Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Bo'lar ekan-ku. Yoxud bugunning kechadan farqi nimada?



Prezidentimizning "O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida"gi qarori e'lon qilindi. Bayramga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayoni "yangi hayot uchun, yangi O'zbekiston uchun!"degan bosh g'oya asosida amalga oshirilishi belgilab olindi.

Hech shubhasiz, mustaqillik yillari xalqimiz ming yillar davomida orzu qilib kelgan ozodlik, erk va erkinlik yo'lidagi kurashlarining mantiqiy natijasi bo'ldi. Bu yillar mobaynida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi. O'zbekiston jahon hamjamiyatining to'laqonli a'zosiga aylandi.

Olti-etti yil avval boshlangan yangilanishlar, xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda o'tkazilayotgan islohotlar, yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lidagi dadil qadamlar nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham ko'tarinki kayfiyat bilan kutib olinmoqda.

Bugun xalqimiz yangi O'zbekiston aslida yangi hayot uchun kurash ekanini, bu yo'ldagi sa'y-harakatlarsiz barcha sohalarda uzoq yillar davomida to'planib qolgan muammolarni hal etish aslo mumkin emasligini yaxshi anglab turibdi.

Qolaversa, yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lidagi har bir kun biz uchun avvallari xayolimizga ham kelmagan imkoniyat va istiqbollarni yaratib bermoqda. Shu nuqtai nazardan, yuqorida nomi qayd etilgan qarorda o'tgan qisqa, ammo tarixiy jarayonlar, islohotlarga boy davr mazmun-mohiyatini ochib berish lozimligi ta'kidlanadi. Mazkur vazifani "Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor" hayotiy shiori mohiyati va ahamiyati ila ochib berilishiga e'tibor qaratilgani ham bejiz emas.

Shunday ekan, vazifamiz ana shu ikki davrni adolat tamoyillariga amal qilgan holda xolis tahlil qilishdan iborat. Tahlillarni "kecha" (1991-2016 yillar) va "bugun" (2016 yildan so'ng) rukni ostida amalga oshiramiz. Ularning ayrimlari quyidagilardan iborat:

Kecha mamlakatimizda majburiy mehnat avj olgani bilan ajralib turadi. 1930-yilda xalqaro mehnat tashkilotining majburiy mehnat to'g'risidagi 29-konventsiyasida, keyinchalik uning 2014-yildagi qo'shimcha bayonnomasida majburiy mehnat qattiq taqiqlangan, uni amalga oshirish inson huquqlarini poymol qilishdan iborat ekani qayd etilgan bo'lsa-da, uzoq yillar davomida bu masalaga bizda e'tibor berilmadi.

Ayniqsa, oq paxta biz uchun "qora dog'"ga aylandi. Vaziyat shu darajaga etdiki, 2010 yilda mamlakatdagi va xorijdagi inson huquqlari faollari O'zbekistonda paxta etishtirishda majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatidan foydalanilgani uchun o'zbek paxtasiga boykot e'lon qilish bo'yicha petitsiyaga imzo chekdi.

Mazkur davrda jtimoiy hayotning qaysi jabhasida bo'lmasin, xodimlarni asosiy ish faoliyatidan ish paytida ajratib olib, go'yo "ijtimoiy foydali mehnat" bahonasida turli vazifalarni bajarishga majbur qilish odatiy hol bo'lib qoldi. Bu, ayniqsa, ta'lim tizimining barcha bo'g'inlarida, sog'liqni saqlash sohasida avj oldi. Maktab o'qituvchilari o'z faoliyatining qariyb chorak qismida qishloq xo'jaligi, obodonlashtirish, boshqa tashkilotlar funktsional vazifalariga kirgan topshiriqlarni bajarishga majbur bo'ldi.

Natijada ta'lim sifati keskin pasayib ketdi. O'qituvchi, murabbiylarning ta'lim tizimidan boshqa sohalarga o'tib ketishi ko'paydi. Ta'lim sifati tushib, o'quvchilarning ilg'or mamlakatlardagi o'z tengdoshlaridan bilim saviyasi bo'yicha ko'rsatkichlari pastlab ketdi.

Bugun esa davlatimiz rahbarining sa'y-harakati bilan majburiy mehnatga barham berildi. Aslida majburiy mehnatni taqiqlash bo'yicha jiddiy ishlar 2017 yilning avvalidanoq boshlangan edi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining faol harakatini ham esdan chiqarmaslik lozim.

Xalqaro tashkilotlar, ekspertlar O'zbekistonning bu boradagi sa'y-harakatlarini doimo qo'llab-quvvatlab turdi. 2022 yil 10 mart kuni majburiy mehnatning bekor qilingani, rahbariyatning mazkur masala bo'yicha qat'iy munosabatini e'tiborga olib "Cotton Campaign" xalqaro kaolisiyasi O'zbekiston paxtasiga joriy etilgan boykotni bekor qildi. Shunday qilib, 12 yil davom etgan boykot barham topdi. Bu O'zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida erishgan katta va salmoqli yutug'i bo'ldi.

Mazkur masalada O'zbekiston rahbariyatining munosabati qat'iy ekani yangi tahrirdagi Konstitusiya misolida ham ko'rindi, unda majburiy mehnat taqiqlandi.

Kecha biz uchun ko'plab masalalar, bajarilishi qiyin bo'lgan vazifalar atayin jamiyatdan yashirildi. Shuning uchun ham bu davrda "yopiq mavzu"lar soni talaygina bo'ldi. Ana shunday "yopiq mavzu"lardan biri kambag'allik masalasi edi. Inson har doim yaxshi yashashga, farovon turmush kechirishga, birovdan kam bo'lmaslikka harakat qiladi.

Biroq, O'zbekiston sharoitida biz "kambag'allik" so'zini ishlatishga Shoshmadik. Aniqroq aytadigan bo'lsak, biz o'zimizni o'zimiz aldadik, rasmiy ma'lumotlarda bu haqda axborotlar berishni ep ko'rmadik. Kambag'allik so'zi o'rniga "ehtiyojmand", "kam ta'minlangan" kabi so'zlarni ishlatishga majbur bo'ldik. Bu omil rasmiy doiralarda muayyan darajada xotirjamlik kayfiyatini paydo qilgan bo'lsa-da, aholining kambag'allik darajasi, shunga mos ravishda ijtimoiy norozilik yildan yilga ortib boraverdi.

Bugun esa O'zbekiston hukumati katta siyosiy Iroda ko'rsatib, kambag'allik muammosi mavjud ekanini, u uzoq yillar davomida shakllangan, o'ta ayanchli holatga aylanib borayotganini baralla aytishdan cho'chimadi. Tariximizda ilk bor mazkur masala 2020-yil 24-yanvarda O'zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasida ko'tarildi. Ana shu paytdan boshlab bu masala O'zbekiston iqtisodiy-ijtimoiy siyosatining eng dolzarb masalasiga aylandi.

Ayrimlarda aholiga moddiy yordam ko'rsatish, ijtimoiy nafaqa tizimini yaxshilash, turli imtiyozlar berish bilan kambag'allik muammosini hal etsa bo'ladi, degan fikr bor. Masalaga bu taxlit yondashuv bir yoqlamadir. Buning natijasida ayrim masalalarni muayyan makon va vaqt holatida hal etish mumkindir. Lekin bunday yondashuv jamiyatda yillar davomida shakllangan kambag'allik muammosini aslo hal etmaydi. Kambag'allikni kamaytirishning eng ishonchli va tez hal etish yo'li esa aholida tadbirkorlik ruhini uyg'otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish, yangi ish o'rinlari yaratish bo'yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

O'zbekistonda kambag'allikni kisqartirish bo'yicha xorij tajribasi jiddiy o'rganildi. Uning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi, kambag'allik darajasini aniqlash mezonlari va baholash usuli, aholi moddiy ta'minotining minimal standartlari va me'yoriy asoslarini puxta ishlab chiqish maqsadida Jahon banki, BMT taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlarning 14 eksperti jalb qilindi. Bugungi kunda 2021-2023 yillarda O'zbekiston Respublikasida kambag'allikni qisqartirish kontsepsiyasi asosida jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda.

2022 yil yakunlariga ko'ra kambag'allik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaygan. Yil davomida 200 ming tadbirkorlik sub'ekti tashkil etildi, 10 ming korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingtasining quvvati tiklandi. Olib borilgan ishlar natijasida bugungi kunga kelib 1 million kishi kambag'allikdan chiqarildi.

Kecha nihoyatda katta imkoniyatlarga ega bo'lgan holda mamlakat iqtisodiyoti, xususan, sanoat sohasidagi tub islohotlar O'zbekistonni sanoati rivojlangan davlatga aylantirishga imkon bermadi. Shu bilan birga, mavjud sanoat sohasi mamlakat va aholining tobora ortib borayotgan tabiiy ehtiyojlarini qondira olmadi. Ayniqsa, davlat korxonalari transformasiyasi hamda xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish yuz bermadi. Samarasiz korxonalar soni yildan yilga ortib boraverdi.

O'zbekiston sanoatini rivojlantirishning fundamental drayverlari yaratishda sustkashlikka yo'l qo'yildi. Sohaga zamonaviy, yuksak texnika va texnologiyalar joriy etilishidagi kamchiliklar esa mehnat unumdorligini oshirishga yo'l qo'ymadi.

Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ishlab chiqarishi sohasi ulushi 2016- yilda 19,5 foizni tashkil etgan, xolos. Sanoat ishlab chiqarish sohasiga jalb etilgan investisiyalar hajmi 2010-yilda arang 4,9 trillion so'm bo'lgan.

Bugun esa yangi O'zbekiston milliy iqtisodiyotining eng muhim yo'nalishi bo'lgan sanoat sohasini rivojlantirish asosiy vazifaga aylandi. Mamlakatimiz agrar-industrial davlatdan industrial-agrar davlatga aylandi. Sanoat sohasidagi siyosatni samarali yuritish, uni innovasion asosda tashkil etish, rivojlantirishda drayver va o'sish nuqtalarini belgilab olish, ishlab chiqarishga ilg'or texnologiyalarni jalb etish orqali sanoat tarmoqlari raqobatbardoshligi hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga alohida e'tibor berilmoqda.

Keng ko'lamli islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi. Bunday muvaffaqiyatga erishishda yalpi ichki mahsulotning chorak qismini tashkil etuvchi sanoat sohasi ulushi sezilarli bo'ldi.

Hozir jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, O'zbekiston sanoati jadal o'smoqda. Masalan, 2022 yilda sanoat ishlab chiqarishi fizik hajmi indeksi o'sishi 5,2 foizni tashkil etga bo'lsa, bu ko'rsatkich Qozog'istonda 1,1 foiz, Rossiyada 0,6 foiz, Ozarbayjonda 1,1 foiz pasaygan. Mamlakatimizda sanoat sohasiga qaratilayotgan alohida e'tibor tufayli yutuqlar salmog'i tobora ortib bormoqda. Xususan, 2022 yilda sanoat ishlab chiqarishi hajmi 551,1 trillion so'mga etdi. Vaholanki, bu ko'rsatkich avvallari 63 milliard so'm edi, xolos. Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ishlab chiqarishi sohasining ulushi 2022 yilda 26,7 foizni tashkil etdi, sohaga jalb etilgan investisiyalar hajmi joriy yilda 124,6 trillion so'mga etdi.

Kecha "mamlakat xavfsizligini ta'minlash" bahonasida o'ta qattiq va mutlaqo mantiqsiz pasport tizimi amal qildi. O'sha davrda O'zbekiston hududida 60 dan ortiq tekshirish punkti tashkil etildi. Jumladan, Xorazmdan Toshkent shahrigacha 17 ta, Farg'ona vodiysidan poytaxtgacha 8 ta shunday punkt faoliyat ko'rsatdi. Bunday punktlarning vazifasi davlat va millat xavfsizligiga "rahna solayotgan shubhali shaxslar"ni aniqlash, ularning respublika hududida erkin harakatlanishiga yo'l qo'ymaslik edi.

Vaziyat shu darajaga etdiki, odamlar o'z yaqinlarining janoza tadbirlariga, to'y-ma'rakalariga ham bora olmay qoldi. Bahona bitta: tekshiriluvchining yo pasporti yodidan chiqib qolgan yoki bunday shaxslar tekshiruvchilarda shubha uyg'otgan.

Tabiiyki, bunday holat odamlarimizda haqli noroziliklar keltirib chiqarardi. Ayniqsa, xorijdan kelgan mehmonlarning bunday punktlardan o'tishidagi jiddiy muammolar vaziyatni yanada keskinlashtirar, ularda O'zbekistonga ishonch kayfiyati so'nishiga sabab bo'lardi.

Bugun esa o'sha tekshiruv punktlari tugatildi. Mashhur qiziqchimiz aytgani kabi "endi fuqarolarimiz o'zlarini bemalol O'zbekistonlikmiz, deya olyapti". Bugun yo'llarimizda hech qanday punktlar, postlar, sun'iy to'siqlar yo'q.

Tekshiruv punktlari tugatilishi oqibatida odamlar orasida muayyan darajada shakllanib borayotgan ishonchsizlik kayfiyati yo'qoldi, aholi va kuch ishlatar organlar o'rtasida o'zaro ishonch va samimiylik rishtalari paydo bo'ldi.

Kecha odamlarimiz o'z peshona teri bilan ishlab topgan pulini naqdlashtirish borasida azob chekdi. Banklar bu vazifani uddalab berolmadi. Do'konlardan mahsulot oladigan bo'lsak, ularni narxidan 10 foiz qimmat olishga majbur bo'ldik. Bozordan mahsulot sotib olishdan ham murakkabroq muammo yo'q edi.

Bugun esa o'sha muammo tag-tugi bilan hal bo'ldi. Barcha qishloq-shaharlarda plastik kartalardagi pullarni naqdlashtirishni kechayu kunduz amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Ayni paytda pul-kredit siyosati sohasida ko'lamli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, to'lov tizimlari rivojlantirildi, chet el valyutasini sotib olish imkoni yaratildi, naqd pul muammosi hal etildi, uzluksiz ishlovchi avtomatlashtirilgan bankomatlar faoliyati yo'lga qo'yildi. Bu esa odamlarning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamladi.

Kecha mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoyalash bo'yicha muayyan ishlar amalga oshirilganini ta'kidlash lozim. Kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar ro'yxati tuzildi, ularning munosib turmushini tashkil etish bo'yicha choralar Ko'rildi. Qator-qator dasturlar, kontsepsiyalar yaratildi. Biroq, bu ishlar samara bermadi. Yuqorida qayd etganimizdek, kambag'allik darajasi pasaymadi, aksincha, salmog'i ortib boraverdi. Turar joyi bo'lmaganlar soni yildan yilga ko'paydi. Ishsizlik muammosi hal etilmadi. Har yilgi hisobotlarda ish bilan ta'minlanganlar soni 700 mingdan bir million kishigacha etib taqdim qilingan bo'lsa-da, Real hayotda ularning soni juda kam edi.

Bugun esa inson, uning haq-huquqlari va baxt-saodati davlat siyosati, barcha davlat organlari faoliyatining eng ustuvor va muqaddas maqsadiga aylandi. Jamiyat qurilishi va davlat boshqaruvida ana shu muhim va ezgu g'oyaga suyanilmoqda. Bunday siyosat "davlat – inson uchun" va "inson – jamiyat – davlat" tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

Davlat byudjetining asosiy qismi ijtimoiy sohaga ajratilmoqda. 2023 yili davlat byudjetidan 130 trillion so'm, ya'ni jami xarajatlarning salkam 50 foizi ijtimoiy sohaga yo'naltirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, ularning har bir qatlamini manzilli qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi tizim mexanizmi joriy qilindi. Xususan, 2017 yilda kam ta'minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo'lsa, bugun 2 milliondan ortiq oilaga ko'mak berilyapti. Ajratilgan mablag'esa 7 barobar ko'paydi.

Alohida e'tibor kam ta'minlangan oilalardagi bolalarga qaratilmoqda. Bunday bolalarni parvarishlash uchun to'lanadigan nafaqa qamrovi kengayib, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha etib belgilandi, mazkur to'lov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori o'rtacha 1,5 barobar oshirildi.

Masalaning huquqiy asoslari ham yaratildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitusiyamizda aholini ijtimoiy himoyalash masalalari huquqiy kuchga aylantirildi. Umuman, Bosh qonunimizda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog'liq normalar 3 barobar oshdi.

O'zbekistonda davlatning aholi ijtimoiy himoyasini to'laqonli ravishda ta'minlashga doir faoliyatida, so'zsiz, davlatimiz rahbarining 2023 yil 1 iyundagi farmoni bilan Prezident huzurida ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi katta voqea bo'ldi.

Kecha ming yillar davomida o'zaro qardoshlik munosabatlarini yo'lga qo'yib kelgan, an'anaviy tarzda bordi-keldi aloqalari asosida yashagan qardoshlarimiz – Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Turkmaniston bilan chegaralarimiz berk edi.

Hech qachon yodimdan chiqmaydigan manzara: 2014 yil, Namangan viloyatining Kosonsoy tumani. O'zbekiston – Qirg'iziston chegarasining bir tomonida mushtipar ona, chegaraning narigi tarafida bir necha yillar avval qo'shni davlatga kelin bo'lib tushgan qiz bir-biriga qarab yum-yum yig'lab turibdi. Qiz o'z farzandiga to'y qilyapti. Ona esa nabirasi to'yida ishtirok etishdan benasib – o'rtada chegara bor.

Bunday holatni ko'rishning o'zi azob. Afsuski, ana shunday vaziyatni barcha qo'shni davlatlar chegaralarida ham ko'rish mumkin edi. Qanchadan-qancha vatandoshlarimizning yurak-bag'ri ezilib ketdi-ya!

Bugun esa sun'iy ravishda qo'yilgan va qo'shni davlatlar o'rtasidagi munosabatlarga salbiy ta'sir ko'rsatgan barcha to'siqlar olib tashlandi. To'g'ri, davlat chegaralari muqaddas, ularni ko'z qorachig'idek asrash har birimizning burchimiz. O'zbekiston Qozog'iston bilan 2356, Qirg'iziston bilan 1476, Tojikiston bilan 1282, Turkmaniston bilan 1831 kilometr chegaraga ega. Uning har bir qarichini himoya qilish fuqarolik vazifamizdir. Biroq, bugun butun dunyoda kuchli globallashuv jarayoni ketayotgan bir davrda davlat faqat o'z qobig'ida yashashi mutlaqo mumkin emas. Ayniqsa, asrlar davomida bir daryodan suv ichib, quda-anda bo'lib ketgan xalqlarni qanday ajratib tashlash mumkin?

Shuning uchun ham Markaziy Osiyo davlatlari O'zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusni qo'llab-quvvatladi. 2017 yil O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi chegaralar ochila boshladi. 2019 yilga kelib O'zbekiston va Tojikiston chegarasidagi 17 ta nazorat-o'tkazish punkti faoliyati qayta tiklandi. Xuddi shunday ishlar boshqa qo'shni davlatlar bilan chegaralarda ham amalga oshirildi.

Kecha O'zbekistonda kichik vatani – o'z uyiga ega bo'lmagan yuz minglab oila bor edi. Odamlarni munosib uy-joy bilan ta'minlash haqida ko'p gapirilsa-da, muammoni real hayotda amalga oshirish imkoni bo'lmadi.

Katalakdek uylarda uch-to'rttalab oila o'nlab yosh bolalari bilan yashar, munosib turmush uchun ularda na sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilinar, na normal ijtimoiy muhit bor edi. Hayotning og'irligidan oilaviy kelishmovchiliklar kuchayib, ajralishlar salmog'i yildan yilga ortib bordi.

1991-2016 yillarda Toshkent shahrida 77,2 ming xonadonli 1287 ta ko'p qavatli uy qurildi, xolos.

Bugun mamlakatimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Natijada so'nggi 6 yilda mamlakatimiz bo'yicha 300 mingta yoki avvalgi yillardagiga qaraganda 10 barobar ko'p uy-joy bunyod etildi. Mamlakatimizning qaysi hududiga bormang, barchasida uy-joy qurilishi jadal davom etmoqda. Ba'zan odam hayron qoladi: nahotki, O'zbekistonda o'z kichik vatani – uy-joyga ega bo'lmaganlar shunchalik ko'p bo'lsa?

Ha, haqiqatan ham shunday edi. Bugun O'zbekistonda har bir oilani uy bilan ta'minlash davlat oldidagi eng katta vazifaga aylandi. Shu ma'noda, Prezidentimiz 2023 yil 13 aprelda imzolagan "2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmonni alohida ta'kidlash lozim.

Kecha aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish borasida muayyan ishlar qilingan bo'lsa-da, bu borada to'laqonli faoliyat ko'rsatish imkoniyati yo'q edi. Ko'plab islohotlar o'tkazishga harakat qilingan, ularning samaradorlik darajasi esa past bo'ldi.

Madaniyat maskanlarini boshqarishning huquqiy bazasi juda eskirgan, madaniyat va san'at xodimlarini ijtimoiy himoyalash tizimi yaroqsiz holga kelib qolgandi. Uzoq yillar davomida "Madaniyat to'g'risida"gi qonun qabul qilinmadi.

Bugun esa madaniyat va san'at tom ma'noda davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi. 2017-2023 yillar mobaynida madaniyat va san'at sohasiga oid 4 ta qonun, Prezidentning 35 dan ortiq farmon va qarori, hukumatning 100 dan ortiq qaror va farmoyishi qabul qilindi.

Mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bora 2021 yil 23 yanvarda "madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to'g'risida"gi qonun qabul qilinib, madaniyat va san'at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi belgilandi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratildi. Ilk marotaba 15 aprel Madaniyat va san'at xodimlari kuni etib belgilandi.

Milliy va jahon madaniyati namunalari bilan aholiga sifatli madaniy xizmat ko'rsatish maqsadida O'zbekiston davlat filarmoniyasi, O'zbekiston teatr arboblari uyushmasi, xalqaro festivallar direktsiyasi, "Bahor" davlat raqs ansambli faoliyati qayta tiklandi. Shuningdek, O'zbek milliy maqom san'ati va Respublika baxshichilik san'ati markazlari hamda uning huzurida baxshichilik san'atini rivojlantirish jamg'armasi, Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada instituti, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etildi.

Kecha mamlakat ta'lim tizimi muammolar girdobida o'ralashib qolgan edi. 2016 yilda bolalarni maktabgacha ta'lim tizimiga qamrab olish darajasi 27 foizdan oshmasdi. Bunday muassasalarning moddiy-texnik bazasi o'ta nochor bo'lib, binolari deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan, bog'chalarni malakali tarbiyachilar bilan ta'minlash barchani tashvishga solardi. Xususiy maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish amrimahol edi.

Maktab ta'lim tizimidagi ahvol esa undan ham battar edi. 1997 yilda qabul qilingan "ta'lim to'g'risida"gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi zamonaviy talablarga javob bermas, uning kontseptual jihatlari allaqachon eskirgan bo'lib, samaradorlik darajasi juda past bo'lgan.

Kasb-hunar kollejlarini tashkil etish biror samara bermadi.

Oliy ta'lim tizimidagi ahvol ham deyarli qoniqarsiz edi. 2016 yilgi ma'lumotlarga ko'ra, yoshlarni oliy ta'limga qamrab olish darajasi 9 foizdan oshmadi. Shu davrda mamlakatimizda birorta ham nodavlat oliy ta'lim muassasasi tashkil etilmadi. Sirtqi ta'lim tizimi yopildi.

Bugun esa ta'lim tizimi tom ma'noda yangilanmoqda. 2023 yilgi ma'lumotlarga ko'ra, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 72 foizga etdi.

Maktab ta'limida qisqa vaqt ichida qo'shimcha 700 ming o'quvchi o'rni yaratildi, mutlaqo yangicha mazmun va shaklga ega bo'lgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan 200 ga yaqin maktab hamda 400 ta xususiy maktab tashkil etildi.

Maktab ta'limi yaxshilanishiga ta'limga zamonaviy metodika, sifat va raqobat kirib kelishi, darsliklarning eng ilg'or xorijiy tajribalar asosida to'liq yangilanishi, maktablarga minglab xorijiy muallimlar taklif etilishi alohida rol o'ynadi. Ayniqsa, o'qituvchi va murabbiylar mehnatiga munosib haq to'lash bo'yicha aniq chora-tadbirlar ko'rilishi ushbu soha mutaxassislari nufuzini yanada oshirdi.

2022 yilgi ma'lumotlarga ko'ra, yoshlarni oliy ta'limga qamrab olish darajasi 38 foizga yoki 4,2 barobar ortdi. Oliy ta'lim muassasalarining soni 2016 yildagi 77 tadan bugungi kunda 210 taga oshdi. Shuningdek, 65 ta nodavlat oliy ta'lim muassasasi tashkil etildi, xorijiy oliy ta'lim muassasalari soni 4,2 barobar ko'paydi.

Qisqa vaqt ichida avvallari biz uchun mutlaqo notanish, tasavvurimizda ham bo'lmagan, mohiyatan yangi tushunchalar, atamalar paydo bo'ldi. Gap "Yangi O'zbekiston", "uchinchi Renessans", "Prezident Xalq qabulxonalari", "ijtimoiy axloq", "ma'rifatli jamiyat", "yangi ma'naviy makon", "Davlat – inson uchun" kabi ko'plab yangi atamalar xususida ham emas.

Eng asosiysi, bugun shu kabi tushunchalar mamlakatimiz aholisining Real hayotiga to'liq kirib kelgani, ular xalqimiz hayotida aniq samara va natijalar berayotganidir. Aslida "Yangi hayot uchun, yangi O'zbekiston uchun!"degan bosh g'oyaning ro'yobi ham shunda, deb o'ylaymiz.

Abduxalil Mavrulov,

tarix fanlari doktori, professor



  ...