Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekistonning ODTdagi ustuvor yo‘nalishlari – turkiy davlatlarning barqaror rivojlanishini ta’minlash omili



Turkiy davlatlar tashkilotining (ODT) evolyutsiyasi xalqaro ekspertlar hamjamiyatining alohida e’tiborini tortmoqda, ayniqsa barqaror rivojlanish kontekstida. Ushbu yo‘ldagi muhim voqealardan biri O‘zbekistonning 2019 yilda tashkilotga qo‘shilishi bo‘ldi, bu esa turkiy davlatlarning birgalikdagi taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar shakllanishiga turtki berdi.

Dastlab 2009 yil 3 oktyabrda Turk tilli davlatlar hamkorlik kengashi sifatida tashkil etilgan ushbu tuzilma vaqt o‘tishi bilan sezilarli institutsional evolyutsiyani boshdan kechirdi. 2021 yil 12 noyabrda Istanbulda bo‘lib o‘tgan VIII sammitda u rasman Turkiy davlatlar tashkiloti deb qayta nomlandi. Ushbu qaror a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning chuqurlashuvi hamda turkiy makonda barqaror rivojlanish sohasidagi zamonaviy xatar va chaqiriqlarga nisbatan kollektiv yondashuv ishlab chiqishga bo‘lgan intilishni aks ettirdi. Shu nuqtadan boshlab O‘zbekiston sezilarli rol o‘ynay boshladi.

O‘zbekistonning ODT doirasidagi siyosati, avvalo, iqtisodiy sohada o‘z ifodasini topdi. Integratsiyaning chuqurlashuvi nafaqat o‘sib borayotgan ishonchning ko‘rsatkichi, balki barqarorlik va uzoq muddatli taraqqiyotni ta’minlash uchun amaliy asos bo‘ldi.

Bu ijobiy tendensiyalar aniq iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan tasdiqlanadi. 2024 yilga kelib, ODTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 45 milliard AQSh dollaridan oshdi, besh a’zo davlatning umumiy YAIMi esa 1,9 trillion dollarga yetdi. Bu esa iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikning ortib borayotganidan dalolat beradi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CEIR) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning ODT mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi 2016 yildagi 3,34 milliard dollardan 2023 yilda 9,4 milliard dollarga, 2024 yilda esa 10 milliard dollarga yetgan, bu esa yetti yil avvalgi ko‘rsatkichlardan qariyb uch baravar yuqori.

Iqtisodiy aloqalarning jadal o‘sishi ODT mamlakatlarining mintaqa barqarorligiga bo‘lgan o‘zaro manfaatini mustahkamlabgina qolmay, O‘zbekiston tashqi siyosatida faol ilgari surilayotgan xavfsizlikni ta’minlash masalalariga yangi yondashuv shakllanishi uchun ham mustahkam zamin yaratdi.



  ...