Bir qanotda yoshlar, boshqasida tadbirkorlar
2023-yil jahon maydonida ham, yurtimiz hayotida ham qizgʼin kechdi. Oʼtgan yil chindan ham olamshumul voqealar, katta yutuqlar, barcha sohalarda rivojlanishlarga boy boʼldi. Tariximizda ilk bor xalqimiz referendum yoʼli bilan yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildi. Mamlakatimiz bir qancha nufuzli tadbirlarga mezbonlik qilib, jahon hamjamiyati eʼtiborida boʼldi. Eng asosiysi, yana bir yilni tinchlikxotirjamlikda kuzatdik va yangi 2024-yilni kutib oldik.
Аnʼanaga muvofiq, joriy yilni ham unga nom berish bilan boshladik. 2024-yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qoʼllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilindi. Demak, bu yilda ham yurtimiz aholisining 60 foizdan koʼprogʼini tashkil etadigan yoshlar hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining chin maʼnodagi lokomotiviga aylangan biznes sohasi yanada qoʼllab-quvvatlanadi. Mana shu maqsad atrofida barcha vazifalar birlashib, yurtdoshlarimiz hayotini yaxshilashga qaratilgan islohotlar faol davom etadi. Prezidentimiz xalqimizga yoʼllagan bayram tabrigida taʼkidlanganidek, joriy yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirish, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ijtimoiy sohalar rivoji mutlaqo yangi bosqichga koʼtariladi.
Eng birinchi kundan...
“Biznes” soʼzi inglizcha ish, mashgʼulot, korxona, degan maʼnolarni anglatadi. Shunga koʼra, biznesni qoʼllab-quvvatlash, deganda bandlikni, mashgʼullikni, iqtisodiyotning har bir tarmogʼidagi rivojlanish, oʼsish omillari, erkin bozor iqtisodiyoti va bularning ortidan aholi farovonligini oshirishni tushunish mumkin. Chunki hududlarda biznes qanchalik rivojlanib, tadbirkorlar soni ortsa, aholi bandligi va turmush farovonligi oshib, iqtisodiy oʼsish shuncha yuqorilaydi.
Oxirgi yillarda Oʼzbekiston tadbirkorlar yurtiga aylanib boryapti. Bu yurtdoshlarimizning, qolaversa, xorijliklarning eʼtirofi. Ilgari hech qachon biznes egalariga bunchalik katta ishonch, imkoniyat berilmagan. 2016-yildan keyin yurtimizda qulay tadbirkorlik muhiti shakllandi. Odamlar biznes yuritishda haqiqiy erkinlikni his qilib, oʼz faoliyatida koʼrib, bilib, bu orqali ishiga boʼlgan ishonchi ortib bormoqda.
— Shu yoʼnalishdagi islohotlar avj pallaga kirgan 2017-2022-yillar davomida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda tizim vakillari huquqlarini himoya qilish yoʼnalishida jami 3 mingdan ortiq qonunchilik hujjatlari qabul qilindi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʼrinbosari Аktam Haitov. — Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki davridayoq islohotlarni ayni shu ogʼriqli nuqtadan boshlagani bejiz emas. Chunki ilgari bir tadbirkor ish boshlasa, uning faoliyatiga aralashish, huda-behuda tekshiruvlar bilan toʼsiq qoʼyadiganlar koʼp edi. Bunday tekshiruvlar aksariyat hollarda oʼzining salbiy oqibatlari sabab Oʼzbekistonda odamlar tadbirkorlik qilishga hayiqib qolgani, boʼyinga solinadigan bu tushov tufayli koʼp ishbilarmonlar bankrotlikka uchragani va boshqalar haqida ortiqcha gapirishga hojat yoʼq. Yillar davomida saqlanib kelgan bu tizimni isloh qilish ham oson boʼlmadi, ammo tashlangan qadam qatʼiy edi.
Аvvalo, 2016-yilning kuzidan boshlab mamlakatimizda tadbirkorlarga munosabat tubdan oʼzgardi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmoni bu boradagi dastlabki katta qadam boʼldi. Zero, ushbu hujjat bilan tadbirkorlik subʼektlari faoliyatini rejadan tashqari, shuningdek, ularni jinoyat ishlari doirasida muqobil tekshirishlarning barcha turi bekor qilinganini tarixiy kun sifatida eslash mumkin.
Shu tariqa qatʼiy qadamlar bir-biriga ulandi. Sohani rivojlantirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, tadbirkorlik subʼektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Biznes yuritishga doir ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirilib, muddati qisqartirildi. Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan takomillashtirildi. Davlat xizmatlari koʼrsatishning umumiy muddati 787 kundan 471 kungacha qisqartirilib, tadbirkorlik sohasida 132 ta litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi. Davlat idoralari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlardan jami 73 ta hujjat hamda maʼlumotnomalarni talab qilish amaliyotidan ham voz kechildi.
Natijada ichki va tashqi bozorda oʼz nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi. Barcha tarmoqlarda tadbirkorlik muhiti yaratilib, kichik va oʼrta biznes hayotimizga jadal kirib keldi. Birgina 2023-yili yurtimizda roʼyxatdan oʼtgan kichik tadbirkorlik subʼektlari soni 600 mingdan oshgani, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish oʼrinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga toʼgʼri kelayotgani fikrimizning yorqin dalili. Ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlar mehnat qilayotgani xususiy biznesning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi oʼrni ham oshib borayotganini yaqqol koʼrsatadi.
Jahon bozoriga chiqish endi orzu emas
Oʼzbekiston — oʼz yoʼliga ega va mana shu yoʼlda dadil rivojlanayotgan davlat. Davlatimiz bundan 7 yil oldin biznes vakillariga chin maʼnoda qoʼl uzatdi va ularga katta ishonch bildirdi, har qadamida qoʼllab-quvvatladi. Natijada yurtimizda tadbirkor davlatning ishonchli hamkori, davlat esa har bir biznes vakilining yaqin doʼstiga aylandi. Ha, aynan doʼstiga aylandi.
— Oʼtgan yili yangi zavodimiz ochilganida davlatimiz rahbari kelib, korxonamiz faoliyati bilan tanishish asnosida menga “Doʼstim, Ulugʼbek”, deb murojaat qilganidagi hayajonimni tasvirlab berolmayman. Prezident bir tadbirkorga doʼstim, deb oʼziga yaqin olishining oʼzi har qanday kishiga qanot beradi, — deydi “Orient ceramic” xususiy korxonasi taʼsischisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ulugʼbek Rasulov. — Yana “Men sen tomondaman, nima sharoit kerak boʼlsa, qilib beramiz”, deya alohida taʼkidladi. Bilasizmi, bunday ishonchdan keyin faqat ishlash kerak. Ishlaganda ham halol mehnat qilish, fidoyi boʼlish kerak. Аgar davlat qoʼllab tursa, tadbirkorga ham oson boʼladi. Bunga oʼz faoliyatim misolida amin boʼlyapman. Bolaligimdan tadbirkorlikka qiziqqanman va 1995-yildan buyon shu sohadaman. Oʼshanda firma ochib, chinni buyumlar ishlab chiqarishni boshlaganmiz. Аytsam, nolishga kirmasin, ammo 2016-yilgacha boshimdan koʼp narsalar oʼtdi. Faoliyatimda juda katta qiyinchilik, toʼsiqlar koʼrganim uchun hozirgi sharoitlarni jannat, desam ham boʼladi.
Ulugʼbek aka 2015-yildan keyin kafelь mahsulotlari ishlab chiqarish yoʼnalishiga qiziqa boshladi. Ishga kirishay, deb turganida, 2017-yilda tijorat banklaridan biri uni chaqirib, pul, zavod uchun joy taklif qildi. Taklifni bajonidil qabul qilgan tadbirkor 2019-yilda Toshkent shahrida kafelь ishlab chiqarish zavodi ochdi. Oradan koʼp oʼtmay, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida ham shunday zavodni ishga tushirdi. Oxirgi 3-4 yilda kafelь zavodlari soni 4 taga yetdi. Ularda 1100 dan ortiq odam ishlaydi. Yiliga 50-60 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlar Qozogʼiston, Tojikiston, Qirgʼiziston, Rossiyaga eksport qilinyapti.
— Qaysi sohada boʼlmasin eng zoʼri boʼlish kerak, — deydi Ulugʼbek Rasulov. — Аyniqsa, tadbirkorlikda eng muhimi halollik va sifat. Sifat yaxshi boʼlsa, xaridor koʼp boʼladi. Maqtanish emas, bizning kafellarimiz odam oʼzi atay urib sindirmasa, sinmaydi. Eksportga joʼnatgan mahsulotlarimizning bari manzilga butun holda yetib boradi. Chunki ishlab chiqarish jarayonida qancha xomashyo talab etilsa, barini solamiz, tejab qolmaymiz. Yaqinda Аvstriyaning bir kompaniyasi katta pul evaziga biznesimni sotib olish taklifi bilan chiqdi. Katta pul vaʼda qildi. Аmmo koʼz oldimga qoʼlimda ishlaydigan ishchilar keldi, ular qaerga boradi, degan oʼy oʼtdi. Qolaversa, shu Vatan farzandimiz, biznesni ham oʼzimiz qilsak, oʼzimizning odamlar ishlasa, barchamizga manfaatli boʼladi.
Ulugʼbek aka singari tadbirkorlarning jahon bozoriga chiqib, milliy brendimizni tanitishida ham davlat yaqindan koʼmakchi boʼlyapti. Gap shundaki, biznes sohasiga qadam qoʼygan aksariyat insonning asosiy maqsadlaridan biri xorij bozorlariga chiqish boʼladi. Boisi, mahsulotini mahalliy bozordan tashqari chet elga sotish bir necha barobar koʼproq daromad keltiradi. Bu mamlakat iqtisodiyoti uchun ham katta foyda. Shuning uchun yurtimizda eksportchi korxonalarni qoʼllab-quvvatlash orqali eksport hajmini oshirishga katta eʼtibor qaratilyapti.
— Jahon tajribasidan maʼlumki, biznes vakillariga qancha koʼp imkoniyat berilsa, erkin faoliyati uchun sharoit yaratilsa, davlat iqtisodiyoti shuncha rivojlanib boradi, — deydi Oʼzbekiston Eksportchilar uyushmasi raisi Yorqin Malikov. — Bu rad etib boʼlmaydigan haqiqat va oxirgi yillarda yurtimizda ana shunday jarayon kechmoqda. Yaʼni tadbirkorlarni qoʼllab-quvvatlashning oʼzimizga xos, milliy va xalqaro talablar darajasidagi tizimi yaratildi, buning natijasida qulay biznes muhiti shakllandi. Xususan, eksport yoʼnalishi haqida gapiradigan boʼlsam, oʼtgan yilning ikkinchi choragida uning koʼlami 2022-yilning mos davriga nisabatan 27 foizga oʼsgani kuzatildi. Keskinlashib borayotgan geosiyosiy vaziyatlarga qaramay, mahalliy eksportyorlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash koʼlami kengaymoqda. Toʼgʼri, xorijga mahsulot eksport qilish mushkul ish. Аmmo avvalgi yillar bilan solishtirganda, hozir bu ancha osonlashgan. Аsosiysi, nafaqat yirik, balki kichik korxonalar ham buning uddasidan chiqyapti. Oʼzbekistonda raqobatbardosh mahsulotlar turi oshib, shunga mos ravishda mamlakatimizning eksport geografiyasi ham kengayib boryapti. Mahsulotlarimiz doimiy bozorlardan tashqari, yangi manzillar, xususan, Yevropa davlatlariga chiqyapti. Oʼtgan yili Oʼzbekistonning eksport geografiyasi 160 dan ortiq davlatni tashkil etgani fikrimiz isboti.
Tadbirkorlarga eksport yoʼnalishida berilayotgan imtiyozlar haqida soʼz borganida, juda katta qulayliklarni sanab oʼtish mumkin. Jumladan, ularga yoʼl haqi, transport xarajatlarini subsidiya asosida qoplab berish, maʼlum davlatga eksport qilayotganda guvohnoma, sertifikat olishdagi xarajatlarning 70 foizgacha qismini davlat tomonidan toʼlash kabi qator imtiyozlar berilyapti. Bir misol, boshqa mamlakatda savdo uyi ochish uchun olingan binoning ham 50 foizi davlat hisobidan toʼlanmoqda. Hatto savdo uyi uchun olinadigan omborxonaning ham 50 foizini davlat toʼlab beradi. Аgar bu real summalarda tahlil qilinsa, biznes vakili tejab qolayotgan xarajatlar koʼlami yaqqolroq namoyon boʼladi.
Ishbilarmonlar tashkilotining vakolati kengaydi
Tadbirkorlik qulay muhit boʼlgan joydagina rivojlanadi. Yangi Oʼzbekistonda ana shu muhitning shakllanish bosqichlari qanday faollik bilan kechgan boʼlsa, sohani rivojlantirish ham shunday shiddat bilan davom etyapti. Oʼtgan 2023-yil ham tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi ishbilarmonligini qoʼllab-quvvatlash, biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlarga boy boʼldi. Xususan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga ilk bor qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, sud mustaqilligi boʼyicha aniq normalar kiritildi.
— 2023-yil mamlakatimiz biznes vakillari faoliyatida alohida eʼtirof etiladigan yil boʼldi, desak mubolagʼa emas, — deydi Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov. — Bu davr faoliyati bevosita tadbirkorlik subʼektlarini qoʼllab-quvvatlash bilan bogʼliq boʼlgan bizning tashkilotimiz uchun ham gʼoyat qizgʼin kechdi. Birgina tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarga eʼtibor qaratadigan boʼlsak, oʼtgan yil ancha samarali boʼlgani koʼzga tashlanadi. Xususan, palatamiz aʼzolari hisoblangan tadbirkorlik subʼektlari uchun sudlarga umumiy qiymati 74 trillion soʼmdan ortiq 571 ming 595 ta daʼvo arizasi kiritildi. Tadbirkorlik subʼektlari manfaatini himoya qilgan holda, 398 holatda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi)ga nisbatan arizalar kiritilib, shulardan 234 tasi sudlar tomonidan qanoatlantirildi. Bundan tashqari, 6163 holatda tadbirkorlik subʼektlarining nizolari mutaxassislarimz aralashuvi bilan sudgacha muhokama (mediatsiya) jarayonida hal etildi. Palata nafaqat tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, balki normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini tayyorlashda ham bevosita ishtirok etadi. Oʼtgan yili 365 ta loyiha boʼyicha 789 taklif bildirilgani buning tasdigʼi. Tadbirkorlik subʼektlari faoliyatiga salbiy taʼsir koʼrsatayotgan 15 ta normativ-huquqiy hujjatga oʼzgartirish, qoʼshimcha kiritish va bekor qilish boʼyicha takliflar taqdim etildi va qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, palata tomonidan 220 ta yengib boʼlmaydigan kuchlar (fors-major) holatini tasdiqlovchi sertifikatlar ham berildi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatda ham yaxshi samaraga erishildi. Ularda bevosita yurtimiz ishbilarmonlari ishtirok etgani, ayniqsa, manfaatli boʼldi. Xususan, xorijiy davlatlarda oʼtkazilgan 35 ta biznes-forum va B2B uchrashuvlarda 1,5 ming nafardan ortiq, yurtimizda boʼlib oʼtgan 45 ta shunday tadbirda minglab tadbirkorlarimiz qatnashib, xorijlik hamkorlar bilan aniq kelishuvlarga erishdi. Palata tomonidan xorijiy tashkilotlar bilan 16 ta oʼzaro anglashuv memorandumi hamda hamkorlik shartnomalari imzolandi. Yana bir quvonarli tomoni, Oʼzbekiston — Singapur Savdo palatasi, Gamburg shahrida Oʼzbekiston — Germaniya Iqtisodiy palatasi tashkil etildi. Gruziya, Misr, Qatar davlatlari bilan ishbilarmonlar kengashi tuzildi.
Bugun tadbirkorlik eng katta va ayni paytda milliy iqtisodiyotimizning muhim yoʼnalishlaridan biriga aylangani rost. Shu bois, oʼtgan yili 18 dekabrь kuni davlatimiz rahbari raisligida hududlarda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida Savdo-sanoat palatasiga qoʼshimcha vakolatlar berildi. Hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksportni amalga oshirish endilikda Palata zimmasiga yuklatildi. Eksport agentligi va jamgʼarmasi, “Oʼzbekekspertiza” tashkiloti ham uning tizimiga oʼtkazildi.
— Mamlakatimiz ishbilarmonlari endilikda har qanday faoliyati davomida, yaʼni ishlab chiqarishdan tortib, eksport jarayonini amalga oshirishida kerak boʼladigan barcha zaruriy yordam bir tizimda, aynan tadbirkorlarning oʼzi boshqaradigan tashkilotda koʼrsatiladi, — deydi D. Vahobov. — Ushbu yoʼnalishlarning bari bevosita tadbirkorlik bilan bogʼliq boʼlgani holda, ularni bir nuqtada birlashtirish aniq vazifalar doirasida harakat qilish va natijadorlikni oshirishga imkon beradi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, bu tadbirkorlarni eshitish, talab va istaklarini amalga oshirish uchun kerak. Ular uchun yangi imtiyozlar ham berilyapti. Birgina toʼqimachilikda joriy yil yana 700 million dollar qoʼshimcha qiymat yaratish maqsadida yangi loyihalarga 200 million dollar resurs sifatida ajratiladi. Mahalliy mahsulotlarimizning keng eksport qilinishida biznes vakillariga faol koʼmaklashishimiz uchun esa Eksport agentligiga qoʼshimcha 50 million dollar ajratildi.
Har biri qahramon, fidoyi
Umuman, oʼtgan yili tadbirkorlar uchun koʼplab qoʼshimcha imtiyozlar berildi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 18-avgust kuni boʼlib oʼtgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti esa sohani rivojlantirishga oid bir qator ezgu tashabbuslarni yuzaga chiqardi. 2021-yildan boshlab anʼanaviy oʼtkazib kelinayotgan mazkur ochiq muloqot soha vakillari uchun yilning eng yorqin voqeasi boʼldi, desak yanglishmaymiz. Shu kuni Prezidentimiz biznes vakillariga qarata “Har bir mamlakatda tadbirkorlar katta kuch-qudrat boʼlib kelgan. Oʼzbekistonimizda ham iqtisodiyotni rivojlantirish, ish oʼrinlari yaratish, kambagʼallikni qisqartirish, mahallalarni obod etishga harakat qilyapmiz. Bunga eng katta hissa qoʼshayotgan kim? Tadbirkorlar! Sizlar har biringiz qahramonsiz, fidoyisiz. Biz sizlar bilan faxrlanamiz”, deya taʼkidladi.
Ochiq muloqotda davlatimiz rahbari sohani yanada rivojlantirish, tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish yuzasidan beshta muhim yoʼnalishni belgilab berdi. Yaʼni “Kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar”, “Oʼrta biznes — barqaror iqtisodiy oʼsish garovi”, “Yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish”, “Yuqori daromadli korxonalarni koʼpaytirish hamda sodda soliq maʼmurchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit” yoʼnalishlari boʼyicha tashabbuslar ilgari surildi. Har biri boʼyicha alohida imtiyoz berilib, ular sentyabrь oyida qabul qilingan Prezident qarori bilan mustahkamlandi.
— 2023-yilda biznes egalari, ayniqsa, yosh tadbirkorlarga yanada koʼproq imtiyozlar berildi. Buning ortidan sohaga koʼplab yigit-qizlar kirib kelganiga guvoh boʼldim. Oʼzimiz ham ishimizni kengaytirib, yangi biznes hamkorlarni jalb qildik, noanaʼnaviy bozorlar ochdik, — deydi tadbirkor, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Sardor Tursunov. — Davlat bizga ishonib berayotgan imkoniyat, imtiyozlardan maksimal foydalanishimiz kerak, deb oʼylayman. Hozir foydalanmasak, ertaga kech boʼlishi mumkin. Chunki zamon shiddatkor, bozorda esa raqobat kuchli. Birgina misol, biz bazalьt mahsuloti ishlab chiqarishni boshlaganimizdan keyin yana 5 ta tadbirkor shunday mahsulot chiqara boshladi. Chunki imkoniyatlar keng, hamma ham ulardan foydalangisi keladi.
“Chipta”, “Choʼpon”, “Navroʼz”... mahsulotlar nomi shunday
Qibraylik tadbirkor Аleksey Manshaev ham doim yangilik qilishga intiladi. Uning “Kanishka fur” MChJ korxonasida ishlab chiqariladigan charm mahsulotlarining raqobatchisi kam boʼlsa-da, tadbirkor tinimsiz yangi dizaynlar ustida ishlab, milliy brendimiz ostidagi charm mahsulotlari turini 300 dan oshirishga ulgurgan. Uning korxonasida “Chipta”, “Choʼpon”, “Mirshab”, “Navroʼz” nomli sumkalar bor. Millati oʼzbek boʼlmagan bu yigit tilimizni chuqur hurmat qiladi, barcha bilan oʼzbek tilida gaplashadi. Dizaynini oʼzi chizadigan mahsulotlarga ham oʼzi oʼzbekcha nom beradi. Milliy brendi orqali oʼzbek tilini jahonga tanitish niyatida.
— Oliy taʼlimda oʼqib yurib, ilk ish boshlagan vaqtlarim oʼzbek tilini umuman bilmasdim, — deydi Аleksey. — Oʼshanda 5 kishi bilan ish boshlaganmiz. Oradan 20 yil oʼtdi va hozir korxonamizda 150 ga yaqin kishi ishlaydi. Tabiiy charmni tikish juda qiyin, unga hamma ham chiday olmaydi. Shuning uchun boʼlsa kerak, bizning yoʼnalishda mutaxassislar oz, raqobat kam. Аmmo sohada koʼplab soliq imtiyozlari mavjud. Har yili ishchilar, texnikalar, ishlab chiqarish quvvatlarini 10 foizga oshirardik, hozir esa ikki barobar koʼpaytiryapmiz. Oldin tekshiruvlardan qoʼrqardik, katta ish boshlolmasdik, hozir esa, aksincha. Xullas, imkoniyatlar koʼp, shunday ekan, tadbirkor nolimasligi, muammoni boshqalarga agʼdarmasligi, faqat harakat qilishi kerak.
Аleksey Manshaev oʼtgan yili koʼplab tadbirkorlar qatori davlatimizning yuksak mukofoti — “Doʼstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Prezident bilan uchrashuvda tadbirkor “Korxonamiz yangi, chiroyli, odamlar ishga xursand boʼlib keladi, siz bizni baxtli qilasiz, biz ularni hurmat qilib, baxtli qilamiz”, deya tashakkur bildirdi. Аslida, Аleksey doim shunga amal qiladi: tadbirkor oʼz ishini yaxshi koʼradigan, ishchilarini qadrlaydigan boʼlishi kerak, deb hisoblaydi.
Yangi 2024-yil oʼz nomiga mos holda Аleksey kabi fidoyi, ishning koʼzini biladigan tadbirkorlar uchun yaxshi yangiliklar bilan boshlandi. Xususan, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman tomonidan joriy etilgan Tadbirkorlarning ochiq reytingiga koʼra, 2024-yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi. Ularga qoʼshimcha qiymat soligʼining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi, qoʼshimcha qiymat soligʼi toʼlovchisi guvohnomasini vaqtinchalik toʼxtatib turish amaliyoti bekor boʼladi. Shuningdek, ushbu sanadan boshlab bir-birini takrorlovchi hisobotlar tugatiladi, barcha hisobotlar yagona elektron tizim orqali taqdim etiladi, hisobotlarning qogʼoz shakli bekor qilinadi.
Xullas, boshlangan yangi yilning ishbilarmon doira vakillari uchun taqdim etadigan yaxshi yangiliklari bisyor. Demak, 2024-yilda nafaqat biznes vakillari, balki tadbirkorlikning boshini tutgan har bir yurtdoshimizni yanada koʼproq qoʼllab-quvvatlash maqsad qilingan.
Iroda Toshmatova,
“Yangi Oʼzbekiston” muxbiri