Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Yangi O‘zbekiston Mustaqillikning 34 yilligi arafasida



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz to‘rtinchi yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ushbu shonli sanani Yangi O‘zbekiston taraqqiyot darajasi va uning jahon maydonidagi nufuzi bilan uyg‘un ravishda yuksak saviyada nishonlash belgilangan.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy davlatchilik asoslari mustahkamlandi, suverenitet va chegaralarning daxlsizligi ta’minlandi. Tinchlik va osoyishtalik muhitini, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, qonun ustuvorligi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida katta ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayoni boshlangan qisqa davrda iqtisodiyot jadal o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 110 milliard dollardan oshdi. “Yashil” va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish, muqobil energiya manbalarini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli dastur va loyihalar mamlakatning raqobatbardoshligini ta’minlaydi, eng muhimi – fuqarolarimiz farovonligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Bugun dunyo hech qachongidan ham notinch. Savdo urushlari, qurolli to‘qnashuvlar jahon iqtisodiyoti barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shunday murakkab sharoitda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlarda demokratik yangilanish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimiz xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida mintaqaviy va global darajada faol, pragmatik tashqi siyosat yuritmoqda, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirmoqda.

Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi – an’anaviy hamkorlar bo‘lib, bu munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti nutqida so‘nggi yillarda chuqur tarixiy ildizlarga ega munosabatlarimiz zamonaviy sharoitda tez sur’atlarda rivojlanib, mustahkamlanayotganini alohida ta’kidladi. Jumladan, u shunday dedi:

“Biz geosiyosiy keskinlikning ortishi, xavfsizlik muammolari, yirik mintaqaviy mojarolar, barqaror rivojlanishga to‘sqinlik qilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy chaqiriqlarning guvohiga aylanmoqdamiz. Aniqki, hech bir mintaqa bunday murakkab masalalarni keng xalqaro hamkorliksiz mustaqil hal qila olmaydi. Shu bois ta’kidlashni istardimki, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi an’anaviy hamkorlar bo‘lib, yaqin hamkorlikka bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Biz Yevropa tomonining xalqaro huquq tamoyillari va normalariga sodiqligini qo‘llab-quvvatlaymiz.”

Yevropa Ittifoqi – dunyoda eng rivojlangan mintaqaviy integratsiya bloki. U 27 davlatni, jumladan, “Katta yettilik” a’zosi bo‘lgan Germaniya, Fransiya va Italiyani birlashtirgan. Bu hududda 500 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mintaqaning nominal YAIM hajmi 19 trillion yevrodan, sotib olish qobiliyati pariteti bo‘yicha esa 26 trillion yevrodan ortiq.

Dunyoning eng yirik eksport bozoriga ega Yevropa Ittifoqi o‘z mahsulotlarini jahon bo‘ylab ilgari surish va tashqi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga intiladi. Shu bois u Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlashga harakat qilmoqda.

2024 yilda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi 6,4 milliard dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 5,2 foiz ko‘p. Respublikada Yevropa kapitali ishtirokidagi mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, investitsion loyihalar hajmi esa 30 milliard yevroga yetgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizning Rossiya, Xitoy, AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Turkiya va yirik Osiyo davlatlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlandi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo respublikalari bilan barcha sohalarda o‘zaro do‘stlik, qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda ko‘p yutuqlar qo‘lga kiritildi.

O‘zbekiston BMT, SHHT, MDH, OTG va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida terrorizm va boshqa tahdidlarga qarshi kurashish, tinchlikni ta’minlash borasida amaliy hamkorlikni rivojlantirdi.

Mamlakatimiz Prezidentining BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirishi – tinchlik, birdamlikni targ‘ib etish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish hamda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi faol sa’y-harakatlari uchun – keng ko‘lamli islohot va tashabbuslarning mantiqiy natijasidir. Bu, shuningdek, BMT institutlari faoliyatiga mamlakatimiz tomonidan berilayotgan keng qamrovli qo‘llab-quvvatlashni ham ko‘rsatadi.

Shuningdek, respublika ichki siyosatidagi o‘zgarishlar dinamikasiga ham e’tibor qaratish lozim. 2025 yilning birinchi yarmi yakuniga qadar YAIM hajmi 6,7–6,8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,3 foizga, bozor xizmatlari 13,5 foizga, qishloq xo‘jaligi 4 foizga, qurilish ishlari esa 9,7 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Bozor xizmatlari hajmi 459,7 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,5 foizga o‘sdi. Ayni paytda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 23,2 foizga, moliyaviy xizmatlar 18,2 foizga, transport 13,6 foizga, savdo 9,2 foizga, ta’lim 9,1 foizga, mehmonxona va ovqatlanish xizmatlari 7,5 foizga ko‘payishi kutilmoqda. Savdo va pullik xizmatlardan tushum esa 25,9 foizga oshdi.

Yilning birinchi yarmida eksport hajmi 16,9 milliard dollarni tashkil etdi. Tovar va xizmatlar (maxsus eksportdan tashqari) eksporti 23 foizga o‘sishi, ya’ni 10,4 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda.

Umuman olganda, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatidagi tub o‘zgarishlar eksport rivojida ham o‘z aksini topmoqda. Buni yuqorida qayd etilganidek, birinchi yarmida eksport hajmi qariyb 17 milliard dollarga yetib, 33 foizga o‘sgani tasdiqlaydi. Bu izchil va oqilona iqtisodiy siyosatning samarali natijasidir.

Mamlakatda eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni shakllantirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Bu yo‘nalishda bir qator tizimli choralar amalga oshirildi, jumladan eksport tartib-taomillarini soddalashtirish, elektron platforma orqali eksport qilish imkoniyati, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlari, shuningdek yangi eksport bozorlarini o‘zlashtirish bo‘yicha keng siyosiy-diplomatik faoliyat olib borildi.

Natijada joriy yilning dastlabki olti oyida eksport faoliyatiga 1557 ta yangi korxona jalb etilib, ular 650 million dollarlik mahsulotni eksport qildi. Bu O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitining tubdan yaxshilanganidan dalolat beradi. Bizning maqsadimiz ulkan, erishilgan yutuqlar esa ruhlantiruvchi bo‘lib, ularga erishish uchun bor kuchimizni safarbar qilmoqdamiz.

Eksportning barqaror o‘sishiga qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, sanoatni mahalliylashtirish, qurilish materiallari klasterini shakllantirish, turizm va axborot texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, meva-sabzavot eksporti 243 million dollarni tashkil etib, 140 foizga o‘sdi. Zargarlik buyumlari eksporti 4,6 barobar oshib, 170 million dollarga yetdi. Axborot xizmatlari hajmi 219 million dollarga chiqib, 193 foizga oshdi, turizm eksporti esa 705 million dollarga yetib, 154 foizga ko‘paydi.

Eksport hajmining hududiy kesimda ham yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida 493 million dollar (131 foiz), Samarqandda 138 foiz, Surxondaryoda 162 foiz, Farg‘ona, Xorazm, Navoiy viloyatlarida 100 foizdan ortiq o‘sish qayd etildi. Bu esa mahalliy hokimiyatlarga keng vakolatlar berish, hududiy loyihalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va eksport infratuzilmasini yaratish siyosatining samaradoridan dalolat beradi.

Bunday yirik natijalar milliy mustaqillikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Chunki bugun respublikada tarixiy yangilanish jarayonlari, Yangi O‘zbekistonni barpo etish islohotlari yurtimiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, fuqarolarimiz farovonligini oshirish, ularning imkoniyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda xalqimizning ertaga emas, bugun rozi bo‘lishi uchun yo‘naltirilmoqda.

Barchasi – Vatan, millat va xalq nomidan.

Jamila Bobonazarova
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi
“Dunyo” axborot agentligi



  ...