Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Nagoya shahrida “O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan” konsert dasturi o'tkazildi



Nagoya shahrida joylashgan hashamatli konsert zali (Nagoya Civic Assembly Hall) da “O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan” konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Unda Aichi mintaqasi ishbilarmon, akademik, madaniyat, ekspert doira vakillari, shuningdek ko‘plab vatandoshlardan iborat 500 nafar mehmon ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida Elchi M.Abduraxmonov nutq so‘zlab, barchani O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi bilan tabrikladi. Shuningdek, bugungi kunda Nagoya shahri Tokiodan keyin O‘zbekiston fuqarolari eng zich istiqomat qilayotgan hudud hisoblanishi, shaharda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz mahalliy aholi bilan do‘stona va ahil yashab kelayotganligi ta‘kidlandi.

Shuningdek, Toshkent va Nagoya shahri o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari qisqa muddat ichida izchil rivojlanayotganligi, ko‘plab o‘zaro tashriflar, hamkorlik loyihalari va tadbirlar o‘tkazilayotganligi mamnuniyat bilan qayd qilindi hamda yaqin kelajakda ikki shahar hamkorligini “birodar shaharlar” aloqalari darajasiga ko‘tarishga umid bildirildi.

Shahar meri T.Kavamura O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2019 yil dekabr' oyida Nagoya shahriga tashrifi yurtimiz bilan barcha jabhalardagi hamkorlikni yanada jadal rivojlantirish uchun yaxshi zamin yaratish imkonini berganligi ta‘kidladi. Shu bilan birga, ushbu konsert dasturi ikki xalq o‘rtasida madaniy almashinuvlarni kengaytirish va o‘zaro do‘stona aloqalarni rivojlantirish imkonini berishiga umid bildirdi.

Madaniy qismda O‘zbekistonlik taniqli san‘atkor va sozandalar ijrosida kuy-qo‘shiqlar va o‘zbek milliy raqslari namoyish qilindi, shuningdek yaponiyalik taniqli xonanda va sozanda Mashu Komazaki tomonidan milliy kuylarimiz ijro qilindi.

Tadbirda qatnashgan vatandoshlar bunday madaniy tadbirlar ularni o‘z Vatani atrofida yanada jipslashtirish, yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish va milliy o‘zlikni saqlab qolish uchun O‘zbekiston Hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan katta ko‘mak ekanligini mamnuniyat bilan ta‘kidladilar va Davlatimiz rahbariga bunday samimiy e‘tibor uchun chuqur minnatdorchilik bildirdilar.

Konsertda ko‘plab yapon fuqarolari ham qatnashib, yurtimiz madaniyati va san'ati naqadar boy ekanligiga amin bo‘lganliklari hamda bunday yuqori kaloritda tashkil qilingan konsert dasturi ularning xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolishini ma‘lum qildilar.



  ...