Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Yangi O‘zbekistonning raqamli savdo va elektron logistika tizimi: Dengizga chiqish imkoniyati yo‘q mamlakatlarning yangi iqtisodiy imkoniyatlari



Raqamli O‘zbekistonning buguni

Ma’lumki, iqtisodiy va texnologik taraqqiyotning yangi bosqichi sifatida namoyon bo‘layotgan raqamli inqilob yer yuzida insoniyat hayotini butkul o‘zgartirib, keng imkoniyatlar yaratish bilan birga, xalqaro raqobat maydonining yanada keskinlashuv davrini boshlab berdi. Bu borada, so‘nggi yillarda milliy iqtisodiyotimizni tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va davlat boshqaruvi tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 2018 yil 3 iyuldagi PQ-3832-sonli qarori qabul qilinishi mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi eng muhim vazifalar belgilab berildi. Xususan,

- investitsiyaviy va tadbirkorlik faoliyatini turli shakllarni diversifikatsiya qilish uchun kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni, jumladan mayning, smart-kontrakt, konsalting, emissiya, ayirboshlash, saqlash, taqsimlash, boshqarish, sug‘urtalash, kraud-fanding (jamoaviy moliyalashtirish) texnologiyalarini joriy etish;

- blokcheyn texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi tushunadigan, amaliy ish ko‘nikmalariga ega malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, yuqori malakali xorijlik mutaxassislarni jalb qilish;

- kripto-aktivlar bo‘yicha faoliyat va "blokcheyn" texnologiyalari sohasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda zarur huquqiy bazani yaratish;

- raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va yechimlarni joriy etish sohasida davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining yaqin hamkorligini ta’minlash maqsadlari ilgari surildi.

Chunonchi, mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini joriy etish raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, uning asosiy maqsadi ma’muriy tartib va taomillardan o‘tishni soddalashtirish, aholi turmush sifatini oshirish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan.

Bugun yurtimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va tashqi savdo aloqalarini kengaytirish davlatning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Biroq, barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi bois, geografik cheklovlar yuzaga kelib, xalqaro savdo va logistikada muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi. Bunday sharoitda, 2025 yil 23 iyun kuni mamlakat yetakchisi tomonidan tashqi savdo va transport-logistika sohalarida o‘tkazilgan yig‘ilish, mintaqadagi keskin geosiyosiy vaziyat fonida, ushbu muammoga kompleks va innovatsion yechimlar topish zaruriyatini yanada dolzarblashtirdi.

Global chaqiriq va milliy imkoniyatlar

Yaqin Sharqda keskinlashgan vaziyatda global savdo yo‘llariga, shu jumladan, O‘zbekistonning jahon bozorlariga chiqish yo‘llariga salbiy ta’sir etishi tabiiy. Davlat rahbari tomonidan qayd etilganidek, bu kabi vaziyatlar transport xarajatlarining 30 foizgacha oshishiga olib kelishi mumkin. Bu esa eksportchi korxonalar uchun jiddiy muammo, chunki ularning raqobatbardoshligiga putur yetkazadi. Shu bois, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yuklarni boshqa xavfsiz portlarga ko‘chirish va muqobil yo‘llarni kelishish kabi choralarning ahamiyati yuqori. Bu jarayonda elektron logistika vositalaridan foydalanish nafaqat xarajatlarni optimallashtirish, balki yangi bozorlarga tez va samarali kirish imkoniyatini ham yaratadi.

Elektron logistika: Transport-logistika sohasidagi inqilob

Elektron logistika (e-logistics) – bu tovarlarning harakatlanishini boshqarish, kuzatish va optimallashtirish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanish jarayonidir. Bu o‘z ichiga raqamli hujjatlar aylanishi, yuklarning joylashgan o‘rnini aniqlash, ularning harakatini kuzatish, yetkazish, ma’lumotlarni tahlil qilish va prognozlash (Big Data) asosida optimal marshrutlarni aniqlash, xavflarni kamaytirish, ta’minot zanjiridagi har bir qadamni shaffof va o‘zgarmas tarzda qayd etish, avtomatlashtirish kabi jarayonlarni o‘z ichiga qamrab oladi. O‘zbekiston sharoitida elektron logistika dengizga chiqish imkoniyati yo‘q mamlakatning geografik chegaralarini “kengaytirish” uchun muhim ahamiyatga ega. Bu, birinchidan, transchegaraviy savdoda ma’lumot almashinuvi tezligini oshirib, bojxona rasmiylashtiruvi va tranzit jarayonlarini tezlashtiradi. Ikkinchidan, tashish xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi, chunki optimallashtirilgan marshrutlar va kamroq byurokratiya resurslarni tejaydi. Uchinchidan, global ta’minot zanjiriga integratsiyalashuvni osonlashtiradi, bu esa O‘zbekiston mahsulotlarining xalqaro bozorlarga kirib borishini rag‘batlantiradi

Tizimda yangi strategiya

Prezident yig‘ilishida berilgan topshiriqlar, xususan, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarga qo‘shimcha bozorlar topish va ishlab chiqarishni izchil davom ettirish vazifalari ijrosi elektron logistikani keng joriy etishda yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratadi. Bunda quyidagi maqsadli qo‘llab-quvvatlashlar - hukumat eksportchi korxonalar uchun elektron logistika platformalariga kirishni osonlashtirishi, ularni moliyaviy va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashi, masalan, raqamli platformalar uchun subsidiyalar, elektron hujjatlar tizimlarini joriy etishda texnik yordam berish kabi choralar orqali amalga oshirilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish - qo‘shni va hamkor davlatlar bilan raqamli logistika koridorlarini yaratish, elektron axborot almashinuvi bo‘yicha kelishuvlarga erishish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Sababi aniq – “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Markaziy Osiyo va Xitoy-Yevropa yo‘nalishlarida elektron logistika tizimlarini rivojlantirish O‘zbekistonga katta foyda keltiradi.

Infratuzilmani rivojlantirishda temir yo‘l, avtomobil yo‘llari va aviatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bilan birga, ularni raqamli texnologiyalar bilan integratsiyalash dolzarb masala. Chunki “Aqlli omborlar” va avtomatik saralash tizimlarini joriy etish logistik samaradorlikni oshiradi. Soha taraqqiyoti uchun esa birinchi navbatda kadrlar salohiyatini oshirish suv va xavodek zarur. Shuning uchun elektron logistika tizimlari bilan ishlay oladigan mutaxassislarni tayyorlash, oliy ta’lim muassasalarida va kasb-hunar kollejlarida bu yo‘nalishdagi dasturlarni kuchaytirish ehtiyoji yuzaga keldi.

Yangi davr sari qat’iy qadamlar

So‘ngi davr mobaynida O‘zbekiston dunyodagi raqamlashuv jarayonlarini jiddiy qabul qilgan holda, elektron iqtisodiyotni joriy qilishda jadal qadamlar tashlayapti. Xususan, elektron savdo (e-commerce) va elektron logistika (e-logistics) sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat mamlakat ichidagi biznes muhitini yaxshilamoqda, balki O‘zbekistonni mintaqa va jahon bozorlariga yanada yaqinlashtirmoqda.

2021–2025 yillar O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot uchun tamal toshini qo‘ydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu davr mobaynida “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, 2025 yildan e’tiboran esa e-tijorat operatorlari uchun yangi qoidalar kuchga kirdi. Hukumatning

2024 yil 28 dekabrda qabul qilgan 885-sonli qarori asosida, har qanday elektron savdo faoliyati yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan kompaniya tomonidan amalga oshirilishi shart qilindi. Bundan buyon elektron savdo operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi, ular uchun alohida bank hisob raqamlari ochiladi, soliq va reklama qoidalariga qat’iy rioya etish talab qilinadi. Ayniqsa, elektron to‘lov tizimlarini jadal integratsiya qilish, davlat organlari bilan ma’lumot almashish jarayonlarining avtomatlashtirilishi savdo aylanmasi ochiqligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

Elektron logistika – raqamli yo‘llar va yuklar

Yuk tashish va logistika sohasi ham raqamlashuvdan chetda qolmadi.

2025 yil boshida O‘zbekistonda “e-Logistika” platformasi ishga tushirildi. Ushbu platforma yuk tashish, marshrut kuzatuvi, xizmatlar tanlovi va tariflarni elektron tarzda boshqarish imkonini bermoqda. Bu nafaqat logistika kompaniyalari, balki eksportyorlar, fermerlar va kichik tadbirkorlar uchun ham katta yengillik yaratdi.

Bojxona tizimidagi raqamli islohotlar ham o‘z samarasini bermoqda: eksport rasmiylashtirish 20 daqiqagacha qisqartirildi, import bojxonasidagi operatsiyalar esa 3 soatda yakunlanmoqda. Bu orqali mamlakatda tashqi savdo hajmi 8 barobarga oshdi, 2024 yil yakunida bojxona daromadlari 63 trillion so‘mga yetib, tarixiy rekordni qayd etdi.

Infratuzilma islohotlari – O‘zbekiston tranzit markazga aylanmoqda

O‘zbekistonning logistika sohasidagi bosh maqsadi — o‘zini mintaqaviy transport uzeli sifatida shakllantirish. Bu maqsadda Qozog‘iston orqali Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasiga start berildi. Shuningdek, O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlangan. Bu temir yo‘llar Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkonini kengaytiradi.

Transport va logistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya qabul qilindi. Unda raqamlashuv, eksport infratuzilmasi, multimodal logistika markazlari va sun’iy intellekt (AI) asosida bojxona nazorati kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Islohotlar samarasi – dunyoga ochilayotgan darvoza

Elektron tijorat va logistika sohalaridagi islohotlar O‘zbekistonni raqobatbardosh raqamli bozorga aylantirish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Milliy kompaniyalar endilikda nafaqat mahalliy bozorda, balki xalqaro maydonda ham raqobat qila oladi. Tashqi savdo tezligi, ochiqligi va avtomatlashuv darajasi bundan keyin ham yuqori sur’atda o‘sishi kutilayapti.

Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish maqsadida bundan besh yil avval Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida 2020 yilni “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi tom ma’noda O‘zbekiston hayotida global taraqqiyotga hamohang ravishda tarixiy burilish davri boshlanganini tasdiqladi. Albatta, jahon iqtisodiyotining globallashuvi va texnologik rivojlanish sharoitida O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini raqamli iqtisodiyotsiz tasavvur qilish qiyin.

Mamlakatning elektron iqtisodiyot sohasidagi bu qadamlari shunchaki texnologik yangilanish emas — bu yangi fikrlash, yangi ish yuritish uslubi, yangi O‘zbekistondir.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Muhtaram Prezidentimizning

23 iyun kungi yig‘ilishi mohiyatan O‘zbekistonning tashqi savdo va logistika sohasidagi muhim vaziyatga tezkor va aniq javob berishga qaratilganligini ko‘rsatdi. Dengizga chiqish imkoniyati yo‘q mamlakat sifatida O‘zbekiston uchun elektron logistika nafaqat geografik cheklovlarni yengib o‘tish, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochish uchun strategik ahamiyatga ega. Raqamli texnologiyalarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish orqali Yangi O‘zbekiston global ta’minot zanjirining muhim va ishonchli bo‘g‘iniga aylanish, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va xalqining farovonligini oshirish yo‘lida muhim qadam tashlaydi.

“Dunyo” AA



  ...