Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Oʻzbekiston Prezidenti dunyo mamlakatlarini oʻzaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklikka chaqirdi



Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida oʻz ishini boshlagan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga koʻra, sessiya raisi Annalena Berbok boshchiligida oʻtkazilayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a'zo davlatlar yetakchilari – Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Luis Inasiu Da Silva, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron hamda boshqa mamlakatlar rahbarlari qatnashmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida ishtirokchilarni BMT Bosh Assambleyasining yubiley anjumani – 80-sessiyasi bilan samimiy qutladi. Mazkur yigʻilish shiddat bilan oʻzgarayotgan murakkab global vaziyatda oʻtayotgani, bu esa Tashkilot faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashga chorlayotganini qayd etdi.

– Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning oʻrni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda, – dedi Oʻzbekiston rahbari.

Prezidentimiz Bosh kotib Antoniu Guterrishning eng ogʻir va oʻtkir global masalalarni murosa bilan hal etish uchun BMTni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan sa'y-harakatlarini yuksak baholadi. "BMT – 80" tashabbuslarini toʻliq qoʻllab-quvvatladi, mamlakatimiz Kelajak uchun paktga qat'iy sodiqligini tasdiqladi.

Oʻzbekiston yetakchisi zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirishga chaqirdi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistondagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar jarayoniga batafsil toʻxtaldi. Ta'kidlanganidek, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi Oʻzbekistonni barpo etish siyosati olib borilmoqda.

– Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir, – dedi Prezident.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishilgani ta'kidlandi. Bu, avvalo, ta'lim va ilm-fan sohasini oʻzgartirilayotgani, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etilayotgani, "yashil" energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilinayotgani, kichik biznes har tomonlama rivojlantirilayotgani va natijada millionlab ish oʻrinlari yaratilayotgani tufaylidir.

Mamlakatimizda maktabgacha ta'lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, oliy ta'lim bilan qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. Oʻqituvchi va ustozlik kasbining obroʻsi va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaralmoqda.

Pedagoglarning oʻzaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida Oʻzbekistonda Butunjahon professional ta'lim sammitini oʻtkazish taklif etildi.

Ilgʻor sogʻliqni saqlash tizimini yaratish xususida soʻz yuritar ekan, mamlakatimiz yetakchisi BMT bosh qarorgohida Oʻzbekiston tashabbusi bilan bolalar saratoni va boshqa ogʻir kasalliklarga qarshi kurashga bagʻishlangan yuqori darajadagi tadbir oʻtkazilishini aytdi.

Gender siyosatiga toʻxtalib, davlatimiz rahbari mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning roli bundan buyon ham mustahkamlanishini ta'kidladi. Shu ma'noda, keng mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam oʻtkazib borish muhimligi qayd etildi.

Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qat'iy intilishini tasdiqlab, Prezident Oʻzbekiston 2030-yilga borib "daromadi oʻrtadan yuqori" boʻlgan mamlakatlar qatoriga kirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyganini ta'kidladi.

Oʻzbekistonning tashqi siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlarga alohida e'tibor qaratildi. Prezidentimiz shunday dedi: "Bundan 8-yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat'iy qaror qilganimizni e'lon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta'kidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi".

Soʻnggi yillarda mintaqamizda oʻzaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha koʻpaygani ta'kidlandi. Qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil etilmoqda, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yoʻlida samarali mexanizmga aylandi.

– Shuni qat'iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. Mintaqamiz oʻzining hamjihatligi, barqarorligi, oʻziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida subyekt sifatida tobora mustahkam oʻrin egallamoqda, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari BMT tuzilmalari bilan mintaqada qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni, jumladan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazish, YUNIDO bilan sanoatda "yashil" texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, "yashil" makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish boʻyicha dasturlarni qabul qilishni taklif qildi.

Bundan tashqari, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.

Global va mintaqaviy xavfsizlik borasida fikr yuritar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻonistondagi vaziyatga toʻxtaldi. Afgʻon xalqining tinch va osuda hayotga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa'y-harakatlarini birlashtirishga chaqirib, bu davlatning yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik oʻta muhimligini alohida ta'kidladi.

Oʻzbekiston ushbu mamlakatda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchi ekani qayd etildi.

Prezidentimiz Afgʻoniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish boʻyicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Gʻazo sektoridagi tobora yomonlashib borayotgan gumanitar inqiroz haqida gapirar ekan, Prezidentimiz harbiy harakatlarni toʻxtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.

– Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, "ikki xalq uchun – ikki davlat" tamoyilini amalga oshirishning qat'iy tarafdorimiz, – dedi u yuksak minbardan turib.

Ukraina atrofidagi vaziyat ham barchamizni jiddiy tashvishga solayotganini qayd etib, Prezidentimiz bu muammoni diplomatik yoʻllar bilan hal etish boʻyicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishladi.

Xavfsizlik mavzusi davomida davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini bajarish boʻyicha samarali ishlarni qayd etdi. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari boʻyicha Mintaqaviy Kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish taklif etildi. Markaz muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish boʻyicha tajriba almashish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.

Prezidentimiz Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini Oʻzbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.

Mamlakatimiz yetakchisi bugungi tahdidlarga toʻla dunyoda global transport tizimining zaifligi dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlarning barqarorligiga salbiy ta'sir koʻrsatayotganini koʻrsatib oʻtdi.

Xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini ta'minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish maqsadida "Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun oʻzaro transport bogʻliqligini mustahkamlash" global mexanizmini joriy etishga chaqirdi.

Oʻzbekiston Prezidenti tobora oʻtkir tus olayotgan iqlim oʻzgarishi muammolariga ham alohida toʻxtaldi. Qayd etilganidek, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida boʻlishi lozim.

– Biz Orolboʻyi ekotizimini qayta tiklash boʻyicha ishlarni izchil davom ettiryapmiz. Soʻnggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda shoʻrga chidamli choʻl oʻsimliklari ekildi. 2030-yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi, – dedi davlat rahbari.

Suv resurslarining taqchilligi muammosiga toʻxtalar ekan, Prezidentimiz Oʻzbekistonda Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumini oʻtkazish rejalashtirilganini ta'kidladi. Mazkur anjuman yakunlari boʻyicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash va bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida "yoʻl xaritasi"ni qabul qilish moʻljallanmoqda.

Ekologik oʻzgarishlarning yana bir salbiy koʻrinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Prezidentimiz ushbu yoʻnalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmaganini qayd etdi. Shu munosabat bilan bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish boʻyicha Global pakt qabul qilishga chaqirdi.

Barchaning barqaror taraqqiyotini ta'minlash haqida soʻz yuritilar ekan, mamlakatlar oʻrtasida raqamli rivojlanish va sun'iy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish juda muhim ekaniga e'tibor qaratdi. Shu ma'noda, sogʻliqni saqlash, ta'lim va madaniyat sohalarida sun'iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini begʻaraz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish taklif etildi.

– Yana bir ustuvor masalaga alohida toʻxtalmoqchiman. Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi oʻsib kelayotgan yosh avlod qoʻlida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va doʻstlik, oʻzaro ishonch va hurmat kabi olijanob gʻoyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir, – dedi Prezidentimiz.

Shu munosabat bilan "Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati"ni ta'sis etish va uning qarorgohini Oʻzbekistonda joylashtirish taklifi ilgari surildi.

Prezidentimiz ta'kidlaganidek, Oʻzbekiston jamiyatda bagʻrikenglik siyosatini izchil amalga oshirar ekan, islom ma'rifati gʻoyalarini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib etish boʻyicha sa'y-harakatlarini faol davom ettiradi. Yaqin oylarda mintaqa uchun noyob boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi. Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma'naviy va ilmiy merosining alohida taqdimoti Birlashgan Millatlar Tashkilotida oʻtkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida Yangi Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan oʻzaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdori ekani, xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni roʻyobga chiqarish yoʻlida oʻz hissasini qoʻshishga doim tayyorligini ta'kidladi.



  ...