Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Mannon Uyg‘ur yaratgan maktab. O‘zbek milliy teatr san’atidagi o‘rni har jihatdan e’tirofga loyiq



Jurnalistlar jamoasi ijodiy hamkorlik, fikr almashish, bahs-munozara masalasiga jiddiy yondashib keladi. Atoqli o‘zbek teatri arbobi, rejissyor, aktyor, tarjimon, dramaturg, pedagog, milliy teatr maktabi asoschilaridan biri, buyuk san’atkorlar “Og‘a”si Mannon Uyg‘ur haqida maqola tayyorlayotganimdan xabar topgan bir hamkasbimiz maslahat solib qoldi:

– Toshkentda bir paytlar eng uzun ko‘chalardan biri Mannon Uyg‘ur nomi bilan atalgan. Bilishimcha, hozir nomi o‘zgardi, shekilli. Shunga ham aniqlik kiritib ketsangiz, yaxshi bo‘lar edi.

1

O‘ylab qarasam, agar rostdan ham shunday o‘zgarish qilingan bo‘lsa, buni aniqlash fikri – jo‘yali maslahat. Toshkent shahar hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev bilan bog‘landim.

– Bu qisman to‘g‘ri, – dedi hokimlik vakili. – Bir necha yil avval Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarori bilan poytaxtimizdagi yangi ko‘chalarga nom berildi, mavjudlaridan ayrimlarining nomi o‘zgardi. Mannon Uyg‘ur ko‘chasining bir bo‘lagi Ko‘kcha Darvoza nomini oldi, lekin asosiy qismi aslicha qoldirilgan. Hozir poytaxtimizda Mannon Uyg‘ur nomidagi bitta katta ko‘cha, bitta tor va bitta berk ko‘chalar mavjud. Bundan tashqari, Shayhontoxur tumanida san’at arbobi nomi berilgan mahalla ham bor.

Eshitgan – boshqa, ko‘rgan – boshqa. Mannon Uyg‘ur ko‘chasiga tutash shu nomli mahallani ham topdik. Hududning ko‘rinarli joyida Mannon Uyg‘urga bag‘ishlab uning xizmatlari qayd etilgan lavha ham o‘rnatilganiga ko‘zimiz tushdi.

– Mahallamizga Mannon Uyg‘ur vafotidan bir yil o‘tib, 1956 yil uning nomi berilgan, – deydi rais Shokirbek Muzrobekov. – Ko‘rib turganingizdek, ko‘chalarimiz sarishta, obod, odamlari ahil. Mahallamiz ulug‘ san’at arbobi nomiga munosib namunali mahalla hisoblanadi. Turli bayram tadbirlarimizga O‘zbek milliy drama teatri aktyorlarini ham taklif qilamiz, ular bajonidil ishtirok etib, xalqimizga ma’naviy zavq ulashadi, ustozlariga hurmat bajo keltirishadi.

Olti mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan mahallaning yoshi ulug‘lari bunday tadbirlarda Mannon Uyg‘urning chin shogirdlari qatnashishni kanda qilmaganini yaxshi eslashadi.

– Mahallamiz tadbirlarida el nazaridagi buyuk san’atkorlar, aktyorlar bilan ko‘p suhbatlashganmiz, dildan gurunglashganmiz, askiyalariga qo‘shilganmiz, – deya xotirlaydi mehnat faxriysi Maqsud ota Sultonov. – Yodimda, 60-yillarning oxiri qaysidir bayram arafasida xalq artistlari Nabi Rahimov, Zikir Muhammadjonov boshchiligida san’atkorlar bilan uchrashuv bo‘ldi. Ular ustozlari Mannon Uyg‘ur haqida, o‘zlarini u kishining nomidagi mahallaning a’zosidek his qilishlari haqida gapirishdi. Odamlar xursand, kayfiyat bayramona. Bir payt askiya boshlanib ketsa, deng. Davra bir zumda katta sayl ruhini oldi. Bizdan yoshi ulug‘lar halq artistlari bilan teppa-teng “tashlashib” turishibdi, atrof – kulgu, qahqaha, qiyqiriq. Bunday damlarni esdan chiqarib bo‘lmaydi!

Qiziqish tufayli mahalla raisi Shokirbek Muzrobekov va oqsoqol Maqsud ota Sultonovni savolga tutdik:

– “Uyg‘ur” – buyuk san’atkorning taxallusi. Haqiqiy ismlari – Abdumannon Majidov! U kishi o‘ziga nega bunday taxallus tanlagan?

Savolimiz javobsiz qoldi va bu tabiiy edi. Chunki...

2

Chunki, maqolani tayyorlash jarayonida ushbu savolga javob izlab qator manbalar bilan tanishishga to‘g‘ri keldi. Bu masala nafaqat bizni, o‘z paytida juda ko‘pchilikni ham qiziqtirgan ekan. Eng jo‘yali javobga Mannon Uyg‘urning chin shogirdlaridan biri O‘zbekiston Qahramoni, xalq artisti Zikir Muhammadjonovning o‘z vaqtida e’lon qilingan maqolasida duch kelgandek bo‘ldik. Maqoladan olingan quyidagi parcha masalaga biroz oydinlik kiritsa kerak:

“U kishi Qur’oni karimni boshidan oxirigacha yod bilgan ekan. Aytishlaricha, o‘sha vaqtdayoq o‘ziga taxallus tanlab olgan. Bu taxallus Uyg‘ur bo‘lib, uning ma’nosini o‘zi bilgan-u, boshqalarga aytmagan. O‘sha vaqtlarda uni ba’zan Uyg‘ur, ba’zan Og‘a deb chaqirishar edi.

Keyinchalik o‘zbek san’atkorlarining deyarli hammasi uni Og‘a deb atashavergan. Mannon Uyg‘ur tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Sa’dulla Ahmadning “Guliston” jurnalining 1977 yil sentyabr sonida bosilgan “Sahnamiz sarboni” maqolasida shunday so‘zlar bor: “O‘zbekistonda birinchi professional teatr tashkilotchisi, atoqli rejissyor Mannon Majidovning nima uchun Uyg‘ur taxallusini qabul qilganligini bugungi kunda hayot bo‘lgan shogirdlaridan so‘rab, aniq javob ololmadik.

“Biz bu nomga shunchalik ko‘nikib ketgan edikki, otamdan nega bunday taxallus olganligini so‘rash esimizga ham kelmasdi. Har holda uyg‘ur xalqi nomidan olmaganligi aniq. Otam so‘z ummonida ko‘p va xo‘b so‘zlagan bir g‘avvos edi. Bu so‘zning ma’nosini lug‘atlardan izlash kerak”, – deb javob beradi san’atkorning o‘g‘li Qo‘rqmas Majidov. Klassik va boshqa turli xildagi eski lug‘atlarni varaqlab chiqdik. Nihoyat, 1969 yilda nashr etilgan “Qadimgi turk lug‘ati” kitobining 362-betida “uyg‘ur” so‘zining ma’nosi “uyg‘otish” deb berilganiga ko‘zimiz tushdi. Boshqacha bo‘lib chiqishi mumkin ham emasdi. Mannon Uyg‘ur chin ma’noda mazlum Sharqni uyg‘otuvchilaridan... Uyg‘ur bundan 80 yil muqaddam o‘zi tug‘ilgan Zanjirlik mahallasinigina emas, ulg‘aya borib, Turkiston va Sharq, balki butun jahonni zanjirband ko‘rdi.

Teatrshunos, professor Muhsin Qodirov o‘zining bir maqolasida yuqoridagi fikrni davom ettirib, shunday xulosaga keladi: “Shu paytgacha Mannon Majid o‘g‘li nima uchun Uyg‘ur taxallusini tanlagani va bu so‘z qanday ma’no anglatishi to‘g‘risida har xil taxminlar yuradi. Hatto bir uyg‘urcha ro‘znomada “Hamza teatrining tashkilotchisi Mannon Uyg‘ur ham o‘zimizdan, ya’ni uyg‘urlardan”, deb yozishgan. Teatrshunoslar odatda bu masalani chetlab o‘tadilar. Yaqinda Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarai turk” asarini varaqlab turib, “uyg‘ur” so‘ziga berilgan izohga ko‘zim tushdi. “Uyg‘ur”ning ma’nosi yopishqur demak bo‘lur, – deyiladi unda. – Ayturlar: sut uyudi. Sut erkanida biri biridan ayrilur. Uyuganidan so‘ng ayrilmas. Uyudi, ya’ni yopishdi”. Mannon Majidov taxallusining ma’nosi aslida ana shunday. U o‘zini uyushqoq, uyushtiruvchi, birlashtiruvchi deb bilgan, san’atda u uyg‘ur bo‘lishni orzu qilgan edi, shunday bo‘ldi, u taxallusini oqladi”.

Ma’lum bo‘lyaptiki, Mannon Majidov o‘ziga Uyg‘ur taxallusini atayin tanlagan. Odatda, shoirlar qadim zamonlardan o‘zlariga taxallus qo‘yar edi, san’atkorlarda bu kam uchrasa-da, amaliyotda bor hodisa ekan.

3

Zamonaviy shakldagi o‘zbek teatr san’ati va hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri (sobiq Hamza nomidagi teatr) asoschilaridan biri, umrining oxirigacha shu yerda faoliyat yuritgan buyuk san’at darg‘asi, O‘zbekiston xalq artisti Mannon Uyg‘ur (Abdumannon Majidov) 1897 yil Toshkent shahrida tavallud topgan.

Otasi Toshkentning Shayxontohur dahasida Majid oqsoqol deb nom chiqargan hurmatli nuroniylardan bo‘lgan. Oqsoqol Toshkentning “Piyonbozor”, ba’zan “Voskresniy” bozor deb atalgan qismida faoliyat yuritgan. Rus tilini biroz bilgani sabab Toshkent atrofidan kelgan dehqonlar bilan ruslar o‘rtasida tilmochlik ham qilar edi.

Mannon otasini o‘sha vaqtlarda Toshkentga kelayotgan teatr tomoshalariga olib tushar va uning taassurotlarini bilgisi kelardi. Ota bir necha spektakllarni ko‘rgach: “Teatr bu – ma’rifat o‘chog‘i ekan-ku” deb, o‘g‘lini quvontiradi. Lekin uning artist bo‘lishiga roziligini sira aytmasdi. Majid oqsoqol o‘z farzandining san’atkor bo‘lishiga dastlab qarshilik ko‘rsatsa ham, bora-bora u tanlagan soha millat uchun zarurligini fahmladi.

Mannon Uyg‘ur sahnadagi ilk faoliyatini 1916 yil Toshkentdagi “Turon” truppasida havaskor aktyor sifatida boshlagan. Oradan uch yil o‘tib, Toshkent shahrida o‘zbek professional truppasini tashkil etib, unga rahbarlik qilgan.

Truppada sahnalashtirilgan spektakllarda o‘zi rollar o‘ynagan. 1918 yilda “Turkiston tabibi” asarini yozib, unda Yeshimqul obrazini talqin etdi. 1921 yil G‘ulom Zafariyning “Halima” musiqali dramasini sahnalashtirib, undagi Rahim, so‘ng Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Boy ila xizmatchi” asaridagi G‘ofur obrazini yuksak mahorat bilan sahnaga olib chiqadi.

Moskvada O‘zbek maorif uyi qoshidagi drama studiyasida ta’lim olib qaytgach, Hamza teatrining rejissyori va badiiy rahbari sifatida faoliyat yuritdi. Ozarbayjon va tatar dramaturglarining qator asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.

U jamoaning eng yaxshi professional va axloqiy an’analarini shakllantirdi. Aktyor va rejissyorlar, ajoyib sahna ustalarining bir necha avlodiga saboq bergan, tarbiyalagan, ularni o‘zbek milliy sahna san’atiga shuhrat olib keluvchilar darajasiga olib chiqqan. Shogirdlari qatorida A.Hidoyatov, S.Eshonto‘rayeva, Sh.Burhonov, N.Rahimov, Z.Muhammadjonov, L.Nazrullayev, Z.Hidoyatova, Z. Sadriyeva kabi nomlarning borligiyoq Og‘aning ulkan isde’dodi, mehnatlari samarasini angatadi.

Uyg‘ur truppasi aktyorlik shaxsiyatining turli qarashlari asosida shakllangan. U truppani “jamlagan” va unga boshqa havaskor, shaxsiy teatrlardan iqtidorli yoshlarni taklif etgan. Jamoani to‘plab, ardoqladi va Hamza nomidagi teatrning birinchi avlodini badiiy cho‘qqilarga olib chiqdi. Mannon Uyg‘urda rejissyorning uchta asosiy jihati – murabbiy, sahnalashtiruvchi, rahbar kabi sifatlar uzviy ravishda uyg‘un edi.

4

Murabbiy sifatida Uyg‘ur aktyorlarni birin-ketin katta dramaturgiya aylanasiga olib kirdi. Uning eng yaxshi sahna asarlari – Shekspir asarlari hamda tarixiy spektakllar edi. Uyg‘ur sahna texnikasiga katta ahamiyat qaratgan, har bir imo-ishora sayqaliga, sahnaning jonliligiga – aktyorlar imo-ishorasi, harakati, so‘ziga astoydil e’tibor bergan, sahnada jaranglayotgan har bir so‘zga katta ahamiyat qaratgan. O‘zbek tilini yaxshi bilgan, juda boy adabiy tilda so‘zlash qobiliyatiga ega bo‘lgan. “Agar sahnada tomoshabinlarga teskari tursang, sening yelkang rol ijro etaversin”, der edi shogirdlariga mashg‘ulotlar vaqtida.

Uyg‘ur maktabini o‘tagan aktyorlar ajoyib toza nutqi, boy talaffuz ranglari bilan ajralib turgan va bu sifatlar hamon birlamchidir. Sahna afsonasi Shukur Burxon eslaydi:

“U tunu-kun teatrda band edi. Hatto, boshqalar sahnada asar qo‘ygan vaqtida ham, ular bilan birga spektakllarga rejissyorlik qilgan. U arzimas xatolarga ham tanbeh berardi, ehtimol, noto‘g‘ri talaffuz qilingan harf orqali u bizga haqiqiy o‘zbek tilini o‘rgatgan. U bizga aktyor o‘zini sahnada qanday tutishi, gapirishi, to‘xtamlarga rioya qilishi kerakligini ko‘rsatdi...

Garchi, teatr ilmiga ega bo‘lmasam-da, yuzlab rollar ijro etdim. Uyg‘urning qo‘lida o‘qiganim, uning maktabini o‘taganimdan g‘ururlanish va xursand bo‘lishdan to‘xtamayman”.

5

Shu o‘rinda Zikir Muhammadjonovning maqolasiga yana murojaat qilsak. Unda shunday satrlar bor:

“Mannon Uyg‘ur o‘zbek tomoshabinlarining ruhini yaxshi o‘rgangan edi. Oxirgi kurslarga kelganda Karlo Gotssining “Malikai Turondot” asarini tayyorlashadi. Uyg‘urning taklifi bilan milliy xususiyatlarni yorqin aks ettirishga harakat qilinadi. Mazkur asarda buning uchun katta imkoniyatlar bor edi. Asar talqinida har bir rejissyor xalqning turmush tarzi, fe’l-atvori va o‘z ko‘nglidagi armonlarini asarga qo‘shishi tabiiy, albatta. Shu bois, Mannon Uyg‘ur har bir sahnada o‘zbekona milliy urf-odatlarni, mushohadalarni shu spektakl orqali tomoshabinlarga bayon eta olgan. Men o‘zim 40-yillarga kelib qayta tiklangan bu “Malikai Turondot” asarida Shukur Burhonov, Yetim Bobojonov, Mannon Uyg‘urlar ijrosidagi rollarni ko‘rganman...

...Mannon Uyg‘ur juda ko‘p yillar, aytish mumkin, umrining oxirigacha teatrning bosh rejissyori, badiiy rahbari bo‘lib ishladi. U hamkasblariga nihoyatda jonkuyar edi. Deyarli mayda-chuyda ishlargacha aralashar, uning maqsadi teatrni, uning jamoasini pokiza saqlash edi. Odobda, kiyinishda, yurish-turishda ham hammaga namuna bo‘lardi.

Yoz kunlari Og‘a oppoq kiyim kiyar edi. Qishda esa qora kostyum, oq ko‘ylak kiyib, galstuk taqib yurardi. Qirra burunli, qora sochli, qora mag‘iz odam bo‘lib, durday oppoq tishlari tabassum qilganda ko‘zga tashlanib turardi. U teatr uchun hech narsani ayamagan.

“Muqanna” spektakli repetitsiya qilinayotgan kuni, Og‘a teatrga yangi qora kostyumda kirib keldi. Sahnada bizning vazifamiz Muqannani ko‘rishimiz bilanoq tiz cho‘kib, yerga yiqilish edi. Ammo kiyimlarimizni ayab, yiqilmoqchi emasdik. Shunda Og‘a yangi kiyib kelgan kostyumini yerga tashlab, qanday dumalashimiz kerakligini ko‘rsatib berdi. Ana shundan keyin biz ham u kishi qilgan harakatni takrorladik”.

6

– Mening onam Xadicha Boboxonova Mannon Uyg‘urning shogirdi bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Gulnora Ravshanova. – U kishining qo‘llarida ikki yil tahsil olgan. Shu davrda onam mohir aktyor nazariga tushgan. Keyinchalik Mannon Uyg‘ur onam bilan Zebo G‘aniyevani Moskvaga o‘qishga jo‘natgan. Onamning aytishicha, ul zotni hech kim Mannon Uyg‘ur, deya atamagan. Uyg‘ur og‘a, deyishgan. Xadicha Boboxonovaning taniqli aktrisa bo‘lishida ustozi Mannon og‘aning xizmati juda katta. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, onamni Surxondaryo viloyati musiqali drama teatriga jo‘natishgan. Onam shu teatrda uzoq yilllar ijod qilib, sahnada 150 ga yaqin obraz yaratdi. Men ham O‘zbek teatr maktabining asoschisi, buyuk aktyor Mannon Uyg‘ur shogirdining shogirdi bo‘lganimdan hamisha faxrlanaman. Bir safar uyda Mannon Uyg‘urni eslaganlarida onam ustozining so‘zga juda usta bo‘lganini aytib, har bir kishidan so‘zni ravon aytishni qat’iy talab qilganini yodga olgan edi.

7

Joriy yil 5 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashuvda Mannon Uyg‘ur hayoti va ijodi, uning milliy san’atimiz rivojida tutgan o‘rni, u yaratgan sahna maktabi kabi mavzularni alohida tilga oldi. Mamlakatimizda san’at, madaniyatni rivojlantirish, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida so‘z yuritar ekan, jumladan, yosh rejissyorlar uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etilishi, mukofot bilan har yili 27 mart – Xalqaro teatr kunida musiqali, drama va qo‘g‘irchoq teatri yo‘nalishidagi eng yaxshi spektakllar yaratgan yosh rejissyorlar taqdirlanishi, har bir mukofot miqdori kamida 100 million so‘mdan kam bo‘lmasligi haqida fikr bildirdi.

– Prezidentimizning uchrashuvda milliy teatrimiz, san’atimiz haqida kuyunchaklik bilan aytgan gaplari, uni yanada yuqori pog‘onalarga olib chiqish uchun o‘ylab yurgan rejalari bilan o‘rtoqlashganlari meni qattiq hayajonga soldi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Rixsi Ibrohimova. – Ayniqsa, ulug‘ inson Mannon Uyg‘ur hayoti, ijodi, faoliyatiga bergan e’tiboru e’tiroflaridan boshim ko‘kka yetdi.

Teatr taraqqiyotini rejissyorsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki u ijodiy jamoada yetakchi o‘rin tutadi, aktyorlar murabbiysi, ularga g‘oyaviy fikr beruvchi rahnamo hisoblanadi. Shu bois, rejissyor xuddi kema darg‘asi kabi kishilarni aniq maqsad sari yetaklay olish salohiyatiga ega bo‘lmog‘i lozim. U doimo davr talabi va tomoshabinlar ma’naviy ehtiyojiga hozirjavob bo‘lishi kerak. Bu kasb sohibi ana shunday mas’uliyatli va sharafli ijodkordir. Uyg‘ur og‘a ana shu talablarning barchasiga javob bera olgan.

Bu insonni ko‘rgan san’atkorlar bugun oramizda deyarli yo‘q. Afsuski, Uyg‘ur og‘ani ko‘rish, undan saboq olish menga nasib qilmagan. 1955 yili institutning 1-bosqichida o‘qiyotganimda, teatrga ishga kelishimdan ikki hafta oldin u kishi vafot etgan. Teatrda ish boshlagan kezlarim butun teatr jamoasi faqat Mannon og‘a haqida gapirar, har bir spektakl va repetitsiyalar mobaynida albatta u kishini xotirlar edi. Ustozim Sora Eshonto‘rayeva va og‘ani ko‘rgan, hamsuhbat bo‘lgan boshqa yoshi ulug‘lardan Mannon Uyg‘ur shaxsiyati, u kishining ish uslubi haqida ko‘p eshitdim, o‘zimga g‘oyibona ustoz, deb bildim.

8

San’at fidoyisi 1955 yil oktyabr oyida 58 yoshida vafot etdi. Mustaqillik yillari boshqa marhum ulug‘ san’atkorlar singari Mannon Uyg‘urning ham o‘zbek teatr san’ati rivojidagi xizmatlari alohida e’tirof etilib, davlatimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

9

O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulomning “San’atim” she’rini xalq artisti Sherali Jo‘rayev o‘ziga xos talqinda ijro etgan. Unda o‘zbek san’atini yuksaklarga ko‘targan ulug‘ san’atkorlar nomi keltiriladi, san’atimiz buyuk ekani asoslanib, “Shuning uchun dag‘dag‘asi osmonlarcha bor”, deya ta’rif beriladi. Ana shu dag‘dag‘aga ruh bergan, motivatsiya bergan siymo ham Mannon Uyg‘urdir!

Fikrimiz quruq bo‘lib qolmasligi uchun bir misol keltirsak: O‘zbek Milliy akademik drama teatrida XX asrning 30-yillaridayoq “Gamlet” muvaffaqiyatli sahnalashtirilib, tomoshabinlarning yuksak olqishiga sazovor bo‘lgan. Bu rejissyor Mannon Uyg‘urdek ulkan san’atkorning salohiyati tufayli edi. 40-yilga kelib, Mannon Uyg‘ur rus rejissyori N.Ladigin bilan birgalikda Vilyam Shekspirning “Otello” asarini tayyorlab, teatr dovrug‘ini yangi pog‘onaga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ladi. Muxlislarning “Otello”ga mehri “Gamlet”dan ham yuqori bo‘lgan. Urush yillari shahrimizga tashrif buyurgan ingliz parlamenti a’zosi janob Jonson “Teatr kitobi”ga shunday so‘zlarni yozib qoldirgan:

“Biz – Shekspir vatanidan kelgan mehmonlar o‘zbek teatri sahnasida “Otello” spektaklini tomosha qilib, hozirgi zamonda o‘zimizning mamlakatda bu qadar yuksak ijroni ko‘rmaganimizdan qoyil qolganimizni mamnuniyat bilan izhor etamiz. Bu ijroni butun dunyo ko‘rishi kerak!”.

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2023-yil 18-avgust



  ...