Jahon iqtisodiyotining globallashuvi, pandemiyalar, tabiiy ofatlar va geosiyosiy tahdidlar kabi inqirozlar ketma-ketligi mamlakatlar oldida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash zaruratini yanada kuchaytirdi. Bunday sharoitda bu muammo har bir davlat uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston uchun oziq-ovqat xavfsizligi eng ustuvor ahamiyatga ega, chunki bu bevosita mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi, aholining turmush darajasi va farovonligiga ta’sir qiladi.
2023-yilda iqtisodiyotda band bo‘lgan 14 million fuqaroning 24 foizi (ya’ni 3,4 million kishi) qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va baliqchilik sohalarida faoliyat yuritdi. Qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,2 foizni tashkil etdi. Bu esa tarmoq nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda, balki aholi bandligini oshirish va eksport orqali valyuta tushumlarini ko‘paytirishda ham muhim rol o‘ynayotganini ko‘rsatadi.
Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, klaster va kooperatsiya tizimlarini joriy etish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng qo‘llash hamda tomorqa xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash evaziga mahsulot hajmi va sifati oshirildi. Ushbu chora-tadbirlar aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, importni kamaytirish va milliy oziq-ovqat tizimini mustahkamlashga qaratilgan.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qishloq, o‘rmon va baliqchilik sohalaridagi mahsulot va xizmatlar hajmi 36,9 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2023-yilga nisbatan 3,1 foizga ko‘pdir. Bunday o‘sishga, avvalo, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish, klaster tizimini keng tatbiq etish hamda eksport mahsulotlari yetishtirishga qaratilgan islohotlar sabab bo‘ldi.
Bugungi kunda O‘zbekiston 180 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini 80 dan ortiq davlatga eksport qilmoqda. Bu esa mamlakatimizning agro-sanoat mahsulotlariga xalqaro bozorda talab ortib borayotganini va O‘zbekistonning jahon oziq-ovqat bozoridagi o‘rnini mustahkamlab borayotganini ko‘rsatadi.
2024-yilda oziq-ovqat mahsulotlari va tirik chorva eksporti 2,2 milliard dollarni tashkil etdi, bu esa mamlakat umumiy eksportining 8,1 foiziga teng. Shu bilan birga, ushbu toifadagi import hajmi 3,7 milliard dollar bo‘lib, umumiy import tarkibida 9,5 foizni tashkil etdi. Bu esa oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojning muhim qismi hanuz tashqi bozorlar hisobiga qoplanayotganini ko‘rsatadi. Shu sababli ichki ishlab chiqarishni kengaytirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish zarur.
Qishloq xo‘jaligini isloh qilish va bog‘dorchilikni rivojlantirishga qaratilgan tizimli siyosat natijasida ichki bozorda oziq-ovqat barqarorligini ta’minlash bilan birga eksport salohiyati ham oshib bormoqda. Meva-sabzavotchilik, polizchilik va uzumchilik yo‘nalishlarida raqobatbardosh va yuqori sifatli mahsulot yetishtirishga erishilmoqda. Ayniqsa, organik va qayta ishlangan mahsulotlar eksporti tez sur’atlar bilan ortmoqda, chunki ularga tashqi bozorda talab yuqori bo‘lib qolmoqda.
O‘tgan yili O‘zbekiston 2036,2 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qildi, bu 2023-yilga nisbatan 15,8 foizga ko‘pdir. Meva-sabzavot eksportining umumiy qiymati 1549,5 million dollarni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 31,2 foiz ko‘proqdir. Bunday o‘sish mamlakat agrar sektorida ishlab chiqarish ko‘lamining kengaygani va eksport salohiyatining oshganidan dalolat beradi. Ushbu mahsulotlarning umumiy eksportdagi ulushi 5,8 foizni tashkil etdi.
Meva va sabzavot eksportining sezilarli darajada o‘sishi O‘zbekistonning xalqaro bozorlardagi mavqeini mustahkamlash va milliy iqtisodiyotning eksportga yo‘naltirilganligini kuchaytirishdan dalolat beradi.
2025-yilda qabul qilingan “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy bazani mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini nazorat qilish, barqaror rivojlanishni ta’minlash va agrosanoat sektorining milliy iqtisodiyotdagi rolini mustahkamlashga qaratilgan.
Shuningdek, ushbu qonun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, milliy oziq-ovqat sektorini global bozorlarga integratsiya qilish va xalqaro standartlarga muvofiqlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vositasi sifatida xizmat qiladi.
O‘zbekistonning BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorligi mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘lidagi strategik sa’y-harakatlarining muhim tarkibiy qismini tashkil etadi. Bu hamkorlik rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va uni O‘zbekistonning milliy siyosati va amaliyotiga moslashtirish orqali amalga oshirilmoqda.
Xususan, Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalar davomida rivojlangan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi samarali tajribasi tahlil qilindi hamda uni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish yo‘llari muhokama qilindi. Bu esa amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning samaradorligi va mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi mavqeining mustahkamlanishini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga, jumladan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ovqatlanish darajasini oshirish va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga mos keladi. Ushbu maqsadlar doirasida amalga oshirilayotgan choralar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, ilgari paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan ayrim yerlar sabzavot, dukkakli va poliz ekinlari yetishtirishga yo‘naltirildi. Bu esa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki bozorni ta’minlash va aholining oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligida klaster va kooperativ tizimlarni joriy etish mahsulotni qayta ishlash, saqlash va eksport qilish salohiyatini sezilarli darajada oshirdi. 2025-yilda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu oziq-ovqat sanoati rivojining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Uchinchidan, davlat tomorqa xo‘jaliklari uchun imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratmoqda, bu esa aholiga o‘z yer uchastkalarida mahsulot yetishtirish imkonini beradi va shu orqali mahalliy bozorlarda oziq-ovqat zaxirasini boyitadi.
Bundan tashqari, innovatsion yechimlar va zamonaviy texnologiyalar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda. Xususan, blokcheyn texnologiyasini joriy etish mahsulot sifati ustidan samarali nazoratni ta’minlab, ta’minot zanjirlarining shaffofligini oshiradi.
Shu bilan birga, agrologistika tizimini takomillashtirish va saqlash omborlarini modernizatsiya qilish mahsulot yo‘qotilishini sezilarli kamaytirishga imkon bermoqda. O‘zbekiston amalga oshirgan islohotlar natijasida oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zini ta’minlash darajasini sezilarli darajada oshirdi va importga qaramlikni kamaytirdi.
Oziq-ovqat xavfsizligi nafaqat mahsulot miqdoriga, balki uning sifati va xavfsizligiga ham bog‘liq. O‘zbekistonda bu yo‘nalishda me’yoriy-huquqiy baza mustahkamlangan, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi bo‘yicha talablar yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi. Sanitariya, veterinariya va fitosanitariya qoidalariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Oziq-ovqat sanoatida HACCP va GHP tizimlari – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy vositalari – joriy etilgan. Bundan tashqari, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari oziq-ovqat mahsulotlari sifatini jamoatchilik nazorati ostida faol ishtirok etmoqda.
To‘g‘ri ovqatlanish masalalariga bo‘lgan e’tibor kuchaygan, davlat tomonidan targ‘ibot kampaniyalari olib borilmoqda. Aholi orasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha ma’rifiy ishlarni kuchaytirish joriy yilgi Davlat dasturida muhim vazifa sifatida belgilangan. Bu esa fuqarolarning xabardorligini oshirish, sog‘ligini mustahkamlash va kasalliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bir qator muhim chaqiriqlar mavjud.
Birinchidan, iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va suv resurslari tanqisligi qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ikkinchidan, pandemiyalar, iqtisodiy beqarorlik va global iqtisodiy muammolar kabi inqirozlar oziq-ovqat ta’minotiga xavf tug‘dirmoqda. Ushbu xavflarni kamaytirish maqsadida O‘zbekiston zaxiralar yaratish va importga qaramlikni qisqartirish choralarini ko‘rmoqda.
Oziq-ovqat narxlarining keskin oshishi aholining daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va iqtisodiy barqarorlikni buzishi mumkin. Davlat bunday sharoitda narx barqarorligini imtiyozli kreditlash va narxlar monitoringi tizimi orqali ta’minlashga intilmoqda.
Qashshoqlik darajasi ham muhim muammo bo‘lib qolmoqda. 2025-yilga mo‘ljallangan dolzarb vazifalar qashshoqlik miqyosini aniqlash va oziq-ovqat mahsulotlariga iqtisodiy kirish imkoniyatini oshirishdan iborat.
Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida ilmiy tadqiqotlar va malakali kadrlar yetishmasligi ushbu soha rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Samarali ta’lim dasturlari va treninglar joriy etilishi zarur.
Mamlakatimiz 2030-yilgacha bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash strategiyasi”ni amalga oshirmoqda. Bu strategiya aholi turmush sharoitini yaxshilash uchun resurslardan samarali foydalanishni ko‘zda tutadi. Jumladan, suvdan foydalanish tizimi takomillashtirilmoqda, yer unumdorligi oshirilmoqda va oziq-ovqat ishlab chiqarish hajmi kengaytirilmoqda.
Shuningdek, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish orqali qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va eksportni ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Xalqaro tashkilotlar, jumladan FAO bilan hamkorlikni kuchaytirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Aholi orasida sog‘lom ovqatlanish va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ma’rifiy ishlarni olib borish, malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalarning keng qo‘llanilishi oziq-ovqat ta’minoti zanjirining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Shu bilan birga, mavjud muammolarni bartaraf etish va global iqtisodiy o‘zgarishlarga tayyor turish uchun bu yo‘nalishda ishlarni davom ettirish va faollashtirish lozim. Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, mahsulot ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va agrar sektorni rivojlantirish bilan birga, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish ham muhimdir.
Iskandar Urokboyev,
Barqaror rivojlanish markazi eksperti