O‘zbekistonda ilk bor sofligi 99,9 foiz bo‘lgan reniy metalli eksport qilindi.
Reniy metalli eksporti O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) va Estoniyaning “VLCor Baltic OU” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida amalga oshirildi. Bu O‘zbekistonda reniy metalli eksportining amaldagi boshlanishidir.
Reniy – murakkab texnologiyalar, aerokosmik sohalar va yuqori haroratli superqotishmalar ishlab chiqarishda jahonda tan olingan strategik metall hisoblanadi.
TMK tomonidan 2025 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan eksport hajmi 21,3 million AQSh dollari (o‘sish 118 foiz)ni tashkil etdi.
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati AJ (TMK) va Xitoyning “PPP (Hong Kong) Ltd.” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida TMK vakillari kombinantning hozirgi faoliyati va istiqbolli investitsiya loyihalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazishdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Xususan, O‘zbekistonda yaratilayotgan qulay investitsiya muhitidan foydalangan holda, kritik xomashyo yo‘nalishida qo‘shma korxona tashkil etish taklifi ilgari surildi.
“PPP (Hong Kong) Ltd.” vakillari kompaniyaning xrom, nikel va kobaltni qayta ishlash hamda ushbu metallar asosida mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha salohiyati va zamonaviy texnologiyalarga egaligini bildirdi. Kompaniya, shuningdek, O‘zbekistonda xrom xomashyosini qayta ishlab sof xrom ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini ma’lum qildi.
“PPP (Hong Kong) Ltd.” kompaniyasi Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan. U xrom, nikel, kobalt kabi strategik metallar bilan ishlovchi xalqaro kompaniya bo‘lib, Xitoy, BAA, Janubiy Afrika, Hindiston, Misr va Qozog‘iston kabi yirik bozorlarni qamrab olgan.
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati AJ (TMK) va Xitoyning yetakchi muhandislik-injiniring kompaniyasi – “China Aluminum International Engineering Co., Ltd.” (Chalieco) o‘rtasida muhim ahamiyatga ega yangi hujjatlar imzolandi.
Jumladan, tomonlar o‘rtasida volfram gidrometallurgiya tsexini modernizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma, shuningdek, ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish yuzasidan Hamkorlik memorandumi tuzildi.
“China Aluminum International Engineering Co., Ltd.” (Chalieco) – bu Xitoyning yirik davlat korporatsiyasi “Aluminum Corporation of China” (Chinalco) tarkibiga kiruvchi kompaniya hisoblanadi.
2003 yilda tashkil etilgan mazkur kompaniya bugungi kunda EPC xizmatlaridan tortib, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, uskunalar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab olgan.
“Dunyo” AA