Markaziy Osiyo betakror tabiati, boy madaniyati va tarixi bilan tanilgan. Ammo so‘nggi yillarda bu mintaqa iqlim o‘zgarishining jiddiy ta’siriga duch kelmoqda. Bu yerda havo haroratining ko‘tarilishi, suv tanqisligi, cho‘llanish, tabiiy ofatlarning ko‘payishi kuzatilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitidagi nutqida bu muammoga bejiz e’tibor qaratmadi.
Iqlim o‘zgarishining oqibatlari mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi uchun eng jiddiy tahdidlar sirasiga kiradi. Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Xitoyning ilg‘or tajribasini joriy etish bu inqiroz bilan bog‘liq xavf va xatarlarni kamaytirishga yordam beradi. 2030 yilgacha mo‘ljallangan “Yashil rivojlanish dasturi”ni qabul qilishni tezlashtirish va uning ijrosini boshlash zarur.
Davlatimiz rahbari cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyalangan yerlarni tiklash, qurg‘oqchil va cho‘l hududlarda bioekologik barqarorlikni oshirish bo‘yicha muloqot va sheriklik uchun Ekologik alyans tuzishni taklif etdi. O‘zbekiston Prezidentining ilgari surgan “yashil” rivojlanish strategiyasi mamlakatning barqaror kelajagini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Xitoyning “yashil” rivojlanishdagi muvaffaqiyati nimada?
So‘nggi yillarda Xitoy bu yo‘nalishda katta natijalarga erishdi. Hukumat “yashil” rivojlanishni milliy siyosat darajasiga ko‘tardi, bu borada aniq maqsad va vazifalarni belgiladi. Mamlakat “yashil” texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalariga faol sarmoya kiritmoqda. Ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash innovatsiyalarni rag‘batlantirmoqda. Rasman Pekin atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirdi va ekologik talablarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirdi. Shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilinmoqda.
Bunday alyans mintaqa davlatlarining ekologik muammolarni hal etish, ilg‘or tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi sa’y-harakatlarini birlashtiradi.
Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan iqlim bo‘yicha uzoq muddatli prognozni e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, Osiyoda haroratning ortishi dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan deyarli ikki baravar tez ro‘y bermoqda. Markaziy Osiyo davlatlari qurg‘oqchilik, muzliklarning erishi va beqaror yog‘ingarchilikka tezda moslashishi zarur, aks holda suv, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida xavf kuchayadi.
JMT ogohlantirishicha, 2025–2029 yillar oralig‘idagi har bir yil 1991–2020 yillardagi iqlim me’yoridan issiqroq bo‘lishi mumkin. Ba’zi yillarda global harorat sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan +1,5°C darajadan oshib ketishi ehtimoldan xoli emas.
Qirg‘iziston va Tojikistondagi tog‘ muzliklarining tez erishi alohida xavotir uyg‘otmoqda. Aynan shu muzliklar Sirdaryo va Amudaryo kabi mintaqaning asosiy daryolari suv manbai hisoblanadi. Muzliklarning tez erishi – suv tanqisligi xavfi degani.
Oxirgi o‘n yillikda Tojikiston mintaqadagi eng yirik muzlik – Fedchenko muzligining 40 foizini yo‘qotgan, Qirg‘iziston esa o‘z muzliklarining 30 foizini yo‘qotgan. Bu esa iqtisodiyoti gidroenergetikaga bog‘liq bo‘lgan mamlakatlar uchun katta muammo hisoblanadi.
O‘tgan yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil deb e’tirof etildi – Yer yuzasidagi o‘rtacha harorat +1,55°C darajaga yetdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, suv tanqisligi Markaziy Osiyoda iqtisodiy rivojlanishning oldini olayotgan muhim omilga aylanmoqda.
Joriy yilning mart oyida mintaqada anomal issiqlik kuzatildi. “World Weather Attribution” tashkilotining iqlim o‘zgarishi va ekstremal ob-havo hodisalarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlariga ko‘ra, mart oyida havo harorati sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan o‘rtacha 10 darajaga yuqori bo‘lgan. Haroratning ortishi mintaqadagi allaqachon iqlim o‘zgarishidan aziyat chekayotgan qishloq xo‘jaligi va suv ta’minotini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Shuningdek, Orol dengizining qurib borishi, muzliklarning erishi, suv tanqisligi, cho‘llanish, tuproqning sho‘rlanishi va ekstremal ob-havo hodisalari mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun jiddiy tahdid solmoqda. Bu muammolar iqtisodiyot va ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatib, zudlik bilan chora ko‘rishni talab qiladi. Iqlim o‘zgarishi ayniqsa qurg‘oqchil hududlarda suv tanqisligini yanada chuqurlashtirmoqda.
Iqlim o‘zgarishi qurg‘oqchilik, toshqin, sel va kuchli shamollarni keltirib chiqarib, iqtisodiyotga katta zarar yetkazmoqda, aholi salomatligi va hayoti uchun xavf tug‘dirmoqda. Ekologik muammolar biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, o‘simlik va hayvonot dunyosining kamayishi, o‘rmonlarning degradatsiyasi va ekologik muvozanatning buzilishiga olib kelmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishi zarur. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, innovatsion suv xo‘jaligi boshqaruvi usullarini qo‘llash zarur. Shuningdek, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish kerak.
Cho‘llanishga qarshi kurashda daraxt ekish, tuproq eroziyasidan himoya qilish, o‘rmon maydonlarini kengaytirish va barqaror yer resurslaridan foydalanish usullarini joriy etish maqsadga muvofiqdir. Energiya tejashni kuchaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish orqali issiqxona gazlari chiqindisini sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Qishloq xo‘jaligida esa iqlim o‘zgarishiga moslashtirilgan usullarni qo‘llash zarur: qurg‘oqqa chidamli ekinlar yetishtirish, tuproqni eroziyadan himoyalash, organik dehqonchilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish.
Aholini iqlim o‘zgarishining oqibatlari, ekstremal ob-havo hodisalariga qanday qarshi turish, ularga qanday tayyorlanish va o‘zini qanday himoya qilish bo‘yicha xabardor qilish zarur.
Yer yuzida aholining o‘sishi, oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojning ortishi, dehqonchilikning kengayishi, iqlimning isishi va iqtisodiy rivojlanish suv resurslarining qisqarishiga olib kelmoqda.
Dunyoning 400 dan ortiq mintaqasida suv tanqisligi mavjud. Jahon resurslari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, suv tanqisligi majburiy migratsiya, nizolar va siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkin.
Dunyo bo‘yicha suvning eng katta iste’molchisi – qishloq xo‘jaligi. Ikkinchi o‘rinda – sanoat. Yaqin Sharq, Hindiston, Pokiston, Botsvana, Eritreya kabi mintaqalarda, shuningdek, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham suv tanqisligi mavjud. Yevropada esa Italiya va Ispaniya ushbu muammoga duch kelmoqda. 1961–2020 yillar oralig‘ida dunyodagi suv iste’moli 2,5 baravarga oshgan.
Joriy yil iyun oyida Markaziy Osiyodagi global ekologik va suv muammolarini hal etish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarga bag‘ishlangan, Sug‘orish va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tashkil topganining 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan 300 dan ziyod mutaxassis ishtirok etdi. Ishtirokchilar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan iqlim va suv muammolarini hal qilish bo‘yicha choralarga yuksak baho berdilar.
Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sabablari bir qancha: ko‘mir, neft va gazdan foydalanish issiqxona gazlarini ajratib chiqaradi, o‘rmonlarning kesilishi, yer resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish, suvdan samarasiz foydalanish va kimyoviy o‘g‘itlardan ortiqcha foydalanish – tuproq degradatsiyasiga olib kelmoqda.
Biz tabiatga befarq bo‘la olmaymiz – bunga haqqimiz yo‘q. O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va uning rahbarligi ostida birlashish muhimdir. Sanoat korxonalarida, uy-joy-kommunal xo‘jaligi va transport sohasida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv tejovchi texnologiyalardan oqilona foydalanish, suv va yer resurslarini boshqarishda innovatsion usullarni joriy etish, cho‘llanishga qarshi kurashish, daraxt ekish, yerlarni qayta tiklash, o‘rmon maydonlarini kengaytirish, ekologik toza transportga o‘tish, jamoat transportini rivojlantirish zarur.
Xitoyning ilg‘or tajribasini keng joriy etish, 2030 yilgacha mo‘ljallangan “yashil” rivojlanish dasturini qabul qilish va tez fursatda ijrosini boshlash, mintaqaviy Ekologik alyansni shakllantirish O‘zbekiston va butun mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Bular mamlakatimizning iqtisodiy o‘sishini ta’minlash, aholining turmush darajasini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Shavkat XAMRAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri