Shu kunlarda yurtdoshlarimiz milliy davlatchiligimiz, mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sud-huquq sohalarini izchil rivojlantirishning mustahkam zamini – Konstitutsiya kuni bayramini ko‘tarinki ruhda nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Yurtdoshlarimiz o‘z taqdiri va ertangi kunini belgiladi, tanlagan taraqqiyot yo‘limiz qanchalik to‘g‘ri, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar naqadar samarali ekanini va ortga qaytmas tus olganini yana bir bor tasdiqladi.
Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalariga doir masalalarni qamrab olgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, unda milliy parlamentimiz vakolatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqiqatdan ham “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai”, degan normani hayotga to‘laqonli tatbiq etish, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish imkonini beradi.
Senat faoliyatiga doir yangiliklarni oladigan bo‘lsak, uning mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga yetkazildi. Bunda Prezidentning ijro va sud hokimiyati tizimini shakllantirish sohasidagi amaldagi ayrim vakolatlari parlamentga berildi. Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari faoliyatidagi o‘zaro takrorlanishlar bartaraf etildi.
Haqiqatdan ham, so‘nggi yillarda milliy parlamentimizni rivojlantirish, ayniqsa, uning qonunchilik faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va g‘oyalari asosida qabul qilingan va so‘ngi yillarda yurtimizni har tomonlama rivojlantirishning yangicha modelini o‘zida ifodalagan Harakatlar strategiyasi hamda ushbu hujjat asosida qabul qilingan davlat dasturlarida, shuningdek, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham qonun ijodkorligi sifatini tubdan oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 22 dekabr kuni mamlakatimiz tarixida ilk bor Oliy Majlisga yo‘llagan tarixiy Murojaatnomasida ham biror-bir masalani aniq hal etmaydigan, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan qonun va qonunosti hujjatlarini qabul qilish amalda ko‘plab muammolar tug‘dirayotganligi alohida ta’kidlab o‘tilgan edi.
Albatta, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada Senatga qonunchilikka oid takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berilgani bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish, aholini qiynab kelayotgan masalalarning qonuniy yechimini topish borasidagi faoliyatimiz samaradorligini yanada oshiradi.
Misol uchun, o‘tgan yilning may oyida Senat huzurida xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzildi. To‘qqiz oy mobaynida mas’ul vazirlik, idoralar, nodavlat tashkilotlar, xalqaro ekspertlar va jamoatchilik faollaridan iborat ishchi guruhi tomonidan juda katta hajmda o‘rganish va tahlillar olib borildi.
Ushbu jarayonlar ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, qizg‘in bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi.
Natijada ishchi guruh tomonidan kelib tushgan barcha takliflar chuqur o‘rganilib, umumlashtirildi, sohaga oid rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilinib, yagona qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasining, Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 11 aprelda imzolanib, ijroga qaratildi.
Biz hozirgi kunda Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda mazkur Qonunning so‘zsiz ijrosini ta’minlash, uni hayotga keng joriy etish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Shuningdek, Senat tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonuniga oilaviy tadbirkorlik subyektlariga besh nafargacha (amalda uch nafargacha) doimiy xodimni ular bilan mehnat shartnomasini tuzgan holda yollash, bir oilaviy korxona ishtirokchisiga bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lish huquqini berish hamda ayrim tushunchalarni yanada aniqlashtirish yuzasidan bir qator takliflar berildi. Ushbu takliflar inobatga olingan tarzda ishlab chiqilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullandi.
Albatta, Qonunga kiritiladigan ushbu yangiliklar mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, xizmatlar hajmini va sifatini oshirish imkonini beradi. Qolaversa bugungi kunda respublikamizda 67 mingdan ortiq oilaviy tadbirkorlik subyektlari faoliyat ko‘rsatayotganini e’tiborga olsak, yana minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, degani bu.
Biz pastga tushib, mahalliy Kengashlar bilan birgalikda saylovchilarni ham keng jalb etgan holda aholining qonuniy talablarini o‘rganish, tegishli qonunchilik takliflarini shakllantirish, ularni qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish borasidagi ishlarimizni izchil davom ettirmoqdamiz.
Ma’lumki, qonun ijodkorligi o‘ziga xos murakkab usul va vositalar majmuini talab etadigan, jamiyatda huquq normalari bilan tartibga solishga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashdan to tegishli normativ-huquqiy hujjat kuchga kirib, uning ijrosi monitoringini amalga oshirishgacha bo‘lgan murakkab jarayonni o‘z ichiga oladi. Mana shu talablardan kelib chiqqan holda bugungi kunda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida yangi qonunlarni ishlab chiqish yoki amaldagilariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonlarida Senat bevosita ishtirok etib kelmoqda. Agar taqqoslaydigan bo‘lsak, Senatning 2015 – 2019 yillarda qonunlar va boshqa masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan 25 ta yalpi majlisi o‘tkazilib, ularda 494 ta masala, shundan 226 ta qonun ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, birgina 2020 – 2022 yillarning o‘zida jami 36 ta yalpi majlis o‘tkazilgan. Ularda 540 dan ortiq masala, jumladan, 239 ta qonun ko‘rib chiqilgan. E’tiborli jihati shuki, 18 ta qonun ulardagi ayrim normalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi qonunlarga zidligi, takomillashtirish zaruriyati bo‘lganligi sabab rad etilgan.
Biz yaxshi anglaymizki, yangilangan Konstitutsiyani izchil hayotga tatbiq etish, kiritilayotgan har bir o‘zgartirish yoki qo‘shimchaning so‘zsiz ishlashini ta’minlash pishiq-puxta tayyorlangan, o‘zining aniq ijro mexanizmiga ega bo‘lgan qonunlar orqali amalga oshiriladi. Shu ma’noda aytish mumkinki, qonunlarni ishlab chiqishda barcha ishtirokchi subyektlar birdek mas’uliyatni his etishi bu borada hal qiluvchi ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida bu borada amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan vazifalarni aniq ko‘rsatib berdi.
Jumladan:
* har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni quyidan – fuqarolardan, joylardagi xalq deputatlari Kengashlaridan olish tartibini keng joriy etish, qonunlarni qabul qilish jarayonida ularni aholi o‘rtasida har tomonlama muhokama qilish tizimidan samarali foydalanish;
* qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish maqsadida jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog‘ida maxsus “maydon”lar yaratish;
* qonun ijodkorligi bo‘yicha muayyan davrga mo‘ljallangan milliy faoliyat dasturini qabul qilish, uni ishlab chiqish jarayonida mamlakatimizning keyingi rivojlanish bosqichida qaysi qonun yoki qanday hujjatlarga ehtiyoj ko‘proqligini aniqlash va parlament o‘z faoliyatini ana shularni e’tiborga olgan holda rejalashtirishi lozimligi belgilandi.
Oxirgi yillarda qonun ijodkorligi sifatini oshirish maqsadida joriy etilgan yangiliklardan yana biri me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ularni korrupsiyaga qarshi va gender-huquqiy ekspertizada o‘tkazishning yo‘lga qo‘yilganidir. Joriy yilning 30 noyabr kuni Toshkentda yuqori saviyada bo‘lib o‘tgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II Global forumda ham bu tajriba ko‘pchilik tomonidan e’tirof etildi. Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish nuqtai-nazaridan ham huquqiy ekspertizani yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar hamda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda milliy qonunchiligimizni takomillashtirib borish ishlari jadal davom etmoqda. So‘nggi bir necha yil ichida “tartibga soluvchi gilotina” usuli bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotgan 4000 dan ortiq hujjatlar bekor qilindi. Natijada amaldagi qonunchilik 10 foizga qisqartirildi. Qonun hujjatlari faol kodifikatsiya qilindi. Misol qilib aytadigan bo‘lsak, 3 ta qonun va 50 dan ortiq qonunosti hujjatlarini birlashtirgan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Albatta, qonunlarni takomillashtirishdagi bunday yondashuv qonunchilikdagi mavjud ziddiyat va qarama-qarshiliklarning oldini olishga xizmat qiladi, ularning to‘liq va bir xilda ijro etilishini ta’minlaydi.
Ma’lumki, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonunchilikni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir. Yaqinda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotda aholining huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyati darajasi so‘nggi yillarda sezilarli ravishda oshgani qayd etilgan. Bu nimadan dalolat? Albatta, yurtdoshlarimiz mustaqil Vatanda erkin va ozod bo‘lib yashash nimaligini o‘z hayotida, amalda ko‘rmoqda, inson qadri ulug‘lanayotganini qalbdan his etmoqda.
Mamlakatimizda yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz asosida jamiyatni demokratik o‘zgartirish, yangi siyosiy-huquqiy tizimni shakllantirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash jarayonlari faol davom etayotgan bir davrda mazkur yo‘nalishdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifamizdir. Shu o‘rinda, Senatning har bir yalpi majlisidan so‘ng, barcha senatorlarimiz o‘zlari saylangan hududlarga chiqib, mahallalar, muassasa va ishlab chiqarish korxonalari jamoalari o‘rtasida qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlarini olib borayotganini aytib o‘tish mumkin.
Ma’lumki, mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jamiyat va davlat boshqaruvi tizimida turli munosabatlar yangilanib borishi va zamon taraqqiyoti Konstitutsiyamizni bugungi davr voqeligiga, fundamental yangilanish jarayonlariga moslashtirish zaruratini yuzaga keltirdi. Hozirda yangilangan Konstitutsiya asosida hokimiyat vakolatlari bo‘linishi, ular o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini saqlash prinsiplarini izchil amalga oshirish, xalq hokimiyatini, parlamentarizmni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash, siyosiy partiyalar rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatlarini ajratish nazarda tutildi. Ya’ni viloyat, tuman va shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida Kengash raisi lavozimini egallashi mumkin bo‘lmaydi.
Bu jarayon Toshkent shahri va viloyatlar miqyosida 2024 yildan, tuman va shaharlarda esa 2026 yildan boshlanishi belgilangan. Bu birinchidan, hokimliklarning mas’uliyati va javobgarligini oshiradi. Ikkinchidan, hokimliklar va mahalliy Kengashlarning vazifalari takrorlanishiga barham beradi. Uchinchidan, mahalliy vakillik organlarining xalq nomidan muhim siyosiy qarorlarni mustaqil qabul qilib, ijro hokimiyati organlari ustidan ta’sirchan Kengash va deputatlik nazoratini o‘rnatish imkonini beradi. Bunday yangi yondashuv natijasida hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi mahalliy darajada ham to‘laqonli tarzda tatbiq etiladi.
Ochig‘ini aytish kerak, avvallari mahalliy Kengashlar deputatlari majlislarda nomiga qatnashib, qo‘l ko‘tarib, chapak chalib chiqib ketardi. So‘nggi yillarda Prezidentimiz hududlarni rivojlantirish borasidagi dasturlar ijrosini nazorat qilish, aholi muammolarini dadil ko‘tarib chiqish hamda ularning hal etilishida mahalliy Kengashlar faoliyati ta’sirchanligini, samaradorligini oshirish borasida qator tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.
Jumladan, Senat mahalliy Kengashlar ishini rivojlantirish va muvofiqlashtirib borishda ularga yaqindan ko‘mak bera boshladi. Ularda doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etildi va Senat Kengashi qarori bilan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatining namunaviy tuzilmasi hamda nizomi tasdiqlandi.
Mahalliy Kengashlarda kotibiyat mudiri lavozimiga deputatlar orasidan mas’uliyatli, tajribali, jamoatchilik orasida obro‘-e’tiborga ega nomzodlar saylandi, kotibiyat mutaxassisi lavozimiga sohani yaxshi tushunadigan, yetarlicha tajribaga ega, tashabbuskor kadrlar jalb etildi. Mahalliy Kengashlar faoliyatini raqamlashtirish maqsadida sinov tariqasida “kengash.gov.uz” platformasi ishga tushirildi.
Mahalliy Kengashlar huzuridagi doimiy komissiyalar tarkibi qayta ko‘rib chiqildi va ular faoliyati Senat qo‘mitalari yo‘nalishiga mos tarzdatubdan qayta tashkil etildi. Hozirda har bir qo‘mita raisi o‘z yo‘nalishidan kelib chiqqan holda doimiy komissiyalar bilan birgalikda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining bajarilishini o‘rganib, mavjud muammo va kamchiliklarning joylardagi ijro hokimiyati tomonidan hal etilishiga erishib kelmoqda. Ayrim ijtimoiy jihatdan muhim sanalgan o‘tkir muammolar Senatning yalpi majlislarida mutasaddilar ishtirokida muhokama qilinib, ularni hal etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.
Shuningdek, Senat raisi tomonidan uch oyda, qo‘mita raislari tomonidan har chorakda mahalliy Kengashlar kotibiyati xodimlari, doimiy komissiya a’zolari hamda deputatlarning malakasini oshirib borish maqsadida o‘quv-seminarlar tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Shu kungacha o‘tkazilgan 50 dan ortiq mana shunday o‘qishlarda deputatlarning huquqiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy bilimlari boyitildi, ularning o‘z faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi ko‘nikmalari rivojlantirildi. Mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tegishli uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqildi.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan bu kabi amaliy ishlar natijasida so‘nggi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada jonlandi. Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish bilan bog‘liq vakolatining endilikda Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilishi parlament yuqori palatasining hududlar manfaatini ifoda etadigan organ sifatidagi hamkorlik ishlarini yangi bosqichga olib chiqishiga keng imkoniyat yaratadi.
Shundan kelib chiqqan holda Senat Kengashining tegishli qarori bilan yuqori palata devoni tarkibida “Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi” tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – mahalliy Kengashlar faoliyatini tashkil etishga tizimli, maqsadli va kompleks yondashuvni yo‘lga qo‘yish, ularni jarayonga faol jalb etishdan iboratdir.
Jumladan, Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida mahalliy Kengashlarga huquqiy, axborot-tahliliy hamda ilmiy-uslubiy jihatdan ko‘maklashish, ularning norma ijodkorligiga doir faoliyatini monitoring qilib borish va zarur tavsiyalarni ishlab chiqish, ularni yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan doimiy xabardor qilib borish maqsadida muntazam o‘quvlar tashkil etish kabi muhim vazifalar belgilab olindi.
Biz so‘nggi paytlarda parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish borasidagi ish uslubimizni tubdan o‘zgartirdik. Ijro hokimiyati vakillari bilan birgalikda mavjud muammoli masalalarga kompleks yondashuv asosida iloji boricha ularni joyida hal etish yoki bu borada aniq natijaga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash va ularning bajarilishini nazoratga olishga erishmoqdamiz.
Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Senat a’zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, yuqori palata devoni xodimlaridan iborat ishchi guruhlar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar hamda Prezidentimiz tashrifi davomida berilgan vazifalar ijrosi holatini o‘rgandi. Senat Kengashining joylarda o‘tkazilgan sayyor majlislarida mas’ul vazirlik va idoralar vakillari, viloyat va tumanlar rahbarlari ishtirokida o‘rganishlar natijalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Surxondaryo, Xorazm, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida tashkil etilgan chuqur tahliliy o‘rganishlar natijalari Senat yalpi majlislari va Kengash yig‘ilishlarida jiddiy muhokama qilindi.
Jumladan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning investitsiya va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va mutasaddi rahbarlarning bu boradagi shaxsiy mas’uliyati tanqidiy muhokama qilindi. Xususan, belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga to‘liq erishilmasdan qolayotgani, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan mablag‘lardan foydalanish talab darajasida emasligi, sanoat zonalarida infratuzilma obyektlarining qurilishi yakuniga yetkazilmaganligi sababli ularni to‘liq quvvatda ishlatish imkoni bo‘lmayotganligi kabi muammolarni hal etish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqish va ularning bajarilishini nazoratga olish yuzasidan Senat qarorlari qabul qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xalqimiz hayotini tubdan yangilash, jamiyatimizning yangi, demokratik qiyofasini yaratishga qaratilgan islohotlar ko‘lami borgan sayin kengayib, izchil davom etmoqda. Bularning barchasi inson manfaatlari, haq-huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga qaratilganligi bilan, avvalo, xalqimiz, qolaversa, dunyo hamjamiyatining e’tirofiga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalariga tatbiq qilish, ijro organlari faoliyatini shu asosda tashkil etishni ta’minlash, yurtdoshlarimizning qalbida “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” degan faxr-iftixor va g‘ururni yanada yuksaltirish, albatta, bunday yangilanishlarni ular, avvalo, o‘z kundalik hayotlarida his etishiga erishish borasida biz – xalq vakillari zimmasida juda zalvarli vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirish uchun har qachongidan ko‘ra faollik, mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilishimiz talab etiladi.
Tanzila Norboyeva,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati Raisi