Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy va Janubiy Osiyo omili



Xalqaro munosabatlar tarixiy tadrijiy taraqqiyotining turli bosqichlarida mintaqalar va u yerda qo‘nim topgan “tirik organizm”lar – davlatlar geografiyasi o‘zgarib kelganganligi barchaga ma’lum. Jahon siyosiy xaritasidagi bunday o‘zgarishlarda geografik determinizm, ya’ni ma’lum bir makondagi voqea-hodisalar hamda u yerda yashayotgan xalqlar turmush tarzining o‘zaro aloqadorligi va sababiy bog‘lanishi birlamchi omil sifatida namoyon bo‘lgan.

Vaqti bilan yetakchi davlatlar tomonidan geografik determinizmning inkor etilishi va dunyo mintaqalarini o‘z nazorati ostiga olish uchun kurashlari an’anaviy tarzda yagona borliqda yashab kelayotgan xalqlarning bir-biridan uzoqlashishiga, ular yashab kelayotgan makonlarning (mintaqalarning) bo‘linishiga, milliy va tarixiy monandlik shukuhining buzilishlariga sabab bo‘lgan. Oqibatda yagona bir mintaqaga nisbatan ham geografik, ham siyosiy jihatdan tavsif berish uslubiyati shakllangan.

Masalan, “Katta o‘yin” (Greate Game) konsepsiyasining amaliyoti bilan Markaziy Osiyo hamda Janubiy Osiyo uzoq yillar davomida bir-biridan ajratilgan holda tavsiflandi. Ular o‘rtasidagi geografik maydonga nisbatan “O‘rta Sharq” toponimi rus ilmiy maktabi vakillari tomonidan kiritilgan. Shu tariqa Afg‘oniston O‘rta Sharq davlatlaridan biriga aylandi. Qolaversa, “chor Rossiyasi, keyinchalik sobiq Ittifoq tomonidan Markaziy Osiyo tomon yo‘naltirilgan transport yo‘laklari Afg‘oniston chegarasida tugagan bo‘lsa, inglizlar (Buyuk Britaniya ) qurgan temir yo‘llari esa Afg‘onistonning janubiy chegaralariga ham yetib kelmadi”.

Oqibatda qariyb ikki yuz yil davomida Afg‘oniston ikki kuch markazi ta’sir doiralarini bir-biridan ajratib turuvchi bufer makonga aylanganligi, geosiyosiy raqobat uning ayanchli tarixiy taqdirini ham belgilab berganligi, qolaversa, Afg‘oniston hududi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalar taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi omillardan biri bo‘lib kelganligi barchaga ma’lum.

Markaziy Osiyo geosiyosiy konsepsiyalar obyektida

XXI asr boshlaridan Markaziy va Janubiy Osiyoga nisbatan yangicha mintaqaviy yondashuvlar paydo bo‘lib, ular yetakchi davlatlar tashqi siyosatidagi institutsional o‘zgarishlar yoki aniq bir geosiyosiy konsepsiyalar orqali talqin etilgan.

Masalan, Amerika Qo‘shma shtatlarining (AQSH) Markaziy Osiyo siyosatini retrospektiv tahlil qilganimizda, 2005 yildan davlatning Markaziy Osiyo mintaqasiga nisbatan siyosati institutsional o‘zgarishlarga egaligi bilan tavsiflanadi. AQSH Davlat departamentida Markaziy Osiyo masalalari bilan Yevropa va Yevroosiyo masalalari bo‘yicha byuro shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, 2006 yil boshidan mazkur tuzilma bazasida Janubiy Osiyo masalalari bo‘yicha byuro tashkil etilib, u bevosita Markaziy Osiyo davlatlari (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston), Afg‘oniston, Hindiston va Pokiston bilan aloqalarga mas’ul qilib belgilandi. O‘z vaqtida K.Rays bunday yondashuvlar “... biz nima qilmoqchi ekanligimizni ko‘rsatadi, ya’ni mazkur mintaqa integratsiyaga muxtojligi haqida o‘ylashimiz kerak va bu biz uchun juda muhim maqsad hisoblanadi”, – deb izohlagan edi.

AQSHning Markaziy va Janubiy Osiyoga nisbatan mintaqaviy siyosatini “shakllantirish”ga qaratilgan ilmiy yondashuvlar ham bo‘lgan. Bu jihatdan Jon Xopkins universitetining Pol Nits nomli Xalqaro tadqiqotlar oliy maktabi qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti tomonidan “Katta Markaziy Osiyoda hamkorlik va rivojlanish uchun sheriklik” (2005) nomli loyihaning e’lon qilinganligini eslashimiz mumkin. Loyihaning asosiy tezislari mazkur institut boshlig‘i F.Starr tomonidan “Markaziy Osiyo uchun sheriklik” nomli maqolada berilgan.

Muallif AQSH ma’muriyatining Markaziy Osiyo va Afg‘onistonga nisbatan o‘sha paytdagi mintaqaviy yondashuvi hamda u bilan bog‘liq mintaqaviy siyosatni tanqid ostiga oladi. Uning fikricha, “AQSH hukumatidagi geografik bo‘linishlar qaror qabul qiluvchilarga Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston yagona mintaqani tashkil etishini tushunishlariga to‘sqinlik qilmoqda”. Bu o‘z navbatida “Markaziy Osiyoga nisbatan ichki muvofiqlashtirilgan siyosatni ishlab chiqishga imkon bermaydi”.

Shu tariqa AQSHning mintaqaga nisbatan rasmiy siyosatida “Katta Markaziy Osiyo” loyihasi to‘liq o‘z aksini topmadi. Yondashuvlardagi konseptual farq shundaki, institut tomonidan ilgari surilgan “Katta Markaziy Osiyo” loyihasida Afg‘onistonga mintaqaviy jarayonlarning bosh omili sifatida qaralgan. Rasmiy Vashington tomonidan qabul qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasida (2006) esa Markaziy Osiyo “Janubiy va Markaziy Osiyo” qismiga kiritilib, “Janubiy va Markaziy Osiyo favqulodda strategik ahamiyatga ega mintaqa bo‘lib, bu yerda amerikaliklar manfaatlari va qadriyatlari ilgari hech qachon bo‘lmaganidek ishtirok etadi”, – deb qayd qilingan. Shuningdek, hujjatda ta’kidlanishicha, AQSHning “Janubiy Osiyo davlatlari bilan aloqalari Markaziy Osiyo ishlariga chuqurroq jalb etilishiga asos bo‘lishi mumkin” va “Afg‘oniston bu ikki muhim mintaqa – Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy ko‘prik rolini o‘z zimmasiga oladi”.

Markaziy Osiyo “ishlariga aralashish”ga qaratilgan bunday yondashuvlar ortidan ekspertlar doirasida yangi geosiyosiy konsepsiya, masalan, “Katta Janubiy Osiyo” loyihasi haqidagi fikrlar ham yuzaga chiqdi. Ba’zi siyosatshunoslar nazarida “Katta Markaziy Osiyo” g‘oyasiga nisbatan “Katta Janubiy Osiyo” yanada jozibali ko‘rinadi va ko‘proq o‘ziga tarafdorlarni jalb qilishga qodir (AQSHning o‘zida va xalqaro miqyosda ham). Afg‘oniston va Markaziy Osiyoning bog‘liqlik g‘oyasini AQSH mahalliy darajada – Markaziy Osiyodagina amaliyotga tadbiq etishi mumkin”. Shuningdek muallif, 2005 yildayoq AQSHning yangicha mintaqaviy siyosati orqasidan Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo “biz tomonidan “Katta Janubiy Osiyo” deb nomlagan yagona mintaqaga birlashdi”, – deb muxtasar fikrini aytgan edi.

Voqealar rivoji Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasiga nisbatan institutsional yondashuvlarning obyektiv reallikka mos kelmasligini yoki geosiyosiy konsepsiyalarning ilmiy jihatdan asoslanmagan paradigmalar qobig‘ida qolib ketganligini ko‘rsatdi.

Fikrimizcha, buning sabablari quyidagilardan iborat:

birinchidan, yondashuvlarda Markaziy va Janubiy Osiyodagi konfliktli holatlar, ularning yechimi yoki qarama-qarshi tomonlar manfaatlari bilan murosaga kelishish emas, birlamchi omil sifatida transkommunikatsion aloqalar, iqtisodiy loyihalar va shu kabi boshqa masalalarga qaratilgan manfaatli populistik qarorlarga urg‘u berilgan. To‘g‘ri, bunday loyihalar kerak, biroq ularni amalga oshirishda real shart-sharoitlarni (konfliktlar muhitini) inobatga olmaslik ortidan uzoq yillar davomida qabul qilingan qarorlar amaliyoti paradoksga aylandi;

ikkinchidan, an’anaviy tarzda mintaqaga keng ko‘lamli raqobat maydoni sifatida qaralgan. Ilgari surilgan konsepsiyalar amaliyotida konsensusdan ko‘ra konflikt shukuhi ustuvorligicha qolaverdi. Anglo-saksonlar uchun birinchi navbatda Markaziy Osiyoni siyosiy va iqtisodiy jihatdan Rossiyaga bog‘liqlikdan chiqarish, janubi-sharq tomondan muqobil koridorlar bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish bilan mintaqa tabiiy resurslari ustidan cheklanmagan nazoratni qo‘lga kiritish, Turkiya, Eron, Xitoy, keyinchalik bu jarayonga qo‘shilgan Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama raqobatga chek qo‘yish o‘ta muhim hisoblangan. Mintaqaning geosiyosiy istiqboliga bevosita ushbu omillar asosida tavsif berilgan.

XXI asrning oxirgi besh yilida Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida yuz berayotgan geosiyosiy jarayonlar yetakchi davlatlarning mintaqaga nisbatan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Masalan, AQSH ma’muriyati 2020 yil fevralida 2025 yilgacha mo‘ljallangan Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilgan. Mazkur Strategiya O‘zbekiston tashqi va ichki siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikdagi taraqqiyot shukuhi ortidan AQSHning mintaqaga nisbatan yondashuvlarida yangicha qarashlarni o‘zida aks ettirganligi bilan ahamiyatli. Jumladan, uzoq yillar davomida AQSH va NATOning Afg‘onistonda harbiy ishtirokining sezilarli darajada kuchayganligi ortidan, Afg‘onistonning Markaziy Osiyo mintaqasiga mansubligi yoki mintaqa davlatlari bilan munosabatlarda Afg‘onistonning aniqlab beruvchi omil ekanligi haqidagi qarashlari o‘zgargan. Qolaversa, Strategiya taqdimotida AQSH tomoni “Markaziy Osiyoga geostrategik ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqa sifatida” qarashi hamda “Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik jarayonini Amerika-Afg‘oniston munosabatlaridan ajratish”ga, o‘zaro aloqalarning mintaqa atrofidagi davlatlar, xususan, Afg‘onistonda AQSHning ishtirokiga aloqador emasligiga urg‘u bergan.

Bu jihatdan AQSHning Markaziy Osiyoda “S5+1” muloqot formatidagi ishtiroki orqali hamfikr hamkorlar bilan maslahatlashish istagini bildirganiga e’tibor qaratish mumkin. Qolaversa, bunday yondashuv davlat siyosatining “yangi tarkibiy qismi bo‘lib, u Markaziy Osiyoga nisbatan har tomonlama muvofiq va aniq g‘arb yondashuvini ilgari suradi”.

Aksariyat “markaziyosiyoshunos”larning an’naviy ravishda U.Cherchilga murojaat qilib, mintaqani “o‘z timsohini kutib turgan sog‘in sigir”ga o‘xshatishi o‘z intihosini topgan deyish mumkin. Bugun Markaziy Osiyo davlatlarining hech bir tashqi bosimlarsiz o‘z manfaatlaridan kelib chiqib hamkorlarni tanlashi masalasi real voqelikka aylandi. “Markaziy Osiyo barcha uchun ochiq mintaqaga aylanish tarafdori va mintaqada hech bir davlatning mutloq ustunligi o‘rnatilishini istamaydi. Mustaqil tashqi siyosat yuritish hamda muqobil rivojlanish yo‘llariga ega bo‘lish” Markaziy Osiyoning istiqbolini belgilab beradi. Yetakchi davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvlarining ham asosiy maqsadi shunga qaratilgan.

Markaziy va Janubiy Osiyo yagona geosiyosiy makon

Markaziy Osiyo – asrlar davomida qondosh xalqlar tinch va totuv yashab kelayotgan jahondagi kam sonli mintaqalardan biridir. 3 962 790 km.kv. yer maydoniga (Osiyo mintaqasining 10%) ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi aholisi 75 mln.dan ortiq va bu dunyo aholisining qariyb 1%ni tashkil qiladi. Jahon miqyosida ushbu ko‘rsatkichlar kam bo‘lishi mumkin, biroq “tez o‘sib borayotgan mintaqaviy mas’uliyatli davlat” – O‘zbekistonning sa’y-harakatlari bilan dunyo nafaqat Markaziy Osiyo, balki Janubiy Osiyoni ham qaytadan kashf etmoqda.

Janubiy Osiyo esa Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Nepal, Butan, Shri-Lanka va Maldiv respublikasi hududlarini qamroviga olgan Osiyoning bir mezomintaqasi hisoblanadi. Mintaqa geostrategik jihatdan katta ahamiyatga ega bo‘lib, uning umumiy maydoni 4,5 mln.km.kv iborat. Bu ko‘rsatkich butun Osiyoning 10%i va dunyodagi quruqlikning 3%i demakdir. Aholisi esa Osiyoning 38%ini, dunyo aholisining esa 23%ni tashkil etadi.

Osiyo makromintaqasining ikki mezomintaqasi haqidagi ushbu qaydlarni statistik ma’lumotlar sifatida qabul qilishimiz mumkin. Vaholanki, jamoatchilik tarixan Markaziy va Janubiy Osiyoga bir makon sifatida qarab kelgan. Mintaqalar xalqlari nafaqat yaqin davlatchilik munosabatlari, madaniy yaqinligi bilan bir-biriga aloqador, balki iqtisodiy jihatdan ham o‘z vaqtida “Buyuk Ipak yo‘li”ning muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan. Aynan geoiqtisodiy omil asosida Markaziy va Janubiy Osiyo yagona makon sifatida qaytadan o‘zini namoyon etmoqda.

Bugun Markaziy va Janubiy Osiyo qandaydir “terra incognita” emas, kechayotgan jarayonlar shaklan mintaqaviy ko‘rinishda bo‘lishi mumkin, mohiyatan yuz berayotgan voqealar tavsifi xalqaro siyosat predmetiga daxldor. Markaziy va Janubiy Osiyoda yangicha transformatsion jarayonlar shakllanmoqda. Bu esa mintaqaning “global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlash” masalalari bilan bevosita bog‘liq. Qolaversa, jarayonlar transformatsiyasi bevosita yangi O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan yangicha mintaqaviy siyosat natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmas.

Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biri bilan bog‘lovchi davlat hisoblanadi. Istiqbolli iqtisodiy munosabatlar uchun har ikkala mintaqa davlatlari Afg‘onistonga muhim hamkor va imkoniyatlar mamlakati sifatida qarashi muhim o‘ringa ega.

Fikrimizcha, Afg‘oniston muammosining asl sababi oxir oqibatda Markaziy va Janubiy Osiyo xavfsizligi o‘z muvozanatini yo‘qotganida yotadi. Bo‘linmas xavfsizlik tamoyiliga muvofiq muvozanatli, samarali va barqaror Markaziy va Janubiy Osiyo xavfsizlik tizimini qayta qurish zarur, faqat shu yo‘l bilan Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlik va uzoq muddatli tartibni haqiqatdan ham ta’minlash mumkin. Mazkur davlatdagi ichki siyosiy beqarorlikning barham topishi Markaziy va Janubiy Osiyo uchun uzoq vaqt uzilgan aloqalarni tiklash ortidan keng ko‘lamli iqtisodiy megaloyihalarga imkon berishi tabiiy.

Mana shunday megaloyihalardan biri “Qobul yo‘lagi” hisoblanadi. “Moviy okean strategiyasi” tamoyili asosida Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurish O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyatga ega.

Ekspertlar fikricha, agar 1991-2017 yillar davomida O‘zbekiston Xitoy yoki boshqa Osiyo davlatlariga olib chiqadigan temir yo‘llari qurganida edi, davlatning iqtisodiy rivoji uchun qo‘shimcha bozorlar paydo bo‘lardi. Davlatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi, eksport yo‘l xarajati qariyb 70%ga kamayishi mumkin edi.

Shuning natijasi o‘laroq, Prezident Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, haligacha O‘zbekiston mahsulotlarini Rossiya va Qozog‘iston orqali eksport qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurilishi boshlanishi bilan O‘zbekiston o‘zining eksport bozorlarini diversifikatsiya qilishi, qo‘shni davlatlar esa o‘zbek mahsulotlariga tranzit tariflarini pasaytirishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo uchun Janubiy Osiyoning ahamiyati transport-kommunikatsiya tizimi bilan bog‘liq. Aynan Janubiy Osiyo Markaziy Osiyo davlatlari uchun eng qisqa dengiz yo‘llariga chiqish imkonini beradi. Dengiz yo‘llariga nisbatan chegaralanganlik iqtisodiy taraqqiyotimiz uchun to‘sqinlik qiluvchi omillardan biri ekanligi hammaga ma’lum. E’tibor bering, dengizga chiqishga imkoniyati chegaralangan davlatlar eksport daromadining 18%i transport xarajatlariga to‘g‘ri kelsa, dengizga imkoniyati bor davlatlar esa 9% sarflaydi. Bu jihatdan “Qobul yo‘lagi”ning geostrategik ahamiyatga molikligini ko‘rish mumkin.

O‘z navbatida Janubiy Osiyo uchun Markaziy Osiyoning geoiqtisodiy jihatdan o‘rni katta. Markaziy Osiyo mintaqasi Janubiy Osiyo davlatlarini Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari bilan bog‘lovchi muhim ko‘prik hisoblanadi. Bunday muhit Janubiy Osiyo davlatlarining quruqlik orqali Rossiya Federatsiyasi, Belorus, Ukraina, Boltiqbo‘yi va Kavkaz mintaqasi davlatlari bilan iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirish imkonini beradi. Bu birinchidan. Ikkinchidan, Janubiy Osiyo “Qobul yo‘lagi” orqali O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy xalqaro temir yo‘li bilan bog‘lanishi tabiiy. Oqibatda Yevroosiyoning 4 ta kuchli mintaqalari – Yevropa, Rossiya, Xitoy, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasida geoiqtisodiy hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yuzaga keladi.

Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘zaro aloqador mintaqa

Yo‘l – bu hayot demakdir. Bu jihatdan Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun “Qobul yo‘lagi”ning amaliy ahamiyati quyidagilar bilan bog‘liq:

1) har qanday yo‘lak o‘zida qancha yuk tashish imkonini berishi bilan ishtirokchi davlatlar uchun ahamiyatli hisoblanadi. Bu jihatdan transafg‘on temir yo‘lining ishga tushirilishi bilan yiliga 20 mln tonnagacha yuk tashish imkoniyati yuzaga keladi;

2) davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy savdo-sotiqda vaqt masalasi muhim sanaladi. “Qobul yo‘lagi”ning amaliyoti bilan vaqt masalasi 50%ga – 30 kundan 15 kunga qisqarishi kutilmoqda;

3) yo‘lakning ishga tushishi bilan Markaziy Osiyo davlatlari uchun dengiz yo‘llariga chiqishning muhim bir yo‘nalishi ochiladi. Amalda foydalanib kelinayotgan xalqaro transkommunikatsiya yo‘llaridan “Qobul yo‘lagi”ning afzalligi transport xarajatlarining 30-35%ga kamayishiga shart-sharoitlarni yaratadi;

4) transafg‘on temir yo‘lining Termiz – Mozori-Sharif yo‘lagi O‘zbekiston tomonidan qurib bitkazilgan va bugungi kunda yo‘lakning ushbu qismidan foydalanib kelinmoqda. Mozori-Sharifdan Peshavorgacha bo‘lgan 573 km qismi loyiha holatida turibdi. Xalqaro temir yo‘lining mazkur qismi Hindiqush tog‘laridan o‘tadi. Yo‘lakdagi qurilish dengiz sathidan qariyb 3500 m balandlikka to‘g‘ri kelib va bu ko‘rsatkich bilan yo‘lak dunyodagi baland tog‘lardan o‘tgan temir yo‘llardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Bugun umumiy tarix, madaniy yaqinlik va geografik jihatdan qo‘shni mintaqalar bo‘lishiga qaramasdan, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ko‘rsatkichlari past darajada. Masalan, 2020 yilda Markaziy Osiyo davlatlarining dunyodagi turli mintaqalar mamlakatlari bilan o‘rtasidagi umumiy savdo aylanmasi 170 mlrd AQSH dollari atrofida bo‘lgan.

Agar buni 100% deb olsak, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ko‘rsatkich 2,5%ga to‘g‘ri keladi, ya’ni 4 mlrd AQSH dollar atrofida bo‘lgan. Vaholanki, Janubiy Osiyo davlatlari aholisi qariyib 2 mlrd kishi va mintaqa dinamik taraqqiyotdagi bozorga ega. Janubiy Osiyoning yillik yalpi ichki mahsulot (YAIM) bo‘yicha o‘sishi 6-7%ga va YAIM miqdori 3,4 trln AQSH dollarni tashkil etadi.

Shu o‘rinda Hindistonga e’tiborni qaratsak. Janubiy Osiyoning asosiy qismi Hindistonga to‘g‘ri keladi va bu davlat geografik jihatdan mintaqaning markazidir. Boshqa davlatlar esa uning atrofida joylashgan. Faqat Hindiston Janubiy Osiyoning barcha davlatlari bilan quruqlik va suv orqali chegaradosh. Qolaversa, Janubiy Osiyo mintaqasi hududining 73,4%, aholining 76,5% hamda mintaqadagi jami yalpi milliy mahsulotning (YAMM) 80% ham birgina Hindistonga to‘g‘ri keladi. Ushbu qaydlar Hindistonning mintaqada ma’lum jihatdan afzalliklarga egaligini ko‘rsatadi.

Mintaqaviy munosabatlarning istiqbollari

Markaziy va Janubiy Osiyodagi o‘zaro aloqadorlilik va hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjud. Aynan “Qobul yo‘lagi”ning amaliyoti foydalanib kelinmayotgan imkoniyatlarga kerakli shart-sharoitlarni yaratib berishi mumkin.

Fikrimizcha, Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi, yangicha geoiqtisodiy loyihalarning yuzaga kelayotganligi yangi O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan ahil qo‘shnichilik siyosatining tadrijiy rivoji sifatida qarash lozim. O‘zbekiston tomonidan ahil qo‘shnichilik siyosati birinchi navbatda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni nazarda tutsa, jarayonlarning keyingi bosqichi mintaqaning Janubiy Osiyo bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Ahamiyatli tomoni, Markaziy va Janubiy Osiyo qandaydir integratsion tuzilmalarni yaratish va ular orqali birlashishni emas, balki siyosiy jihatdan institutlashmagan (integratsiyasiz) hamkorlikni afzal bilmoqda. Bunday yondashuv Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining, jumladan, O‘zbekistonning istiqbolli tashqi siyosatining natijalari sifatida baholanmoqda.

Bugun dunyoning yangicha transformatsiya holatiga o‘tishi obyektiv reallikka aylandi. Dunyoda yuz berayotgan inqirozli holatlar xalqaro iqtisodiy munosabatlarga xalqaro hayotning salbiy va ijobiy tomonlarini ko‘rsatish barobarida, o‘zgarayotgan xalqaro muhitda davlatlar tashqi siyosati uchun yangi imkoniyatlarni ochib berishga ham xizmat qilmoqda. Bu jihatdan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik paradigmalarining o‘zgarayotganligi hamda mintaqalar davlatlari geoiqtisodiy aloqalaridagi yangicha tendensiyalar kundalik hayotimizning dolzarb masalalariga aylanmoqda.

 

Baxrom Xo‘janov,

siyosiy fanlar nomzodi



  ...