Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Yoshlar – jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi



«Biz uchun jamiyatda begona bola yo‘q va bo‘lmasligi kerak». O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilgan ushbu so‘zlar davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda ilgari surgan yoshlar masalasi bo‘yicha 20 dan ortiq milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarning izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani misolida o‘zining yaqqol amaliy tasdig‘ini topmoqda.

Yaqinda poytaxtimizda “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzuida xalqaro forum o‘tkazilgani davlatimiz rahbarining bu boradagi yana bir tashabbusi ro‘yobga chiqqanidan dalolat beradi. Chunki Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ushbu xalqaro anjuman O‘zbekiston Prezidentining shu yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturida ko‘zda tutilgan.

Forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad, avvalo, yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish uchun xalqaro hamda mintaqaviy vosita va mexanizmlarning qo‘llanilish sohasini xolis tahlildan o‘tkazishdan iborat bo‘lib, bu borada yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilish mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha atroflicha o‘zaro fikr almashilgani ayni muddao bo‘ldi.

Jahon anjumani doirasida, shuningdek, yoshlar huquqlarini himoya qilish muhimligi borasida jamiyatning xabardorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Yanada muhimi, yoshlar huquqlarini himoya qilishning eng maqbul amaliyoti va samarador mexanizmlari muhokama qilindi hamda bu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi.

Xalqaro forumning asosiy milliy tashkilotchisi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lib, u bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Anjumanni tashkil etishda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMTTDning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma kabi xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borildi.

Gibrid shaklida o‘tkazilgan xalqaro forumda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi yoshlar tashkilotlari, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yoshlar, shuningdek, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan o‘nlab diplomatik vakolatxonalar namoyandalari qatnashdi.

Xalqaro forumda zamonaviy jamiyat hayotining muhim jabhalarida yoshlarning o‘rni va ta’siriga, yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro hamda mintaqaviy hujjatlar va mexanizmlarga oid keng ko‘lamli masalalar chuqur hamda sinchiklab muhokama qilindi.

Fikrimizcha, yoshlar forumi quyidagi asoslarga ko‘ra dolzarb va muhim voqea hisoblanadi:

— Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligini nishonlash doirasida bo‘lib o‘tdi;

— aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etuvchi Markaziy Osiyo mintaqasida navqiron avlod huquqlarini ta’minlash bo‘yicha birlashish va hamkorlik qilishning ramziy ifodasi bo‘ldi;

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ishchi guruhni tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini amalga oshirish doirasida o‘tkazildi;

— shakli hamda mazmuni jihatdan o‘ziga xosligi bilan ajralib turdi. Mazkur jahon anjumani Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan ko‘plab yoshlarni, shuningdek, mamlakatimizning 14 ta hududidan o‘ndan ortiq oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘z takliflarini bildirishga undash maqsadida yagona muloqot maydonida birlashtirdi;

— forum maydonida yoshlar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijalari 2023 yil dekabr oyida Jenevada o‘tadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etilishi rejalashtirilayotgan “Inson huquqlari — 75” yoshlar deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

Toshkent xalqaro forumining o‘ziga xosligi ushbu xalqaro-huquqiy anjuman doirasida tashkil etilgan rang-barang ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar misolida ham yorqin namoyon bo‘ldi. Xususan, uning ochilishi noan’anaviy tarzda boshlandi. Muhtasham majlislar zali uzra O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Inson qasidasi” iqtidorli yoshlar ijrosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida yangradi.

Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar, o‘zbek shoir va yozuvchilarining sara asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmadan 100 ta nomdagi 200 dan ortiq kitob va ilmiy jurnallar joy oldi. Ilmiy-texnik kashfiyotlar va yosh ixtirochilarning “startap” loyihalari namoyishi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Xalqaro forum doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari uchun mahorat darsi tashkil qilindi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutida mamlakatimizning to‘rtta mintaqasida joylashgan Namangan, Nukus, Samarqand hamda Termiz davlat universitetlari yuridik fakultetlari talabalari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyo yoshlar forumining ochilish qismida ishtirokchilarni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi videomurojaat orqali tabrikladi. Shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi nomidan — YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakili v.b. Jofri Ijumba, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Memet Jaku hamda Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi vakili Muhammad Laval Sulaymonning qutlov so‘zlari tinglandi.

Xalqaro forum ishtirokchilari bir qator juda muhim xulosalarni bayon etdilar. Eng asosiysi, jahon hamjamiyati O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida olib borayotgan siyosatni hamda bu borada ilgari surayotgan tashabbuslarini yuksak baholashi alohida ta’kidlandi.

Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk yoshlar anjumanini tashkil qilgani uchun mamlakatimiz Hukumatiga minnatdorlik bildirib, mazkur forum O‘zbekistonning bu borada qo‘ygan ko‘plab muhim qadamlaridan biri ekanini e’tirof etdi.

F. Tyurkning ta’kidlashicha, “Toshkent xalqaro forumi Markaziy Osiyo yoshlari o‘z huquqlarini himoya qilishni o‘rganishlari, eng muhimi, qaror qabul qiluvchilarga o‘z muammolari va tashvishlarini bildirishlari uchun erkin muloqot maydonidir. Bu yerda yoshlar inson huquqlari ular uchun nimani anglatishini va inson huquqlari uchun qanday kelajakni xohlashlarini baralla bildirish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu xalqaro anjuman inklyuziv va tinch jamiyatlarni barpo etishda yoshlarning ulkan rolini ta’kidlash uchun qulay imkoniyat hisoblanadi”.

O‘z navbatida, YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakili v.b. Jofri Ijumba qayd etganidek, yoshlarning o‘z salohiyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish BMTning Toshkentdagi jamoasi uchun asosiy ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Ushbu strategik maqsad BMTning 2021 — 2025-yillarga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik dasturida o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston BMTning “Yoshlar — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha sinov loyihasiga jalb etilgan dastlabki hamkor davlatdir.

J.Ijumbaning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekistonning bo‘lajak yetakchilari — mohir diplomatlar, siyosatchilar, parlament a’zolari, davlat xizmatchilari, huquqshunoslar bo‘lib yetishadigan bugungi yoshlar dolzarb global muammolarni milliy muammolar bilan uyg‘unlikda tahlil qilish borasida tegishli ko‘nikma va bilimga ega bo‘lishlari zarur. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda, ayni jarayonda hech kim ortda qolmasligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda inson salohiyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilmoqda. O‘zbekiston bugun o‘zining yosh kadrlari bilan har qachongidan ham kuchli ekaniga shubha yo‘q”.

Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi vakili elchi Muhammad Laval Sulaymon forum tashkilotchilariga yoshlar huquqlarini ta’minlash borasidagi g‘amxo‘rliklari, shu jumladan, 2019-yili Toshkentda IHTning yoshlar huquqlari bo‘yicha oltinchi yillik seminari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani uchun minnatdorlik izhor qildi. U 2025-yilda dunyo aholisining salkam uchdan bir qismi yoshlardan iborat bo‘lishiga e’tibor qaratib, navqiron insonlar jamiyatni harakatga keltiruvchi tayanch kuchlarga aylanishlari uchun yetarli shijoat, salohiyat va tashabbuskorlik layoqatiga egaligini ta’kidladi. Shu ma’noda, IHT vakili yoshlarning huquqlari ta’minlanishi va ularning rahbarlik vazifalarida ishlashlari uchun keng yo‘l ochilishida Toshkent xalqaro forumi natijalari o‘ziga xos o‘rin tutishiga ishonch bildirdi.

Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoshlar sohasida yana bir muhim tashabbusni — BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishni taklif qildi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini ta’minlash va amalga oshirishdan eng yuqori darajada manfaatdorlikning o‘ziga xos namunasidir. Chunki Markaziy Osiyoda aholining qariyb yarmini yoshlar tashkil etishi nazarda tutilsa, yosh avlod, uning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalar alohida ahamiyat kasb etishi yanada yaqqol ayon bo‘ladi.

BMTTDning zo‘ravon ekstremizmning oldini olish masalalari bo‘yicha xalqaro eksperti Jozef Gayt yoshlarni ekstremistik oqimlarga jalb etishga qaratilgan saytlar mavjudligi sababli jiddiy xavf borligi va bu borada yoshlarga tanqidiy fikrlash, bunday mazmunni anglash va ushbu ma’lumotlarga qarshi kurashish ko‘nikmalarini o‘rgatish zarurligi haqida gapirdi. Uning fikricha, so‘z erkinligi huquqini buzmagan holda, bunday saytlar faoliyatini cheklash masalasiga oydinlik kiritish zarur. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibini yoshlar bilan ishonchli muhitda muloqot qilishga o‘rgatish, bunda o‘z fikrini erkin ifoda etish, boshqalarning turlicha fikrlarini baholash va hurmat qilish masalalarida ko‘maklashish tavsiya etildi.

Gallaudet universiteti bitiruvchisi Damir Tuzmuhamedov o‘z nutqida AQSHning inklyuziv ta’lim sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ma’ruzachi Gallaudet universiteti misolida imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olish huquqlari qanday amalga oshirilayotgani haqida gapirdi. Bu darslar amerikacha imo-ishora tilida o‘tiladigan dunyodagi yagona universitet bo‘lib, unda aksariyati kar va eshitish qobiliyati past professor-o‘qituvchilar dars o‘tadi.

Ma’ruzachi nogironligi bo‘lgan va eshitish qobiliyatini yo‘qotgan insonlarga ham keng qamrovli ta’lim olish huquqini kafolatlaydigan AQSH qonunlariga ishtirokchilar e’tiborini qaratdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari ta’lim tizimidagi muvaffaqiyatli dastur va amaliyotlar barcha talabalar uchun ularning jismoniy yoki psixologik xususiyatlaridan qat’i nazar, foydalanish imkoniyati va teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilganilganligi bilan ahamiyatlidir.

Ishtirokchilar tomonidan xalqaro forumning yakuniy hujjati — Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Forumning asosiy natijalari va amaliy tavsiyalari o‘z mujassamini topgan ushbu muhim hujjat istiqbolda yoshlar huquqlari sohasidagi yangi sa’y-harakatlar va ilg‘or tashabbuslar uchun mustahkam zamin vazifasini o‘tashiga ishonch bildirildi.

Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi loyihasini muhokama qilish asnosida bir qator asosiy tavsiyalar ilgari surildi.

Birinchidan, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida inson huquqlari sohasidagi ta’limni va yoshlarning ijodiy salohiyatini rag‘batlantirib borish lozim. Bunda muntazam ravishda ta’lim kampaniyalari va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda turli ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish orqali yoshlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, tinchlik va bag‘rikenglik madaniyati haqida xabardorlikni oshirishga urg‘u beriladi.

Ikkinchidan, yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hujjatlar va BMT qarorlaridan rahbariy qo‘llanma sifatida foydalangan holda, yoshlar siyosati sohasida kompleks va maqsadli milliy dastur va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishni amaliyotga yanada keng tatbiq etish kerak.

Uchinchidan, inklyuziv ta’limni ta’lim tizimining barcha bosqichida joriy etish zarur. Bu, o‘z navbatida, nogironligi bo‘lgan yoshlarning jamiyatga to‘liq integratsiyalashuvi uchun ularga sifatli ta’lim berishga xizmat qiladi.

To‘rtinchidan, yoshlarning OIV/OITS kasalligi va reproduktiv salomatlik haqida xabardorligini oshirish uchun sog‘lom hayotga oid ta’lim ko‘lamini kengaytirish zarur.

Beshinchidan, barqaror rivojlanish sohasidagi dolzarb masalalarni hal etishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yoshlar delegatsiyalari almashinuvini qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiqdir.

Hech shubhasiz, poytaxtimizda konstruktiv, ijodiy va ishchi muhitda bo‘lib o‘tgan “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzuidagi xalqaro forum yakunlari barchamizga yangi sa’y-harakatlar uchun beqiyos rag‘bat bag‘ishladi. Shu munosabat bilan milliy va xalqaro hamkorlarimizga forumni o‘tkazishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganligi uchun, offlayn va onlayn qatnashgan jami ishtirokchilarga esa g‘oyat faolliklari uchun yana bir bor minnatdorlik bildiramiz.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidenti har qanday jamiyatning barqaror rivojlanishida yoshlarning muhim o‘rin tutishini anglagan holda xalqaro maydonda muntazam ravishda muhim tashabbuslar bilan chiqayotgani bejiz emas. Chunki davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir”.

 

Akademik Akmal Saidov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining birinchi o‘rinbosari,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori.



  ...