Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2020-yil 21-22-may kunlari Andijon viloyatida boʻldi.
Prezidentimiz tashrifning ikkinchi kuni Andijon shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli butun dunyoga global inqiroz tahdid solib turgan bugungi kunda har bir mamlakat ushbu qiyin vaziyatdan chiqish yoʻllarini izlamoqda. Barcha xalqlarda katta tashvish uygʻotgan ushbu sinov, qolaversa, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan ofatlar ham xalqimizning mardona irodasini buka olmadi. Yurtdoshlarimiz bugungi juda murakkab vaziyatda muqarrar xavf-xatar oldida dovdiramasdan, yana-da jips boʻlib, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ertangi kun uchun kafolatli turmush sharoiti barpo etish yoʻlida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga kamarbasta boʻlmoqda.
Andijon viloyatida ham koronavirus karantinidan bosqichma-bosqich chiqish jarayonida iqtisodiyotni toʻliq yurgizib yuborish, aholi bandligi va daromadini taʼminlash, ehtiyojmandlarga yordam berish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar belgilangan. Yigʻilishda karantin talablariga qatʼiy rioya qilgan holda, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni davom ettirish boʻyicha yangi yondashuv va vazifalar muhokama etildi.
Davlatimiz rahbari soʻzining boshida barchani Ramazon hayiti bilan muborakbod etdi.
– Vaqt shiddat bilan oʻtayapti. Har bir kun, har bir daqiqa gʻanimat. Pandemiya tufayli koʻpgina sohalar ishlamagani bois oilalarda qiyinchiliklar boʻldi. Karantin boʻlishiga qaramay, xalqimiz bilan bamaslahat ertangi kunimiz uchun tezroq rejalar qilib olmasak ertaga kech boʻladi, – dedi Prezident.
Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, ish oʻrinlari tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Andijon viloyatida 40 mingdan ziyod muhtoj oila borligi, sanoat loyihalari, qishloq xoʻjaligi va tomorqachilik, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, oʻzini oʻzi band qilish hisobiga ularga daromad manbai yaratish zarurligi taʼkidlandi.
– Bosh vazir oʻrinbosarlari, hokimlar va sektor rahbarlari har bir kambagʻal oila muammolarini aniq bilishi, ular bilan manzilli ishlashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Endi har bir sektorda “Kambagʻallikni qisqartirish shtabi” tashkil etilishi belgilandi. Bu shtablarga iqtisodiyot, moliya, mehnat, investitsiya, soliq idoralari va bank vakillari biriktiriladi. Ularning ish haqi erishilgan natijalariga koʻra beriladi. Soliq idoralari tekshiruvchi emas, tadbirkorga koʻmakchi boʻladi.
– Statistik raqamlar bilan shu paytgacha toʻgʻri yoʻnalish qilib boʻlmadi, xalqimiz manfaat koʻrmadi. Takliflar tumanlardan, odamlarning oʻzidan chiqishi kerak. Vazirlar, rahbarlar kabinetda emas, hududlarda, uzoq qishloqlarda ishlashi zarur. Shunday ogʻir sharoitda fidoyi boʻlmagan rahbar – xiyonatkor. Shu xalq uchun oylik olib yuribsizlar. Davlat idorasi vakili xalqqa qancha yaqin boʻlsa, joylarda shuncha natija boʻladi, adolat mezoni taʼminlanadi, – deb taʼkidladi Prezident.
Yigʻilishda viloyatda yangi korxonalar tashkil etish va ish oʻrinlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari batafsil muhokama qilindi.
Joriy yilda 789 loyiha boʻyicha 7 trillion soʻm investitsiya oʻzlashtirilib, 42 ming ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Toʻqimachilik yoʻnalishida umumiy qiymati 106 million dollar boʻlgan 13 loyiha amalga oshirilib, ip-kalavani qayta ishlash darajasi 78 foizga yetkaziladi, 278 million dollarlik eksport taʼminlanadi.
Qurilish materiallari tarmogʻida 2020-2021-yillarda 74 loyiha samarasida 106 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Oilaviy tadbirkorlikka 353 milliard soʻm kredit, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 20 million dollar ajratilishi belgilandi.
Boʻsh turgan binolardan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, aholini soliqdan ozod qilingan 60 dan ortiq turdagi kasbga oʻqitish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilishda Andijon viloyati aholisining turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Joriy yilda viloyatda 6 ming 196 ta – oʻtgan yilgiga nisbatan 2 barobar koʻp uy qurilmoqda. Jumladan, “Qishloq qurilish invest” 5 qavatli 45 ta, “Oʻzshahar qurilish invest” Andijon shahrida 16 qavatli 4 ta arzon uylar qurmoqda.
Davlatimiz rahbari uy-joyga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etib, Andijon viloyatida 819 oilaga subsidiya ajratish zarurligini taʼkidladi.
Joriy yilda urbanizatsiya talablari va infratuzilma mavjudligini hisobga olgan holda, har bir tumanda ikkitadan zamonaviy qishloq qurish loyihasi Andijondan boshlanadi. “Zamonaviy qishloq” – koʻp qavatli uylar quriladigan, infratuzilma obyektlari mavjud, aholi uchun barcha sharoit yaratilgan maskanlar boʻladi. “Zamonaviy qishloq” loyihasi boʻyicha qurilgan uy-joylar boshqa dasturlar doirasida barpo etilgan uy-joylardan birmuncha arzonligi bilan ajralib turadi.
Bu yil 642 kilometr avtomobil yoʻli, 85 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi qurilishi va taʼmirlanishi belgilandi.
Taʼlim sifatini yaxshilash, oʻquvchilarni qiziqqan kasbiga 7-sinfdan yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bu kelgusida ularning bandligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.
– Meni eng koʻp oʻylantiradigan masala, bu yoshlar va xotin-qizlardir. Ularga eʼtibor, koʻmak kerak. Bilimi, qoʻlida kasb-hunari boʻlsa, hayotda oʻz oʻrnini topib ketadi, dunyoqarashi ham boshqacha boʻladi. Ota-onasi, oilasi ham davlatdan rozi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari viloyatdagi mehnat bozori talabini, hududdagi tadbirkorlik va qurilish infratuzilmasi sohalari tez surʼatlarda oʻsayotganini inobatga olib, Andijon iqtisodiyot va qurilish institutini tashkil etish va joriy yildan qabulni amalga oshirish zarurligini taʼkidladi. Bundan tashqari, Toshkent davlat agrar universitetining filiali negizida Andijon qishloq xoʻjaligi institutini tashkil etib, viloyatda agrar soha uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Turizm sohasi koronavirus sababli toʻxtab qolgan boʻlsa-da, aholi bandligi va daromadini oshirishda muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Yigʻilishda viloyatda ichki turizm dasturini ishlab chiqib, uning doirasida boshqa hududlardan viloyatga ichki sayohatlarni tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Xonobod shahrini Fargʻona vodiysining turizm markaziga aylantirish taklif etildi. Ushbu shaharda yer osti maʼdanli suv buloqlari mavjudligini inobatga olib, 10 gektar yer ajratgan holda, maʼdanli suv brendini yaratish va sogʻlomlashtirish sanatoriyasi tashkil etilishi belgilandi.
Madaniyat va axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, tarmoq rahbarlari hisobot berdi. Videoaloqa orqali tuman hokimlari va faollarning fikrlari eshitildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kuni Xoʻjaobod tumanidagi koʻp qavatli uylar qurilishini borib koʻrdi.
Andijon viloyati aholisi mamlakatimiz nufusining 10 foizini, hududi esa bor-yoʻgʻi 1 foizini tashkil etadi. Shu bois, shahar yaqinidagi adir joylarda koʻp qavatli uylar qurish orqali aholining tobora oʻsib borayotgan talabini qondirish choralari koʻrilmoqda.
Xoʻjaobod tumanining Ittifoq massivida 35 ta uy qurilmoqda. Ular Andijon shahri, Andijon, Xoʻjaobod, Buloqboshi va Jalaquduq tumanlaridagi uy-joyga muhtoj oilalarga berilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, bu yerda maktab, tikuvchilik sexi, sport kompleksi bunyod etilmoqda.
Davlatimiz rahbari qurilish ishlaridagi kamchiliklarni koʻrsatib oʻtdi. Bunday joylarda uylar bunyod etish mamlakatimizda yangi tajriba ekanini, ularni xalqaro standartlar asosida pishiq, sifatli qurish zarurligini taʼkidladi. Loyihani takomillashtirish, aholiga qulay transport yoʻnalishlari tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.
OʻzA