Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, davlat organlarining jamoatchilik tuzilmalari bilan o‘zaro maqsadli hamkorligi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, el-yurt tinchligi va osoyishtaligiga tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar mas’ul davlat tuzilmalariga o‘z faoliyatini “Barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor g‘oya asosida yanada takomillashtirish vazifasini yuklamoqda.
Mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, xususan jinoyatchilikka qarshi kurashish siyosatida huquqbuzarliklar profilaktikasining o‘rni va roli sezilarli darajada oshib bormoqda. O‘tgan davr mobaynida zamon talablariga javob beradigan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Faqat jazolash bilan qo‘rqitib, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi”.
Ma’lumki, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash davlatning asosiy funksiyalaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Mazkur funksiyani amalga oshirish maqsadida turli tashkiliy va huquqiy mexanizmlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Jumladan, respublikamizda har yili minglab siyosiy, madaniy va sport ommaviy tadbirlarini o‘tkazilishi yurtimizdagi osoyishtalik va tinchlik hukmronligidan dalolat beradi.
Jamoat xavfsizligi bu shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy manfaatlarini jinoiy va boshqa huquqqa xilof harakatlar, ijtimoiy nizolar, tabiiy ofatlar, zilzilalar, epidemiyalar, epizootiyalar, texnogen falokatlar, avariyalar va yong‘inlar natijasida kelib chiqadigan favqulodda vaziyatlar oqibatlaridan himoyalanganlik holatidir.
Qonun hujjatlarida odatda jamoat tartibiga nisbatan “saqlash” (muhofaza qilish), jamoat xavfsizligiga nisbatan “ta’minlash” terminlari ishlatilsada, huquqni muhofaza qilish faoliyatining ushbu turlari mazmuni asosan mos keladi.
Jamoat xavfsizligi tushunchasi shaxsning, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaatlarini boshqa g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar va ijtimoiy to‘qnashuvlar, tabiiy ofatlar, epidemiya, epizootiya, halokatlar, yong‘in keltirib chiqargan favkulotda vaziyatlarning oqibatida muhofaza qilish holati sifatida ta’riflanadi.
Ta’kidlash joizki, “jamoat tartibi” va “jamoat xavfsizligi” tushunchalarining mohiyatini tahlil qilishda ular bir-biridan farq qilsa-da, ularni ta’minlash o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi hamda birini ikkinchisidan ajratish juda ham murakkab bo‘lgan jarayon ekanligini namoyon qiladi. Jamoat tartibini saqlash bu bir vaqtning o‘zida fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash tushunchalarini ham o‘z ichiga qamrab oladi. Lekin “fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi” va “jamoat xavfsizligi” tushunchalari “jamoat tartibi” tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, o‘zaro bir-biridan farq qiladi.
Mamlakatimiz qonunchiligida va huquqiy fan doirasida mazkur tushunchalardan keng foydalanishiga qaramay, yuridik adabiyotlarda hamon ularni ta’riflashga yagona yondashuv ishlab chiqilmagan. Bunday yondashuv “ommaviy tadbir”, “jamoat tartibi”, “jamoat xavfsizligi" kabi tushunchalarning mazmun-mohiyatini ochib berish va ularning nazariy ta’riflarini shakllantirishni taqozo qiladi.
Fikrimizcha, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash tushunchasi bo‘yicha yagona fikr va yakdillik mavjud emasligini namoyon etadi. Jumladan, Fransiyalik olim Jorj Vedel “Xavfsizlik – jamoa yoki ayrim shaxslarga tahdid solayotgan xavf-xatarlarni oldini olishga qaratilgan faoliyat bo‘lib, o‘z ichiga davlat xavfsizligiga tahdidlardan tortib oddiy baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslikni qamrab oladi” – degan fikrni ilgari surgan.
Avstriyalik olim I.Peters “Jamoat xavfsizligi deganda shaxs tomonidan jamiyatda yurish-turishning barcha tartibga solingan va yozilmagan qoidalariga rioya qilishi, shuningdek davlat va fuqarorlarning o‘zaro bir makonda faoliyat yuritishi va yashashining asosiy sharti bo‘lgan qoidalarning majmui tushuniladi” – deb fikr bildiradi.
O‘z navbatida, rossiyalik olim B.P.Kondrashev “Jamoat xavfsizligi – bu jamiyatning moddiy ne’matlari va ruhiy qadriyatlarini bir butunligi va buzilmasligini ta’minlashdir” –degan tushunchani ilgari surgan. Rossiyalik huquqshunos olim Ye.F.Kolontayevskiyning fikricha, jamoat tartibi - jamoatchilik munosabatlari tizimini belgilab, korxona, muassasa va jamoat tashkilotlarini faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish hamda jamoatchilik xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Demak, jamoat tartibi va jamoat xavfsizligi ijtimoiy munosabatlarning har xil turi bo‘lib, ular o‘rtasida chambarchas aloqadorlik mavjud: ushbu guruh munosabatlarning har biri boshqasining mavjudlik shartidir. Bundan tashqari, jamoat tartibi va jamoat xavfsizligining mazmuni tegishli ijtimoiy munosabatlar shaxs va jamiyatning hayotiy muhim manfaatlariga kiradigan shaxs sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, jamiyat va shaxs tinchligini hurmat qilinishini ta’minlaydigan sohaga mos keladi.
Jamoat xavfsizligiga tahdid holati temir yo‘l, suv, havo, avtomobil transportidan foydalanish, yo‘l harakati, qurilish, yo‘l va boshqa ishlarni olib borish qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘yilganda, yong‘indan xavfli inshoot va qurilmalardan foydalanish, shuningdek, portlovchi materiallar va boshqa xavfli predmet va moddalar bilan muomala qilish talablari buzilganda vujudga keladi. Demak, temir yo‘l, daryo, avtomobil yo‘llari transporti vositalarini ekspluatatsiya qilish qoidalari buzilganda, avtomobil yo‘li harakati qoidalariga rioya qilinmaganda, qurilish, yo‘l qurulishi va boshqa ishlar jarayonida texnika xavfsizligi qoidalari buzilganda, yong‘indan xavfli obyektlar va qurilmalarni ekspluatatsiya kilishda, o‘q otar qurollar, o‘q-dorilar, portlovchi materiallar, kuchli ta’sir qiladigan zaharli moddalar, radioaktiv izotoplar va boshqa xavfli predmetlar va narsalar bilan muomala qilinganda jamoat xavfsizligiga nisbatan xavf-xatar tug‘ilishi mumkin.
Bizningcha, jamoat xavfsizligi bu shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaatlarini jinoiy va boshqa huquqqa xilof harakatlar, ijtimoiy nizolar, tabiiy ofatlar, zilzilalar, epidemiyalar, epizootiyalar, katta falokatlar, avariyalar va yong‘inlar natijasida kelib chiqadigan favqulodda vaziyatlar oqibatlaridan himoyalanganlik holatidir. Shu sababli uni turli jihatdan, shu jumladan, boshqarish obyekti va ta’sir usullari ta’rifi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish juda muhimdir.
Bugungi kunda davlatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar, ayniqsa mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi bilan bog‘liq vazifalar nihoyatda jiddiy yondashuvni talab etib, bunda ichki ishlar organlarining harakatlarini tizimli, aniq va qonuniy bo‘lishi va ularni muntazam takomillashtirilib borilishi o‘z yechimini kutayotgan masalalardan biridir.
O‘tgan davr mobaynida ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ichki ishlar organlarining mahallalarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun tashkil etilgan quyi bo‘g‘inni rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi.
Darhaqiqat, ichki ishlar organlari mustaqil O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlikni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlaydi. O‘zbekistonda oliy qadriyat deb tan olingan inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari ta’minlanishini yanada mustahkam kafolatlash maqsadida, ichki ishlar organlari tizimidagi amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martda “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6196-son Farmoni va mazkur Farmonga muvofiq, 2021-yil 2-aprelda “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5050-son Qarori, 2021-yil 15-aprelda “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5076-son Qarorilari qabul qilindi.
Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatlarda ichki ishlar organlarining faoliyatini takomillashtirish, uni tartibga solish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi bir qator vazifalar belgilangan.
Shunga mos ravishda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, aholining huquqiy ongini oshirish borasidagi ishlari ham yaxshilandi. Eng muhimi, tizim xodimlarining xalq bilan hamkorligi kuchaytirildi. El-yurt tinchligiga raxna soluvchi va jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarga qarshi keng jamoatchilik bilan birgalikda, hamjihatlikda kurash olib borishga alohida e’tibor qaratildi.
Jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, huquqiy demokratik davlat qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi.
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilgan bo‘lib, unda ichki ishlar organlari muhim o‘rin egallaydi.
O‘tgan yillar davomida ichki ishlar organlari faoliyatiii, shu jumladan uning jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taminlashga doir yo‘nalishini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirib kelinayotgan islohotlar natijasida, eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining barcha sohaviy xizmatlari va ularning joylardagi quyi tuzilmalarining faoliyati zamon talablari asosida takomillashtirildi, ularning tashkiliy tuzilishi va asosiy vazifalari aniq belgilab berildi. Shuningdek, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish vaqtida jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ichki ishlar organlarining, xususan uning patrul-post xizmati saf bo‘linmalarining faoliyati takomillashtirilib, ularda xizmat qiluvchi xodimlarning mas’uliyati oshirildi. Ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari qatori bevosita jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi patrul-post va jamoat tartibini saqlash xizmati tizimi takomillashtirildi.
Ichki ishlar organlari tizimidagi asosiy vazifasi jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlashdan iborat bo‘lgan soxaviy xizmatlar, tarkibiy tuzilmalar va saf bo‘linmalarining moddiy-texnikaviy bazasi takomillashtirildi, ular zamonaviy avtotransport, kompyuter va aloqa vositalari, xizmat qurollari bilan ta’minlandi, va nihoyat, ichki ishlar organlarining faoliyati, xususan uning jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyati huquqiy jihatdan mustahkamlanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida “Bugungi kunda biz “Xavfsiz shahar – xavfsiz mamlakat” konsepsiyasi asosida yurtimizda jamoat tartibini ta’minlashga qaratilgan katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Endi bundan buyon har bir shahar va viloyatda xavfsiz hudud loyihasini amalga oshirish, jamoat tartibini saqlash uchun Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya mas’ul va javobgar etib belgilanadi” – deb barcha jabhalarda jamoat tartibini saqlashni birday ikkita tuzilmaga yukladi.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki barcha tadbirlarda Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya mas’ul bo‘lib xizmat olib borishmoqda. Ommaviy tadbirlarda shu tadbirga qo‘yilgan talablarni bajarish uchun ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimining o‘z vakolat doirasida jamoat tartibini ta’minlaydi, agarda ichki ishlar organlari xodimining huquqbuzarlikni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud jamoat tartibini saqlash bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslik ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Bizning fikrimizcha, hozirgi kundagi jiddiy muammolardan biri ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi ma’muriy-huquqiy muammolardir. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunida, ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni qurilish loyihasiga Ichki ishlar vazirligining Yo‘l xarakat xavfsizligi Boshqarmasi tomonidan belgilangan hududda transport vositalarining harakat xavfsizligi va saqlash joylari bo‘yicha qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida huquqiy vakolatlari belgilanmagan. Buning natijasida oxirgi davrlarda qurilayotgan o‘yingoh, konsert zallari, restoran, supermarket va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylardagi transport harakatlari yoki to‘xtash joylari, umuman yo‘l harakati xavfsizligiga javob bermaydi.
Ommaviy tadbir o‘tkaziladigan obyekt atrofida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda transport vositalarining harakatini mumkin qadar cheklash yoki taqiqlash choralari ko‘riladi. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining ushbu harakatlari ham huquqiy asoslar yetarli bo‘lmaganligi sababli ko‘p hollarda fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Buning uchun ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda ushbu tadbirlarga jalb qilinadigan barcha ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini belgilanishi lozimdir. Ommaviy tadbirni o‘tkazishda ichki ishlar organlarining huquqlariga ommaviy tadbirni o‘tkazish obyektiga borish joylarida to‘siqni obyektiga tutash hududlarni o‘rab olish, tomoshabinlarni tadbir qoidalariga rioya etishni nazorat qilish belgilangan bo‘lsa, Milliy gvardiya bo‘linmalarining vazifalariga esa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda obyektning jamoat xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlarining bo‘linmalariga ko‘maklashishdir.
Davlat xavfsizlik xizmati xizmatchilari ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektida yoki unga yaqin hududlarda terrorchilik xavfi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan axborotni yig‘ish hamda ushbu ma’lumotlarni boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan almashish, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish lozimdir. Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘inni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xavf va tahdidlar omillarini o‘z vaqtida aniqlash, ularning profilaktikasini va yuzaga kelishining barvaqt oldi olinishini ta’minlashlari lozim. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda Sog‘liqni saqlash vazirligi jabrlanganlarga shoshilinch tibbiy va birinchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishi darkordir.
Fikrimizcha, yuqorida qayd etilgan tadbirlarni o‘tkazishda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashni ma’muriy-huquqiy jihatdan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiq.
Jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligi, tashkilotlarining normal faoliyat ko‘rsatishi, fuqarolarning mehnat qilishi va dam olishi uchun to‘liq sharoit yaratishiga, ularning sha’ni, qadr-qimmatini hamda umumaxloqiy qadriyatlarini hurmat qilishga yo‘naltirilgan huquqiy va ijtimoiy normalar asosida jamoat joylarida yuzaga keladigan va rivojlanadigan ijtimoiy munosabatlar tizimi sifatida huquq subyektlari tomonidan amal qilishi lozim bo‘lgan ko‘plab imperativ xarakterdagi normalar bilan tartibga solinadi. Ushbu imperativ xarakterdagi normalar tizimda ma’muriy-huquqiy normalar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, birinchidan, jamoat tartibiga oid majburiy tartib-qoidalarni belgilaydi, ikkinchidan, tegishli ijroiya hokimiyat subyektlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha funksiyalari, vakolatlari va huquqlarida namoyon bo‘ladi, uchinchidan, jamoat tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilaydi.
Fikrimizcha, yuqorida qayd etilgan muammolar tahlili, hozirgi kunga kelib, “O‘zbekiston Respublikasining ommaviy tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqish va uni qabul qilish va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazishda jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bir qator qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilishi lozim ekanligini tasdiqlaydi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, barcha davlatlarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash muhim masalalardan biri bo‘lib, ushbu vazifa bilan shug‘ullanuvchi tarkibiy bo‘linmalarni boshqarish turli yo‘llar va usullar orqali amalga oshiriladi. Ushbu sohada har bir davlat o‘ziga xos tajribaga ega bo‘lib, ularni o‘rganish hamda yurtimizda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash tizimiga tatbiq etish bugungi kunda dolzarb masalalardan biridir. Zero, mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish uchun rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rgangan holda, amaliy faoliyatga yangicha ish uslublari va mexanizmlarini, xususan, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish vazifasiga alohida e’tibor qaratishimiz lozim”.
Umidjon Qodirov,
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi
mustaqil izlanuvchisi, yuridik fanlar nomzodi, dotsent