Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) “GALLUP” tadqiqot va konsalting tashkiloti tomonidan jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida tayyorlanayotgan yillik Jahon so‘rovnoma (Gallup World Poll) bo‘yicha hisobotini tahlil qildi.
Gallup 2005 yildan beri har yili 160 mamlakat o‘rtasida (har bir davlatdan 1000 kishi) dunyo bo‘ylab so‘rov o‘tkazib kelmoqda, bu 15 yoshdan oshgan dunyo aholisining 98%ini tashkil qiladi.
Gallup World Poll 100 savoldan iborat va quyidagi Indekslarni o‘z ichiga oladi:
• Qonun va tartib;
• Oziq-ovqat va uy-joy;
• Institutlar va infratuzilma;
• Yaxshi ish o‘rinlari;
• Farovonlik.
Gallup ushbu hisobotida O‘zbekistonni postsovet Yevroosiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan taqqoslab boradi.
Farovonlik ko‘rsatkichlari
2022 yilda farovonlik indeksi (0 dan 10 ballgacha) 6,0 ballni tashkil etdi, ushbu indeksning mintaqadagi o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 5,7 ballga teng. Shunday qilib, O‘zbekiston postsovet Yevroosiyo mintaqasi mamlakatlari orasida eng yaxshi natijalardan birini ko‘rsatgan.
Postsovet Yevroosiyo mintaqasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Belarus, Moldova, Ukraina kabi davlatlarni o‘z ichiga oladi.
2022 yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning 39%i hozirgi kunda o‘z farovonligi oshib borayotganligini ta’kidlagan, bu mintaqaviy o‘rtacha 30%dan sezilarli darajada yuqori.
Hayotdan qoniqishni aniqlash uchun "Hayot zinapoyasi" deb nomlangan so‘rov natijalaridan foydalaniladi. Respondentlardan 0 dan 10 gacha zinapoyaning qaysi pog‘onasida ekanligi so‘raladi, bu yerda 0-pog‘ona eng yomon hayotni, 10-pog‘ona esa eng yaxshi hayotni anglatadi.
O‘zbekiston aholisining atigi 2%i o‘z hayotlarida qiyinchiliklarga duch kelayotganliklarini qayd etishgan, bu mintaqaviy o‘rtacha ko‘rsatkichdan 6%ga past.
O‘zbekiston farovonlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha mintaqa mamlakatlari orasida eng yaxshi natijani ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, Gallup baholashlariga ko‘ra, pandemiya davridan so‘ng aholining farovonligi eng tez tiklangan mamlakatlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonliklar kelgusi 5 yildagi farovonligini 8,7 ball deb baholaganlar. Xususan, kelajakdagi farovonligini kutish borasida O‘zbekiston mintaqada eng yaxshi natijani ko‘rsatgan, mintaqaning o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 7,4 ballni tashkil etgan.
Respondentlarning 86%i hozirgi paytda turmush darajasi yaxshilanayotganligini bildirishgan va ushbu ko‘rsatkichning mintaqadagi o‘rtacha darajasi 40%ni tashkil etgan.
So‘rovda qatnashgan O‘zbekiston aholisining 80%i hozirgi moliyaviy holatidan qoniqayotganligini bildirishdi, bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, mintaqa uchun o‘rtacha ko‘rsatkich 60%ni tashkil etgan.
O‘zbekistonliklarning 44%i joriy daromadlarida yaxshi hayot kechirayotganliklarini bildirishgan bo‘lsa, mintaqadagi o‘rtacha 33% bo‘lgan.
Yaxshi ish o‘rinlari
O‘zbekistondagi ishchilarning 34%i o‘z ishlaridan qoniqishlarini bildirishgan. Bu esa o‘z navbatida, mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, mintaqa uchun o‘rtacha 27%ni tashkil etgan.
“GALLUP” tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ish joylaridan ko‘ngli to‘lmaydigan ishchilar global iqtisodiyotga 8,8 trln. dollar yoki jahon YAIMning 9% miqdoridagi xarajatlarni keltirib chiqaradi
O‘zbekistondagi ishchilarning 15%i o‘z ish joylarida stressga tushishlari mumkinligini ta’kidlashgan bo‘lib, bu mintaqadagi ko‘rsatkichdan mintaqada 24%ni tashkil qildi.
2020 yildan beri hozirgi davrda ish topishning eng yaxshi payti deb hisoblaydiganlarning ulushi 17%ga oshgan va 2022 yilda so‘rovda qatnashganlarning 63%i buni qayd etishgan. Bu esa o‘z navbatida, mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich, o‘rtacha ko‘rsatkich esa 38%ni tashkil etgan.
Ikki yil davomida o‘zbekistonliklarning mamlakat iqtisodiyotini yaxshilanayotganligiga ishonchi 7%ga oshib, 82 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich mintaqada o‘rtacha 51%ni tashkil etgan.
Institutlar va infrastruktura
2022 yilda o‘zbekistonliklarning 92% mamlakat hukumatiga ishonishlarini bildirishgan, bu esa aholining hukumatga bo‘lgan ishonchining o‘rtacha ko‘rsatkichi 68%ni tashkil etgan mintaqa mamlakatlari orasida eng yaxshi natijalardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda sud tizimi faoliyatiga ishonuvchilarning ulushi ikki yil ichida 10%ga oshgan va 2022 yilda 74%ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich mintaqada o‘rtacha 45% bo‘lib, sezilarli darajada past.
Mintaqa aholisining o‘rtacha 55%i moliya institutlari va banklarga ishonishlarini ta’kidlashgan bo‘lsa, O‘zbekistonliklarning 82%i bank-moliya tizimiga "juda katta" ishonch bildirishgan.
O‘zbekistonliklarning 94%i bolalar va yoshlarga "katta" e’tibor qaratilmoqda deb ta’kidlagan bo‘lsalar, bu ham mintaqadagi o‘rtacha ko‘rsatkich 76%ga nisbatan yuqori natija.
O‘zbekiston aholisining 93%i mamlakatda bilim olish va o‘sish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini bildirishgan, mintaqadagi bu ko‘rsatkich 68%ni tashkil etgan.