O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga keldi. Tashrif doirasida Abu-Dabi va Dubay shaharlarida qator uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari amirliklar poytaxtida BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi, mamlakatning yetakchi davlat tashkilotlari, kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashadi, shuningdek, "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" xalqaro sammitida ishtirok etadi.
Dubay shahrida BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
"Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" xalqaro sammiti “Barqaror innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusiga bag‘ishlangan. Tadbirlarda Amirlikning “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirib kelayotgan 10 dan ortiq mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek yirik xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
“Masdar” kompaniyasi O‘zbekistonda 2019 yildan buyon 100 MVt quvvatga ega “Nur Navoi Solar” loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Bu mamlakatimizda muvaffaqiyatli moliyalashtirilgan birinchi mustaqil quyosh energiyasi loyihasi hisoblanadi. “Masdar” kompaniyasining O‘zbekistondagi o‘sib borayotgan loyihalar portfeliga Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi bo‘lgan 500 MVt quvvatga ega Zarafshon shamol elektr stansiyasi kiradi. Kompaniya, shuningdek, 2023 yilda Jizzax, Samarqand va Sheroboddagi umumiy quvvati taxminan 900 megavatt bo‘lgan uchta quyosh energiyasi loyihalarini moliyalashtirishni yakunladi va bu Markaziy Osiyodagi quyosh energetikasini rivojlantirish dasturiga aylandi.
Ushbu hamkorlik ikki davlatning o‘zaro manfaatdorlik va dekarbonizatsiya maqsadlariga erishishga intilishidan dalolat beradi. Bu O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi 1992 yil 25 oktyabrda o‘rnatilgan munosabatlarning asosiy tarkibiy qismlaridan biridir.
Umuman olganda, bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik barcha sohalarda sezilarli darajada kengaydi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi siyosiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 2019 yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning BAAga rasmiy tashrifi davomida o‘zaro hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab olgan qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar imzolangan edi.
2023 yil 2 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “EKSPO Doha – 2023” butunjahon ko‘rgazmasining ochilish marosimidagi ishtiroki doirasida BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari 2023 yil 30 noyabr – 2 dekabr kunlari amaliy tashrif bilan Dubayda bo‘lib, bu yerda Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etdi.
O‘z navbatida, yuqori darajadagi almashinuv faollashdi.
2022 yil 10 iyun kuni BAA hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy O‘zbekiston Prezidenti va Bosh vaziri tomonidan qabul qilindi. Mamlakatimizga amalga oshirilgan ushbu tashrif chog‘ida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida Memorandum ham imzolandi.
2023 yil 4 aprel kuni BAA hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilinib, “O‘zbekiston-BAA o‘rtasida ko‘p qirrali munosabatlarni chuqurlashtirishga qo‘shgan hissasi va Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun” “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
2023 yil aprel oyida Toshkentda O‘zbekiston va BAA o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 3-davrasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat a’zolari boshchiligidagi vakillik delegatsiyalari har yili o‘tkaziladigan Toshkent xalqaro investitsiya forumining doimiy ishtirokchilariga aylandi.
Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida samarali va konstruktiv muloqot o‘rnatildi. 2023 yil iyun oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov tashrif bilan Abu-Dabi shahrida bo‘ldi.
2024 yil 27 sentyabr kuni BAA Bosh vaziri o‘rinbosari, mudofaa vaziri, Dubay Amirligi valiahd shahzodasi Shayx Hamdan bin Muhammad bin Roshid Ol Maktum O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Amirliklar delegatsiyasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi, shuningdek, hukumatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish forumida ishtirok etdi. Tashrif yakunlari bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan savdo-iqtisodiy munosabatlar yangi sur’at kasb etmoqda.
O‘zbekistonda Amirliklarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard dollarga yetdi.
2024 yil dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatimizda BAA kapitali ishtirokidagi 337 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
2024 yil 3 may kuni Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat ham o‘zaro munosabatlarni raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va ta’lim kabi yangi sohalarda yanada mustahkamlash hamda hamkorlikni kengaytirish tarafdori. Mamlakatlarimiz barqaror rivojlanish va farovonlikka yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Davlatlarimiz o‘rtasida haftasiga 55 ta reysni o‘z ichiga olgan muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani, o‘z navbatida, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishiga, o‘zaro sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston BAA bilan xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida faol hamkorlik qiladi. Xususan, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bilan munosabatlar yangi sur’atga ko‘chdi. 2024 yil aprel oyida Toshkent shahrida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokamasiga qaratilgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, BAA Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi kabi tashkilotlarning yetakchi davlatlaridan biri, mamlakatlarimiz faol hamkorlik qilayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotida muloqot bo‘yicha hamkor hisoblanadi.
Ikki davlat madaniy aloqalar va gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. O‘zbekiston va BAA xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlikni mustahkamlash maqsadida madaniy tadbirlar, ko‘rgazma va festivallar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Shahrisabzda bo‘lib o‘tadigan maqom san’ati, Termiz shahridagi xalqaro baxshichilik san’at festivallarida Amirliklarning folklor jamoalari doimiy ishtirok etmoqda.
2019 – 2023 yillarda O‘zbekiston delegatsiyasi Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan Birlashgan Arab Amirliklari asoschisi Shayx Zaydning madaniy merosiga bag‘ishlangan festivalida milliy pavilon bilan ishtirok etdi.
2023 yil mart oyida “Dubai Opera” majmuasida “Bahor” raqs ansambli dasturining xalqaro premerasi o‘tkazildi, o‘zbek raqs san’ati arab tomoshabinlari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Bugungi kunda davlatlar O‘zbekiston va Abu-Dabi muzeylarida qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, madaniy meros sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazish, madaniy merosni asrab-avaylash, muzeylarni boshqarish, restavratsiya va boshqa sohalarda ko‘nikma va tajriba almashish, shuningdek, ta’lim yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish orqali madaniy muloqotni rivojlantirmoqda.
Shu tariqa, O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi aloqalar hamkorlikning tobora ko‘proq yo‘nalishlarini qamrab olib, Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi yuksak yo‘lda rivojlanishda davom etmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 13 yanvar kuni boshlangan BAAga tashrifi, shubhasiz, o‘zaro munosabatlar rivojida muhim bosqich bo‘lib, ikki davlatning iqtisodiyot, energetika, investitsiya va madaniy-gumanitar kabi asosiy hamkorlik yo‘nalishlaridagi aloqalarini yanada kengaytirishga bo‘lgan intilishini tasdiqlaydi. Mazkur tashrif, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasidagi munosabatlarni mustahkamlash, davlatlarning barqaror yuksalishi va farovonligiga ko‘maklashishga ham xizmat qiladi.
«Dunyo» AA