Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, odamlar hayoti bilan tanishish maqsadida 2020-yil 21-may kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Oltinkoʻl tumanidagi “Koʻhna vodiy bahori” fermer xoʻjaligida boʻlib, gʻalla va gʻoʻza rivojini koʻzdan kechirdi.
– Iqlim sharoiti yurtimizga oʻxshash xorijiy davlatlarda paxtadan 70 sentnergacha hosil olishadi. Qanday qilib? Ilm bilan, aql bilan. Andijonda yer kamligini hisobga olib, undan ikki karra samarali foydalanish zarur. Ishsiz, daromadi yetarli boʻlmagan minglab odamlar bor. Ishimizga oʻshalarning koʻzi bilan baho berishimiz kerak, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari gʻoʻza qator oralariga soya ekish boʻyicha Andijon tajribasini yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
– Fermer dalaga reja uchun emas, daromad uchun kirishi kerak. Soya ekilsa, bitta maydondan ikki barobardan ziyod daromad olish, yana koʻproq odamlarni ish bilan taʼminlash mumkin. Undan olinadigan moy ham, omixta yem ham juda sifatli, bozorbop. Toʻgʻri, bu qiyin. Lekin qaysi ish oson? – deya savol qoʻydi Shavkat Mirziyoyev.
Agrotexnologiyalarni rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat agrar universitetining Andijon viloyati filiali negizida qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida alohida oliy taʼlim muassasasi tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
“Koʻhna vodiy bahori” fermer xoʻjaligining umumiy yer maydoni qariyb 76 gektar. Joriy yilda gʻallaning har gektaridan 20, paxtadan 10 sentnerdan qoʻshimcha hosil yetishtirish rejalashtirilgan. Gʻalla hosildorligi 81 sentner boʻlishi kutilmoqda.
Fermer xoʻjaligida 60 kishi doimiy va mavsumiy ish bilan taʼminlangan. Chorvachilik, asalarichilik yoʻlga qoʻyilgan.
Shu yerda paxtachilik, gʻallachilik va meva-sabzavotchilik klasterlari hamda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari qayta jihozlangan avtobusda tashkil etilgan sayyor laboratoriya bilan ham tanishdi.
Prezidentiiz Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi “VBM tekstil grup” MCHJga qarashli eksportbop tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonada ham boʻldi.
Ushbu korxonani barpo etish uchun ikki yil oldin “Obod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi eski bino loyiha tashabbuskorlariga investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida berilgan edi.
Oʻtgan davrda qariyb oʻn uch yil qarovsiz yotgan mazkur inshootda yirik hajmda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Keng, yorugʻ sexlar, omborxona va boshqa qoʻshimcha xonalar bunyod etildi. Ishchilarning mehnat qilishi va dam olishi uchun zarur qulayliklar yaratildi.
Italiya, AQSH, Yaponiyaning zamonaviy tikuvchilik dastgohlari oʻrnatilib, 1200 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Loyihani ishga tushirish uchun 6,5 million dollar mablagʻ sarflandi. Uning 4 million dollari tijorat banki kreditidir.
Prezidentimiz mazkur korxona mutaxassis va tikuvchilari bilan suhbatlashib, ishlab chiqarilgan tikuvchilik mahsulotlarini koʻzdan kechirdi.
– Avvalambor, sizlarni yaqinlashib kelayotgan ulugʻ ayyom bilan tabriklayman. Bu fabrika andijonliklarga oʻziga xos tuhfa boʻlibdi. Biz uchun har bir ish oʻrni muhim. Bu yerda shuncha xotin-qiz ishli boʻlganidan juda xursandman. Tadbirkorlarimiz jahon bozorlariga chiqmoqda. Bu – dunyoqarash oʻzgarishi, imkoniyatlar natijasi, – dedi Prezident.
MDH mamlakatlari bilan shartnomalar imzolangan boʻlib, yiliga 27 million dollarlik mahsulot eksport qilish moʻljallangan. Bu geografiyani kengaytirish maqsadida Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Mutasaddilarga paxta tolasini qayta ishlashni chuqurlashtirib, qoʻshilgan qiymat yaratish, korxonalarga qoʻshimcha investitsiyalar yoʻnaltirib, ishlab chiqarishning toʻliq siklini oʻzlashtirishga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Ilgari viloyatda yetishtirilgan paxta faqat xomashyo sifatida sotilardi. Bundan daromad 100 million dollarga ham yetmasdi. Endilikda qayta ishlash rivojlanayotgani natijasida joriy yilda qariyb 440 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. 2021-yilda bu koʻrsatkichni 527 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu yerda viloyatda 2020–2021-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya, tadbirkorlik va kichik biznes, hunarmandchilikni rivojlantirishga doir istiqbolli loyihalar taqdimoti ham oʻtkazildi.
Xususan, joriy yilda 954 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Buning natijasida 68 mingdan ziyod ish oʻrni yaratiladi.
“VBM tekstil grup” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Andijonda jinsi shim ishlab chiqarish, mato toʻqish va boʻyash korxonalari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Qiymati 30 million dollarlik ushbu loyihaning ishga tushishi natijasida 2700 yangi ish oʻrni yaratiladi, yillik 750 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Andijon aholi zichligi eng yuqori hududlardan biri. Viloyatda yerdan unumli foydalanish hisobiga aholini uy-joy, ish bilan taʼminlash, ijtimoiy muhofaza qilish, turmush sharoitini yaxshilash mumkin. Shu bois bu yerda sobiq ishlab chiqarish maydonlari oʻrnida turar joy majmualari qurish hamda aholini uy-joy bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Davlatimiz rahbari bundan roppa-rosa ikki yil muqaddam – 2018-yil 20-may kuni Andijon shahrida qad rostlayotgan yangi uy-joylarni koʻrgan edi. Mazkur hududda bu masala dolzarb ekanini inobatga olib, qoʻshimcha turar joylar qurish boʻyicha topshiriq bergandi.
Shu asosida shaharda jami 1 ming 798 xonadondan iborat 41 ta koʻp qavatli uy barpo etildi. Jumladan, bunyod etilayotgan yangi mavzeda oʻtgan yili yigirmata 7 qavatli, ikkita 16 qavatli uy qurib bitkazildi. Shu tariqa atigi uch yilda bu yerda ilgʻor shaharsozlik andozalariga mos yirik mavze paydo boʻldi.
Prezidentimiz ushbu mavzeni borib koʻrdi. 16 qavatli uydagi xonadonlardan birida boʻlib, oila bilan suhbatlashdi.
“Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida “Xoqon Avtoinvest” MCHJ tomonidan qurilgan 16 qavatli uylar Andijon shahri uchun namuna boʻldi. Loyiha qiymati 46,6 milliard soʻm boʻlgan uylar Turkiya texnologiyasi asosida, mahalliy sharoitni hisobga olgan holda yaxlit temir-betondan zilzilaga bardoshli qilib qurilgan. Binoning tashqi devorlari bazalt materiali bilan qoplangan. Internet tarmogʻi, videokuzatuv tizimi bilan taʼminlangan.
Xonadonlar elektr plita, oshxona mebeli, isitish tizimi va issiq suv bilan taʼminlaydigan alohida qozonxona bilan mart oyida tayyor holda topshirilgan. Har bir uy ikkitadan lift bilan jihozlangan.
Mazkur uylar hovlisida dam olish va sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, avtoturargoh barpo etilgan.
Yangi uylarda shuncha maydondagi boshqa loyihalarga nisbatan 2 barobar koʻp xonadonlar joylashgani mahalliy sharoit uchun juda muhim. Shu bois xonadonlarning narxi ham hamyonbop.
Mazkur turar joylar qurilishi shaharning ushbu qismida urbanizatsiya jarayonlarini tezlashtirdi. Avvalo, koʻp qavatli uylarda bironta sotilmagan xonadon qolmadi, bu qurilish surʼatini oshirdi. Uylarga talab yuqoriligi bois hududga sanoat korxonalarining qiziqishi kuchaydi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbarining aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yana-da kengaytirish toʻgʻrisidagi qarori asosida hududda tijorat uylari ham barpo etilmoqda. Yana bir afzal jihati, bunday turar joy mavzelari bogʻcha, maktab singari ijtimoiy infratuzilmasi bilan birga qad rostlamoqda. Boshqacha aytganda, andijonliklarning koʻp yillik orzu-havaslari ushalmoqda.
Aholini turar joylar bilan taʼminlashni izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
– Kambagʻallikdan chiqishning eng asosiy zamini – uy-joy. Odamlarning boshpanasi boʻlsa, oʻzi harakat qilib, roʻzgʻorini oyoqqa qoʻyib oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tumanlardagi aholi zich joylarga ham kommunikatsiya olib borib, barcha sharoitlarga ega koʻp qavatli uylar qurish, zamonaviy qishloqlar bunyod etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga safari chogʻida Marhamat tumanidagi “Vodiy hamkor agrofirmasi” tomonidan tashkil etilgan quyonchilik klasteri bilan ham tanishdi.
1 gektardan ziyod maydonda tashkil qilingan mazkur klaster joriy yil 1-maydan ishga tushdi.
Kooperatsiya usulida 50 ta xonadonga quyonlar tarqatilib, ulardagi odamlar bandligi taʼminlandi. Shuningdek, quyon terisini oshlash va teridan telpak tikish sexida 20 ta ish joyi yaratiladi.
Korxonaga “Kaliforniya”, “Yangi Zelandiya”, “Flander”, “Reks” va “Velikan” zotli 1000 bosh quyon olib kelingan boʻlib, bir yil davomida ular soni 30 ming boshga yetishi kutilmoqda. Bu har bir quyon ikki kilogramdan tosh bossa, jami 60 ming kilogramm parhezbop goʻsht yetishtiriladi deganidir.
Quyonchilik klasteri tomonidan bir yilda jami 3 milliard soʻmlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish, 150 ming dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.
Ayni paytda viloyatda quyonchilik yoʻnalishida 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar doirasida kooperatsiya usulida xonadonlarda quyon boqish koʻpaytirilsa, eksport hajmi yana-da oshadi.
Viloyatda omixta yem ishlab chiqarishni koʻpaytirish, quyonchilikni 1 million boshga yetkazish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Shu yerda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik korxonalari salohiyati haqida maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbariga Ipoteka bank tomonidan Xitoy texnologiyasi asosida baliq yetishtirish loyihasi taqdim etildi. Odatda baliqchilik xoʻjaliklari bir gektar koʻlda 3-4 tonnagacha baliq yetishtiradi. Mazkur intensiv usulda bir gektar sunʼiy koʻlda 100 tonnagacha baliq olindi. Shuncha hosilni yetishtirishga bor-yoʻgʻi olti oy vaqt kerak boʻldi.
Ushbu texnologiya biofiltr, ultrafiolet yordamida soatiga 200 tonna suvni tozalab, kislorodga boyitib beradi. Bir gektar havzadagi suvni tozalash uchun 3 kun vaqt kerak boʻladi. “Valliy Fish” MCHJ tomonidan Andijon tumanida amalga oshirilgan ushbu tajriba gʻoyat samarali boʻlib, ayni paytda Ulugʻnor tumanida 60 ta tadbirkor 100 ta Xitoy texnologiyasini qoʻyishni boshladi. Bu ushbu intensiv usul yordamida viloyatda yil oxirigacha 10 ming tonna baliq yetishtirish mumkin deganidir.
Mazkur loyiha davlatimiz rahbariga maʼqul boʻldi. Baliqchilikda Andijon texnologiyasini barcha viloyatlarda ham amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. Yaqin kunlarda viloyat hokimlarining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlari uchun Andijon tumanida koʻrgazmali seminar tashkil qilinib, baliq yetishtirishda Xitoy texnologiyasi oʻrgatiladigan boʻldi.
– Andijonda chorva kam, goʻsht boshqa joylardan olib kelinyapti. Quyon, parranda, baliq koʻpaytirilib, goʻshti isteʼmolga chiqarilsa, viloyatda goʻsht narxi tushadi. Kambagʻal oilalarga tarqatilib, klasterlar tomonidan qayta sotib olinsa, ularga daromad boʻladi. Iqtisodiy kompleks va sektor rahbarlari shu bilan shugʻullanishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga safari chogʻida “Zamonaviy qishloq” loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.
Shu borada Paxtaobod tumani Boʻstonobod qishlogʻi hamda Qoʻrgʻontepa tumani “Yangi hayot” mahallasi uchun dastlabki bosh reja ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, qishloq hududlarga zarur muhandislik kommunikatsiyalari tortilib, koʻp qavatli uylar quriladi. Ular, avvalo, bir uyda koʻpchilik yashayotgan, muhtoj oilalarga beriladi.
“Zamonaviy qishloq”da maktab, bolalar bogʻchasi, tibbiyot muassasasidan tashqari ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish tarmoqlari, “Book cafe”, mini-bank shoxobchasi, sport-koʻngilochar maskanlar, avtobekat, qoʻyingki aholi uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Shu tariqa qishloqlarimiz ham kelgusida zamonaviy, yashash qulay maskanlarga aylanadi.
Prezidentimiz bu borada Andijon tajribasini yaratish kerakligini taʼkidladi. Buning uchun alohida loyiha ishlab chiqish, “Zamonaviy qishloq”dagi uylarni boshqa turar joylarga nisbatan arzon qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu yerda viloyatda kambagʻallikni qisqartirish, ipoteka kreditlari asosida yakka tartibdagi uylarni qurish-taʼmirlash loyihalari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida Digital City nomli texnopark bilan tanishdi.
Yaqindagina 5,6 gektar maydonda qurib bitkazilgan ushbu majmua axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan. Hozirgi kunda bu yerga tumanlardan 328 nafar mutaxassis jalb etilgan.
Davlatimiz rahbari yoshlar bilan suhbatda ularni doimiy oʻrganish, izlanishga chorladi.
– Juda toʻgʻri yoʻlni tanlagansizlar. Bu – serqirra va istiqbolli soha. Sizlar boshqalardan 10-15 yil oldin yurishlaringiz kerak. Eng dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha dasturiy mahsulotlar yaratib, xalqimizga va xorijliklarga qulay xizmatlar koʻrsatib, ham oilangizga, ham jamiyatimizga naf keltirishingiz mumkin, – dedi Prezident.
Texnoparkda mahalliy yoshlar, tadbirkorlar, yangi hunar oʻrganish istagida boʻlgan fuqarolar uchun keng qulayliklar yaratilgan. Jumladan, kovorking markazi, data-sentr, konferens-zal, kutubxona, innovatsion laboratoriya va oʻquv xonalari, biznes inkubator, media markaz, kibersport xonasi tashkil etilgan.
Tumanlarda axborot texnologiyalari boʻyicha boshlangʻich oʻquv kurslari boʻladi. Ulardan tanlab olingan yoshlar Digital Cityda intensiv ravishda ingliz tiliga oʻqitilib, IT xizmatlar koʻrsatishga tayyorlanadi. Texnoparkdagi 76 nafar tinglovchiga moʻljallangan zalda yil mobaynida 2 mingdan ortiq kishini oʻqitish mumkin.
Axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyish maqsadida ishlab chiqilgan Digital City loyihasi mohiyatiga koʻra, Toshkentdagi IT parkdan soʻng tashkil etilgan ikkinchi, viloyatlar miqyosida esa birinchidir.
Majmuada yotoqxona va oshxona tashkil etib, sharoitlarni yana-da yaxshilash, bunday texnoparklarni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham ochish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezidentimiz Digital Cityning maqsadi va vazifalari, unda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, kelasi 5 yilda Oʻzbekiston uchun ushbu sohani rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri boʻlib qolishi, yoshlarni ish bilan taʼminlash, iqtisodiyotni jadal rivojlantirishda sohaning imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligini qayd etdi.
Shu yerda yoshlar bandligini taʼminlash, maktab bitiruvchilarini frilans bozoriga tayyorlash borasidagi ishlar yuzasidan axborot berildi.
Andijonda ham uzoq-yaqin tumanlarda frilanserlik faoliyati, yaʼni masofadan turib dasturlash va xosting xizmatlari koʻrsatish bilan shugʻullanayotgan mutaxassislar talaygina. Digital City (“Raqamli shahar”) texnoparkidagi kovorking markazi ularning ishini osonlashtiradi, texnika, ofis xarajatlarini qisqartiradi. Bundan tashqari, markazda roʻyxatdan oʻtgan dasturchilar jahon bozoriga oʻz xizmat va mahsulotlarini eksport qilish, hamkorlar topishi oson kechadi.
Joriy yil yanvar-may oylarida viloyatda qariyb 19 ming nafar yoshlarning bandligi taʼminlandi. Yil oxiriga qadar yana 24 mingdan ziyod yigit-qizning bandligini taʼminlash boʻyicha manzilli reja ishlab chiqilgan. Jumladan, tadbirkorlik va ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, qurilish kabi sohalarda yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi.
2019/2020 oʻquv yilida viloyatdagi umumtaʼlim maktablarining 11-sinfini 40 mingdan ziyod oʻquvchi tamomlaydi. Ular oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra 12 mingdan ziyod oʻquvchi oliy taʼlim muassasalarida, qariyb 6 ming nafari texnikum va kasb-hunar kollejlarida oʻqish, qolgani harbiy xizmatga borish, hunar oʻrganish, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida.
Xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida manzilli chora-tadbirlar ham muhokama qilindi. Bu boradagi dastur doirasida yil davomida xotin-qizlar uchun doimiy ish oʻrinlari yaratish, subsidiyalar ajratish, haq toʻlanadigan jamoatchilik ishlariga jalb qilish va oʻzini oʻzi band qilgan ayollarga mehnat guvohnomalarini berish orqali jami 10 ming 88 nafar ayolning bandligi taʼminlanadi.
Davlatimiz rahbari oliy oʻquv yurtiga kirolmagan yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning qiziqish va layoqatini oʻrganib, kasbga yoʻnaltirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
O‘zA