Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Oʼzbekiston va Malayziya: oliy taʼlim, ilm fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik yangi qirralarini namoyon etmoqda



Otabek Mahkamov, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʼrinbosari

Oʼzbekiston va Malayziya oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida izchil va samarali hamkorlikni rivojlantirib, mustahkam aloqalarni yoʼlga qoʼymoqda. Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi tashriflari va uchrashuvlari bu jarayonga kuchli turtki boʼlib, taʼlim va ilmiy hamkorlikning yangi yoʼnalishlarini ochmoqda.

2025-yil fevralda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Malayziyaga oliy darajadagi tashrifi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashrif ikki davlat oʼrtasidagi taʼlim, fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, innovatsion texnologiyalar hamda kadrlar tayyorlash sohalarida qoʼshma loyihalarni amalga oshirishga turtki boʼlishi kutilmoqda.

Globallashuv jarayonlari jadallashayotgan hozirgi davrda oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlik strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, oliy taʼlim tizimidagi integratsiya Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasidagi hamkorlikning muhim jihatlaridan biri sifatida ilgari surilmoqda. Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi munosabatlar soʼnggi yillarda sezilarli darajada rivojlanib, yangi bosqichga koʼtarildi. Bu hamkorlik ikki mamlakat taʼlim tizimini modernizatsiya qilish va xalqaro maydonda integratsiyalashuvini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Ikki mamlakat oʼrtasidagi hamkorlikning institutsional asosi Malayziyaning yetakchi universitetlari bilan oʼrnatilgan toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalarga tayanadi. Xususan, Malayziya Bosh vaziri А.Badaviy tomonidan 2008-yil 16-17-noyabr kunlari Oʼzbekistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrif davomida “Oʼzbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati oʼrtasida oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʼgʼrisida anglashuv memorandumi” imzolangan boʼlib, u bugungi kunda ikki davlat oʼrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikning huquqiy asosini tashkil etadi.

Malayziya universitetlari bilan hamkorlik, ilmiy aloqalarni rivojlantirish va talabalarga xalqaro bilimlar olish imkonini taqdim etmoqda. Malayziya universitetlari xalqaro reytinglarda yuqori oʼrinlarni egallaydi. Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlik soʼnggi yillarda universitetlararo darajada jadal rivojlanmoqda. Ushbu muassasalar bilan hamkorlik Oʼzbekistonda taʼlim sifatini oshirish va universitetlar oʼrtasida akademik almashinuv dasturlarini yoʼlga qoʼyish imkonini berdi. Hozirda Oʼzbekiston va Malayziya oliygohlari oʼrtasida 94 ta bitim, shartnoma va kelishuvlar amal qilmoqda. Bu hamkorlik fan va taʼlim sohasidagi loyihalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik ikki davlatning strategik manfaatlariga xizmat qilmoqda. Malayziyaning innovatsion taʼlim metodlari va xalqaro tajribasi oʼzbekistonlik talabalar va oʼqituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu esa oʼz navbatida, mamlakatdagi taʼlim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishga hissa qoʼshadi. Shu bois Oʼzbekiston oliy taʼlim muassasalarining 195 nafar professor-oʼqituvchilari Malayziya oliy taʼlim tashkilotlarida malaka oshirish uchun yuborildi. Oʼz navbatida, Malayziya hamkor oliygohlari va taʼlim tashkilotlarining 230 nafar professor-oʼqituvchilari oʼquv jarayoniga jalb etilgan. Malayziyaning texnikaviy hamkorlik dasturi (MTSP) doirasida 2016-yildan buyon Oʼzbekiston oliy taʼlim muassasalarining 200 nafardan ziyod (2024 yilda 15 nafar) professor-oʼqituvchilari tajriba almashish, stajirovka oʼtash, turli sohalardagi oʼquv kurslarida ishtirok etish maqsadida Malayziyada boʼldi.

Oʼzbekistonlik talabalar uchun Malayziya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari kengaydi. Аyniqsa, muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va menejment sohalaridagi taʼlim dasturlari talabalar oʼrtasida katta qiziqish uygʼotmoqda. Bundan tashqari, Malayziyaning Oʼzbekistondagi taʼlim forumlari va koʼrgazmalari ikki davlat oʼrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga yordam bermoqda. Bugungi kunda Oʼzbekiston Respublikasining 500 nafarga yaqin fuqarolari Malayziya oliy taʼlim muassasalarining turli yoʼnalishlarida tahsil olmoqda. Malayziya universitetlari tomonidan Oʼzbekiston talabalari uchun ajratilayotgan grantlar va stipendiyalar ham taʼlim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishning muhim omillaridan biridir. Ushbu grantlar orqali koʼplab oʼzbekistonlik yoshlar xorijiy tajribani oʼrganish va kelajakda oʼz mamlakatlarida zamonaviy bilimlarni qoʼllash imkoniga ega boʼlmoqda.

Eʼtiborga loyiq tomoni shundaki, malayziyalik talabalarda ham yil sayin Oʼzbekistonda taʼlim olish istagi shakllanib bormoqda. Hozirgi kunda "Ipak yoʼli" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 7 nafar, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2 nafar, Oʼzbekiston davlat jahon tillari universitetida 3 nafar, jami 12 nafar Malayziya fuqarolari “Аrxeologiya”, “Menejment”, “Muzeyshunoslik”, “Turizm” yoʼnalishlarida tahsil olmoqda, shuningdek, oʼzaro hamkorlik doirasida qoʼshma tadqiqotlar va ilmiy anjumanlar oʼtkazilmoqda. Bu esa oʼz navbatida, Oʼzbekistondagi taʼlim tizimi sifati xorijiy davlatlarda ham eʼtirof etilayotganinga ishora qiladi.

Hozirgi kunda ikki davlat oʼrtasida koʼplab qoʼshma taʼlim dasturlari va loyihalar amalga oshirilmoqda. Talabalar almashinuvi dasturlari va qoʼshma magistratura hamda doktorantura dasturlari qoʼllanilmoqda. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Oʼzbekiston davlat jahon tillari universiteti, "Ipak yoʼli" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Buxoro davlat universiteti hamda Malayziya milliy universiteti, Malayziya Texnologiya universiteti, Sulton Idris pedagogika universiteti, Malayziya Putra universiteti, "Petronas" texnologiya universiteti, Malayziya menejment universiteti kabi nufuzli oliy taʼlim muassasalari oʼrtalarida akademik almashuv va ilmiy tadqiqotlar sohasida samarali hamkorlik yoʼlga qoʼyilgan. Jumladan, "Petronas" texnologiya universiteti va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti oʼrtasida oʼrnatilgan hamkorlik natijasida 2023-yilda 6 nafar oʼzbekistonlik oʼqituvchilarga "faxriy professor" unvoni berildi. Buxoro tabiiy resurslarini boshqarish instituti va INTI universiteti hamkorligida "Modellashtirish va prototiplashtirish" markazi tashkil etildi.

Shuningdek, hamkorlik doirasida qoʼshma taʼlim dasturlari hamda dual taʼlim tizimi joriy etilmoqda. Qoʼshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish oʼzaro hamkorlikning muhim yoʼnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Bu borada muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va menejment sohalarida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Malayziyaning MАRА universiteti "Xalqaro turizm" va "Inson resurslarini boshqarish" yoʼnalishlarida qoʼshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqqan. Аyniqsa, Malayziyaning Linkolьn kollej universiteti bilan respublikaning bir nechta oliy taʼlim muassasalari oʼrtasidagi hamkorlik bu jarayonning muhim natijalari sifatida namoyon boʼlmoqda.

Jumladan, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Linkolьn kollej universiteti oʼrtasida tashkil etilgan qoʼshma taʼlim dasturi doirasida “Menejment” yoʼnalishi va mutaxassisligi boʼyicha talabalar 2+2 hamda 1+1 tizimi asosida oʼqishni davom ettirmoqda. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali va Linkolьn universiteti oʼrtasida “Raqamli iqtisodiyot” yoʼnalishi boʼyicha qoʼshma taʼlim dasturi tashkil etilgan. Nukus davlat pedagogika instituti hamda Qoraqalpoq davlat universiteti kabi taʼlim muassasalarida ham qoʼshma dasturlar doirasidagi faoliyat jadal rivojlanmoqda.

Bugungi kun respublikamizning 4 ta oliy taʼlim muassasasi Malayziya universitetlari bilan hamkorlikda 5 ta bakalavriat taʼlim yoʼnalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligi boʼyicha qoʼshma taʼlim dasturlarini amalga oshirmoqda. Bu saʼy-harakatlar taʼlim turizmini rivojlantirishda muhim qadam boʼlib, ikki davlat oʼrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Yuqorida zikr etilgan muassasalarda turizm, filologiya, maktabgacha taʼlim yoʼnalishlarida talabalar xalqaro darajada zamonaviy bilimlarni oʼzlashtirib, Yangi Oʼzbekistonning istiqbolli mutaxassislari sifatida shakllanib bormoqda.

Qoʼshma taʼlim dasturlari nafaqat Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, balki ikki mamlakat yoshlari oʼrtasida madaniy va ijtimoiy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Istiqbolda Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasida dual taʼlim dasturlarini rivojlantirish ikki davlatning taʼlim sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tizim talabalarga nazariy taʼlim va amaliyotni uygʼunlashtirish imkonini beradi. Dual taʼlim orqali talabalar nafaqat zamonaviy bilim va koʼnikmalarga ega boʼladi, balki sohadagi tajribaga ham erishadi. Bu esa ularning kelgusida ish bilan taʼminlanish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasidagi hamkorlik doirasida oliy muhandislik maktablarini tashkil etish istiqbolli yoʼnalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Oliy muhandislik maktablarining asosiy vazifalari zamonaviy talablarga mos ravishda belgilangan. Ular, avvalo, talabalarga tanlangan yoʼnalish boʼyicha chuqur va zamonaviy bilim berish, ilmiy-tadqiqot, tahliliy, ijodiy hamda muloqot qobiliyatlarini rivojlantirishni oʼz ichiga olgan. Bu maqsadda taʼlim jarayonlari “4+1” shaklida tashkil etilib, bakalavriat, magistratura va doktorantura darajalarini oʼz ichiga olgan kompleks tayyorgarlik dasturlari joriy etiladi.

Shuningdek, muhandis-texnik kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlari yoʼlga qoʼyiladi. Hamkor korxonalarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda, yuqori texnologiyalar va koʼp tarmoqli ishlab chiqarishni oʼzlashtirishga qodir, jamoaviy ishlay oladigan “muhandis-tadqiqotchi” malakasiga ega kadrlarni tayyorlash ustuvor vazifa sifatida belgilanadi. Taʼlim jarayonlariga yetakchi mahalliy va xorijiy professor-oʼqituvchilar jalb qilinadi. Oʼqitishning zamonaviy usullari, jumladan, loyihaviy taʼlim, muammoli oʼqitish texnologiyalari va amaliy tadqiqotlardan foydalanish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat muammolari boʼyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, amaliyotga yoʼnaltirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish va innovatsion loyihalar ustida ishlash maqsad qilib olinadi.

Taʼlim standartlari sohasidagi hamkorlik doirasida Malayziyaning taʼlim sifatini taʼminlash tajribasi ham chuqur oʼrganilmoqda. Oʼquv dasturlari va uslubiy materiallar almashinuvi amalga oshirilib, Malayziya oliy taʼlim standartlari Oʼzbekiston oliy taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich moslashtirilmoqda. Mazkur jarayonda innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, ikki davlat oʼrtasida ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga molik. Qoʼshma ilmiy loyihalar, konferentsiyalar va seminarlar muntazam ravishda oʼtkazilib, ilmiy nashrlarda hammualliflik amaliyoti rivojlanmoqda. Malayziyaning innovatsion ekotizim yaratish borasidagi tajribasini oʼrganish va uni Oʼzbekistonda joriy etish orqali startaplar, texnoparklar hamda innovatsion klasterlarni rivojlantirishga yoʼnaltirilgan hamkorliklar faol davom etmoqda. Xususan, Malayziyaning Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda, 2025 yilda 10 ta ustuvor yoʼnalishda amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar tanlovlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Malayziyaning MRANTI markazi va Toshkentdagi INNO texnopark oʼrtasidagi hamkorlik ikki davlatning innovatsion rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Bu hamkorlik zamonaviy texnologiyalarni iqtisodiyotga integratsiya qilish, innovatsion gʼoyalarni rivojlantirish va xalqaro bozor uchun raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga qaratilgan. MRANTI va INNO texnopark oʼrtasidagi qoʼshma loyihalar tadqiqot infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnologiyalar va robototexnika, raqamli texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga qaratilgan. Bu hamkorlik Oʼzbekistonda koʼplab startap loyihalarning hayotga tatbiq etilishiga va Malayziyaning texnologiyalarini yangi bozorlarga muvaffaqiyatli integratsiya qilishga yordam bermoqda. MRANTI va INNO texnoparkning birgalikdagi faoliyati ikki davlat oʼrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga va xalqaro innovatsion platforma yaratishga xizmat qilmoqda. Bu hamkorlik nafaqat Oʼzbekiston va Malayziya uchun, balki mintaqaviy va global rivojlanish uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Oʼzbekistonda 2025-yil “Аtrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yili deb eʼlon qilinishi munosabati bilan Oʼzbekiston va Malayziya hamkorligida atrof-muhitni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va uglerod izini kamaytirishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilishi kutilmoqda. Bu kabi loyihalar doirasida qoʼshma ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish, oliy taʼlim hamda ilmiy tadqiqot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, Oʼzbekiston va Malayziya olimlari oʼrtasida tajriba almashinuvi va stajirovkalar tashkil etilib, ilm-fan yutuqlarini oʼzaro boʼlishish jarayonlari yoʼlga qoʼyilmoqda. Аyniqsa, Oʼzbekiston milliy universitetida oʼtkazilgan “Malayziya va Oʼzbekiston: oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi seminar ikki davlat universitetlari oʼrtasida qoʼshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish va talabalar almashinuvini rivojlantirish boʼyicha yangi istiqbollarni belgilashda muhim oʼrin tutdi.

Malayziyada innovatsion sohaga eʼtibor tobora kuchayib bormoqda va bu borada sezilarli yutuqlarga erishilmoqda hamda innovatsion salohiyatni oshirishga yoʼnaltirilgan izchil siyosat olib borilmoqda. Shu oʼrinda Oʼzbekiston Eron tajribasidan foydalanib, mamlakatda innovatsion sohani rivojlantirishning amaliy yoʼllarini ishlab chiqishga koʼmak berishi mumkin. Zero mazkur yoʼnalishlardagi yaqin hamkorlik oʼzaro manfaatli boʼladi.

Malayziyaning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalari bilan olib borilayotgan hamkorlik Oʼzbekistonda oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlarning sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Аkademik almashinuv va qoʼshma taʼlim dasturlari orqali har ikki davlat talabalari va professor-oʼqituvchilari uchun yangi bilimlar va tajriba almashish imkoniyatlari yaratilmoqda. Shu bilan birga, innovatsion loyihalar va texnoparklarning hamkorligi mamlakatlar oʼrtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlashga turtki boʼlib, global miqyosdagi taraqqiyotga yangi imkoniyatlar ochmoqda. Kelgusida ham ushbu hamkorlik ikki davlatning fan, taʼlim va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarini yanada chuqurlashtirib, ilmiy-ijodiy salohiyatni oshirishga xizmat qiladi.

Istiqbolda ikki davlat oʼrtasidagi hamkorlik doirasini yanada kengaytirish koʼzda tutilmoqda. Jumladan, qoʼshma onlayn kurslar yaratish, virtual oʼquv platformalarini ishga tushirish va zamonaviy tadqiqot markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, talabalarning tadbirkorlik koʼnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ham rejalardan biridir.

Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik yangi marralarga erishmoqda. Ikki davlat oʼrtasidagi hamkorlik nafaqat taʼlim sohasidagi aloqalarni, balki umumiy madaniy va ilmiy munosabatlarni ham mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa, oʼz navbatida, kelajak avlod uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi va ikki davlatning xalqaro maydondagi nufuzini oshiradi.



  ...