Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Bugun kitob o‘qiyotgan bola ertaga millatning najotkori bo‘ladi



Poytaxtimizdagi kitob do‘konlaridan birida ko‘p kitoblarni varaqlashsa ham, izlayotganlarini topolmayotgan yosh ota-onaga ko‘zim tushdi. Oldilariga yaqinroq keldim, gap-so‘zlari qulog‘imga chalindi. Ular farzandlari uchun kitob qidirishayotgan ekan. O‘g‘illari o‘n to‘rtga to‘libdi. “Ertak kitoblarni ko‘p o‘qidi, endi ularga qiziqishi qolmadi. Shu yoshli bolalarga mos kitoblar bormikin”, deydi ota.

Ularga qo‘shilib, men ham qidirishga tushdim. Do‘kon peshtaxtalari kitob bilan to‘la. Ba’zi yozuvchilarning bir emas, o‘ndan ortiq asari sotuvga qo‘yilgan. Jang oldidan saf tortgan askarlarday g‘oz turishibdi. Sarguzasht kitoblarning son-sanog‘i yo‘q. Tijorat sirlari, boy bo‘lish, boylik orttirish, uzoq umr ko‘rish, kasallikdan dori-darmonsiz qutilish, uyqusizlik, qo‘rqinchli tush ko‘rish, bepushtlikning davosi va yana bir qancha antiqa mavzularga bag‘ishlangan kitoblar xayolingizni o‘g‘irlaydi. Ertak kitoblar yetarli. Nozik oilaviy munosabatlar deng... Ammo muhtaram kitobyozarlar bolalikdan o‘tib, katta hayot ostonasiga yaqinlashib kelayotgan o‘smirlarni unutishgan chog‘i.

Futbol o‘yinining muhim bir qoidasi bor: qaysi jamoaning yarim himoyasi kuchli bo‘lsa, ular o‘yin markazini nazoratga olib, jamoa g‘alabasiga jiddiy hissa qo‘shishadi. Kitobxonlikda ham futboldagiday, uch bosqich mavjud: bolalik, o‘smirlik, yoshlik. Bolalikda asosan ertak kitoblar o‘qiladi. O‘smirlikda hazmi bir muncha yengil, o‘quvchini cheksiz xayolot, orzu-umidlar dunyosiga boshlaydigan hayotiy hamda sarguzasht qissalarga qiziqish kuchayadi.

Birinchi o‘qigan kitobimni eslay olmayman, ammo tinglaganlarim yodimda qolgan (u paytlari kitob bugungiday mo‘l emasdi). Ular kattalar tomonidan uzoq qish tunlari jamoa bo‘lib o‘qiladigan, bir kishi qiroat bilan o‘qisa, boshqalar jon quloqlari bilan eshitadigan jangnomalar, xalq dostonlari, qasida va baxshidalar edi. Abu Muslim jangnomalari, Ibrohim Adham qissalari, Safed Bulon hikoyati qayerda, kimning tashqi hovlisidagi mehmonxonada o‘qilayotgan bo‘lsa, o‘sha yerga tortinmay boraverardim.

Maktabda adabiyot o‘qituvchilarimiz qanday kitob o‘qiyotganimizga jiddiy e’tibor berishardi. Ularning tavsiyasiga ko‘ra, “Cho‘loq laylak”, “Uch og‘a-ini botirlar”, “Maqtanchoq quyon”, “Rostgo‘y bola”, “Tulki bilan turna” kabi ertaklarni uyda o‘qib kelib, dars payti bir-birimizga aytib, bilganimizcha muhokama qilardik. Ertaklar asosida bayon yozardik. “Tuyaqush bilan qoplon” ertagini qanday muhokama qilganimiz hali-hali yodimda. Mana, o‘sha ertak: “Qoplon shoshilib ovqat yeyayotgan ekan, tomog‘iga suyak tiqilib kolibdi. Tuyaqush yordamga kelib, “Osmonga qarab og‘zingni ochib tur, men suyakni olib tashlayman”, debdi. Qoplon osmonga qarab og‘zini ochib turibdi. Tuyaqush uzun tumshug‘ini qoplonning og‘ziga solib, tomog‘iga tiqilgan suyakni olib tashlabdi. Qoplon xursand bo‘lib, tuyaqushga: “Sen menga yaxshilik qilding, rahmat, endi ikkovimiz do‘st bo‘lamiz, bir-birimizga yordam beramiz”, debdi.

Shunday qilib, tuyaqush bilan qoplon do‘st bo‘lishibdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tibdi. Bir kuni tuyaqush qoplonni sinamoqchi bo‘lib, yolg‘ondan, “Voy dod, o‘lyapman, meni qutqar, do‘stim”, deb qoplonni yordamga chaqiribdi. Qoplon uzoqroqda ekan, o‘rmondagi shox-butoqlar orasidan o‘tib, junlari yulinib, terisi shilinib, tuyaqushning oldiga yetib kelibdi. Qarasa, tuyaqush soppa-sog‘ ekan. Qoplon hayron bo‘lib, undan: “Nega meni yordamga chaqirding?”, deb so‘rabdi. Tuyaqush surbetlik bilan: “Anchadan beri ko‘rishmadik, do‘stligimiz esingdan chiqib qolmadimi, deb seni sinamoqchi edim”, debdi. Do‘stining bu gapidan qoplon qattiq xafa bo‘libdi”.

Shu ertakni muhokama qilayotganimizda, hammamiz: “Yolg‘onchi bilan do‘stlashmaslik kerak”, deganmiz. O‘qituvchimiz bo‘lsa: “Ovqatni shoshilib yesa shunday bo‘ladi, chayna-aab yeyish kerak”, degandi.

Keyinroq o‘qigan kitoblarim yodimda qolgan. Hakim Nazirning “Ko‘korol chiroqlari”, “Yonar daryo”, “Kenjatoy” qissalarini, Qudrat Hikmatning “Toshbaqalar hujumi”, “Shamol botir”, “Alisher va kitob”, Uchqun Nazarovning oltmishinchi yillari yoshlar o‘rtasida benihoya mashhur bo‘lgan jajji qissasini bir emas, bir necha marta o‘qib chiqqanman. G‘afur G‘ulomning “Shum bola”si ancha vaqt qo‘limdan tushmagan. Shu asar ta’sirida mahalla bolalari bir-ikki marta shumlik ham qilganmiz... “Boshsiz chavandoz” meni o‘ziga rom qilgan... Bugun Xudoyberdi To‘xtaboyev, Nosir Fozilov, Shukur Xolmirzayev, O‘ktam Usmonov, Mengziyo Safarov, Latif Mahmudov, Erkin Malikov, Anvar Obidjon kabi o‘smirlarga mo‘ljallab asar yozadigan adiblar yetishmayapti. Nega shundayligini tushunish qiyin.

Shu o‘rinda o‘zim kuzatgan bir holatga to‘xtalmoqchiman. Yoshligidan kitob o‘qishga o‘rgatilgan va bunday fazilatdan mutlaqo yiroq bola xarakterida keskin farq bor. Kitobxon bolalarning nutqi ravon, fikrlash doirasi kengligini sezish qiyin emas. Bundaylar boshqa bolalar bilan oson do‘stlashadi, kattalar tili bilan aytganda, xarakteri bosiq, ayni chog‘da kirishimli, muruvvatli bo‘ladi, biror yegulikni o‘rtoqlari bilan baham ko‘radi, o‘yinchoqlarini qizg‘onmaydi, tengdoshlariga beminnat yordam beradi. Nutqi rivojlangani bois, har qanday vaziyatdan oson chiqib ketadi.

Faqat shular emas, kitob o‘qib katta bo‘lgan bolalar jonivorlarga ozor yetkazmaydi, gullarni yulmaydi, ko‘chatlarni mehr bilan parvarish qiladi. Ertaklardagi devlarning “Saloming bo‘lmaganda yetti yamlab, bir yutardim”, degan so‘zlari ta’sirida kattalarga salom beradi.

Shundan kelib chiqib, har bir mamlakat yoshlarining ma’naviy-axloqiy darajasini u yerdagi kitobxonlik darajasiga qarab ham aniqlash mumkin. Bugun dunyoning mana-man degan davlatlari moliyaviy inqirozga yuz tutib, iqtisodiy muammolar girdobida qolayotgan bir paytda poytaxtimiz markazida kitobxonlarga atab yangi muhtasham ziyo maskani qurilayotgani, adabiyot olamiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarning har jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi, ijod namunalari to‘plam holida chop etilayotgani bejiz emas, albatta. Chunki, qadim-qadimdan ilm-ma’rifatga, ziyoga intilgan xalqmiz. Dunyo tamadduni rivojiga beadoq hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz juda yoshlikdan kitob mutolaasiga berilishgan. Shunday ekan, vaqt o‘tmay turib, farzandlarimiz ong-shuurini kitoblarga jo bo‘lgan bebaho hikmatlar bilan bezaylik, demoqchiman. Tasavvur qilaylik: bugun foydalanishga topshirilayotgan uylarda quruvchilar himmat ko‘rsatib, uy egalariga bitta kitob javoni sovg‘a qilsalar, unda “Hamsa”, “Boburnoma”, O‘zFA Til va adabiyot instituti olimlari tayyorlagan ellik jildli “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi” namunalari bo‘lsa qani endi.

Yaxshi asarlar bir emas, bir necha marta o‘qiladi. Har o‘qiganingizda o‘zingiz uchun asarning yangi-yangi qirralarini, muallifning badiiy ifoda mahoratini kashf etib borasiz. Shu ma’noda, “Ba’zi kitoblarni uch marta o‘qib chiqqanman”, degan gapim mubolag‘a emas. Bolalikda o‘qituvchilarimiz “Zo‘r odam bo‘lish uchun ko‘p kitob o‘qish kerak”, deyishardi. Zo‘r bo‘lish kimga yoqmaydi deysiz, qo‘limizga nima tushsa, tanlamay o‘qiyverganmiz.

Toshkent Davlat dorilfununiga (hozirgi O‘zMU) o‘qishga kelgach, ko‘plab salmoqli kitoblarni domlalarimizdan baho olish uchun o‘qishga to‘g‘ri keldi. Tasavvur qiling  imtihonga uch kun qolganida tunni tun, kunni kun demay, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina” asarlarini, Balzak, Zolya, Kuper, Xeminguey kabi zabardast klassiklarning mashhur asarlarini cho‘qilab bo‘lsa-da o‘qib, mazmunini aytib berishga majbur bo‘lganmiz. Yillar o‘tib “Urush va tinchlik”ni ham, “Anna Karenina”ni ham, yuqorida nomlari keltirilgan va keltirilmagan ko‘plab adiblarning asarlarini o‘zim uchun, ichki ehtiyoj sabab uchinchi marta o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Bu – haqiqiy o‘qish bo‘ldi.

Kitob o‘qir ekanman, ulardan topgan dur-javohirlarim, anglagan haqiqatlarim, mutolaa jarayonida xayolimga kelgan o‘y-fikrlarni boshqalar bilan baham ko‘rish, bu buyuk tafakkur xazinasidan bahramand bo‘lmaganlarni kitobxonlikka chorlash men uchun yoqimli mashg‘ulotga aylandi. Bu odatimni hanuz tashlamaganman. Qayta-qayta o‘qish hayotiy haqiqatlarni qayta-qayta idrok etish, mazmun-mohiyatini to‘la anglash imkonini beradi.

Lev Tolstoyning “Iqrornoma” asarini birinchi bor rus tilida, so‘ng o‘zbek tilida o‘qiganman. Jurnalistika fakultetidagi saboqlarimda undan muttasil foydalanib kelaman. “Iqrornoma” xususida insho yozdiraman. Qayerdaki yaxshi kitoblar haqida gap boshlansa, “Iqrornoma”ni tilga olaman. Uning har jumlasi fikr-mushohada, fikr-inkor, fikr-tasdiq, fikr-da’vatdan iborat. Adibning iqrornomasi dastlab uning shaxsiy hayoti manzaralari, umri bayoniga o‘xshab ketadi. Ammo bir-ikki sahifadan keyinoq, yozuvchining hayot, tiriklik, diniy e’tiqod, borliq haqida o‘ziga o‘zi berayotgan savollari yuzaga qalqib chiqadi. Kitobxon ham beixtiyor ularni qaytara boshlaydi, adib singari, o‘tayotgan umrini, o‘y-qarashlarini, hayotdan olgan saboq-xulosalarini, yutuq kamchiliklarini taftish qilishga tushadi.

“G‘alati manzara, — deb yozadi ulug‘ adib, — odamlar diniy e’tiqodlarga sig‘inib, ularga zid tarzda hayot kechirganlarini ko‘rganimda shu e’tiqodlardan bezib ketgandim. Ammo odamlar xuddi shu e’tiqodlarning o‘ziga amal qilib yashaganlarini ko‘rganimda ularning hayoti menga g‘oyatda jozibador va oqilona ko‘rindi. Shunda men nega bir vaqtlar bu e’tiqodlardan bezganimni, nega ularni ma’nosiz deb hisoblaganimni, endilikda esa nima sababdan ularni qabul qilganimni... tushundim. Men adashganimni va qanday qilib adashganimni anglab yetdim. Men noto‘g‘ri fikr yuritganim uchun emas, gunohkorona hayot kechirganim uchun adashgan ekanman. Men anglab yetganim – haqiqat yuzini mendan yashirgan narsa fikrlarimdagi xatolik bo‘lmagan ekan, balki favqulodda ishratbozlik, maishatparastlik sharoitida, baloi nafsni qondirish yo‘lida o‘tkazgan hayotim bo‘lgan ekan...”.

“Iqrornoma”dan anglashiladigan buyuk xulosa shuki, noto‘g‘ri fikrlash ayb emas, haqiqat izlayotgan inson adashib, yanglishib, o‘zining bu holatlarini idrok etibgina ko‘zlagan maqsadiga erishadi. Bungacha u, adib uqtirganiday, hayotning noma’lum sohillari tomon qayiqda, shiddatli oqim bilan yolg‘iz qoldirilgan holda, tajribasiz qo‘llari bilan eshkak eshadi, oqim uni manzildan boshqa tomonga ayovsiz ravishda sudraydi, yo‘l-yo‘lakay o‘zi kabi oqim ixtiyoriga tushib qolgan, qo‘llaridan eshkaklari tushib ketgan yo‘lovchilarni uchratadi, va yana, u olislab suzib borar ekan, oqimni mensimaydigan haybatli kemalarga, shovvalarga urilib, dabdalasi chiqqan qayiqlarga duch keladi. Bunday holatga tushgan adib, nihoyat, xulosa qiladi: “Sohil – Xudo edi, yo‘nalish – rivoyat edi, eshkaklar – menga berilgan erk edi. Men ularning yordamida sohilga – Xudoning jamoliga erishmoqqa suzmog‘im kerak edi”.

Adabiyotshunos olim Suvon Meli: “Haqiqiy asar hech qachon o‘lmaydi, u har qanday holatda ham (zamonlar, tuzumlar o‘zgarganda ham demoqchi A.M.) tirikligini saqlab qoladi”, deydi. To‘g‘ri xulosa. “Hamsa”, “Iqrornoma”, “O‘tkan kunlar”, “Boburnoma” shunday asarlar sirasiga kiradi.

Maqolalarimdan birida adabiyotni sog‘in sigirga o‘xshatib olgan ba’zi qalamkashlarni tanqid qilib, bemaza kitoblarning umri qisqa, hademay me’daga tegadi, deya o‘zimga o‘zim dalda bergandim. Yanglishgan ekanman, oldi-qochdi asarlar hali-veri me’daga tegadiganga o‘xshamaydi. Natijada g‘aroyib yangi toifa – badiiy idrok saviyasi o‘ta past “kitobxon” paydo bo‘ldi. Bunday o‘quvchi kitobni sinchiklab, mazmun-mohiyatini tushunib o‘qimaydi, shunchaki varaqlaydi-qo‘yadi. Biror joyda asar muallifini ko‘rib qolsa, uni savolga tutmaydi ham.

Bunday “tarbiyali” o‘quvchi yana qayerda bor? Shu bois, kitob do‘konlari, qo‘lbola rastalarda ko‘ngilni aynitadigan darajadagi ko‘chirma, ulama-yopishtirma, ag‘darma-to‘ntarma “asar”lar kun sayin ko‘payib, chinakam badiiy asarlarni bir chetga surib qo‘ymoqda. “Bu yil uchta roman, beshta qissa yozishni reja qilganman”, degan gap hatto adabiyotshunoslarni ham ajablantirmay qo‘ydi. Illatning illatligi faqat shu emas, o‘zi yozgan kitobga boshqalar nomidan taqriz, tavsiya yozish, syujet o‘g‘irlash, maqtov maqolalar uyushtirish oddiy bir hol bo‘lib qoldi.

Insoniyat tarixida kelgusi avlodlar e’tibor berishi zarur bo‘lgan saboqlar ko‘p. Ulardan biri shuki, yosh avlod tarbiyasini bir zum bo‘lsin o‘z holiga qo‘yib bo‘lmaydi. Bir kunlik e’tiborsizlik keyinchalik ming kunlik tashvishga sabab bo‘lishi mumkin. Allomalar avvallari zarur kitoblarning yo‘qligini ofat deb bilishgan. Shunday ekan, bemaza kitoblarning ko‘payishi ham ofatga aylanishiga yo‘l qo‘ymaylik. Ong-shuurni yoritadigan, fikrlash qobiliyatini oshiradigan kitoblarni targ‘ib qilaylik.

Kitob va kitobxonlik haqida gap ketganda, ayrim kuzatuvchilar “Qog‘oz kitoblarning umri tugaydi, kitobxonlik kompyuter zimmasiga yuklanadi”, degan gapni juda ishonch bilan aytmoqda. Fikrimcha, “qog‘oz kitob” bilan “internet kitob”ning bir-biridan keskin farq qiluvchi jihati bor. Qog‘oz kitob o‘quvchining ong-tafakkuriga ta’sir ko‘rsatadi, internet imkoniyatlari esa asosan xabardorlikni oshiradi. Qog‘oz kitoblarning umri tugayotganini bashorat qilgan yosh olimdan: “Ayting-chi, sevgi-muhabbatda Majnun holiga tushgan yoki shunga yaqinlashgan oshiq uchun mahbubasi visoliga yetish, yuz-ko‘zlaridan olov yanglig‘ bo‘sa olish yaxshimi yoki sevgilisini oyna ortidan ko‘rib, havo orqali bo‘sa qabul qilish ma’qulmi?”, deb so‘radim. U birinchi visol tarafini oldi. “Qog‘oz kitoblar, bilsangiz, shu birinchi visolning naqd o‘zi. Ularni o‘qiyotib, ilhomingiz jo‘shib ketsa, bag‘ringizga bosasiz, qo‘yningizga solasiz, peshonasidan o‘pasiz, yo‘lda, uyqusiz tunda hamrohingiz bo‘lishi ham mumkin”, dedim.

Aslida ham shunday.

Ahmadjon Meliboyev,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 



  ...