O‘zbekistonda fuqarolarning farovonligini oshirish va ijtimoiy xizmatlar samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonning muhim yo‘nalishlaridan biri – ijtimoiy siyosatni har tomonlama va sifatli modernizatsiya qilishga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” rivojlanish strategiyasidir.
So‘nggi yillarda mamlakatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari – kam ta’minlangan oilalar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, zo‘ravonlik qurbonlari, inqiroz holatiga tushgan ayollar va ota-onasiz qolgan bolalar bilan ishlashda innovatsion yondashuvlar joriy etilmoqda.
Islohotlar qonunchilik darajasida hamda aniq dastur va loyihalar orqali amalga oshirilmoqda. 2023 yilda Prezident huzurida tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) ijtimoiy siyosatni yangi avlod tamoyillari asosida muvofiqlashtiruvchi, mintaqada yagona bo‘lgan vazirlik darajasidagi konsolidatsiyalashgan organ hisoblanadi.
Qo‘shni davlatlardan farqli ravishda, u yerdagi ijtimoiy vazifalar bir nechta idoralar o‘rtasida taqsimlangan bo‘lsa, O‘zbekiston barcha ijtimoiy himoya elementlarini raqamlashtirilgan yagona tizimga birlashtirdi va bu tizim IHMA tomonidan boshqariladi. Bu esa harakatlarning uyg‘unligini, tezkorligini, hisobdorligini oshirib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari yashash sharoitini real ravishda yaxshilashga imkon berdi.
O‘zbekiston 2021 yilda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar joriy qilingan. Ko‘plab muassasalar, ko‘chalar va to‘xtash joylari bosqichma-bosqich nogironlar uchun moslashtirilmoqda.
Islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri – “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tarmog‘ini rivojlantirishdir. Hozirgi kunda bunday markazlar mamlakatning 208 ta tuman va shaharlarida faoliyat yuritmoqda. “Yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydigan bu markazlar 100 dan ortiq ijtimoiy yordam turlarini, jumladan psixologik va yuridik maslahatlar, oziq-ovqat yordami va nogironlar, keksalar hamda kam ta’minlanganlar kabi 12 toifa fuqarolar uchun xizmatlar ko‘rsatmoqda.
Markazlar to‘liq raqamlashtirilgan, davlat tizimlari bilan integratsiyalashgan va individual yondashuv asosida faoliyat yuritadi. Har bir fuqaroning ehtiyojlari baholanib, shaxsiy yordam rejasi tuziladi va ijtimoiy moslashuvning barcha bosqichlarida hamrohlik qilinadi.
Har bir mahallada ijtimoiy xodimlar ishlaydi, ular “viloyat – tuman – mahalla” prinsipi asosida ehtiyojmand oilalar soniga qarab taqsimlangan.
2025 yilning II choragida “Inson” markazlariga 1 million 787 ming ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 1 million 204 mingtasi ko‘rib chiqilgan, 496,2 mingtasi ko‘rib chiqilmoqda.
Eng talab yuqori xizmatlar – gaz va elektr energiyasi xarajatlarini qoplash, bolalar nafaqasi, kam ta’minlangan oilalarga yordam hamda keksalar va nogironlar uchun sanatoriy-kurort muolajalari hisoblanadi.
2024 yil 23 sentabrda Prezident farmoni bilan qabul qilingan “Qashshoqlikdan farovonlik sari” dasturida ijtimoiy yetimlikning oldini olish va ota-onasiz qolgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish vazifalari belgilanadi. Dastur oilaviy muhitga eng yaqin sharoitlar yaratish va har bir bolaga individual yondashuvni ta’minlashga yo‘naltirilgan. Shunga muvofiq, bu toifadagi bolalarni oilaga tarbiyaga berish, ularni ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash choralar ishlab chiqilgan. Bunda asosiy shakllar – vasiylik, homiylik va farzandlikka olish bo‘lib, muassasaga joylashtirish eng oxirgi chora sifatida ko‘riladi.
Krizis holatiga tushgan bolalar doimiy tarbiyasi ta’minlanguncha “Inson” markazlari qoshidagi oilaviy bolalar uylariga vaqtincha joylashtiriladi. Har bir bola uchun alohida rivojlanish rejasi tuziladi. “Ijtimoiy himoya” tizimi orqali ota-onasiz qolgan bolalar va ularni tarbiyaga olish istagini bildirgan oilalar hisobga olinadi.
Shunday qilib, “Inson” markazlari bolalarning qonuniy vakillari sifatida ularning manfaatlarini himoya qiladi, hayot sharoitlari, yordam mablag‘larining maqsadli sarflanishi va vasiylar majburiyatlariga rioya etilishini nazorat qiladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Inson” markaziga tashrifi chog‘ida shunday degan edi: “Bu joy – insonning g‘ami bilan yashaydigan, odamlar rozi bo‘lishi uchun harakat qilinadigan maskan. Ana shunday tizim orqali jamiyatimizda ijtimoiy adolat va insoniy qadr-qimmat qaror topmoqda”.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosida “Imkoniyatlar olami” nomli maxsus markaz tashkil etilib, bu yerda tug‘ilganidan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga xizmatlar ko‘rsatiladi. Ilgari bunday bolalar faqat 3 yoshdan keyin maxsus muassasalarga qabul qilingan. Endilikda esa homiladorlik paytida nogironlik xavfi aniqlansa, bo‘lajak onalar bu yerda maslahat va yordam olishi mumkin. Shuningdek, psixologik yordam ham ko‘rsatiladi.
2025 yil 1 martdan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bu xizmat doirasida ijtimoiy, reabilitatsion, pedagogik va boshqa zarur yordamlar ko‘rsatiladi. Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligi tashabbusi bolalarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashadi hamda ilgari to‘liq bolaning parvarishiga band bo‘lgan ota-onalarga ishga qaytish imkonini beradi.
Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi “Wunderkind” xususiy bolalar bog‘chasi ham ushbu sheriklik asosida nogiron bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
Yana bir loyiha – Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Kichik hajmli bolalar uyi” №1. Hozir bu yerda 9 bola istiqomat qilmoqda. Ulardan 7 nafari turli tibbiy tashxislarga ega (Daun sindromi, displaziya, yurak nuqsonlari), 2 nafari esa sog‘lom. Ular individual tarzda ta’lim oladi: 3 nafari maxsus bolalar bog‘chasiga, 3 nafari oddiy bog‘chaga boradi, qolganlari esa uy sharoitida tarbiyalanadi.
Ushbu muassasada bolalarga mehr, individual yondashuv va oilaviy muhit yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. Tarbiyachilar har bir bolaning qiziqish va qobiliyatiga mos reja asosida ishlaydi. “Bolalar o‘zlari tushlik va kechki ovqatda nima yeyishni tanlaydi, ba’zida oshpazlarga yordam ham berishadi – bu esa ularda mas’uliyat va mustaqillik hissini rivojlantiradi”, – deydi tarbiyachilardan biri.
Bugungi kunda O‘zbekistonda bunday kichik bolalar uylarining soni 9 taga yetgan – ulardan 5 tasi Toshkentda, 2 tadan Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida joylashgan.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Beg‘araz parvarishga muhtoj bo‘lgan shaxslarga voucher asosida yangi ijtimoiy xizmatlarni joriy etish choralari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Faol hayotga qadam” dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur doirasida doimiy parvarishga muhtoj yoki nogironligi bo‘lgan kattalar bepul ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega. Xizmatlar tarkibiga uyda parvarish, gigiyena, oziqlantirish, psixologik yordam kiradi.
Dastur amaliy misollaridan biri – Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Nodirabegim” mahallasida tashkil etilgan markaz. U 9 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 7 fuqaroga xizmat ko‘rsatmoqda. Bu yerda katta tajribaga ega 5 nafar mutaxassis ishlamoqda.
“Wunderkind” maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Iroda Hamidova shunday deydi:
— Bizning maktabimiz qoshida ochilgan, 9 nafar bola uchun mo‘ljallangan nogiron bolalar uchun maxsus markazda hozirda 7 nafar bola bor. Ular bilan 2 nafar tarbiyachi va 1 yordamchi ishlaydi. Psixologik xizmat faoliyat yuritadi. Markaz haftasiga 5 kun, kuniga 9 soat ishlaydi.
Tarbiyachilar bolalarning asosiy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun bor kuchlarini sarflaydi. Masalan, bola qoshiq ushlashni yoki qalam bilan ijodiy ifodalanishni o‘rganadi.
Bu markaz Prezidentimiz tashabbusi bilan, nogiron bolalarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida tashkil etilgan. Biz bu qaror tufayli markazni ochdik va bu yerda barcha zarur shart-sharoitlar mavjud. Psixolog xonasi faoliyat ko‘rsatadi – bu yerda nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari ham maslahatlar, ma’naviy yordam olib, farzandlariga ko‘rsatilayotgan e’tiborni ko‘rib o‘zlarini ishonchli his qilishadi.
Ijtimoiy himoya agentligining nogironlar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Farhod Qamolov:
— 2025 yil 1 martdan boshlab Milliy agentlik yettita hududda, jumladan Toshkent shahrida kunduzgi parvarish xizmatini pilot asosida yo‘lga qo‘ydi.
1 oktabrgacha biz bu xizmatni mamlakatning barcha hududlariga yoyishni rejalashtiryapmiz. Shuni ta’kidlash joizki, respublikadagi barcha tumanlarda tadbirkorlar bilan hamkorlik bitimlari imzolangan.
Hozirgi vaqtda bu xizmatdan 1200 bola foydalanmoqda. Biz ularning ehtiyojlari haqida jamoatchilikni kengroq xabardor qilishni muhim deb hisoblaymiz.
Hududiy boshqarmalar qoshida psixologik, tibbiy va pedagogik komissiyalar faoliyat yuritadi. Ular maxsus ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni to‘liq tekshirib, ularga mos ta’lim shakli – inklyuziv, maxsus yoki kunduzgi parvarish xizmatiga yo‘llash bo‘yicha xulosa beradi.
Muhimi, kunduzgi parvarish xizmati ta’lim berishni nazarda tutmaydi. U faqatgina tarbiya va parvarishga qaratilgan. Tadbirkor bola uchun 9 soat davomida parvarish sharoitini yaratadi, bu esa ota-onaga dam olish, ishga chiqish yoki boshqa yumushlar bilan shug‘ullanish imkonini beradi.
Agar ota-onalar bilan kelishuv bo‘lsa, bola markazda 12 soatgacha qolishi mumkin. Biroq, har qanday holatda bola uyiga – oilasiga, ota-onasining quchog‘iga qaytishi kerak.
Bizning asosiy maqsadimiz – bolalarning internat muassasalariga tushib qolishini kamaytirish, hatto butunlay oldini olishdir. Aynan shu maqsadda bu kabi kunduzgi parvarish xizmatlari tashkil etilgan.
“Dunyo” AA