Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu majmuada yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish mujassam bo‘ladi.
— Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi, — dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari yangi O‘zbekistonda ayni yo‘nalishda olib borilayotgan ishlardan ko‘zlangan bosh maqsadni ham aniq va lo‘nda ifodaladi: milliy o‘zligimizni anglash va anglatish!
Haqiqatan ham, zamonaviy dunyoda sarhadlar yo‘qolib, globallashuv jarayoni yangicha qoidalarni taqozo etar ekan, milliy o‘zlik masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda. Xo‘sh, bugun shiddat bilan ilgarilar ekanmiz, nima uchun o‘z tariximiz sarchashmalarini yodda tutishimiz kerak?
Har qaysi tamaddun, madaniyat va xalq tarix asosida shakllanadi. Tarix esa faqat sanalar va voqea-hodisalar bilan cheklanib qolmaydi, balki u avlodlarning jonli xotirasi sifatida g‘alaba va fojialar, saboqlarni o‘z ichiga oladi. O‘z tarixini yodda tutib, hurmat qiluvchi xalq o‘tmishdagi xatolarni takrorlamay, yorqin kelajakni barpo etishga qodir bo‘ladi. Fransiyalik mutafakkir Volter XVIII asr boshidayoq shunday degan edi: “O‘tmishni bilmaydigan odam hozirgi zamonni ham, kelajakni ham, hatto o‘zligini ham bilmaydi”.
Shunday ekan, til va adabiyot, san’at va urf-odatlar shunchaki “o‘tmish sarqiti” emas, balki xalqning kelib chiqishini belgilovchi kod deyish mumkin. Ularni unutgan xalq va millat o‘zining qiyofasini yo‘qotadi. Bunga esa zamonaviy voqelikda yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Yaqin vaqtlargacha umuminsoniy deb hisoblangan qadriyatlar ko‘z o‘ngimizda tanazzulga yuz tutmoqda.
Siyosiy tanglik, iqtisodiy buhronlar va texnologik inqilob esa jamiyatni misli ko‘rilmagan tezlikda o‘zgartirmoqda. Bunday sharoitda o‘z tarixiy ildizlarini bilish va uning asosida rivojlangan, ma’rifatli jamiyatni, barqaror davlatni qurish o‘ta muhim. Zotan, xotira o‘zgarishlar silsilasida yo‘qolib ketishga yo‘l qo‘ymaydigan mayoqdir.
Xalq o‘z o‘tmishini qadrlasa, u kelgusi avlodlarga nafaqat bilimlarni qoldiradi, balki o‘zlaridan ko‘ra yirikroq tarixiy merosga egalik hissini shakllantiradi.
Shu ma’noda Xitoyni misol qilib ko‘rsatish mumkin. U ayni zamonda juda tez sur’atda rivojlanayotganiga qaramay Konfutsiy falsafasi bilan chuqur bog‘liqlikni, oilaga va ajdodlarga hurmat ruhini saqlab kelmoqda. Yo bo‘lmasa Irlandiyani olaylik. U yerda XX asrda “keltlar merosi” qayta tiklana boshladi, bu esa — milliy o‘zlikni mustahkamlashga yordam berdi va shunday qilib, iqtisodiy mo‘jiza uchun poydevor yaratdi. Ikki asrdan ko‘proq davr mobaynida Yevropadagi eng kambag‘al deb hisoblangan davlat 1990 yillarda juda tez rivojlanish sur’atini namoyish etdi va 2020 yillarga kelib aholi jon boshiga YAIM hajmi bo‘yicha Buyuk Britaniya va Germaniyani ancha ortda qoldirdi.
O‘zbekiston xalqi, obrazli qilib aytganda, buyuk ajdodlarining ruhi bilan kuchli. Shunday ekan, o‘zining kimligini bilish va yodda tutish qanchalik muhim bo‘lsa, dunyoda yuz berayotgan har xil tarixiy buhronlarda, axborot va o‘zgarishlar oqimida osongina yo‘qolib ketmaslik, o‘zini saqlab qolish ham shunchalik zarur. Bunda milliy birxillik mamlakat fuqarolari uchun muhim tayanch va suyanch, kuch va barqarorlik garovi bo‘ladi.
Keyingi yillarda o‘zbekistonliklar o‘zini yagona xalq deb anglashi mustahkamlandi. Buni quyidagi holatlarda ko‘rish mumkin: yurtdoshlarimizning fan sohasida yoki sportda erishgan yutuqlariga hamma — qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, birdek quvonadi, mamlakatimiz yoki vatandoshlarimizga nisbatan aytilgan adolatsiz ig‘volardan xafa bo‘ladi, shuningdek, mintaqamiz va dunyodagi vaziyat bo‘yicha bir xilda qayg‘urishadi. Yangi avlodni ham shu ruhda tarbiyalaymiz. Shunday qilib, yangi tarixni va kelajakni yaratmoqdamiz, bu kelajak buyuk o‘tmishimizga munosibdir.
Bilim — hayotiy maslak
Ko‘p asrlik tarixga ega davlatimiz boy ilmiy va ma’naviy merosni ko‘z qorachig‘idek asraydi, buyuk ajdodlarimizning bilimi va tajribasidan o‘z taraqqiyoti yo‘lida foydalanadi. Yurtimiz kelajagini biz ta’limda, fan va ma’rifatda ko‘ramiz.
Aynan shuning uchun ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning uchinchi Renessansni yaratish haqidagi tashabbusi xalqimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, milliy g‘oya darajasiga ko‘tarildi. Bu g‘oya vatandoshlarimizning eng ezgu orzusini aniq va to‘liq aks ettirdi — orzuki, u jahonda tenglar ichra teng va kuchli bo‘lish, erkin yashash, fan va ta’limda, ma’rifatda, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy va madaniy taraqqiyotda yuksak ko‘rsatkichlarga erishishdan iborat.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar bu orzuga erishish mumkinligini ko‘rsatdi. Tarixiy dalillar va xalqimizning an’analari, uning yaratuvchanlik salohiyati kelajakka ildam qadam tashlash uchun, jamiyat hayoti va faoliyatining barcha yo‘nalishida navbatdagi Renessansga erishish uchun hal etuvchi omillar bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xalqimiz tarixida ikkita Uyg‘onish davri bo‘lgan. Birinchisi IX — XII asrlardagi ma’rifiy Renessans bo‘lsa, ikkinchisi — XIV-XV asrlardagi temuriylar Renessansi.
IX — XII asrlarda hozirgi O‘zbekistonning hududi ta’lim va ilmiy an’analarning tiklanish o‘chog‘iga aylangan bo‘lib, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Farg‘oniy singari qomusiy olimlar, ta’bir joiz bo‘lsa, olamshumul ilmiy inqilob yaratdilarki, u dunyo tamaddunining keyingi rivojini ta’minladi. Birinchi Renessans davrida yurtimizda aniq fanlar, tabiiy, falsafiy va diniy ilmlar jadal rivojlandi. Buyuk olimlar tadqiqotlar va hisob-kitoblar olib borishdi, ko‘p jildli asarlar yozishdi, bu bilan esa butun insoniyatning fan va madaniyatini taraqqiy ettirishga munosib hissa qo‘shishdi.
Mashhur matematik, astronom va geograf Muhammad Xorazmiyning o‘rta asrlar faniga qo‘shgan ulkan hissasi tufayli butun dunyo o‘nlik sanoq tizimi haqida tasavvurga ega bo‘ldi, “algebra” va “algoritm” atamalari ham olimning ismi va ilmiy kitobining nomidan kelib chiqqan.
Yana bir buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino zamonaviy tib ilmining asoschisi sifatida dunyoga mashhur bo‘ldi. Uning 29 sohaga tegishli 450 ta ilmiy asari hozirgacha yuqori darajada qadrlanadi.
Qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy matematika, astronomiya, fizika, botanika, geografiya, geologiya, mineralogiya, etno¬grafiya, tarix va xronologiya, shuningdek, fanning boshqa sohalariga oid ko‘plab asarlar yaratdiki, insoniyat ulardan yuzyilliklar davomida foydalanib kelmoqda.
Buyuk astronom Ahmad al-Farg‘oniy yoki Ovrupoda aytishganidek, Alfraganusning ilmiy merosi butun dunyoda yuksak qadrlanadi. Bu asarlardan bir necha asr davomida darslik sifatida foydalanilgan. Xususan, olim Yer sayyorasining shar shaklida ekanini isbotladi, Quyoshda dog‘lar mavjudligini aniqladi. Uning ixtirosi bo‘lgan Nil daryosining suv sathini o‘lchovchi asbobdan mutaxassislar hanuzgacha foydalanib kelishadi.
XIV asrdan XV asrgacha davom etgan ikkinchi Renessansning asoschisi Amir Temur bo‘lib, u tarixdagi buyuk imperiyalardan birini tuzgan shaxs sifatida nom qozongan. Uning hukmronligi davrida Samarqand va boshqa shaharlarda go‘zalligi va mukammalligi bilan takrorlanmas bo‘lgan binolar barpo etildi, shuningdek, qonunlar majmuasi ishlab chiqildi, iqtisodiyot, savdo-sotiq, fan va madaniyat rivojlandi. Temuriylar davrida san’at, hunarmandchilik, me’morchilik, she’riyat va dunyoviy fanlar taraqqiy topdi. Samarqand dunyoning eng yirik ilmiy markazlaridan biriga aylandi.
Buyuk ijtimoiy-siyosiy va ijodiy arboblar sulolasi keyinroq XIX va XX asr chegarasida shakllandi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev, Is'hoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon va boshqa ma’rifatparvar olimlar jadidlar harakatiga asos solib, Markaziy Osiyoning jadal taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdi. Ilg‘or ma’rifatparvarlarning haqiqiy vakillari bo‘lgani holda ular milliy o‘zlikni tiklash, Turkiston xalqining intellektual salohiyatini rivojlantirish, uning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini asrash g‘oyalarini dadil ilgari surdi. Jadidlar turkistonliklarni ozodlik va mustaqillik tantanasi uchun, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ro‘yobga chiqarish va davlatchilikni tuzish uchun kurashda birlashtirdi. Ular faoliyat yuritgan davr olimlar tomonidan Markaziy Osiyoda milliy o‘zlikni va aqliy tafakkurni tiklash davri, deya tan olingan.
Davlatimiz rahbari bir necha bor ta’kidlashicha, bizning ajdodlarimiz bo‘lmish jadidlar XX asrdayoq uchinchi Renessansni amalga oshirishga qodir bo‘lganlar. Ular “Najot uchun bilimdan boshqa yo‘l yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, degan hikmatli so‘zlarni o‘z hayotiy aqidalariga aylantirgan.
Prezidentimizning yaqinda chiqargan qarori Mahmudxo‘ja Behbudiyning 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida ekanligi — nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham tan olingan buyuk ma’rifatparvarning xizmatlari e’tirofidir.
O‘zbekiston rahbarining qaroriga munosabat bildirar ekan, Saudiya Arabistonida chiqadigan “Al Harir” gazetasida shunday yozishdi: “Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va faoliyati zamonaviy dunyo uchun qimmatli saboq beradi. U ta’lim, o‘z madaniyati bilan faxrlanish va konstruktiv islohotlarga urg‘u berar ekan, zamonaviy muammolarni hal etishda bilim va birdamlik katta kuchga ega ekanligini hammamizga eslatadi. Uning tavalludiga 150 yil to‘lishi nishonlanar ekan, biz nafaqat milliy qahramonni, balki o‘z g‘oyalari bilan taraqqiyot yo‘lini yoritishni davom ettirayotgan global novatorni olqishlaymiz”.
Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida e’tirof etganidek, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan betakror va noyob ilmiy-ma’naviy meros bizning xatti-harakatlarimizda doimiy dasturilamal bo‘lishi lozim. Biz ushbu o‘lmas boylikni avaylashimiz, undan kuch-quvvat va ilhom olishimiz kerak. Va ushbu g‘oyalarga muvofiq holda, avvalo, milliy ta’lim tizimini rivojlantirishimiz lozim.
Iqtisodiy «yo‘lbars»ning istiqbollari
O‘z oldiga barcha soha va tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha katta maqsadlar qo‘ygan davlat uchun eng muhim narsa nima? Yosh avlodning bilimli bo‘lishi, tafakkuri va tarbiyasi. Shunday ekan, yangi O‘zbekistonda yoshlar masalasi ijtimoiy siyosatning eng ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Keyingi yillarda qabul qilingan yuzdan ortiq qonun va qarorlar ham yosh avlodning manfaatlariga yo‘naltirilgan.
Xususan, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ularning kasbiy tayyorgarligi, shuningdek, fan va innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kabi yuqori istiqbolli sohalardagi tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchaytirildi. Birgina ta’lim krediti olish imkoniyatidan 151 ming nafar talaba foydalandi, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari bo‘lgan 110 ming nafar talabaga shartnoma mablag‘i to‘lab berildi. O‘tgan yili 310 ming nafar yosh talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, ularning deyarli yarmi qizlar. 110 ming nafar yosh o‘zbekistonlik xorijda ta’lim olmoqda.
Davlatimiz yosh avlodning har tomonlama rivojlanishi uchun katta mablag‘lar sarflaydi. Yetti yilda ta’lim tizimini takomillashtirish uchun 216 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun budjetdan 19,5 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu esa 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bolalar bog‘chasini rekonstruksiya qilish va qurish imkonini berdi. Maktablarda 800 mingta, bog‘chalarda 535 mingta qo‘shimcha o‘rin yaratildi.
Ta’limning xususiy sektori uchun keng imkoniyatlar yaratilishi tufayli xususiy maktablar soni 27 tadan 500 tagacha, nodavlat bolalar bog‘chalari soni esa 250 tadan 30 mingtagacha ko‘paydi.
Shuni ham e’tirof etish lozimki, aholi soni ortishi bilan maktablarda har yili 120 mingta, bog‘chalarda esa 30 mingta qo‘shimcha o‘ringa ehtiyoj yuzaga keladi. Joriy yilda budjet mablag‘lari hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bolalar bog‘chasi rekonstruksiya qilinadi va quriladi.
Xususiy sektorda o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirish uchun 2025 yildan boshlab maktab ochmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga kreditlar taqdim etiladi. Bunda kredit foiz stavkalarining bir qismi budjetdan qoplanadi, yangi xususiy maktab qurish uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi esa besh yil muddatgacha budjet hisobidan kompensatsiya qilinadi. Ularga, shuningdek, soliq yengilliklari beriladi.
Shaxsning tarbiyasi va rivojlanishi asoslari bolalikdan boshlangani uchun davlatimiz maktabgacha ta’lim tizimining rivojlanishiga amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. Keyingi yetti yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 74,6 foizgacha ortdi. Yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Maktab ta’limini har tomonlama rivojlantirish mamlakatimizda umummilliy harakatga aylanmoqda. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ta’lim sohasi ham birlamchi vazifalar qatorida belgilangan. Iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashni takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchi-pedagog kasbining nufuzini ko‘tarish, huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy himoyasini ta’minlash maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada o‘qituvchi alohida maqomga ega ekani belgilandi. “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Yaqinda, yanvar oyida bo‘lib o‘tgan oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimotda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz taraqqiyotining tayanchi sifatida bu yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilayotganini aytib o‘tdi. Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha kengaydi. Ta’lim jarayonlari sifat jihatdan yaxshilanmoqda. Respublikada oliy ta’lim muassasalarining soni 77 tadan 211 tagacha ko‘paydi, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi esa 9 foizdan 42 foizgacha ortdi.
Bundan tashqari, bakalavriat yo‘nalishlari maqbullashtirildi, 1,2 mingdan ortiq ta’lim dasturlari xorijiy andozalarga moslashtirildi.
Bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari to‘liq yangilandi, oliy ta’lim tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi, biotizimlar muhandisligi kabi zamonaviy yo‘nalishlar ochildi.
Bu yil yana mingdan ortiq ta’lim dasturlari “TOP — 300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi. 45 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Talabalar “Registrator ofisi” xizmatlari bilan to‘liq qamrab olinadi. Dual ta’limga yana 50 ming talaba jalb qilinadi.
Oliy ta’limda ilmiy salohiyatni 55 foizga chiqarish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, ilg‘or muhandislik maktablarini 25 taga yetkazib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.
Yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yanada yaxshilanadi. Mamlakatimizni jadal rivojlantirish maqsadida yoshlarni “to‘rtinchi sanoat inqilobi” kasblari bo‘yicha tayyorlash darajasini ko‘tarish mo‘ljallangan. Yigit-qizlarni katta daromad keltiruvchi kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega loyihalar sonini ko‘paytirishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Jumladan, oliy ta’limning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan integratsiya qilinadi. Texnikumni yaxshi baholar bilan tugatgan bitiruvchilarga xalqaro klassifikatorga mos keluvchi diplomlar topshiriladi. Quvonarlisi, ularga o‘qishini oliy ta’lim muassasasining ikkinchi yo uchinchi kursida to‘lov-shartnoma asosida davom ettirish imkoniyati beriladi. Yetarlicha kasbiy tayyorgarligi va ikki yillik ish staji bo‘lgan yoshlar oliygohlarga to‘lov-shartnoma asosida korxonalar tavsiyasiga ko‘ra qabul qilinadi.
Ko‘rinib turganidek, O‘zbekistonning jadal rivojlanishi yangi industrial davr sharoitida ishlashga qodir yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni talab qilmoqda. Bu davrda, shubhasiz, mamlakatimiz oldida yangi istiqbollar ochiladi. Ular haqida fikr bildirgan “Berliner Telegraph” jurnalining siyosiy sharhlovchisi Gregor Shpitsen shunday deb yozdi:
— O‘zbekiston Markaziy Osiyoning iqtisodiy “yo‘lbarsi” sifatida keyingi sakkiz yilda ajoyib iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. 2024 yilga kelib, o‘sish pasaymadi, aksincha, yangi sur’at ola boshladi. Islohotlar va yangilanishlarning bunday o‘sishi sharoitida 2030 yilga borib O‘zbekiston nafaqat mintaqaviy, balki global siyosiy va iqtisodiy markazga aylanadi.
To‘rtinchi sanoat inqilobi uchun mutaxassislar
Mamlakatimizda nafaqat bilim olish, balki uni yurt manfaati yo‘lida amaliy qo‘llash uchun ham ulkan imkoniyatlar yaratilmoqda. Yosh fuqarolarning bandligini ta’minlash, biznesini rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik asoslari va ixtisoslashtirilgan mutaxassisliklarga o‘qitish orqali ularga maqsadli grantlar, kreditlar va subsidiyalar ajratilib, yoshlar orasida zamonaviy tadbirkorlik muhiti shakllantirilmoqda. Axborot texnologiyalari sohasida 50 mingdan ortiq yigit-qizlar o‘zini o‘zi band etgan tadbirkor sifatida mehnat qilayotgani e’tiborli. Ularning qo‘shimcha qiymat yaratish va xizmatlar eksporti bilan shug‘ullanayotganlariga katta imkoniyatlar ochildi. Bunday yoshlarga o‘tgan yildan boshlab “IT-park rezidenti” maqomi berilmoqda, bu esa barcha turdagi soliqlardan uch yilga ozod etilishini nazarda tutadi.
Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi iqtidorli yigit-qizlarga g‘oyadan tayyor biznesgacha bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashmoqda. 14 ta tumanda real vaqt rejimida intellektual tizimlar tomonidan boshqariladigan to‘liq avtomatlashtirilgan raqamli ishlab chiqarishga o‘tishni ta’minlashga qodir mutaxassislar o‘qitiladigan “to‘rtinchi sanoat inqilobi” kasblarini tayyorlash markazlari tashkil etilmoqda. Hududlardagi sanoat zonalarida binolar qurilib, ular yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga “sanoat ipotekasi” asosida 7 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladigan bo‘ldi. Bunda birinchi yili to‘lov undirilmaydi.
Bundan tashqari, har bir viloyatda “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinib, ularga IT-park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi. Bu joylar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi. Yoshlarning “startaplari”ni amalga oshirish uchun uch yilga 100 million so‘mgacha ssuda berilishi belgilangan.
Bugun yuzaga kelayotgan barqaror tendensiyani qayd etmaslik mumkin emas. Ba’zi yoshlar har doim o‘z kuch va bilimini chet elda sinab ko‘rishga intiladi. Ilgari bunday maqsadlar rag‘batlantirilmagan bo‘lsa, endi davlat buni ixtiyor etganlarga yordam bermoqda. Masalan, yoshlarimizning rivojlangan mamlakatlardagi “Ishla va sayohat qil” dasturlarida ishtirok etishiga ko‘maklashish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi joriy yildan boshlab talabalarga sayohat xarajatlarini qoplash uchun kreditlar ajrata boshlaydi. Shuningdek, ta’lim olish va malakasini oshirish, xorijda zamonaviy korxonalarda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avs¬traliya, Yangi Zelandiya kabi davlatlar bilan viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Germaniya bilan birgalikda mamlakatimizdagi 14 ta texnikumda talab yuqori bo‘lgan kasblar va nemis tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tajriba har bir hududdagi kamida beshta texnikumda amalga oshiriladi. O‘tgan yili Germaniya kansleri Olaf Sholsning mamlakatimizga tashrifi chog‘ida yoshlarimizning nemis tiliga qiziqishi yuqoriligi haqida so‘z bordi. Germaniya tomoni til o‘rganish dasturlarini kengaytirish va hududlarda o‘qituvchilar malakasini oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi borasida kelishuv imzolanib, talab yuqori bo‘lgan o‘zbekistonlik mutaxassislarni kasbga tayyorlash va Germaniyaga jo‘natish maqsadida amaliy hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Dual ta’limning nemis modelini O‘zbekiston hududlarida keng joriy etishga qiziqish bildirildi.
Ayni paytda Germaniyada uch yuzga yaqin hamyurtlarimiz tibbiyot sohasida mehnat qilmoqda. O‘zbekistonlik tinglovchilarning yangi guruhlari uchun Germaniya ta’lim standarti asosida treninglar olib boriladi. Yaqin kelajakda Germaniya tibbiyot akademiyasini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, u yerda O‘zbekistondan mutaxassislar uchun maqsadli ishga tanlov e’lon qilinadi. Bundan tashqari, “Askaniya Fyucher GmbX” rekruting kompaniyasi o‘zbek yoshlari vakillarini mehmonxona va gastronomiya sohalariga ishga joylashtirish uchun tanlovni amalga oshiryapti. Kompaniya menejeri Ingo Yungning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 2025 yilda Germaniyaga 1000 nafargacha o‘zbekistonlik yoshlarni jo‘natishni rejalashtirgan. Shuningdek, O‘zbekistonda nemis tili kurslari soni va sifatiga e’tibor kuchaytiriladi, mahalliy o‘qituvchilarning Germaniyada malakasi oshiriladi.
Yaqinda mamlakatimizga tashrifi chog‘ida “Hyundai” avtomobil korporatsiyasi va yirik sanoat shahri Ulsan meriyasi vakillaridan iborat Janubiy Koreya delegatsiyasi a’zolari o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Shahar hokimi o‘rinbosari Son Yon Juning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki davrda O‘zbekistondan 350 nafar ishchi jalb etilishi rejalashtirilgan. Korporatsiya joriy yilda mamlakatimizda ilg‘or texnologiyalar va Koreya standartlari asosida professional ta’lim olib boriladigan Kasb o‘quv markazini ochish niyatida.
— O‘zbekistonlik yoshlarning mehnatsevarligi, yangiliklarni tez o‘zlashtirishi, boshqalar bilan til topishish qobiliyatining yuqoriligi bizni O‘zbekistondan ishchilar jalb qilishga undayotgan omillardan biri, — deydi Janubiy Koreyaning “Hyundai Heavy Industries” kemasozlik kompaniyasi vitse-prezidenti Kim Son Xun.
Polsha kompaniyalari ham O‘zbekistondan kelgan ishchilarga tobora ko‘proq e’tibor qarata boshlagan. “Bu xodimlar o‘zining yuqori motivatsiyasi, intizomi, qanoatliligi va intiluvchanligi uchun qadrlanadi, bu ularga kadrlar bo‘shlig‘ini samarali ravishda to‘ldirish va polyak korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi”, deb yozadi Polshaning haftalik “Dziennik Wschodni” (“Sharqiy jurnal”) jurnali muxbiri.
Yoshlar kasbiy rivojlanish va martaba o‘sishi yo‘llarini belgilashda katta tanlovga ega. Agar ilgari ishsizlikdan chiqishning yagona yo‘li sifatida ashaddiy kamsitiladigan va boshqa turdagi qiyinchiliklarga osonlikcha duch keladigan mamlakatlarda ishlashga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir mehnat migratsiyasi sohasidagi vaziyat tubdan o‘zgarmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda ishga qabul qilish jarayoni qonuniylashtirilmoqda, xorijdagi mehnat muhojirlarining huquq va manfaatlari himoya etilmoqda, Yevropa Ittifoqi va MDH mamlakatlarida ishchilarni avvalgidek tartibsiz emas, rasmiy ishga joylashtirish tizimi joriy qilinmoqda, ushbu tizim mehnatkashlarimiz qadrlanadigan Osiyo davlatlarida ham samarali yo‘lga qo‘yilmoqda.
Qalbda Vatan tuyg‘usi bilan yashash
Yaqinda Jahon iqtisodiy forumining global xavflarga oid navbatdagi hisoboti nashr etildi. Hisobotda global muhit parchalanishi tobora avj olayotgani alohida ta’kidlangan. Unga ko‘ra, barqarorlik va taraqqiyotga tahdid solayotgan omillar orasida geosiyosiy, ekologik, ijtimoiy va texnologik muammolar yetakchilik qilmoqda. Texnologik xavflar alohida toifani tashkil etadi, ular orasida noto‘g‘ri ma’lumotlar, dezinformatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning salbiy oqibatlari sanab o‘tilgan. So‘nggi yillarda ekologik xavflar, jumladan, ekstremal ob-havo hodisalari, bioxilmaxillikning yo‘qolishi va ekotizimlarning buzilishi, tabiiy resurslarning yetishmasligi kabi holatlarning ustuvorlik qilayotgani aniqlangan.
Shu munosabat bilan Jahon iqtisodiy forumining global xavflar tashabbusi rahbari Mark Elsner dunyo uchun ishonchni tiklash va hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida yangi sa’y-harakatlar zarurligini ta’kidladi, aks holda, harakatsizlik oqibatlari bir necha avlod taqdiriga ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Shuni aytish kerakki, ushbu va boshqa ko‘plab dolzarb muammolarni mahalliy darajada hal qilishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar O‘zbekiston tomonidan 2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida to‘liq aks etgan. Joriy yilning O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilingani ham bejiz emas.
Unda belgilangan chora-tadbirlar quyidagi asosiy yo‘nalishlarda jamlangan: ekologiya yo‘nalishida atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslarini tejash choralari ko‘zda tutiladi; ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyani nazarda tutuvchi, shuningdek, mamlakat kelajagini ta’minlash, ya’ni yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat doimiy rivojlanishni maqsad qilgan ijtimoiy siyosat; barqaror o‘sish hisobiga aholi farovonligini oshirishga qaratilgan “yashil” iqtisodiyot; qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatiga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini takomillashtirishga asoslangan davlat boshqaruvi va sud-huquq sohasi; tashqi siyosat va xavf¬sizlik, xalqaro miqyosda tinchlikparvar siyosat tamoyillarini amalga oshirish va mamlakat xavfsizligini ta’minlash.
Mazkur ustuvor yo‘nalishlarning har biri, avvalo, davlatning o‘z fuqarolari haqida amaliy g‘amxo‘rlik qilishini nazarda tutadi, jumladan, global xavf-xatarlar va tahdidlar sharoitida davlatning bardavom va izchil rivojlanish asoslarini mustahkamlash, ekologik jihatdan qulay va farovon muhit yaratish, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni kafolatlash, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish.
Va, albatta, davlat dasturi loyihasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilgani alohida e’tirofga loyiq. Hujjatning butun bir bo‘limida har bir shaxsning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan, ta’lim sohasini yanada rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan, bu maktabgacha ta’lim bosqichidan boshlab amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish va bolalarni to‘liq qamrab olish maqsadi belgilangan. Umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish, uyda tahsil olayotgan talabalar uchun qulayliklar yaratish va “Raqamli kutubxona” tizimining samaradorligini oshirish rejalashtirilgan. Uzoq va olis hududlarda joylashgan maktab o‘quvchilarining avtobusda bepul qatnovini tashkil qilish, maktablarni asosiy sport anjomlari va milliy musiqa asboblari bilan ta’minlash, ta’lim jarayonida ishtirok etuvchilar uchun psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida bilimlarni baholashning yangi tartibi joriy qilinadigan maktablar sonini oshirish ko‘zda tutilmoqda. O‘rta maktab o‘quvchilarida muloqot qilish ko‘nikmalari, tanqidiy va ijodiy fikrlash qobiliyatlari, jamoada ishlash va tadqiqotlar olib borish mahoratini rivojlantirish nazarda tutilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun chet ellik mutaxassislar jalb etiladi.
O‘qituvchilarning mavqeini oshirish, ularning bilimlari va malakalarini xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida davlat grantlari asosida maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining uslubchilarini rivojlangan xorijiy mamlakatlarga yuborish mo‘ljallanmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda umumiy o‘rta ta’lim tizimida nodavlat tashkilotlarning faoliyati kengaytiriladi va xususiy sektor jalb qilinishi davom ettiriladi.
Oliy ma’lumotlilar darajasini oshirish maqsadida yoshlarga oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish rejalashtirilgan. Buning doirasida xorijdagi “TOP — 500” ro‘yxatiga kirgan oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari yaratiladi.
Zamonaviy bilimlar va ko‘nikmalar bilan ta’minlash maqsadida kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Ular doirasida kasb-hunar ta’limi tashkilotlarida malaka toifasiga ega pedagogik kadrlar salmog‘i oshiriladi. 14 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlari asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tashkil etiladi.
Davlat dasturi loyihasi 2025 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, jamiyatimizdagi mavjud ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni o‘z ichiga olgan. Ayniqsa, hujjat ushbu muammolarni hal qilishning aniq yo‘llari belgilangani, jadal rivojlanish uchun kuchli turtki berishi jihatdan juda muhim hisoblanadi. Va aksariyat tashabbuslar yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgani xalqimizga xos bo‘lgan kelajak vorislariga g‘amxo‘rlik qilish, Vatanga muhabbat kabi azaliy qadriyatlardan dalolat beradi.
Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishish maqsadida joylarga qilgan tashriflari chog‘ida umumta’lim maktablarini ko‘zdan kechirar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev eng katta maqsadimiz yoshlarga tarbiya berish ekanini, oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erishishimiz uchun bilimli yoshlar kerakligini, shu sababli ularga barcha zarur sharoitni yaratishga intilayotganimizni alohida ta’kidlaydi.
Darhaqiqat, rivojlanish va bilim olish imkoniyatlaridan foydalanar ekan, har bir fuqaro uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor yaratishga o‘z hissasini qo‘shadi. Bu tarixiy jarayon nafaqat o‘z bilimi, imkoniyatlarini rivojlantirishga intilishni talab etadi, balki mamlakat istiqboli, uning madaniy merosi hamda kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni anglashni taqozo qiladi. Chunki aynan bilimli, intiluvchan, Vatanga sadoqatli insonlargina buyuk o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylana oladi.
O‘zlikni o‘ylagan vijdonlar uyg‘oq,
Qaddini ko‘tarib borar nomus-or.
Yurt esa oboddir, el-ulus quvnoq,
Intilmoq davridir, boshqasi bekor!
Ammo chekinmoq yo‘q, chekinmoq nadir,
Chumchuqdan qo‘rqqanlar tariq ekarmi?
Shijoat baxsh etsa qanoat, sabr,
Asli sher bo‘lganlar bo‘yin egarmi?!
Qiyoski, ota bor uyda farog‘at,
Egali har yerning bahori bordir.
Bu yurtga jon tikkan fidolar faqat,
Ertani nurafshon etmoqqa qodir!
O‘tkir Rahmat