotlarni jamlaydi. Bu tizim ichki va xorijiy investorlar uchun shaffof va tushunarli sharoit yaratib, mintaqaning umumiy investitsion jozibadorligini oshiradi.
Investitsion integratsiyani rivojlantirish mavzusini davom ettirar ekan, davlat rahbari startaplar va yuqori texnologiyali loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma venchur kompaniya tashkil etishni keyingi bosqich sifatida taklif qildi. Bu tashabbus uzoq muddatli kapitalga kirish imkoni cheklangan Markaziy Osiyo davlatlari uchun dolzarbdir. Venchur mexanizmlar xavflarni bo‘lishish bilan birga innovatsion rivojlanishni rag‘batlantiradi — bu esa kelajak iqtisodiyotiga o‘tish uchun zarur shartdir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda TDT mamlakatlariga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 50 milliard dollarga yetdi, bu 2017 yilga nisbatan 66 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, qo‘shma korxonalar soni 53 mingdan 92 mingtagacha oshdi. Bu esa o‘zaro ishonch va iqtisodiy hamkorlikning mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda bu ijobiy tendensiyalar yanada yaqqol sezilmoqda: 2024 yil boshidan buyon TDT mamlakatlari kapitali ishtirokidagi 500 dan ortiq yangi korxona tashkil etildi. Bunday korxonalar umumiy soni 4 mingtadan oshib, bu respublikadagi barcha xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning qariyb 29 foizini tashkil etadi.
Investitsion kun tartibining mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqishni taklif qildi. Dastur kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sohalarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni ko‘zda tutadi. Bu tashabbus chegaralararo ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirib, xarajatlarni optimallashtirish va loyihalarni tezlashtirish imkonini beradi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bunday kooperatsion modellar ishlab chiqarishni tayyorlash muddatini 14–20 oyga qisqartiradi va xarajatlarni 70 foizgacha kamaytiradi. Bu nafaqat iqtisodiy foyda, balki ijtimoiy samara ham beradi — yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mintaqaning eksport salohiyati ortadi. Ayniqsa, farmatsevtika sohasida qo‘shma korxonalar nafaqat ichki ehtiyojni ta’minlashi, balki Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga chiqishi mumkin.
TDT mamlakatlari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish 2040 yilgacha bo‘lgan Turkiy dunyo taraqqiyot strategiyasida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bunda muhim vosita sifatida Turkiy savdo-sanoat palatasi faoliyat yuritib, tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Biroq zamonaviy infratuzilmasiz barqaror sanoat va savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish mumkin emas. Shu bois, Sharq–G‘arb va Shimol–Janub transport yo‘laklarini rivojlantirish TDT uchun strategik ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda. Shu bilan birga, ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etuvchi soddalashtirilgan bojxona tartiblarini joriy etish zarur.
Bu borada O‘zbekiston Prezidenti joriy yil noyabr oyida Toshkentda Turkiy davlatlarning multimodal transport va logistika bo‘yicha xalqaro forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu forum transport sohasida muvofiqlashtirilgan yondashuvlar ishlab chiqish va hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platformaga aylanadi.
Bu ayniqsa dolzarb, chunki TDT mamlakatlari o‘rtasidagi yuk tashish jarayonlari bugungi kunda mavjud yo‘laklarning ortiqcha yuklanishi, zamonaviy logistika markazlari va servis infratuzilmasi yetishmasligi kabi jiddiy muammolarga duch kelmoqda.
G‘arb ekspertlarining baholariga ko‘ra, bojxona rasmiylashtirish vaqtini atigi bir kunga qisqartirish savdo aylanmasini 3–5 foizga oshiradi. Shunday ekan, infratuzilmaga kiritilayotgan investitsiyalar nafaqat savdoni qo‘llab-quvvatlash, balki butun mintaqa iqtisodiyotini tezlashtirishning kalitidir.
O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan Savdoni kengaytirish bo‘yicha amaliy dastur qabul qilish tashabbusi ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uning amalga oshirilishi TDT ichida iqtisodiy faollikni sezilarli darajada kuchaytirib, davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni rag‘batlantiradi.
Bu dastur muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun zamonaviy raqamli vositalarni rivojlantirish muhim omil hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidentining “Turk-Trade” onlayn platformasini yaratish tashabbusi alohida ahamiyatga ega. Mazkur yagona raqamli tizim TDT ichidagi ishlab chiqaruvchilar, investorlar va xaridorlarni yagona ekotizimda birlashtirib, bitimlar tuzish, logistika jarayonini kuzatish va ma’lumot almashishni real vaqt rejimida ta’minlaydi.
Bu tizim ayniqsa kichik va o‘rta biznes (KOB) uchun muhimdir, chunki raqamli yechimlar orqali ular katta xarajatlarsiz yangi bozorlarga chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa raqobatbardoshlikni oshiradi va tadbirkorlik faolligini rag‘batlantiradi.
Umuman olganda, O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan takliflar TDTda institutsional transformatsiyaning yangi bosqichi uchun poydevor yaratmoqda. O‘zbekiston faqat faol ishtirokchi emas, balki tizimli o‘zgarishlar tashabbuskori sifatida yangi mintaqaviy hamkorlik me’morchiligini shakllantirmoqda.
Yangi kun tartibining asosiy ustunlari — raqamli iqtisodiyot, qo‘shma ishlab chiqarish, logistika modernizatsiyasi va investitsion hamkorlikdir. Bularning barchasi turkiy mamlakatlar uchun barqaror, raqobatbardosh va o‘zaro foydali o‘sishning mustahkam asosini yaratadi.
Bu tashabbuslarning dolzarbligi va ahamiyatini tasdiqlovchi muhim voqea sifatida 2025 yil oktyabr oyining boshida Bokuda bo‘lib o‘tadigan TDT sammiti e’tirof etiladi. Unda davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qiladi, O‘zbekiston esa raqamli iqtisodiyot, qo‘shma ishlab chiqarish va investitsion kooperatsiya sohalaridagi asosiy tashabbuslarini ilgari surish imkoniga ega bo‘ladi.
Shavkat Alimbekov,
Markaziy Osiyo Xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi