Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston texnologik davlatga aylanmoqda



Mamlakatimizda so‘nggi yillarda IT sohasining jadal suratlarda rivojlanishida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan IT-Parkning roli katta. Shubhasiz aytish mumkinki, IT-Park – ushbu sohaning lokomotivi.

IT yo‘nalishi iqtisodiyot va eksportni rivojlantirishning eng qisqa va samarali yo‘li hisoblanadi. IT sohasining mukammalligi bu inson kapitali bo‘lib, odamlar tufayli O‘zbekiston texnologik davlatga aylanmoqda. 

IT sohasi  7 yil avval O‘zbekiston uchun deyarli begona edi. Qisqa paytda tarmoq noldan barpo etildi. Natijada IT – Yangi O‘zbekistonning top drayver tarmoqlari qatoridan joy oldi. Xorijiy davlatlar uchun esa mamlakatimiz jozibador lokatsiyaga aylandi. Tarmoq arifmetik progressiyada o‘sdi. 

2017 yilda IT kompaniyalar soni 147 ta edi, IT-Park tashkil etilishi natijasida mamlakatda IT kompaniyalar soni oshib, bugungi kunda IT-Park rezidentlari soni 1500 taga yaqin. Ular orasida Mohirdev, TASS Vision, MAAB Innovation, Green White Solutions, G-core, Modme, Aliftech kabi taniqli kompaniyalarni misol sifatida keltirish mumkin. 

Taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari tufayli IT-Park rezidentlari qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratib, mamlakatimizda IT-mutaxassislar sonini ko‘paytirmoqda. Bugungi kunga kelib, IT-park rezidentlari tomonidan ish bilan ta’minlanganlar soni 22,5 ming nafarga yetkazildi. Ular hozirda Revotech iTransition, Datasite, iTechArt kabi   taniqli kompaniyalarda ish olib boryapti. 

Mamlakat o‘z salohiyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishda davom etmoqda va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratmoqda. 

Bir qator imtiyozlar qo‘llanishi natijasida IT-Park rezidentlari orasida xorijiy kompaniyalar sonini keskin ko‘paytirish maqsad qilingan. 

Jumladan, IT-park rezidentlarining xorijiy ta’sischilari va chet ellik mutaxassislariga dividendlar va ish haqi to‘lovlarini chet el valyutasida xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshirish huquqi berildi. 

IT-sohasidagi mutaxassislar, investorlar, shuningdek, IT-Park rezidentlarining xorijiy ta’sischilari uchun uch yilgacha bo‘lgan muddatga amal qiladigan IT-viza joriy etildi. 

IT-kompaniyalarni tashkil etish hamda ularni IT-Park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini tezlashtirish maqsadida “TashRush” dasturi joriy qilindi va ushbu Dastur doirasida “yagona darcha” (one stop shop) tamoyili asosida xizmatlar ko‘rsatish tartibi yo‘lga qo‘yildi. TashRush dasturi doirasida IT-Park chet ellik IT mutaxassislarga ko‘chib o‘tgandan keyin moslashishga, shuningdek, rezident kompaniyalarga ishga joylashishga yordam beradi. Bu orqali IT kompaniyalar “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishi, ofis topishi va xodimlarni tanlashi mumkin. 

Ta’kidlash lozimki, 7 yil avval mavjud 4 ta chet el kompaniyasi bugun 221 taga ko‘paydi. Bularga, Epam Systems, Exadel, Dyninno, East Games, AMC Bridg, Vention va Qulix kabi taniqli kompaniyalarni misol sifatida keltirish mumkin. 

Umumiy hisobda, IT-Park rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2017 yilda 179,9 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yil yakuni bo‘yicha 32,2 barobarga ortib, 5,8 trln. so‘mga, eksport hajmi esa 2017 yilda 700 ming dollarni tashkil etgan va 201 barobarga o‘sib, 2022 yilda 140,9 mln. dollarga yetkazildi. Eksportyor korxonalar soni 3 barobarga (316 ta) oshdi.

IT-Park rezidentlari eksportining asosiy yo‘nalishlari qatorida AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur va MDH davlatlari joy olgan. 

Respublika bo‘ylab IT-Parkning jami 12 ta hududiy filiali, shuningdek, AQSH va Germaniyada IT-Park vakolatxonalari tashkil qilindi. 

2021 yildan boshlab IT-Park rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari 4 dan 18 gacha kengaytirilgan. Xususan, bugungi kunga qadar robototexnika, ma’lumotlarni qayta ishlash, IT-autsorsing xizmat ko‘rsatish, venchur moliyalashtirish hamda akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish, dasturiy ta’minotdan foydalangan holda multimedia, dizayn, multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqish xizmat ko‘rsatish korxonalar huquqiga ega bo‘ldi. 

Shu bilan birga, bugungi kunga qadar IT-Parkning startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan 113 ta istiqbolli startap-loyiha jami 82,8 mlrd. so‘mdan ortiq miqdorda moliyalashtirildi. TASS Vision, Billz, IMAN, Sugʼurta bozor, Modme, Arzon Apteka bularga yorqin misol bӯla oladi. 

Ekspertlarning ta’kidlashicha, bugungi kunda butun davlatning rivojlanishi IT sohasining rivojlanishiga bevosita bog‘liq. Shuning uchun O‘zbekiston rivojlangan davlatlar qatorida barcha e’tiborini butun IT-ekotizimni yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratmoqda. 

Hozirgi paytda O‘zbekistonda IT sohasining rivojlanish dinamikasi tezlashtirilsa va amaldagi o‘sish sur’atlari saqlab qolinsa, O‘zbekistonda yaqin 5-10 yil ichida xalqaro IT bozorida uz o‘rnini egallab mustahkamlashga erishiladi.  



  ...