Shu bilan birga, hozirgi yoshlar murakkab sharoitda yashayotganini tan olish lozim. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamonaviy yoshlar o‘z shakllanish jarayonini juda murakkab davrda boshdan kechirmoqda – eski qadriyatlar allaqachon buzilgan, yangilari esa hali to‘liq shakllanmagan yoki umumiy qabul qilinmagan. Ular nafaqat shaxsiy muammolarni, balki avvalgi avlod kun tartibida bo‘lmagan ijtimoiy ahamiyatga ega murakkab masalalarni ham hal qilishiga to‘g‘ri kelmoqda (masalan, iqlim o'zgarishlari, raqamli makonning bosimi va boshqalar).
Ta’kidlash joizki, yuqorida qayd etilgan tendensiyalar Oʻzbekiston yoshlari uchun ham xosdir. Ular mamlakat aholisining deyarli uchdan bir qismini tashkil etadi, 30 yoshgacha boʻlganlar orasida esa bu koʻrsatkich 60 foizga yetadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yoshlar masalasi davlatimizning strategik rivojlanish yoʻnalishlaridan biri sifatida ustuvor vazifalardan sanaladi. Oʻzbekiston Prezidenti yoshlarga alohida e’tibor qaratib, ularni mamlakat taraqqiyoti va ravnaqida faol ishtirok etishga undash zarurligini ta’kidlaydi. Bunga yaqqol misol sifatida 2021-yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilinganini koʻrsatish mumkin.
Oradan uch yil o‘tib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yilni “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qildi. Bu mamlakatning yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi rolini mustahkamlashga bo‘lgan intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.
So‘nggi sakkiz yil ichida yoshlarga oid siyosatga yondashuv tubdan o‘zgardi. Zamonaviy talablar va davr ruhiga mos keladigan kompleks tizimli yoshlar strategiyasi ishlab chiqildi, mustahkam normativ-huquqiy baza yaratildi, davlatning yoshlar siyosati huquqiy va institutsional jihatdan yanada mustahkamlandi.
Mamlakatda yoshlarga oid ishlarni boshqarish bo‘yicha noyob vertikal tizim ham joriy etilgan. Ushbu tizim mahallalardagi yoshlar yetakchilari orqali yoshlarning kasb-hunar o‘rganishi, bandligini ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va mazmunli bo‘sh vaqtlarini tashkil etish kabi ko‘plab masalalarni hal etish imkonini bermoqda.
Yoshlarning daromadini oshirishga yo‘naltirilgan yangi tizim joriy etilishi natijasida, faqatgina 2024-yilda “mahalla yettiligi” tavsiyalari asosida 156 ming yigit-qizga 60 ming gektar yer maydoni 30 yil muddatga ijaraga berildi. Bu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi.
"Yangi O‘zbekiston – 2030" strategiyasida yosh avlodning sifatli ta’lim olishi va, natijada, mamlakat yoshlarining ilmiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa jamiyat va davlatni modernizatsiya qilish jarayonida yoshlarning hal qiluvchi rolini belgilab beradi.
Xususan, yoshlarning ilm-fan va yuqori texnologiyalarni o‘rganishi uchun Prezident va ijod maktablari, shuningdek, matematika, kimyo va biologiya yo‘nalishlariga ixtisoslashgan maktablar tashkil etilmoqda. IT sohasiga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari soni ham ortib bormoqda.
Natijada, shu vaqt mobaynida oliy ta’lim bilan qamrab olingan yoshlar soni 4 baravar oshdi – 9 foizdan 38 foizgacha yetdi. Shuningdek, 151 ming talaba 1,7 trillion so‘m miqdorida imtiyozli ta’lim krediti oldi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar allaqachon sezilarli natijalar bermoqda. So‘nggi uch yil ichida O‘zbekiston yoshlari nufuzli xalqaro tanlov va musobaqalarda 5,5 mingga yaqin mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Bundan tashqari, strategiya doirasida zamonaviy iqtisodiyot talablariga mos tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlari joriy etilmoqda. Yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda, bu esa biznes loyihalarni amalga oshirish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bu nafaqat yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga, balki yangi ish o‘rinlarini yaratish va, natijada, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Oliy Majlis huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tuzildi. Yoshlar ishlari agentligi qoshida esa Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti faoliyat yuritmoqda.