Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Markaziy Osiyo geografiyani qanday qilib kuchga aylantiradi



Markaziy Osiyo geografik jihatdan dengiz chegaralariga ega emas, va uning markazida joylashgan O‘zbekiston dunyodagi faqat ikkita mamlakatdan biri bo‘lib, dengizga chiqish uchun kamida ikki boshqa davlat hududidan o‘tishga majbur.
Buyuk Ipak yo‘li davrida savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan O‘zbekiston bugun Xitoy va Janubiy Yevropa, shuningdek, Hind yarimoroli, MDH davlatlari va Shimoliy Yevropa o‘rtasidagi yuk oqimlari uchun muhim logistika markaziga aylanish imkoniyatiga ega.

Mahalliy mahsulotlarni global bozorlarda raqobatbardosh narxlarda sotish uchun Xitoy, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq, Hindiston va Pokiston kabi mamlakatlarga qo‘shimcha eksport yo‘llarini rivojlantirish zarur. Buning uchun O‘zbekiston hududi orqali o‘tuvchi raqobatbardosh va samarali transport-tranzit yo‘laklari kerak.

O‘z navbatida, keng transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik, dengizga chiqish imkoniyati yo‘q mamlakatlarning tranzit salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqaradi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib global yuk tashish talabi uch baravarga oshadi. Bu esa, geografik jihatdan cheklangan mamlakatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqiriqdir.

Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar global eksportning atigi 1 foizidan kamini tashkil qiladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari eksporti tarkibida transport xizmatlari ulushi esa quyidagicha: O‘zbekiston – 0,1%, Qozog‘iston – 0,3%, Tojikiston – 0,007%, Qirg‘iziston – 0,03%.

O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi xalqaro transport yo‘llari soni cheklangan. Asosiy tranzit sheriklari Afg‘oniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Markaziy Osiyo uchun muhim hamkor sanaluvchi Rossiyadir.

Transport izolyatsiyasi, yo‘llarning yetarlicha diversifikatsiya qilinmaganligi va eksport asosan shimoliy yo‘nalishga bog‘lanib qolganligi sababli, mamlakat ichki mahsulotlarini past narxlarda faqat qo‘shni davlatlarga sotishga majbur bo‘lmoqda, bu esa foyda yo‘qotishlariga olib kelmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy o‘sishining oldini olayotgan asosiy omillardan biri – bu transport izolyatsiyasidir. Mintaqadagi yuk tashish xarajatlari mahsulotning yakuniy narxining 60% gacha qismini tashkil qiladi. Bu esa global o‘rtacha ko‘rsatkichdan (11%) deyarli 5 baravar yuqori.

Ammo, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining kompleks va strategik asoslangan tashqi savdo-logistika siyosati natijasida, transport yo‘llarini optimallashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va logistika jarayonlarini yaxshilash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Temir yo‘l va avtomobil transportida zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi, xalqaro transport hamkorlari bilan faol aloqalar, yuk egalariga qulay sharoitlar yaratish – bularning barchasi yuk tashish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika rivojlanish masalalarini o‘rganish markazi mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda import bo‘yicha transport xarajatlari mahsulot qiymatining o‘rtacha 11 foizini (2022 yilda 17%, 2023 yilda 14%) va eksport bo‘yicha 3 foizini (2022 yilda 6%, 2023 yilda 4%) tashkil etgan.

Bundan tashqari, xalqaro vaziyatning keskin o‘zgarishi va geosiyosiy tangliklarning ortishi, xalqaro transport yo‘llarini diversifikatsiya qilish va yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlarning oldini olish uchun kuchlarni birlashtirishni talab etadi.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, O‘zbekiston so‘nggi yillarda mintaqadagi istiqbolli multimodal transport yo‘laklarini yaratish va mavjudlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rmoqda. Jumladan, “Xitoy – Markaziy Osiyo – Kavkaz – Yevropa”, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” hamda “MDH davlatlari – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” yo‘nalishlari orqali Hind okeaniga chiqish yo‘llarini ochmoqda. Bu esa mintaqaning logistika salohiyatini mustahkamlab, Yevropa, Kavkaz va Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalarini kengaytiradi.

Bugungi kunda qo‘shni davlatlar O‘zbekistonning transport va tranzit loyihalarini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Ushbu loyihalar Markaziy Osiyoni Sharq–G‘arb va Shimol–Janub yo‘nalishidagi xalqaro tranzit markaziga aylantirishga xizmat qiladi.

Masalan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temiryo‘llarining qurilishi Hind okeani portlariga eng qisqa yo‘llarni ochadi va Janubiy Osiyo davlatlarini Markaziy Osiyo, Xitoy va Yevropa bozorlariga bog‘laydi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharq davlatlariga eng qisqa yo‘l bo‘lib xizmat qiladi. Masofa 1000 kilometrga qisqaradi, yuklarni yetkazish muddati esa 10 kunga tushadi.

“Uzbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temiryo‘li esa transregional hamkorlikning yana bir muhim loyihasidir. U Janubiy Osiyo temiryo‘l tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo tizimi bilan bog‘laydi va yangi savdo-iqtisodiy paradigmaga asos soladi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish xarajatlari 3 baravarga, yetkazish muddati esa 5 kunga qisqaradi.

Bu loyihani faqat iqtisodiy emas, balki Afg‘onistonda tinchlik va taraqqiyotga erishish yo‘lidagi harakatlarning bir qismi sifatida ham ko‘rish kerak. Afg‘onistonni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik sifatida mustahkamlash orqali biz nafaqat transport-kommunikatsiya muammolarini hal qilamiz, balki mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka ham katta hissa qo‘shamiz.

Shubhasiz, Afg‘oniston orqali o‘tuvchi yo‘lak Markaziy Osiyo, MDH va Janubiy hamda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarini o‘zaro bog‘lab, aholisi 1,5 milliarddan ortiq bo‘lgan yangi bozor va imkoniyatlarni ochadi.

Ammo turli yo‘lak variantlarining samarali ishlashiga bir xil yuk tashish qoidalarining, yagona transport hujjatlari standartlarining va global masofaviy xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan raqamli platformalarning mavjud emasligi to‘sqinlik qilmoqda. Bu holatlar Osiyo davlatlarining integratsiyasiga, xususan Markaziy va Janubiy Osiyo yo‘nalishidagi rivojlanishiga hamda Osiyo-Yevropa aloqalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Infratuzilmani yaratish bilan birga, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish va chegaralardan o‘tish jarayonlarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish zarur. Bu esa mintaqaviy transport integratsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Elektron axborot almashinuviga o‘tish, ayniqsa, dengizga chiqish imkoniyati yo‘q davlatlar uchun muhim ahamiyatga ega, chunki bu yer orqali quruqlik yo‘llari rivojlanib, global bozor va dengiz portlariga kirish yaxshilanadi.

Shu nuqtai nazardan, ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 2012 yildan beri xalqaro avtomobil tashuvlarida TIR tizimini raqamlashtirish ustida izchil ish olib bormoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib TIR-EPD, Real-Time SafeTIR va AskTIRweb texnologiyalarini joriy etdi va dunyodagi ilk davlatlardan biri sifatida elektron kafolat texnologiyasini sinovdan o‘tkaza boshladi.

2022 yil dekabr oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida TIR Konvensiyasining 11-ilovasiga to‘liq muvofiq holda e-TIR tizimidan foydalangan holda ilk tashuv amalga oshirildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ham raqamli TIR loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Tez orada bu tizim Turkmaniston bilan ham joriy etilishi rejalashtirilgan.

2021 yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida E-PERMIT raqamli platformasi asosida ruxsatnomalarni elektron almashish loyihasi ishga tushirildi. Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston Turkiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan to‘liq raqamli almashuvga o‘tdi va boshqa davlatlar bilan ham bu tizimni joriy qilishni boshladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida katta yutuqlarga erishdi. Endilikda yangi, yanada ulug‘vor maqsadlarni belgilash mumkin – mintaqaviy aloqalarni chuqurlashtirish. Bunga misol, 2023 yil noyabr oyida Toshkentda O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya transport vazirliklari o‘rtasida imzolangan ko‘p tomonlama Protokol bo‘lib, u “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” yo‘nalishida Osiyo-Yevropa multimodal yo‘lagini tashkil etishga qaratilgan.

Shuningdek, Turkmaniston va O‘zbekiston “Osiyo-Tinch okeani – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Yevropa” yo‘nalishidagi xalqaro multimodal marshrut va Turkmanboshi portining salohiyatidan to‘liq foydalanishga intilmoqda. Bu esa, tegishli temir yo‘l boshqaruvlari rahbarlari tomonidan imzolangan Protokolda mustahkamlangan.

2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning Kaspiy dengizi orqali (Turkiya, Yevropa, Janubiy Amerika, Afrika va boshqa hududlar yo‘nalishida) amalga oshirgan eksport-import yuk tashish hajmi qariyb 500 ming tonnani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga ko‘pdir. Bu hajmning 84 foizi Turkmaniston hududi orqali, 16 foizi esa Qozog‘iston yo‘nalishi orqali o‘tdi.

Bu esa, Turkmaniston orqali o‘tuvchi tranzit yo‘nalishining barqaror va samarali logistika aloqalarini ta’minlashdagi muhimligini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda global geosiyosiy beqarorlik, savdo va logistika zanjirlaridagi uzilishlar hamda oziq-ovqat xavfsizligi muammolarining keskinlashuvi fonida transport vositasining strategik roli yana-da ortmoqda.

Bunday sharoitda, yangi hamkorlik yo‘nalishlari va mexanizmlarini izlash, o‘zaro manfaatli umumiy maqsadlarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan, biz dengizga chiqish imkoniyati yo‘q davlatlarning transport salohiyatini rivojlantirish uchun quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish zarur, deb hisoblaymiz:

Birinchidan, “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘l loyihasini tez fursatda amalga oshirish. Bu loyiha MDH mamlakatlari temiryo‘l infratuzilmasini Janubiy Osiyo (Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh) bilan birlashtirib, “Shimol–Janub” yo‘nalishidagi yuk oqimlarini qo‘shimcha xarajatlarsiz tez yetkazishga imkon yaratadi.

Ikkinchidan, xalqaro yuk tashishda yagona raqamli hujjat standartlarini ishlab chiqish, transchegaraviy raqamli yo‘laklarni qo‘llab-quvvatlash va global yetkazib berish zanjirlarining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan BMTning yangi “raqamli transport” kun tartibini shakllantirish.

Uchinchidan, 2025 yil 14 iyulda yakunlangan BMT Konvensiyasi loyihasiga dengizga chiqish imkoniyati yo‘q davlatlarning jalb etilishini ta’minlash. Bu konvensiya barcha transport turlarida (havo, avtomobil, temiryo‘l, dengiz) foydalaniladigan yuk tashish hujjatlari uchun yagona huquqiy asos yaratadi va xalqaro savdoda huquqiy bo‘shliqni bartaraf etadi.

To‘rtinchidan, konteynerlash tizimini joriy etish transport xarajatlarini kamaytirish, yetkazib berish muddatini qisqartirish, global bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish va xalqaro zanjirlarga integratsiyani tezlashtirishga xizmat qiladi.

Jahon bankining 2023 yilgi Logistika samaradorligi indeksiga (LPI) ko‘ra, eksportchi mamlakat portiga kelganidan importchi mamlakat portidan chiqquniga qadar o‘rtacha yetkazish muddati 44 kunni tashkil etadi. Bu xalqaro savdoda jami vaqtning 60 foizini egallaydi. Konteynerlash va raqamli texnologiyalar portlardagi kechikishlarni 70 foizgacha kamaytiradi.

Beshinchidan, ta’lim va bilim almashinuvini rivojlantirish har qanday mamlakat taraqqiyotining asosiy resursidir. Shu boisdan, logistika raqamlashtirish va xalqaro savdo sohasida ilg‘or tajriba va bilim almashinuvi maydonchasini yaratish zarur.


Dildora Ibragimova
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika rivojlanishini o‘rganish markazi bo‘lim boshlig‘i

Manba: Dunyo IA



  ...